Kamtar odamning kamoli

Hamkasblarim orasida do'stu qadrdonlarim, ta­nishlarim bisyor.   Lekin O'rol Sanaqulov ularning hech biriga o'xshamaydi.

1984 yil edi. Navoiy viloyat “Bilim” jamiyati xodimi, ijodkor yigit men ishlayotgan viloyat radioeshittirish qo'mitasiga kelib turardi. Qo'mita raisi, mashhur xalq baxshisi Ergash Jumanbulbul o'g'lining nevarasi, tajribali publitsist va shoir Shukur Nurboyev uning hurmatini o'rniga qo'yar, unga “shoir”, deya murojaat qilardi. Keyin bilsam, bu kamtar yigit, anchayin ilmli, zukko shoir ekan.

Lekin, uning tahririyatimizga keladigan boshqa ijodkorlardan farqi bor ediki, hadeb she'r keltiravermasdi, taqdim etganlari efirga berilmasa ham hech narsa demasdi. Fe'li keng edi. Oradan yillar o'tdi. Xatirchi kengliklarida tug'ilib o'sgan, Samarqand davlat universitetini tugallab, Leningrad (xozirgi Sankt-Peterburg) davlat universitetida tahsil olgan O'rolning taqdiri Navoiy shahri bilan bog'landi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida mutaxassis, bosh direktor yordamchisi, Navoiy shahar hokimligida mutaxassis, bosh mutaxassis, shahar “Mahalla” jamg'armasida rahbar, “Matonat” mahalla fuqarolar yig'ini raisi, Navoiy erkin iqtisodiy hududidagi qo'shma korxonada umumiy masalalar bo'yicha direktor o'rinbosari, Navoiy shahar hokimligi muassisligidagi “Navoiy ziyosi” gazetasida mas'ul kotib vazifalarida sidqidildan mehnat qildi.

Qolaversa, xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati sifatida aholi o'rtasida hurmat-e'tibor topdi. Ayniqsa, davriy matbuot nashrlari uchun sinov davriga aylangan keyingi yillarda gazeta obunasini tashkil etish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati to'g'risida korxona, tashkilot va muassasalar hamda aholi o'rtasida tushuntirish ishlarini olib borishda bor bilimi-tajribasini ayamadi. Gazetaning og'ir moliyaviy sharoitdan chiqib, yana izga tushib olishiga katta hissa qo'shdi. Eng asosiysi, u buni o'zining oddiy kundalik vazifasi deb bildi.

O'rol Sanaqulovning ijodiy olami, she'riyati alohida mavzu. Shoirlik qismat. Yaxshi she'rlar esa dardli yuraklardagina tug'iladi. Kimgadir she'r bitmoq oddiy mashg'ulot, shuhrat istab she'r yozadiganlar ham bor. Ammo O'rol Sanaqulov yuragidagi dardlarini, qalb tug'yonlarini, orzu-maqsadlarini, ko'ngil kechinmalarini oq qog'ozga tushiradi. Asarlarini gazeta va jurnallar, nashriyotlarga berishga shoshilmaydi. Shu boisdanmi, uning Orol Sanaqul taxallusli iste'dodli shoir ekanligini yaqinlaridan tashqari, ko'plar bilmaydi ham.

Aslida, uning “Hali hech kim aytolmagan o'tli ohim”, “Buyog'iga uyg'oq bo'l, ey ona xalqim”, “Aziz ota makon, onajon vatan”, “Sir aytma yotga, bolam”, “Manqurtning o'limi”, “Saylov haqida ballada” kabi she'r va dostonlari kishini befarq qoldirmaydi. Ularni mutolaa qilish esa o'quvchini uyg'oqlikka, el-yurt, vatan taqdiri uchun xushyorlikka chorlaydi.

Vaqtning o'tishini qarangki, qahramonimiz bugun 60 yoshga to'libdi. Ammo navqiron kelbatiga qarab tabarruk yoshda ekaniga ishonging kelmaydi. Samimiy kishi, dilida yaxshilik, ezgulik yashaydigan inson hamisha yosh ko'rinadi, yasharib yuradi deyishgani rost. O'rol aka, elimiz-yurtimiz xizmatidasiz, sira charchamang!

Olim Xo'jayev,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 4 =