Gulning tabassumida uyg'ongan ko'ngil

Sizningcha, shoira, olima, adibaning ijodiy hayoti nimadan boshlanadi? Qachon ko'z ochib, kurtak tugadi? Oq qog'ozni qoralaganlarini, ilk mashqlarini yurak yutib, tahririyatlarga olib borgan kunidanmi? Yoxud, birinchi she'ri yoki hikoyasi e'lon qilingandan keyin asl ijodi barg yozadimi? Bir qarashda barcha savollarning o'zida javob bordek. Biroq haqqoniy javob ijodkorning ko'nglida sirli, ma'sumligicha qolaveradi.

Biobibliografik majmualarda adib­ni ilk asari chop etilgandan boshlab ijodiy hayoti palak yozadi, deb yozishgan. Aslida ham shundaymikan? U, aslida, qaldirg'och, samara, ilk muvaffaqiyat nishonasi-ku! Chunki, o'qib ko'rib, ma'qul topib, chop etilishi — dastlabki qutlug' qadam.

Gulandom Tog'ayevadan uning taassurotlarini so'raganimda, chuqur o'yga tolgandi. “Qaydam… ”, “Nima desam ekan”, degandi. She'riy kitobi qo'lyozmasini o'qish uchun olib kelganida ilk she'rining tug'ilishi haqida gapirdi. Qishloq maktabining birinchi sinfida o'qiyotganida muallima kitob sahifasiga chizilgan suratni bolalarga ko'rsatib, “Unda nima tasvirlangan, nomini ayting”, debdi. Sinfdoshlaridan kimdir “bahor” desa, yana biri “gul”, bosh­qasi “ochilgan gul”, deb atabdi. Gulandom “gulning tabassumi”, deya ta'rif bergan ekan. Ana sizga she'rning tug'ilishi…

Gulandom Tog'ayevada go'zallikni his etish tuyg'usi o'sha asnodan ko'z ochgan bo'lsa ajabmas. Dilida nish urgan tuyg'u ko'karib bordi. Chaqmoq chaqinidan duv-duv to'kilgan xo'rsiniqlarni hovuchiga yig'di. Devorlarda qolgan bulbul panjasining izlaridan ma'no o'qidi. Ko'ngli tog' qushlari kabi uchdi.

“Uxlatib yuribman dil og'riqlarin, xayolning yengiga artib-artib”, deydi shoiraning lirik qahramoni “Juvoldiz inida jovidan yashar” she'rida.

Bugungi kunda Gulandom Tog'ayeva­­ni shoi­ra, olima, tarjimon sifatida ilmiy-ada­biy jamoatchilik biladi. Zukko olimalik bilan solih shoiralik Gulandom Tog'ayeva salohiyatining qo'sh qanoti. Olima-tadqiqotchiligi shoiraligidan, poetik izlanishlari esa ilmiy kuzatishlaridan quvvatlanadi.

Gulandom Tog'ayeva “O'zbek matbuotida tasavvuf ta'limotining yoritilishi: muammolari, tamoyillari, shakllari” mavzuida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi (2007 yil). “Chaqmoq xo'rsiniqlari” (1995), “Muhabbat asri” (2004), “Men izlagan kema” (2016), “O'n yetti yoshlilar mamlakati” (2017) nomli kitoblari bosilib chiqdi. Shu tariqa ijodiy izlanishlari, ko'ngiltortar namunalari jamlangan “Suvaydoga yo'l” (2019) majmuasi yuzaga keldi.

Gulandom Tog'ayeva tasavvuf ilmining o'zbek vaqtli matbuotida yoritilishi masalasiga bag'ishlangan tadqiqotida Abduholiq G'ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Hazrat Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, So'fi Ollayor singari mutafakkirlar ijodi, adabiy-badiiy, ijtimoiy-falsafiy merosi qay tariqa ifoda etilganligini  teran o'rgangan. Buning uchun o'tgan asrdagi matbuot organlarini, kundalik nashrlarni ob'yekt qilib tanlagan.

