Uzumingizning danagi tillodanmi?..

Xalqimizda “Otang-bozor, onang-bozor”, degan naql bor. Biroq bugungi pandemiya sharoitida odamlar ko'p yig'iladigan bozorlar har birimizning hadik va xavotirlarimizni turtib uyg'otadi. Bunday paytda esa mahalladagi yoki uyimiz yaqinidagi do'kon va marketlardan mahsulot xarid qilish qo'l keladi.

G'ori to'lmagan ro'zg'or kamchiliklarini butlash maqsadida kuni-kecha poytaxtimizning Abay ko'chasida joylashgan “Korzinka” supermarketiga kirdim. Avvalo, ushbu tizimdagi do'konlarning pandemiyagacha bo'lgan davrda tungi soat 1.00gacha, hozirgi karantin paytida esa 22.00ga qadar ishlayotgani,   mahsulotlarining sifatliligi, yuqori darajadagi xizmat ko'rsatish tartibi odamning dilini yayratadi. Chunki, marhamat, bozorga ulgurmadingizmi, supermarket sizga har doim muntazir. Ayniqsa, peshtaxtalarga oliynasablarga xos did bilan terib qo'yilgan mahsulotlar bozordagidan shirinroqdek, undan totlidek tuyulaveradi. Bunisi tasavvurning nayrangidir, ehtimol.

Supermarket peshtaxtasida har biri yong'oqdek keladigan “Rizamat” navli uzumga ko'zimiz tushdi. Qoyil, sohibkor dehqonlarimizga, iyun oyining yigirmanchi kunidan o'tib, aslida o'zi “iyul oyining oxiriga borib” yetiladigan mevalarni shunday badastr qilib qo'yishganiga! Odamning so'lak bezlari shu tobda shitob bilan ishlay boshlaydiyu, uzumga yaqin borib narxiga qaraymiz: 137.990 so'm. “Yo tavba, uzum degani ham shunchalar qimmat bo'ladimi yo adashdikmi”, degan hadik bilan ushbu narx taxtasiga yana ko'z yugurtiramiz. Hecham adashmabmiz, aynan shunday: 137.990 so'm. Beixtiyor odamlarga qaraysan, yo'q, Xudoga shukur, Amerika emas, O'zbekistondagi marketlardan birida ekanmiz. Biz maqtanadigan mo'l-ko'lchilik shumi, axir? Ehtimol, bu kabi narx-navo Amerika yoki Shimoliy yarim sharda joylashgan mamlakatlarda bo'lsa tushunish mumkindir. Biroq O'zbekistonday quyoshi beminnat nur sochadigan zaminda pishgan uzumga qo'yilgan ushbu narxni “hazm” qilib bo'lmaydi. Ikki kilodan ziyod go'shtning narxidagi uzumning danaklari tillodan emasmikan, degan o'yga borish mumkin. Ehtimol, yurtimiz osmonidan uchib o'tgan turnaning tumshug'idan tillo tuxum tushib qolgan bo'lsa-ya!.. Axir yo'q esa uzumning narxi ham, o'zi ham bu qadar osmonga olib chiqiladimi? Yurtimizda mehnatga haq to'lashning eng kam (bazaviy hisoblash) miqdori 223 ming so'm bo'lsa… Shuningdek, bugun 800-900 ming so'm oylik maosh olib ishlayotgan odamlar ham yo'q emas. O'ylab ko'ring, ular bu uzumdan xarid qilib, bolalariga yedira oladimi? Yoki bu kabi supermarketlar faqat oqsuyaklar uchun ixtisoslashganmi?

Ushbu savdo majmuasini aylanar ekanmiz, yana narxlarning belgilanishiga e'tibor qaratdik. Har bir mahsulotning narx taxtasida albatta, 990 raqami bor. Xo'sh, bu nima degani o'zi? Bu do'kondorlar oddiy xalqni yosh bolani aldagandek avrashimi yoki daromad topishning yangi uslubimi?! Yana bir savol: muhtaram deputatlar, mutasaddi tashkilot rahbarlari bu yerdan mahsulot xarid qilishmaydimi?

Xalqimizda “Insof sari baraka”, degan gap bor. El bu – insof, el bu – iymon degani. Biz esa iymonni ham, insofni ham bo'sh idishday chetga surib qo'yib, Yaratganning cheksiz saxiyligida pishib yotgan mevalarga osmoniy narx belgilashimiz qaysi insof, vijdonga to'g'ri keladi?!

Hikmatullo Qodirov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − thirteen =