Botindagi bo'ron

(O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zam ijodiga bir nazar)

Erkin A'zam haqida gap ochilsa, muxlisu muxolif bir masalada yakdil: “Erkin A'zam so'zni his qilgan, uning tarjimai holini biladigan ijodkor!”

Stalin davrida tug'ilgan avlod esini taniganda “eruvgarchilik” edi. O'rta maktabni bitirib, yozuvchi bo'lish maqsadida Toshkentga kelganida butun imperiya yo'qsillar dohiysi tavalludining 100 yilligiga tayyorgarlik zavqi bilan yashardi. Qadim Shoshning havosiga moslashmagan o'n yetti yoshli yigitning hayotida kutilmagan bir hodisa ro'y beradiki, to hanuz bu gurung-suhbatlarda eslanadi. Erkin A'zam, Usmon Azim, Muhammad Rahmon – “hali student bo'lib-bo'lmagan, Abdulla Qahhorni maktab darsliklaridangina “yaxshi” biladigan, lekin adabiyot desa, yozuvchi desa o'zini tomdan tashlashga tayyor uch bola” yozuvchi Dadaxon Nuriy maslahati bilan Do'rmonga – Abdulla Qahhorning uyiga boradi: “O'sha, ko'p martalab ta'rif etilgan behi ostidagi salqin chorpoya, saraton, tushdan keyingi palla, yelkasiga to'n tashlab olgan mo'ysafid adib, u kishiga to'ymay termiladigan uch bola, uch muxlis. Ustoz o'zini ana shu bolalar bilan teppa-teng tutib, adabiyotning bor siru asrori haqida erinmay, xuddi eski tanishlardek bamaylixotir suhbatlashib o'tiribdi”.

Erkin aka suhbat tafsilotlarini matbuotda ham, davralarda ham ko'p aytgan. Eshitganim shuki, “g'o'r bir bola” – Erkin A'zam “Sarob” romani qahramonlaridan birini tanqid qilishga tushib ketadi. Mahmadona yigitning qaysi viloyatdan ekanini bilgan Abdulla Qahhor: “E-e, shunday joylardan Shukurga o'xshagan yozuvchi chiqdi-ya?!”, — degandek bo'ladi. “Bu gap e'tirofmidi yoki hayrat – hozirgacha tushunolmayman”, deydi Erkin aka.

Shukur Xolmirzayev “ochgan ariq”dan suv ichgan yosh adib 1974 yilda “Guliston” jurnalida e'lon qilingan “Shahardan odam keldi” hikoyasi bilan tilga tushadi. Erkin aka hamshahar ustozning “Chiqsangiz – seryozniyroq narsa bilan chiqing!” degan maslahatini hozir ham eslaydi. O'sha yili “Sharq yulduzi”da uning biryo'la uch hikoyasi – “Ko'k eshik”, “Qo'shiq aytiladi” va “Xotira” chop etiladi. Navqiron dunyoqarash mahsuli bo'lgan bu ijod namunalari katta adabiyotga kirish uchun vasiqa bo'ldi. Katta adabiyot – milliy nasrimiz esa firqaning yetovida edi. O'sha zamonlarda “yo'l xaritasi” chizishni xush ko'radigan adabiy tan¬qidchilik “GESni yoz, BAMni yoz, ulkan mavzularda yoz, fosh qil, ur!” deb turgandan keyin zamonaviy o'zbek nasri uchun mustabidning qiyofasi, toptalgan millat ma'rifati, uzangisi zanglamas suvoriylar qismati, olovlangan o'zbek tuprog'i kabi mavzular, albatta, “begona” bo'ladi-da! Sun'iy vakuumda toza havo istagan qalamkashlar, aldangan avlodning andishali adibi Erkin A'zam ta'biri bilan aytganda, “avtobusdagi yo'lovchining cho'ntagidan abonementi tushib qolsa ham hikoya qilib yozgan”.

Agrar respublikadagi paxta yakkahokimligi bir xil fikrlaydigan dehqonlar sulolasini shakllantirgani kabi, adabiyotdagi mafkuraviy yakkahokimlik, biryoqlama siyosiy o'lchov bir xil dunyoqarashga ega yozuvchi va qahramonlar armiyasini yuzaga keltirdi. Yozuvchi ham baqavli dehqon demishlar. Badiiy asarga qo'yiladigan tayyor sho'roviy qolip-andazalar nuqsi Erkin A'zam avlodiga ham ta'sir etgan. Qolaversa, “kuchini o'tin yorishga” sarflagan, “Iskandarning shoxi borligin quduqlarga aytib yurgan” (Asqad Muxtor) salaflariga nisbatan ongli-ongsiz taassubni ham inkor etib bo'lmaydi.

