O'quvchisini izlayotgan matbuot

Yaqinda menga bir jurnalist singlimiz shunday savol berdi: bugungi jurna­lis­tikaning yigirma-o'ttiz yil avvalgisidan farqi nimada?

Rosti, ham oson, ham qiyin savol. Osoni shuki, “bugun jurnalistika jadal rivoj topmoqda, siz aytgan paytdagi jurnalistlarning imkoni yetmagan ishlar bo'lyapti. Mana, internet jurnalistikasi orqali xabarlarni ko'z ochib yumguncha ko'rish, eshitish mumkin”, deya gap bermay ketaverish mumkin.

Ammo qiyini va achchiq bo'lsa-da, haqiqat shuki, farq yo'q, aslo!

Internet jurnalistikasini olsak, bu jurnalistikani oldinga tortgani, taraqqiyotga eltayotgani ham nisbiy xulosa.

To'g'ri, xabarlardan tezkor ogoh bo'layotganimiz bor gap. Ammo jurnalistika faqat tezkorlik-u xabardorlik degani emas.

Xulosam shuki, agar sohamizni bir butun uyg'unlikdagi jamiyat deydigan bo'lsak, jamiyatimizning ba'zi sohalarga oid salohiyati bundan yigirma besh-o'ttiz yil oldingisidan deyarli farq qilmaydi.

Nega bunday mutlaq to'xtamga kelyapman?

Biz ko'p yillardan buyon jurnalistikada ixtisoslashuv degan gapni aytib kelamiz. Ammo bunga erisholmadik. Nazarimda, hamma gap shunda… Eng muhimi, biz jurnalistika janrlarini unutdik. Jumladan, uning tahliliy janrlarini. Xususan, bugun bizda iqtisodiy tahlil qariyb yo'q hisobi!

Hayotiy misol aytay: muharrir sifatida ba'zan iqtisodiy mavzuda biron jiddiy tahliliy material tayyorlash uchun kimga, qaysi jurnalistga murojaat qilishni bilmay qolamiz.

Bilasizmi, bu o'ta jiddiy masala! Bu jurnalistikaning muhim vazifasi – jamiyat dunyoqarashini shakllantirishi bilan bog'liq. Ba'zida ijtimoiy tarmoqlarda urho-ur bo'layotgan mavzularga berilayotgan sharhlar, ajabtovur munosabatlarni ko'rib, axborot xavfsizligi haqida emas, axborotning xavfli “jihat”lari haqida o'ylanib qolasan kishi. Virtual olamda tarbiyalanayotgan avlodning kelajagidan xavotir olasan. Shunda yodga bir donishmandning yoz­mishlari tushadi: “…mish-mishlarni har kim gapirishi mumkin, ammo haqiqatni kam odamlargina tushuntirib bera oladi”.

Achchiq haqiqat shuki, afsuski, o'ta dolzarb mavzularni matbuot ham, televidenie va radio ham davrimiz talabi darajasida tahlil etib berolmayapti…

So'z erkinligi va haqiqatni aytish haqida gapirsam, u adolatdan quvvat olishi lozim. Ammo bugun o'zini blogerman deb bilmishlar ba'zi shaxslar uchungina chala-yarim so'zini aytayotgani ayrim jurnalistlarning masalaning mohiyatiga chuqur kirib borolmayotganida ana shu mezonning buzilayotganini ko'ryapmiz.

Bugun matbuot qanday nafas olmoqda? Bu savolga chuqur nafas olib, javob beraman: qiyin! To'g'ri, erkinlik bor. Haqiqatni   ochiq aytish mumkin. Ammo kimga aytasiz? O'quvchi kam bo'lsa… Aytganingiz qaergacha boradi?   Muassis esa… Menga va men rahbar bo'lgan jamoaga tegishli bo'lmagan jiddiy muammo bu!   Ba'zida “Ma'rifat”ni varaqlab o'tirib ko'ngilga og'riq kiradi. Nazarimda,   xuddi jadid bobolarimiz ruhi chirqirayotgandek bo'laveradi. Axir bu gazeta aslida “ma'rifat” asosiy ishi bo'lgan Xalq ta'limi vazirligi uchun javohirday gap-ku! Nega bu nashr har bir o'qituvchining sevimli nashri bo'lib ketmayotganiga achinaman. Yoki “Hurriyat”ning chanqoq dillarga malham beruvchi maqolalari uchun tasannolar ayta turib, adadiga ko'zim tushadi-yu… yana o'sha gap!   Aslida bunday gazetalar o'z-o'zi­dan chiqib qolmaydi. Unga qancha dil qo'ri bag'ishlangan axir…

Bayram bahona biroz og'riqli gaplar xayolga kelganida ham bir hikmat bordir, balkim. Eng asosiysi, jurnalistikada o'sish bor, davriy nashrlarning qiyofasi, mazmun-mundarijasida keskin yangilanishlarni ko'rmaslik mumkin emas. Demak, ertangi kun o'quvchisi uchun kurash jadal davom etmoqda. Bu – yaxshi ko'rsatkich!

Shunday kunda barcha hamkasblarimga kasbga sadoqatli bo'lish baxtini tilayman. O'sha sadoqatda gap ko'p – baraka, fayz,   halol non… Shunisidan qo'ymasin!

Husan Ermatov,

“Ishonch” va “Ishonch-Doverie”

gazetalari Bosh muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 19 =