Intiq derazalar umidi bo'rtar

* * *

… Xalqim, o'zligingga g'ubor qo'nmasin,

Ajdodlar chirog'in nuri so'nmasin,

Ko'zlaringga zinhor yoshlar unmasin,

Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!

Kangul maydonimda o'sgan sabrimsan,

Oqibat-orimga to'la mardimsan,

Qadrimni tik tutgan – baland qadrimsan,

Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!

Tabarruk tufrog'ning bag'riga boylan,

Hurlik nasibasin joyiga joylan,

Jovid vaqtning jovudiga aylan,

Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!

Bergan berganini bir kun so'raydi,

Ming xil minnat, ming ta'naga o'raydi,

Iddaoli sira hech porimaydi,

Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!

Sabab va taaddu mo'ldir nihoyat,

O'zin oqlash uchun to'qir rivoyat,

Ruhi o'ngning o'zi aylar inoyat,

Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!

Idrokdan yo'g'rilgan asil iroding,

G'am ko'rsagin, g'aming kanglum tiladi,

Mehringning mehriga jodir murodim,

Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!

U yo'ldan-bu yo'lga turlanib ko'p bor,

Kelib-ketaverar yo'lovchi bisyor…

E'tiqodga quvvat bo'lib intizor –

Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!

* * *

… O, ona tabiat – mangu sinoat,

sinoat qanchalar qadrli eding?

O, ona tabiat – bo'lib qanoat,

sabrni bardoshga aylantirarding.

O, ona tabiat – seni sog'indim,

dardingni, g'amingni o'zimga olib.

O, ona tabiat – ruhingga indim,

qayg'ungning sirini qayg'umga solib.

O, ona tabiat – qo'yganingcha lab,

qandayin edinga, olam imkoni.

O, ona tabiat – tongni bag'irlab 

quyosh bo'lar edi mehrning koni.

O, ona tabiat –  bir mahal, bir payt,

kenglik siymosiga intilarding, oh!

O, ona tabiat – yana bir bor qayt –

kanglumning tubidan ketmagin, nogoh!..

* * *

… Tunning bag'rini charaqlatar oy,

tunning bag'riga shu'lasin qadab.

Tunning sathini yaraqlatar oy,

tunning sathiga murodin qadab.

Tunning imdodiga qo'rlarin to'kib,

tunning imdodini siriqtirar oy.

Tunning hodisiga nurlarin to'kib,

tunning hodisini biriktirar oy.

Tunning abrlariga sehrini yo'llab,

tunning abrlarin parchalaydi oy.

Tunning shodasiga mehrini yo'llab,

tunning shodasini naqshlaydi oy…

* * *

… Burgutlar osmonga parvozin taqib,

osmonning toqida yayrab uchadi.

Quyosh nurlariga intizor boqib,

havoning zarbini mag'rur quchadi.

Burgutlar osmonga boylagay ohin,

qanotlarin qoqib, behud talpinmas.

Osmon – burgutlarning qadim nigohi,

burgutlarga osmon qilgaydir havas…

* * *

… Daraxtlar qushlarning maskani,

shoxlardan-shoxlarga qo'ngaydir.

Daraxtlar bergaydir taskinin,

intilib-intilib undaydir.

 

Daraxtlar novdalarin ilar –

bir-biriga bosganicha lab.

Daraxtlar barglari siypalar

qushlar qomatini erkalab.

Daraxtlar muttasil yo'nalar,

qushlar nigohiga qovushib.

Daraxtlar qushlarga xushlanar,

og'ushiga surib dovushin.

Daraxtlar qushlarga beradi

ta'min havo nimtaqasida.

Daraxtlar tutashib turadi,

zamin ufqin mintaqasida.

Daraxtlar qushlarning maskani,

shoxlardan-shoxlarga qo'ngaydir.

Daraxtlar bergaydir taskinin,

intilib-intilib undaydir…

* * *

…Bulutlar orasidan chiqib kelar oy,

intiq derazalar umidi bo'rtar.

Misoli shafaq burji tortgan yoy

bulutlarning quroq to'nini yirtar.

Yoritib zulmatning qa'rin, hoynahoy,

ko'kning mehvarida furug' bo'liblar:

tiniqlashib, baland ko'tarilar oy,

boyg'izi*day pastga enar bulutlar…

*— Quruq maqtanchoq, hovliqma.

* * *

…Yo'llar chekkalaydi.

Bo'lmayin halak.

Senga yetkazishni ko'rmaydi ravo.

Kanglum qavatida xo'rsingan lak-lak

sog'inch shodasiga qilmaydi parvo.

Manzillar zig'ircha yonlamas royish,

yiroq olib,

o'zin tortgani-tortgan.

Ayroliq naqshiga berib oroyish,

kanglumga g'amlarni ortgani-ortgan.

Seni o'ylab,

ko'ksim gullari so'lsa,

nachora?

Umidlarim — hijron ozug'i.

Kanglumga mulk yanglig' bitilgan bo'lsa

bu dunyoda seni kutib o'tish yozug'i…

                         * * *

…Sabr,

darig' tutib bir tomchi boling,

ming tomchi og'ungni rizq etding menga.

Balki,

seni ravo ko'rgan-chun tole,

kanglumga birdayin HAQ qurbi engay.

Yo'lda ketayapman.

Yurgan yo'limda

duch kelsa goh quvonch, gohida jabr —

ne holotkim,

                    Paydo bo'lib kanglumda,

paymonimga oro kirgaysan, sabr.

Vujud —

maydon.

Maydon ichra ko'p taqqi

yolg'on o'rgimchagi to'qiydi ta'bir.

Sen o'zingni yoron bilganing haqqi

bir umr kanglumda o'stirdim sabr…

 

Ikrom Otamurod

Ikrom Otamurod — Kasbi tumanidagi Xo'jakasbi qishlog'ida tug'ilgan. 1969-1974-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida o'qigan. Shoirning «Vaqt ranglari», «Janub qushlari», «To'rg'ayli manzillar», «Ufqlar orti bepoyon», «Xaritaga tushmagan joylar»  «Uzoqlashayotgan og'riq», «Sopol siniqlari», «Sen», «Ichkari va tashqari», «Ruhimning qayg'usi», «Kanglum, o'zing», «Tavr», «Tag'azzul», «Huviyyat» singari she'riy kitoblari chop etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − twelve =