Teran nazar solsang hayot sahniga

Tojli virus sabog'i

Banibashar bugun jonsarak, bedor,

Toj kiygan ofatga bo'lmayin, deb yem.

Uning changalida o'zi lol, bemor,

O'zi sarson unga izlab davo, em.

 

Ko'rinadi faqat joni ko'ziga,

Unutilgan boshqa dardu kasali.

Uyidan chiqolmay, o'zi o'ziga —

Bu Haq sinovi, deb berar tasalli.

 

Ha, chindan ham Olloh sinovidir bu,

Talqini manguga tatirlik saboq.

Zamindoshim, teran fikring et ko'zgu,

Bugun siyratingga, ortinga bir boq.

 

Imoning pok saqlab yashadingmi, ayt,

Neki vojib erur amal qildingmi?

Haq tomon turdingmi zarur bo'lgan payt,

El-yurt ishonchini oqlab bildingmi?

 

Tinchmi uy-ro'zg'oring, oqilmi bolang,

Yashaysanmi o'zni baxtiyor sezib?

Yoki ko'kka o'rlab pushaymon, nolang,

Ketganmisan nasib hayotdan bezib?

 

Pinhon shum rejalar tuzmaganmisan,

Yuksak tutganmisan Inson qadrini?

O'zgalar tinchini buzmaganmisan,

Hech kim tortmaganmi fitnang jabrini?

 

Qay bir do'st tutganing noxos surinsa,

Qo'ling cho'zganmisan tursa joyidan?

Yoki duch kelganda alqab, burilsa —

Yiqitmaganmisan chalib poyidan?

 

Yurgan emasmisan lafzingdan tonib,

Iqror bo'lganmisan qilganda xato?

Amal, boyligingga maftun, ishonib,

Sanamaganmisan o'zingni yakto?

 

Baland turgan holda sirtda martabang,

Zimdan tubanlikka tutmadingmi yuz?

O'zganing rizqiga solmadingmi chang,

Mulki-yu yeriga tikmadingmi ko'z?

 

Joning qutilgancha taningdan toki,

Kursiga kanaday yopishganmisan?

Buqalamunlikmi yurmishing yoki

Kazo-kazolarga chatishganmisan?

 

Ro'yirost savollar berdim Zamindosh,

Qani, javob qaytar ro'yirost Sen ham;

Anglab sajdagohga urgan kabi bosh,

Imon keltirganday Haqqa so'nggi dam.

 

Bilaman, bunday payt kim qo'li toza,

Haqgo'y, tili burro, yorug' yuzlari.

Kim talmovsirar, rost aytishdan tonar,

Marazligini fosh etar ko'zlari.

 

Zamindosh, amaling oq emas nuqul,

Qora ham emasdir barcha bilmishing.

Ishlaring ko'p erur halol va oqil,

Lekin kam emasdir tuban qilmishing.

 

Bugun halovatsiz onaday olam,

Axir u barchaga tiriklik qasri.

Mening nazarimda yaxshilarga ham,

Urganday tuyular yomonlar kasri.

 

Garchi, na kunduzi, na tun tatiydi,

Xatardan to'silgan garchi chor tomon;

Ollohga shukrona aytsak arziydi,

Netardik bo'lganda bundan-da yomon?!

 

Shukr, tahlikada harqalay bor had,

Dunyo ahli uni yengar birlashib.

Lekin netar edik tojli bu ofat,

Tarqalsa havo yo nurga ilashib?!

 

U payt bo'lmas edi omon qolguvchi,

Qutilmoqqa mutlaq yo'q edi imkon.

Qirilib bitardi nafas olguvchi,

Zaminda yurguvchi barcha tirik jon.

 

O'ylasam dahshatdir!

Boshdan uchar hush,

Yer yuzin qamrardi nidosiz faryod.

Qasrlar, saroylar turardi bo'm-bo'sh,

Egasiz qolardi g'azna, bor bisot.

 

Tiriklikning oddiy azmiga ko'ra,

Mazmun, mohiyatin yo'qotardi vaqt.

Yaxshi-yu yomonga panoh yer uzra,

Yuz bergan bo'lardi mudhish oxirat.