U akademik Botir Valixo'jayev, professorlar Abduqodir Hayitmetov, Najmiddin Komilov, Ibrohim Haqqulov, Orif Usmon, Hamidjon Homidiy, filologiya fanlari nomzodlari Yoqubjon Ishoqov, Sultonmurod Olimning maqolalari, suhbatlari, asarlaridagi til va uslubiy xususiyatlar, mavzu-masalaga yondashish va ifoda yo'sinlarini, ijodiy individualliklarini tahlil va tadqiq eta oldi.

Ma'lumki, o'zbek fani, adabiyoti, madaniyati tasavvuf ilmi asosida rivoj top­gan. Jahon tamaddunida mumtoz mavqe va masnadga ega. Professor Najmiddin Komilovning “Tasavvuf”. Birinchi kitob. (Toshkent; 1996), “Tasavvuf”. Ikkinchi kitob, tavhid asrori (Toshkent, 1999) asarlari Gulandom Tog'ayevaning asosiy tadqiqot ob'yektiga aylangan.

Olima dissertatsiyaning “Tasavvufiy adabiyotni o'rganishda matbuotning ahamiyati” nomli ikkinchi faslida umumbashariy qadriyatlar (adolat, haqiqat, axloqiy pokdomonlik, vijdon singari)ni himoya qilishga qaratilgani, targ'ib va tashviq etilganligi masalasiga diqqat-e'tiborini yo'naltiradi. So'fiylik ilmida ma'naviy-axloqiy qadriyatlar xalqimiz hayotining mag'iz-mag'ziga singib ketganligini alohida ta'kidlaydi.

Gulandom Tog'ayeva xoh ilmiy izlanish­larida, xoh poetik ijodida bo'lsin, hamisha yangilikka intiladi. Mavzu-masalaning yangi qirralarini topish va yoritishga she'riy izlanishlarida esa yangi badiiy yechimlar topishga, yoritishga, obrazlar vositasida fikrlashga katta rag'bat, ishtiyoq ko'rsatadi. Ayniqsa, ilmiy-ijodiy mayllarida adabiyotshunosligimizda kam o'rganilgan, e'tibordan chetda qolib kelayotgan muammolarni tadqiq etishga alohida e'tibor qaratadi.  Keyingi yillarda e'lon qilingan  ilmiy-publitsistik mavzudagi  “Matbuot va tasavvuf” (2006), “Milliy tafakkur poetikasi qirralari” (2010), “Ezgulikning badiiy in'ikosi” (2010)   kabi kitoblari ham ana shu muhim mavzular muhokamasiga bag'ishlangan.

“Umr — bu izhori dil uchun imkon…” dey­di shoiraning lirik qahramoni “Yashash nima o'zi, tiriklik nima” she'rida. Ko'ngil chig'irig'idan sizib chiqqan kechinmalar, kayfiyat va ruhoniy holatlar suratini chizish, his-tuyg'ulardan ungan fikrlarni badiiy umumlashmalar shaklida ifodalash shoira she'rlarining bosh xususiyati. Shu ma'noda bugungi lirikamizda fikrsizlik xastaligi kuchaygan, fikriy qaytariqlar, obrazlar takrori tobora bolalab borayotgan bir paytda har bir she'rida yangi fikr aytishga intiladi.

Gulandom she'rlarida tabiat unsurlari xo'rsinadi, kuladi, yig'laydi, xayolga toladi, kuylaydi, g'am-tashvishga botadi, intiq sog'inchda kimnidir kutadi, azob chekadi, uyaladi, kimdandir, nimadandir tortinib, ko'zlarini berkitadi, shivirlaydi, jimjit jolalarini yashiradi. Ular insoniy xislat-xususiyatlar kasb etgan. Eng muhimi, odamlarning fikrlari, kechinmalari, his-tuyg'ularini o'ziga singdirgan bir vujud sifatida jonlanadi.

Men kimning Ushalgan so'zi ekanman,

Kim tanishi uchun taqilgan xalqa.

Bulbul panjasining izlari qolgan

Bu devordan ortib Ne degum Xalqqa?! —

Iste'dodli shoira Gulandom katta ijod yo'lida sara poetik obrazlari, aynan, o'zi yaratgan she'r bog'ining sarxil gullari bo'lib qolishiga tilakdoshmiz.

No''mon Rahimjonov,

filologiya fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 10 =