Parvardigor insonni mehnat-mashaqqatga yaratgan. “Adabiy matn bir qaynovda tayyor bo'ladigan qiyom emas” degan tamoyilga amal qilgan Erkin A'zam, Xayriddin Sulton kabi muharrirlar nashriyotga kelib tushgan “xom­ashyo”lardan adabiy asar yasab, hatto nomdor “yazuvchi”larga ham maqtovu olqish olib berganini ko'pchilik aytib yuradi. Afsuski, bugun qurt terishdan ham mashaqqatli mehnat – muharrirlik maktabiga talabgor yo'q hisobi!

Erkin A'zam asarlarini cho'kirtikanak gaplar, istehzoyu kinoyalarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Xurshid Davron “Erkin akaning hikoyalarini o'qiy boshlasam, jiddiy qiyofasi va qalam tutgan qo'lini ko'rib turaman”, deydi o'zaro gurunglarda.
Darhaqiqat, gulmix jumlalar, so'zni zargarona ishlatish — Erkin akaga tan. Maqola va adabiy qaydlarida ham turkona tafakkur, til tabiatini his qilish haqidagi fikrlar ko'p­lab uchraydi. Darg'azab chog'lari “Yozuvchilik da'vosi bilan chiqdingizmi, gap san'ati emas, so'z san'atiga amal qilib, ularni tanlab-tanlab, o'rni-o'rniga qo'yib yozing-da, baraka topkur!” deydi do'rillagan ovozda.

Adibimizning sabri sarhovuzday ekan. Mujrimi sodiq “fidoyi birodari”yu teng-to'shlari o'zlarini “Sulaymonning muhri tekkan dev kabi, //Yoki bir soatlik xalifasimon” (Ullibibi Otayeva) tutganda ham “It hurar, karvon o'tar” naqliga amal qildi. Ehtimol, bolaligi birga kechgan shoir birodarining:

Agar do'sting nohaq ersa,
Haq so'zingni aytaber.
Do'stlik seni yerga ursa,
Ko'taradi qaro yer

degan satrlari yodda turgandir.
Hayotiy va ijodiy prinsiplari bir-biriga mutlaqo teskari qalamkashlar Navoiy zamonida ham bo'lgan. Xuddi ana o'sha toifa, Erkin A'zamning ziddi o'laroq, bu dunyoda hech kim menchalik dard-iztirob chekkan emas, deyishni xush ko'radi. Go'yo undan bosh­qalar Musoning ummatiyu ko'ngli tusagan mahal osmondan bedanakabob tushadigandek. Bunday xudbin kaslarning mijg'ov gurunglarini eshitsam, risolat tongida Rasulullohga (s.a.v) bay'at berib, o'zini fido qilgan sahobalarning ochlikda barg chaynasa ham, quvg'in va zulm ostida ezilsa ham iymonda sobit qolgani haqidagi hikoyalar esimga tushaveradi. Mayu mus­tag'riq davralarda donolik qilguvchi sarxush tizmakashlar Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir mardona qarshi olgan tahqiru xiyonatlarning loaqal bir kuniga bardosh berolarmikan?!

“O', donolarning donosi! – deysan ichingda. — Yonginangda kulib yurgan ijodkorning qalbi balki qayg'u-has­ratga kondir?! Doim po'rimu sarbaland ko'ringani bilan botinida bo'zlab yurgandir, ehtimol!..”

Bolaligidan o'lgudek ta'sirchan, sirkasi suv ko'tarmaydigan injiq, xayolparast adib “Ertalabki xayollar” kitobida shunday yozadi: “Ertalablari negadir charsillab turaman. Hech narsa yoqmaydi. Dunyo ko'zimga qorong'i. Gap qo'shgan odam baloga qolishi aniq. Bu vaqtda olamning bor g'amu tashvishi go'yo kaminada: mushkul muammolar, haqsizliklar, norasolik­lar. Ko'ngilda shularga qarshi tiyiqsiz isyon jo'sh uradi. Bugunoq borib shu masalani hal qilmasam! Bugunoq borib shu gaplarni shartta-shartta aytib solmasam! Bo'ldi, shuncha zamon musichaga o'xshab yurganim, chidab kelganim yetar! Bu nima bedodlik, axir!”
Ko'ngildagi bu isyon o'ti choshgohgacha gurillab turadi va peshindan so'ng o'z-o'zidan so'nadi, adib el qatori “yaxshi odam”ga aylanadi. Lekin murosa neligini bilarmidi botindagi bo'ronlar?!

