“Yoshlar ovozi” va “Molodej uzbekistana” gazetalari nega chop etilmayapti?

Yurtimiz aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Millionlab yoshlarning markaziy nashri bo'lgan “Yoshlar ovozi” gazetasi bir payt­lar “Yosh leninchi” nomi bilan qariyb 1 000 000 ga yaqin nusxada chop etilgan. Ushbu nashr mus­taqillik yillarida “Turkiston” deb nomlandi, shunda ham 20 000 dan kam adadda chop etilmagan. Keyinchalik gazeta nomi yana o'zgartirilib,   “Yoshlar ovozi” ga aylandi.

Shubhasiz, ushbu nashr o'ziga xos tarixi, katta tajriba yo'li va chinakkam mushtariylariga egadir. Ammo… joriy yilga kelib “Yoshlar ovozi” va “Molodej Uzbe­kistana” gazetalari chop etilmay turibdi.

Xo'sh, nima uchun? O'zbekiston yoshlarining minbari hisoblangan ushbu nashrlarning ertangi kelajagi, taqdiri xususida biz Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan ana shu nashrlarning bosh muharriri Faxriddin Karimov bilan suhbatlashdik.

— Yurtimiz yoshlarining minbari bo'lgan “Yoshlar ovozi” va “Molodej Uzbekistana” gazetalari muassisimiz ko'rsatmasiga ko'ra vaqtincha chop etilmayotganidan ziyolilar jamoasi, ko'p ming sonli yoshlarimiz astoydil be­zov­ta bo'layotgani to'g'ri. Ayni paytda davlat rahbariyatining topshirig'i bilan yoshlar nashrlari, yoshlar tele va radiokanallari va yoshlar nashriyoti negizida “Yoshlar media xoldingi”ni tashkil etish choralari ko'rilyapti. Bu jarayon pandemiya sharoiti tufayli biroz cho'zildi. Yaqin kunlarda nasib etsa, “Yoshlar ovozi” va “Molodej Uzbe­kistana” gazetalari, “Yosh kuch” va “Dugonalar” kabi navqiron avlodning sevimli nashrlari yangi formatda, zamonaviy dizayn va rang­li-bezakli shaklda mushtariylar qo'liga yetib boradi.

O'ziga xos tarixga ega bo'lgan bu nashrlarni ham qog'oz variantda, ham elektron ko'rinishda bugungi talablar darajasida chop etish bo'yicha tashkiliy ishlar ham avjida.

 — Jurnalistlik kasbining siz ilg'agan muhim xususiyatlari nimada ko'rinadi?

— Ommaviy axborot vositalarida, deylik radioda nima taqdim etilsa, shuni tinglaysiz. Televidenieda ham muayyan ko'rsatuvni tomosha qilasiz. Biroq, mushtariy o'zi istagan vaqtda xohlagan narsasini tanlab o'qishi mumkin bo'lgan vosita — bu faqat bosma nashrlar hi­soblanadi.

Hozirgi sharoitda ijtimoiy talabga ko'ra ommaviy axborot vositalari faqat “axborot uzatish” tamoyilidan voz kechib, sekin-asta “axborot almashish” prinsipiga o'tib boryapti. Bu borada internetning imkoniyatlari keng, albatta. Ammo hozir internet imkoniyatlari haqida uzoq to'xtalmoqchi emasman, biroq bugun jurnalistlarning internetdan oddiy fuqarolar kabi iste'molchi sifatida foydalanayotgani achinarlidir. Aynan shu jihat jurnalistikaning, ommaviy axborot vositalarining internet soyasida qolib ketishiga yo'l qo'yish katta xato bo'ladi. Negaki, har qanday elektron matbuot davriy nashrlarning o'rnini bosolmaydi.

— Baribir, bugun bosma nashrlar kelajagi xususida turli qarashlar mavjud. Sizningcha gazeta-jurnallarning ertasi qanday kechadi?

— Bosma nashrlarning ertasi haqida turli qarashlar bo'lishi tabiiy, albatta. Chunki ularga munosabatning o'zi turlicha. Biroq gazeta-jurnallarning kelajagi qanday bo'lishi faqat jurnalistning imkoni yoki ixtiyoridagi narsa emas, nazarimda. Aytaylik, biron yukni bir joydan ikkinchi manzilga olib borish uchun dastlab aravalardan foydalanilgan. Keyinchalik katta hajmdagi yuklarni istalgan masofaga tez yetkazib beradigan mashinalar paydo bo'ldi. Bir qarashda endi aravalarga ehtiyoj qolmagandek edi. Biroq unday bo'lib chiqmadi. Insoniyatning ilk ixtirolari sifatida qayd etilgan aravalar ham hanuz iste'molda. Chunki, ular yo'l tanlamaydi, ortiqcha sarf-xarajat talab qilmaydi, alohida tayyorgarlik ko'rish ham shart emas.

Xuddi shuning singari internet taqdim etgan imkoniyatlar qurshovida qolayotgan ayrim dunyobexabarlar bosma nashrlarga zarurat qolmaganini bashorat qilishga oshiqishmoqda.

Shunisi ma'lumki, yangilik, axborot, ma'lumot, qiyosiy yondashuv va tahlilga asoslangan bosma nashrlarga doim ehtiyoj bo'ladi, albatta. Davlat siyosatini to'g'ri va ishonchli o'zanidan og'ishmasligini ta'minlash nuqtai nazaridan ham, jamiyatda sog'lom ijtimoiy munosabatlar barqarorligini ta'minlash nuqtai nazaridan ham bu juda zarur.

Bugun ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar bir lahzada mislsiz g'alayonlarni, oqibatini oldindan ko'rib bo'lmaydigan nizolarni keltirib chiqarishi mumkin. Biroq ularga hech qachon barham bera olmaydi. Masalan, biz ijtimoiy tarmoq orqali qandaydir ofat — tosh­qin yoki bo'ronmi, boshqa xavf-xatarmi, yaqinlashib kelayotganidan tezkor xabar topishimiz mumkin. Lekin bu biz omon qoldik, degani emas. Bosma nashrlarning muntazam muto­laasi esa kishiga nafaqat axborot, balki yuksak bilim, mushohada qilish imkoniyatini ham beradi. Gazeta o'qiydigan odam qandaydir xabardan, boringki, favqulodda holatdan tezkor ogoh bo'lmasligi mumkin, ammo kerak bo'lsa, u har qanday favqulodda vaziyatlarda ham qanday omon qolishni biladi. Xabardor bo'la turib talafot ko'rgandan, bilimli bo'lib omon qolgan afzal, harholda.

— Bugun kasb bayramimiz, joylarda o'tgan yillardagidek keng nishonlanmayotgan bo'lsa, bunga shubhasiz, hozirgi vaziyat — koronavirus pande­miyasi sabab. Shu kunlarda sizning ko'ng­lingizdan nimalar kechayapti?

— Bir yilda bir marta bo'lsa ham, asosiy e'tiborda bo'lamiz. Bu ham katta gap. Avvalo, barcha hamkasblarimni muborakbod etaman. Yurtimiz, elimiz tezroq bu virus balosidan qutulib, erkin hayot quchog'iga qaytishiga tilakdoshman. Bayramlarimizni yana xushchaqchaq davralarda, ko'ngil xotirjamligida nishonlash barchamizga nasib etsin.

“Hurriyat” muxbiri

Yusuf Jo'rayev yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 14 =