 

Kuzatib dunyoning bugungi holin,

Shaxsiy qarashimni etaman izhor:

Zamindoshim, Haqning ushbu sinovi,

Ogoh etganidir balkim so'nggi bor.

 

Axiyri kirgaysan tuynuksiz uyga,

Axiyri bir enlik yerga egasan.

Lekin o'pqon nafsing solar har ko'yga,

Ayt, to'ymas nafsingni qachon yengasan?!

 

Olloh dargohi keng, aylagay shafqat,

Amal, mol-dunyoga bo'lma buncha o'ch.

O'tinchim, tavba qil, bu yog'i faqat

Haq yo'lin tutishga top iroda, kuch!

 

Gunoh kimda ko'pdir, qay birovda kam,

Olloh imkon berdi, umidvor kutar…

Shunda ham qolmasak bilganimizdan,

Oxir qiyomatga bir kun duch etar.

 

Sakkizliklar

 

Donoga ishora yetarli, anglar

Bismillohdan nima maqsad, muddao.

Nodon balki qancha gapirsang tinglar,

Tegishli xulosa chiqarmas ammo.

 

Kim bilmas ne zarar, nimadir foyda,

O'ylab, berasan bir haqiqatga tan:

Ba'zan donolar ham foyda bor joyda,

O'zlarini nodon tutib o'rgangan.

         * * *

Farqlashga fahmi-yu aqli yetadi,

O'zaro kurashsa “qora” bilan “oq”.

Kuzatar, damini ichga yutadi,

U doim chekkada turadi biroq.

 

Teran nazar solsang hayot sahniga,

Beadad nafrating ortadi ko'rib.

U hamd-sano aytib g'olib sha'niga,

Mag'lubga tosh otar birinchi bo'lib.

         * * *

Lol qoldi, tan berdi mehmonga kelgan:

Bu qanday beqiyos zeb ochgan diyor.

Qayoqqa qarasa yutuq aks etgan,

Eng oliy maqsadlar aks etgan shior.

 

Yozdik: kam emasmiz bizlar hech kimdan,

Muddao, so'zimiz faqat ezgulik.

Yashadik amalda bo'lmaganda ham,

Qog'ozu shiorda havas etgulik.

         * * *

So'zning mo''jizakor qudrati bisyor,

Inson saboq olar izhori so'zdan.

Bilsang, to'g'ri tanqid torttirar hushyor,

Maqtov ko'p hollarda ketkizar o'zdan.

 

O'ylab ko'r so'zlovchi g'animmi, do'stmi,

Aytganlari bilan erishar nega?

Qanday qabul qilmoq tinglagan so'zni,

Bog'liq erur faqat eshitguvchiga.

         *   * *

Uchib borayotir qushlar galasi,

Qanot qoqib erkin, yo'qdek g'ov, xatar.

Pastda, butazorda ovchi miltig'in

O'qlayotganidan butkul bexabar.

 

Bosiladi fursat o'tmay tepki ham,

O'q xato ketar yo tegadi borib.

Qay birin nishonga olish ushbu dam,

O'lja payidagi ovchiga bog'liq.

         * * *

Inson goh oshkora, gohida pinhon,

Yaratish yo'lida izlanar nuqul.

Neki kashf qilgandir o'zi hukmron,

Ayni paytda unga o'zi erur qul.

        

Goh behad yengillik keltirar ishi,

Goh sababchi afsus, ko'zin yoshiga.

Qo'rqaman, qaysidir o'z yaratmishi,

Bir kun yetmasaydi o'zin boshiga.

Jahongir Ismoilov

Jahongir Ismoilov — Qiziltepa tuma­nida tavallud topgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. 40 yildan ortiq matbuot sohasida faoliyat yuritgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi. “Yurt mehri”, “Sog'inch”, “Bahordan kuzgacha”, “Tosh­boy gai hangomalari”, “So'nggi manzi­l”, “Tanazzul”, “Yonib yashash zavqi”, “Chiptasiz odamlar”, “Vaqt qadri” singari she'riy, nas­riy va publitsistik kitoblar muallifi. O'zbe­kiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =