Tog'larning milkini yoradi gullar

* * *

Chayqab yuborilgan hayratim qadar

Quyqasin tinishin jim kutgan viqor

Faqirning kiftidek cho'kar do'ngliklar

Oqro'mol cho'qqilar hamon azador.

Eshilib, afsona aytgan har  shamol

Maysa peshonasin terlatgan bir on

Qaydadir, beshikda umid tebratib

Alla o'rniga ham she'r aytar juvon.

Tog'larning milkini yoradi gullar

So'zlar-la sug'orgum shomni so'nggi bor

Jim,

Hech so'zlama

Hayrating to'sha,

Burning achishguncha havoni sipqor.

* * *

                            M. Svetayevaga

Ko'zingdagi g'amning rangi eskirdimi?!*

Halovat suqilib kirar tobora.

Nega anduhlaring umid rangida

Oyning o'n beshimas, o'ttizi qora.

Nahot, taqvimingda baxtli sana bor?!

O'ylardim: azobga qorilgan loying.

Hissiz shimoldagi do'ng qabrdamas

Erkning tig' yetolmas ko'zida joying!

O, sen fuqarosi emasding Yerning

Hislaring – samoviy, makoning – yanglish.

“Senday yuraklarni asrab qolmagan

Dunyoga har kuni o'qiyman qarg'ish”.¹

Tug'yon umidingda ming bitta yamoq

Daftarim qatida g'am atak-chechak.

Ehtimol, she'rlari ko'zga aylanib

Sendan hamon maktub kutar Pasternak.

Ko'zingdagi g'amning rangi eskirdimi?…

* Muslimbek Musallam misrasi

* * *

Kun-bakun yotsirab boradi hovli,

To'lar dimog'imga unsiz xo'rsiniq.

Olov qucholmagan eski tandirda

otamning bardoshi ― nam tutantiriq.

Bobo, dim shaharda aynidi hislar,

Gullar nuqsida ham serbezak tartib.

Tuproqsiz yo'llarga sochilgan izlar,

Quyoshsiz nurlarni ko'ryapman tatib.

Tegmaydi boshimga bunda yulduzlar,

E'tiqod kaftiga yopishar gumon.

Faqat, joynamozing ustida qolgan

Bir siqim tasbehga qamalgan iymon.

Hazin oyatingni qadasam kentga

G'irrom nigohini tikadi zog'lar.

Sening ildizlaring jim tilovatda,

Qiblangga aylanib bo'lganmi tog'lar?

* * *

Bir hovuch haqiqat sochib kiftingga,

mehrobing poyiga ko'mganda quyosh,

hamiyating yuvib tushirsa yuzdan

sag'ir, loyqa yosh…

Tushing xo'rsinig'i allalab tunni

oymomo ho'ngrasa, chiqmasa-yu un,

qon-qoningga botib, omixta bo'lsa

tomiringda tun.

Shuuring bir zumga ijara olsam,

Kezinsam, xotiring to'kmasa ohor.

Faqat tush faslida yashasak, zinhor

kelmasa bahor.

Namozshom gullasa, hislaring gulgun,

Sug'orsang shudring-la qaqroq hushlarni,

Toabad yashirsang ko'zing burchiga

moviy tushlarni.

* * *

Sen g'ujur urug'in qadading tog'ga,

men kentlarga sochdim to'zg'oq izlarim.

Onam tongga qimiz suzib bergan payt

lablari tamshanib qoldi hislarim.

Aka,

qaqshab ketdi mudroq tizlarim.

Sukutga chayilgan masrur cho'qqining

ko'zimga enishi endi dargumon.

Qara, mung'aygancha turar ilvirab

Yulduzi sanalmay qo'yilgan osmon.

Hayhot, 

kunlarimning rangimi somon?

Hayrati yamoqli ko'zim burchida

o'zining qonini sipqorgan hadik –

Bobom yasab bergan halinchaklarda

samoga orzusin ortgan bolalik.

Nahot,

tog'larning ham ko'zi jolali?

Men kentlarga sochdim to'zg'oq  hislarim…

* * *

Ko'zlaringning nuri tuyqus titrab ketar,

So'zing ― kimxob, kiyib olar bezovtalik.

Mujgoningning ich-ichiga botib ketar

quyuq hadik.

Ufunatning isi kelar g'amlaringdan,

qidirasan bo'shliqlarning tinig'ini.

Boraman ortingdan izma iz terib

hislaringning sinig'ini.

Shuuring chayqatar har tunda birov,

g'orat qilib olovrang tuyg'ularingni.

Endi unga ― tunga etasan nisor

loyqalangan kulgularingni.

Samoni tizlatar bir kaft og'rig'ing,

yulduzlar oyga yo'l ochar ko'zingdan.

Sen esa yashaysan erkni qizg'onib

O'zingdan!

* * *

Borliq

tun tilida shivirlar hazin,

Onamning allasi tuproqqa qular.

Yulduzning yuziga parda tortgancha

Lapanglar yomg'irga yukli bulutlar.

Shu kun

g'o'r qismatim chayilar tunga

Tushning kissasiga qamalar kuzak.

Dilpazir oy bilan she'r aytib chiqib,

tong otgach piqillab yig'ladi yurak.

Yurak —

taqvimlarni mensimas shahar,

Lahzani tomirga joylagan tanmi?

Onam quchog'ida pishib yetilgan

Halovatning so'ngaklari mo'rtlashganmi?

Yurak —

taqvimlarni mensimas shahar…

 

Navro'za Mahamadxo'jayeva

Navro'za Mahamadxo'jayeva — Bo'stonliq tumanidagi G'azalkent  shahrida tug'ilgan. She'rlari viloyat va respublika vaqtli matbuot nashrlarida e'lon qilingan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining filologiya fakulteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =