O'qituvchilarga nega qoniqarsiz baho qo'yildi?

Xalq ta'limi vazirligi o'tkazgan sinov yoki xalq ziyolilarining ziyodan “mahrum etilayotgani”ga sabab nima?

Xalq ta'limi vazirligi 2019-2020 o'quv yilida o'qituvchilarning o'z fanidan bilim darajasini sinovdan o'tkazganligi to'g'risida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqaldi. Unga ko'ra, Sirdaryo va Surxondaryodagi umumta'lim maktablarida o'qituvchilarning nechog'li bilimga ega ekanligi aniqlanibdi. Ming afsuski, 44 ming nafardan ziyod o'qituvchining 73 foiziga o'z fanidan qoniqarsiz baho qo'yilibdi. Ammo amalda ham shundaymikin…

— Test sinovlarida Sariosiyo tumani pedagoglari ham ishtirok etdi, — dedi tuman xalq ta'limi bo'limi mudiri Adham Boboyev.— To'g'risini aytsam, ko'pgina sinov savollari umumta'lim maktablari dasturi doirasida tuzilmagan ekan. Balki, xorij ta'lim tizimi bo'yicha tayyorlangandir. Ammo pedagoglarda o'zbek tiliga o'grilgan xorijiy qo'llanmalarning o'zi yo'q. Biz hay'at a'zolariga aytdik, “bizga taqdim qilishgani shu, boshqasini bilmaymiz”, qabilida gap qilishdi.

Ana xolos! To'g'ri, bugun chet el oliy dargohlarida o'qib kelgan mutaxassis kadrlar vazirliklarga ishga olinayapti. Balki, ular bizdagi maktab ta'lim tizimini ham xorij tizimiga moslashtirmoqchidir, buni tushunsa bo'lar, ammo bizdagi sharoit bunga javob bermaydi-da. Shunday ekan, cirdaryolik va surxondaryolik  o'qituvchilarda nima ayb? Ammo tan olaylik, ular o'qitgan kadrlar bugun yurtimizning turli nufuzli muassasalarida  xizmat qilayapti-ku?!

— Men 40 yildan ziyod Sariosiyo tumanidagi 39-maktabda matematikadan dars beraman, — deydi faxriy matematik o'qituvchi Xo'jaqul Qodirov, — rosti, Toshkentdagi oliy o'quv yurtida o'qigan sariosiyolik yoshlar tumanga qaytishmayapti. Yoshim 69 da, maktabda mendan boshqa matematikadan dars beradigan o'qituvchi yo'q. Lekin, aytib qo'yay, shu kungacha, hali bunday test savollarini ko'rmagan edim. Ko'zi ochiq odam ko'raverar ekan-da…

Men bu bilan o'qituvchilarni o'z sohasining bilimdoni demoqchi emasman, hozirgi o'qituvchilar o'z faniga tegishli qo'shimcha kitoblarni, badiiy adabiyotni o'qishmaydi. O'z ustida ishlab, bilimini oshirish o'rniga, telefondagi telegramm­dan uzatilgan ma'lumotlarni titkilashadi. Telegramm temir, gazeta-kitob bosh­qa-da, odam varaq ag'darib o'qisa, sahifama-sahifa tirik olamning ichida yurganday bo'ladi.

Masalan, maktabimizdan uchta o'qituvchi kelishib, “Ma'rifat”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Hurriyat” gazetalariga obuna bo'lmoqchi bo'ldik. Bizga “majburiy obuna” yo'q deb ruxsat berishmadi. Ammo tuman mutasaddilari obunaga deb maoshimizdan qaytarib qolayapti-ku. Kutubxonachidan surishtirsam, biz aytgan nashrlar o'rniga, maktabga butunlay aloqasi yo'q gazetalar kelar ekan.

Avvallari “Maktabda matematika”, “Maktabda ximiya”, “Maktabda fizika” degan metodik jurnallar bo'lardi. Obuna bo'lay desam, hozir bunday jurnallar chiqmayapti deyishdi, — deydi X.Qodirov.

Maktab faoliyatiga oid nashrlar xalq ta'limi vazirligiga tegishli muassasalarga yetib bormasligi bor gap. Chunki, “majburiy obuna”ni o'ylab topgan rahbariyat muassasalarni qattiq nazoratga oldi. Natijada o'qituvchi “Xalq so'zi”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Hurriyat”, “Ma'rifat” va partiyalar nashrlariga, ayrim ilmiy metodik jurnallarga obuna bo'la olmayapti. To'g'rirog'i, ular ishdan haydalishdan qo'rqadi. O'qituvchi — ziyoliy shaxs. U kundalik matbuotdan xabardor bo'lishi kerak. Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir payt­­da, o'qituvchi gazeta o'qimasa davr bilan hamqadam bo'lolmaydi. Ustoz-pedagog ma'naviy ongini, bilim saviyasini oshirib borishi, yurtimizda va xorijda bo'layotgan ta'limga oid yangiliklardan xabardor bo'lishi uchun ham  gazeta varaqlashi lozim. Biroq, hatto Xalq ta'limi vazirligining markaziy nashri bo'lgan “Ma'rifat” gazetasiga ko'pgina o'rta umumta'lim muassasalari obuna bo'lishmaganini har qanday bahona bilan oqlab bo'lmaydi!

Vaholanki, mamlakatimizda 10 000 dan ziyod o'rta umumta'lim maktablari bor, “Ma'rifat” gazetasining adadi esa 7 000 nari-berisida ekanligi har qanday odamni hayratlantirishi tabiiy. Bu degani har bir o'qituvchini qo'ying, aqalli bitta ta'lim dargohiga hatto bir nusxa o'z nashri ham bormaydi degani. Oqibatda, o'qituvchilar dunyodan bexabar bo'lib, har yili takrorlanayotgani kabi, yillik rejada belgilangan dars jadvalidan chiqolmay, o'quvchiga kuno'targa bilim berishayotganiga ajablanmasa ham bo'ladi. Qolaversa, darsliklar yetarlicha chop etilib, maktablarga to'liq yetkazib berish muammo bo'lib turgan bir paytda, metodik qo'llanmalar chiqarish haqida gapirmasa ham bo'ladi.

Prezidentimiz: “Jamiyatda eng obro'li odam o'qituvchi bo'lishi kerak”, degan edilar. Ularning oylik maoshini keskin oshirish to'g'risida ham so'nggi paytlarda amaliy ishlarga qo'l urildi. Ammo…

Aytaylik, maktab o'qituvchisining qoniqarsiz baho olishiga kim aybdor? — degan savol tug'ilishi tabiiy. Hozirda mamlakatimizdagi maktablarda yetishmayotgan, qolaversa, o'qituvchilarning darsga puxta tayyorgarlik ko'rishida aniq va gumanitar fanlardan  qo'shimcha o'quv-qo'llanmalari yaratishni tashkil etish, ma'lum bir xarajat bilan yil davomida aytilgan manzilga yetib boradigan bosma nashrlarni “majburiy obuna” bahonasida maktabdan uzoqlashtirib, o'qituvchilarning bilim darajasini, dunyoviy saviyasini kemtiklashtirish Xalq ta'limi vazirligining rejasiga kiritilmagandir…

Albatta, o'rta umumta'lim muassasalarida markaziy gazetalarning obuna­sini tashkil qilish chorasini vazirlik mutasaddilari yana bir bor o'ylab ko'rishsa, yomon bo'lmasdi.

Kelgusida, viloyatlar tizimida tekshiruv o'tkazib, deylik, Sirdaryo, Surxondaryodagi o'qituvchilarning o'z fanidan bilimi darajasi o'ta past, aytaylik “2” bahoga teng deb, yana olamga jar solib yurmasin-da… Bundan kimga naf?

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − twelve =