“Ikki jahon ovorasi” uchun goh romantik, goh pragmatik bo'lishdan bosh­­qa chora yo'q. Haqrost, murosasozlikdan keyingi et-badanni yeyish azobi ham bor. O'zini mudom malomat qilish bilan o'tayotgan adibimiz bu haqiqatni bilmaydi, deb o'ylaysizmi?! Bilgani uchun ham o'zidan noliydi, o'zgalardan emas.

O'zni malomat qilish — dilni pok­lash, kamolot pillapoyasi deyilmaganmi?!

“Hamdam axtaradi

har qanday odam…”

“Anoyining jaydari olmasi” — Erkin A'zamning “vizitniy kartochkasi”. Hikoya qahramoni o'z nomi bilan tug'ilgan. Ramazondagi barcha fazilatlar oylar sultonidan o'tganmikan deya o'ylaysiz. Lekin ro'za-ramazonni unutgan avlod el orasida yurgan jo'mardni qaydan anglab yetardi?!
Takabburligu turli ma'siyat-gunohlardan qalbi qorayib ketganlar Ramazonning bori shu ekanini tushunmaydi. “Bujur tosh”ni tarbiya qilish, ko'zining o'tini olish payida bo'lishadi nuqul. Xatti-harakatlaridan g'ijinadi, ustidan kulishadi hatto. Ramazonning odam, olam, hayot, silai rahm bobidagi qanoatlari ularga mutlaqo yot. Shu ma'noda, “Anoyining jaydari olmasi” bu — girya. Mungli, hazin hikoyani o'qib yengil tortasiz. Ramazon sizning ham qayg'ularingizni artgandek bo'ladi. Bir qarasang afandi, bir qarasang hotamtoy. U dunyoni beg'ubor, sodda tasavvuri ila ko'radi, qarichlash kerak bo'lganda, ochiq qo'llarini uzatadi. Taassufki, ustoz Abdulla Oripov aytmoqchi, “Soddalik yaxshi-yu, lekin ko'pincha, ishi yurisharkan qitmir odamning”.

Hikoya qahramoni Ramazon, nazarimda, qaysidir bir jihatlari bilan Shukur Xolmirzayevning “Qariya”sidagi Qo'ziboy cholni eslatadi. Yodingizda bo'lsa, Qo'ziboy chol kinoxona yonida o'tirib olib ravochni deyarli suvtekinga ulashadi va bu ishidan olam-olam zavq tuyadi. Xuddi shunday holni Erkin A'zam qahramonida ham ko'rish mumkin. “U hay-huylab o'tgan-ketganni chaqirar, idishi bo'lsa idishini, bo'lmasa — qo'yni-qo'njini olmaga to'latib jo'natar edi”.

Ramazon bog'idan terib kelgan olmalarni mana shu tarzda “otamga qavm bo'ladi, ena jamoatimizdan qarindosh…” deya bepul berib yuboraveradi. Uning ba'zi bir hayotiy xulosalari, g'irrom jamiyatga, adolatsizlikka nisbatan isyoni faqat sho'roga qaratilgan deb o'ylaysizmi?!

Rostgo'yligi uchun “telba” bo'lib ko'ringan Ramazon bizning kunlar uchun ham begona. Chunki ko'pchiligimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Rostgo'ylar bilan do'stlashing. Ular tinchlikda ziynat, xavfda qalqondir” deganini unutib qo'yganmiz. Bir tasavvur etaylik. Ramazon hikoyada so'ylamasin, hayqirmasin jo'shib. Tilsiz, soqov bo'lsin. A?! Nima bo'lardi? Deyarli hech narsa. Hech narsa o'zgarmasdi u gung bo'lganda ham. Kishining kimligi so'zida emas, ishida, ko'zida bilinmaydimi?! Yo biz faqat chiroyli so'zlovchi, amalda aytganining teskarisini qiladigan yolg'onchilarni suyamizmi?!

Yozuvchi hikoyani bitgan zamonlarda hadis eshigi berk edi. Chin ijodkor qalbi savqi tabiiy sezimlar ila ko'p ko'hna haqiqatlarni anglaydi, degani rost. Janobimizning “tinchlikda ziynat” deganiga Shoirning hayoti misol bo'la oladi. Ramazon do'sti uchun hayot ziynati edi. “Xavfda qalqon” degani avvalo do'stini Tosh kabi bezori to'daning xurujidan xalos qilganida ko'rinadi. Qolaversa, poezddagi notanish kimsaning lafziga, yalinib-yolvorishiga inongani “xavfda qalqon”ligini ko'rsatmaydimi? U, axir, odam bolasini do'st, birodar deb bilardi-ku!

Shayx Oiz al-Qarniy “Mahzun bo'lma” asarida “Dunyoning ahvolini, uning sifatlarini tanigan odam bu dunyoning to'siqlari, jafokorligi, xiyonatkorligini kechiradi va bular uning tabiati, xulq-atvoriga xos ekanligini ang­laydi” deb yozadi (tarjimon — Zahiriddin Mansur).

Nafsilamrini aytganda, Ramazonning hayotiy tutumlariyu haqiqatlari nuqul bozor iqtisodi va jaraq-jaraq foydani ko'zlab tuzayotgan maqsad-muddaolarimizga muvofiq kelmaydi. Bu fikrga qo'shilmasangiz, xo'sh, ayting qani, “Mehr ko'p ko'rguzdim, ammo mehribone topmadim” deya bir-da kulib, bir-da bo'zlayotgan ramazonlar bilan to'n yopishgan do'st bo'larmidingiz?!

Adib “U anoyi emas. U risoladagidek odam. U buzilmagan. Balki biz buzilgandirmiz?.. U hayotda faqat yutqazib yuradi. Chunki u rol o'ynamaydi. Hayotni qanday bo'lsa shundayligicha qabul qiladi, shundayligicha tushunadi” deydi.

Darvoqe, “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasidagi ko'cha bezori Tosh obrazi va u bilan bog'liq epizod – lavhani adibning ikki yil burun yozgan “Akmal paxanning jiyani” hikoyasida ham ko'rish mumkin.

“Anoyining jaydari olmasi”, “Piyo­­da”, “Bog'bololik Ko'kaldosh”, “Vatanparvar” kabi hikoyalari bilan tilga tushgan adib “Otoyining tug'ilgan yili”, “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar” qissalari bilan tanildi. “Gulis­ton”ning 1979 yilgi uch sonida “Otoyining tug'ilgan yili” qissasi bosilgach, bir dumalab “mashhur” bo'lib qolgan yozuvchi ko'p o'tmay yoshkamollar bosh mukofotiyu turli tanlovlar g'olibiga aylanadi.

Shartakilik qissasiga sho'ro senzurasi jiddiy qaramagan yoki ko'ngilni keng qilgan, shekilli, ochiq-erkin fikrlar “o'tib ketgan”.

Adibning chin ma'noda qissanavis sifatidagi mahoratiyu qamrovini “Shoirning to'yi”, “Chapaklar va chalpak­lar mamlakati” ko'rsatdi. Adabiyotga ana shunday go'zal asarlar tuhfa etgan yozuvchidan har qancha minnatdor bo'lsak arziydi!
Qissaxonlik milliy ruhiyatimizga shu qadar singib ketganki, aksariyat nomdor adiblarning tarjimai holida uzun qish kechalari sandal atrofida turli diniy jangnomalar, dostonlar o'qir edik, degan xotiralarni uchratasiz. Erkin A'zamning qissanavislik mahoratini egallashida Abdulla Qahhor, G'afur G'ulom, Odil Yoqubov bilan birga qirg'iz adibi Chingiz Aytmatov, rus yozuvchisi Valentin Rasputin, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor va armanistonlik adib Grant Matevosyan kabi yozuvchilarning ijodiy ta'siri bor, albatta.

Asarning qon-tomiri

Erkin A'zam bu maqolasini bundan qirq yil muqaddam yozgan; o'ttizning nari-berisidagi qalamkash adabiy jarayonga munosabat bildirar ekan, ustoz­larga xos an'anaviy ruh, qahramonlarni ma'naviy-axloqiy baholash mezonlari o'zgarib borayotganidan bezovtalik tuygan. Tahririyatlarga kelayotgan qo'lyozmalarni tahlil qilib, “Ruh begona, ruh — asarning qontomiri begona!” deya yozg'iradi. Mazmun va shakl nomutanosibligi, asarlardagi ifodaning o'zbekcha emasligi, tilning tabiatini buzish, ko'r-ko'rona nusxa ko'chirish ko'payib borayotgani, ayrim yozuvchilarning ma'naviy-axloqiy pozitsiyasi nochorligidan bong uradi.

Bu — “Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamalarda asardagi ijobiy va salbiy qahramonlar nisbati barmoq bukib sanab” chiqilgan davrda aytilgan gaplar. Jonsarak adibning xulosasi shunday: “Asarda muhimi — ruh, shunga qarab yozuvchining qaysi millatga mansubligini bemalol aytish mumkin. Qaysi millatning an'analariga tayansa, qaysi millatning nomidan gapirsa, o'sha millatning manfaatlarini (to'g'ri tushunishlarini istayman) ilgari suradi. U qaysi tilda ijod qilishidan qat'i nazar, muayyan millatning nomidan gapirsa, o'sha millatning yozuvchisi bo'ladi”.

Erkin aka 1980 yilda yozgan “Hikoya, hikoya…” maqolasida “Mazkur janr hamon katta adabiyotda o'z munosib o'rnini egallay olmayotganga o'xshaydi” deya mulohaza bildirgan va munaqqidu tanqidchilarga “Nega bitta hikoya uchun taqrizlar yozish, agar arzisa uni voqea darajasiga ko'tarish mumkin emas?” degan bir savolni qo'ygan edi. Milliy nasrimiz sxematizmdan birmuncha qutuldi, ammo jo'nlik, fikr qashshoqligi, ko'r-ko'rona taqlid va mavhumlikdan hali-hanuz xalos bo'lgan emas. O'tgan asr poyonida prozada bo'y ko'rsatgan adabiy yangilanish niqobidagi sintetika ko'p qalamkashlarni Adam dashtida uloqtirdi. Lalmi gaplar avj olgan o'sha kezlarda insoniy did va iste'dodni beh bilgan Erkin aka adabiyot kitobxon uchun yaratilishini aytib, teranlik o'rniga shaklbozlik, sun'iy gaplar, atay burashlar, to'mtoq jumlalaru mahorat da'vosi — katta dard, og'riq bo'lmasa! — hammasi bir pul, degan edi.

Oradan besh yilcha o'tib, janr taraqqiyotini tahlil qilgan Shukur Xolmirzayev hikoyachilikning chuqur mas'uliyatini bo'yniga olgan, uning o'ziga xos qiyinchiliklaridan qo'rqmaydigan adib­lar sifatida Erkin A'zamov, Xayriddin Sultonov, Tog'ay Murod, Nodir Normatovni sanab o'tadi. “Biroq istisno qilayotganim bu yozuvchilarda bitta “nuqta” seziladi, — dey­di yozuvchi. — Hikoyachilikning eng og'ir savdosi — “qanday yozish kerakligi” san'atini egallagan bu adiblar “nimani yozish kerak”ligi mas'uliyatini egallashda sal oqsayaptilar…” (“Hikoya, hikoya…” “O'zAS”,1985 yil, 25 dekabr).

Har bir adabiy to'lqin, uning vakili sanalmish ijodkorni tahsin va ta'na yorlig'i kutib turadi. Qalam tutgan borki, bundan bebahra emas. Erkin aka 1985 yilda yozgan “Ildizdan uzilmay…” maqolasida “Yoshlar klassik an'analarimizni esdan chiqarib qo'yib, nuqul g'arb adabiyotiga sajda qilish bilan band” degan ta'naomuz gaplarga munosabat bildirib, adabiy avlod deb tan olingan ijodkor tengdosh­lari xalq og'zaki ijodi, mumtoz adabiyotimizni o'rganishga zo'r berayotgani, Gulxaniyning “Zarbulmasal”ini eslatadigan sho'x, go'l-mug'ombirona qochiriqlar uchrashini, Xayriddin Sultonov A.Qodiriy, Oybek, A.Muxtor, O.Yoqubov, P.Qodirov kabi ustoz adiblar tajribasiga tayanayotgani, Tog'ay Murod qissalari esa xalq dostonlariyu baxshiyona ohang­larni yodga solishini dalillaydi. O'shanda adibning “Olam yam-yashil” degan kitobi nashr etilgan edi. Xolis aytganda, o'ttiz besh-qirqqa kirgan qaysi nosir matbuotda dangal turib, “Men yaqinda bir bahonada, bultur chiqqan hikoyalar to'plamimni qayta varaqlab ko'rdim. Ochig'i, hafsalam pir bo'ldi, juda xafa bo'lib ketdim. Ba'zi hikoyalar juda jo'n ekan. Nega shuni kitob chiqarishdan oldin o'ylab ko'rmadim? Nega jo'n gaplarni kitob qilib chiqarishga shoshamiz?” deya oladi?!

Erkin A'zam qirchillama qirq yoshga yetganda o'tgan umrni sarhisob qilaroq, o'kinch ila “Biz aldangan avlodmiz. Biz yolg'on-yashiq kitoblar, soxta aqidalar ruhida tarbiya topdik. Masalan, qulog'imizga quyildiki, pul yomon, foyda yomon, odamni buzadi; puldor bo'lmoq — qabohat, muhimi — ma'naviy jihatdan boy bo'lmoq, shunda xalq seni boshiga ko'taradi. Nazariy tomondan benuqson gaplar bu. Biz ana shunga ishonib, ma'naviy boylikka bepisand, faqat mol-dunyoning izmini tutganlarning ustidan erinmay kuldik. Hayotda esa butunlay teskari hol hukm surdi” deydi.

Navoiy zamonidan kelgan savdoyi

Adibning yarim asrlik adabiy xirmoni “bo'yi barobar” degan tashbehga mos kelmaydi. Uch-to'rtta qirq-ellik bet, hatto yuz-ikki yuz bet yozilgan romanlarni ko'ngliga ko'mib yuborgan yozuvchi yoshligida onasi aytgan “Shu tajangliging bor ekan, shoir bo'lishingni bilmadim-ov” degan gapni ko'p eslaydi.
Erkin A'zam kommunist — mukofotu mansabga molik, firqasiz — shubhali hisoblangan davrlarda Yozuvchilar uyushmasidagi majlisda “Tuppa-tuzuk qalami bor-u, Tuyamo'yin gidrouzeliga borib roman yozib kelmaydi! Nuqul mayda-chuyda mavzular bilan band!..” deya tanqid qilinganini kula-kula aytib beradi. Biz “bespartiynыy” adibning romanga barobar bir hikoyasi bilan fikrimizni davom ettiramiz.

“Navoiyni o'qigan bolalar” hikoyasi “Hazrat Navoiy hamda bir navoiyshunosga bag'ishlangan”. Hikoyaga navoiyshunoslik ilmida chaqinday iz qoldirgan fidoyi olim, “Lisonut-tayr” kabi benazir doston nasriy bayonini tuzgan Sharafiddin Sharipovning fojiali taqdiri asos qilib olingan deyish mumkin. Qayta qurish, oshkoralik avj qilgan yillari matbuotda ijodkor-ziyolilarning 35 yoshida juvonmarg ketgan navoiyshunos Sharafiddin Sharipov nomini abadiylashtirish haqidagi maqolalari ketma-ket chop etiladi. Bu xayrli tashabbusni ko'tarib chiqqanlar orasida Erkin A'zam ham bor edi.

Murojaatlarda Qo'lyozmalar institutining sobiq xodimi, jonkuyar olim xotirasiga bepisandlik bilan qaralayotgani afsus bilan aytib o'tiladi. Maktub va maqolalar bilan tanishib, Sharafiddin Sharipov tug'ilib o'sgan tuman, viloyat rahbarlari ilm-ma'rifatning beqadr tushunchaga aylanib borayotganini hammadan oldin anglaganmikan, deya o'ylanib qolasiz.

“O'lding — o'chding” degan shafqatsiz haqiqat hikoyanavis qalbini o'rtagani oradan bir yilcha vaqt o'tib “Navoiyni o'qigan bolalar” e'lon qilinganda ma'lum bo'ldi. Shukur Xolmirzayev asarga yuksak baho berib, “Naqadar tiniq, hatto Navoiy she'rlaridek xayolchan va dardchil hikoya bo'libdi!” deb suyunadi. Shukur aka “Shoirning to'yi”, “Chalpaklar va chapaklar mamlakati”ni ham “Go'zal asar!” deya baholagan edi.

“Navoiyni o'qigan bolalar” hikoyasida ma'naviy aynishlarimiz, fojia va inqirozlarimizning boshlang'ich nuqtasi tasvirlangan. Pushkinning “Evgeniy Onegin”ida shunday bir satrlar bor:

Ko'nikma bu — falakdan ato,
Baxt o'rnini bosur bexato
”.

Hikoya qahramoni Janobiddin Sayfiddinov uchun qadim qo'lyozmalar shavqi bilan yashash baxt edi aslida. “U hamon Navoiy zamonida yashaydi, o'sha qadim Hirot muhitidan nafas oladi”. Chunki zohir hayot yolg'onlari, xiyonat va aldovlari ko'ngilga zarracha taskin bermas, birgina Navoiy g'azallari — umid chirog'i qalbini yoritib turardi. “Darhaqiqat, uning gapirgan gapi — Navoiy, Navoiyga doir biron yangilik top­magan kuni darsga kelmaydi. “Menga qolsa, hazrati Navoiyni o'qiganga — nomzodlik, uqqanga doktorlik unvonini berardim, — deydi. Keyin o'zicha kuyunib, komil ishonch bilan ta'kidlaydi: — Toki ul zotni o'qimas ekan, uqmas ekan, bu xalq odam bo'lmaydi”.

Janobiddinning o'y-xayollari, fikr-mulohazasi do'stlariga-da erish tuyulgani uchun “Savdoyi” deb laqab orttirgan. Hatto kursdosh qizlar ham “nenormalniy” deydi.

Bundan besh yil burun bir tadbir bahona akademik Aziz Qayumovdan intervyu olishga to'g'ri keldi. Adabiyot muzeyidagi suhbatda domla kamina va sherigim, jurnalist Ikrom Choriyevga qarab nimjilmaygancha bir hikoya aytib berdi. Hazrat Navoiy “Mening uch toifa o'quvchim bor. Birinchisi, g'azallarimni o'qiydi va anglaydi. Ular omon bo'lsinlar. Ikkinchi bir toifa bor. She'rlarimni o'qiydi, ammo ma'nosini tushunmaydi. Ular ham omon bo'lsin. Uchinchi toifa o'quvchilarim esa, yozganlarimni o'qimaydi-yu, ammo nomimni aytib maqtanib yuradi. Ular ham omon bo'lsin” degan ekan.
Xo'sh, asar qahramoni savdoyi Janob nima uchun yolg'iz?
Avliyoulloh Alisher Navoiy bir kun kelib, o'qib anglagan o'quvchisining bulg'angan muhitga singib ketolmasligini bilmagan, deb o'ylaysizmi?!

Hikoyada Navoiy obrazi o'tmish, o'zlik, ma'rifat, milliy g'oya timsolida gavdalanadi. Sanab o'tganlarimiz, yozuvchi tasvirlaganidek, sovuq zulmat ichida. Yozuvchi Shoir va Janob izg'irinli kechada duch kelgan odamlar orqali jamiyatning ma'rifiy manzarasini chizadi. Insonni sariq chaqaga olmaydigan, tanglayi pul bilan ko'tarilganlar va ularning ziddi bo'lgan g'azal oshiqlari. Malika ham g'azal shaydosi bo'lgan navoiyshunosning muhabbatiga beparvo.

Hikoyani o'qib anglagan xulosalarim shu bo'ldiki, Navoiyga mahram bo'lgan olim borki, dahriy jamiyatga “mos” emas. Chunki, rahmatli Azizxon domla aytib bergan hazratning bahosi — g'azallarni o'qimay shoir nomi bilan maqtanib yuradigan avlodning zamoni.

“Navoiyni o'qigan bolalar” hikoyasi bundan keyin ham ulug' bobomiz g'azallari kabi yashayveradi.

“Tafakkur” – umrimning bir bo'lagi…”

“Tafakkur” tashkil topgandayoq (26 yil bo'pti-ya!) ziyolilar qidirib o'qiydigan nashrga aylangan edi. Xoh o'ziniki bo'lsin, xoh o'zganiki — ishni toza qilishga odatlangan adibning talabchanligi tufayli “Tafakkur” ma'naviy-ma'rifiy minbar sifatida bugun ham o'lchov-etalon degan maqomda sobit turibdi. Tafakkurga rag'bat yo'q, ahli ma'nidan ko'ra dallolu tujjorga mehru muhabbat cheksiz jamiyatda “Tafakkur”day jurnal chiqarish qahramonlik aslida. “Bozor adabiyoti”, “bozor matbuoti”, “bozorbop kino” degan tushunchalar istiqlolimizdan ikki-uch yosh kichik, xolos. “Bozor ko'rgan echkidan qo'rq” deydi xalqimiz. Ammo, hurriyat bilan “bo'yinsa” bu qo'rquv dillarni zabt etganiga chorak asr bo'ldi…
“Bosh muharrir sahifasi”da berilgan jamiyat hayotiga munosabatni adib “publitsistik miniatyuralar” deb atagan. Peshlavha tarzida yozilgan bu fiqralarni men sarkash siyrat sadolari degim keladi. Saraton quyoshida mato guli o'ngigani kabi, “Tafakkur” fiqralarini o'qigan ne-ne mutasaddiyu mulozimlarning ham rangi o'ngib ketgani bor gap. Qachon ularni mutolaa qilishga tushsam, Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Vadud Mahmud, Abdulla Qodiriyning alamli, dardchil, kinoya-kesatiqli maqolalari, hangomalari esimga kelaveradi. Bugungi avlod fidoyi ma'rifatparvarlar merosi — tarixni qanday o'rganayotgan bo'lsa, “publitsistik miniatyuralar” erta bir kun yaqin o'tmish manzarasini tadqiq etishda shunday asqatadi. Bugun fiqra ekan, indin uning oti tarixiy hujjat, ilmiy dalil bo'ladi.
“Vatan qanday yuksaladi”, “Boy bo'layin desangiz…”, “Uyat bo'ladi”, “Kitob urmasin”, “Jannat qidirib…”, “Savobning yo'li — pinhona”, “Jonajon” ukaxonlar”, “Yalash boshqa, siylash bosh­­qa…”, “Hoziriylar”, “Andishasiz andishalar” kabi fiqralar e'lon qilinganiga 15-20 yil bo'ldi. Milliy tabiat, inson fe'l-atvori ming yillarda ham deyarli o'zgarishsiz qolishini inobatga olsak, jo'n hikoyalaru semiz kitob­lardan ko'ra ushbu fiqralarning umri uzog'-ov deb o'ylab qolasiz.

Tahrir san'at sifatida “Tafakkur”da saqlanib qolganini hech kim inkor etolmaydi. Jurnalda e'lon qilinayotgan har bir maqolada nuktadon muharrirning qo'li bor. Bilgichlar qo'l­yozmada ikkita imlo xato ko'rsa “infarkt bo'pqoladigan” muharrir — Erkin A'zam desa munkir kelmang. Matn iylanib, “suvi” qay tarzda siqib chiqariladi, qaysi so'z qanday yoziladi, qaysi holatda qaysi tinish belgisi qo'yiladi, degan savolga javob izlagan o'quvchi “Tafakkur”ni varaqlasin.

Ijtimoiy-falsafiy jurnalda nomdor shoir-yozuvchilar bilan ochiq-oshkor, tanqidiy ruhdagi o'nlab suhbatlarning e'lon qilinishi, bir-biridan go'zal she'riy turkumlar, jahon adabiyotining nodir namunalarining o'zbekchaga o'girilishi jamiyatda fikrlar rang-barangligining shakllanishga turtki berdi. Zukko olim Sobirjon Yoqubov nasriy durdonalarni to'plab, “Atirgulning tikoni” nomi bilan salmoqli kitob qildi. Erkin A'zam so'zboshida ta'kidlaganidek, “O'sha kezlarda kim nima degan bo'lsa degandir, ammo bugun jahon adabiyotining ko'rkam namunalarini muntazam yoritib kelayotgani uchun “Tafakkur” jurnalini birov yomonlamasa kerak. Aksincha, ilk bor majallamiz sahifalarida ko'ringan sara asarlar mamlakat matbuotida qayta-qayta ko'chirib bosilmoqda, ayrimlari o'quv xrestomatiyalaridan ham o'rin olgan. Xullas, ular adabiy-madaniy hayotimizning o'gay emas, o'z fuqarosiga aylanib ketdi”.

Shoir ko'ngil

Adibni yaqindan biladiganlar mumtoz va zamonaviy she'riyatni teran tushunishini aytishadi. Asqad Muxtorday zabardast shoirning yosh nosirdan she'rlari haqida fikr so'rashi yoki bo'lmasa Muhammad Yusufning “Sharq yulduzi” jurnalining 1986 yil sonlaridan biridagi bir turkum she'ri Erkin A'zam so'zboshisi bilan chop etilishi bejiz emas.
So'zga ziqnalik, “so'z bo'tqasi”ni hazm qilolmaslik ayrim “folchi”lar o'ylagandek Abdulla Qahhorga taassubdan emas. Bu adib fe'l-atvoridagi sanjoblik (Sirojiddin Sayyidning “Adibning dastxati” maqolasida bu haqda batafsil yozilgan) bilan bog'liq, xolos. Qolaversa, shoir ko'ngil ohangi buzilgan jumlalarni rad qiladi. Bu, Boysun adabiy modelida butun bir o'zbek xalq hayotini tasvirlashga umrini bag'ishlagan adibning temir intizomi. Ammo, Erkin A'zamning Boysuni bilan bugungi Boysun boshqa-boshqa. Shoir ayt­moqchi, “Ketib qopti Boysundan Boysun”. Shuning uchun ham u endi jug'rofiy maskan sifatida emas, adabiy bir makon sifatida qadrli.

Abdulhamid Rashidiy bilan (umri uzoq bo'lsin!) kunda-kunora o'tkaziladigan tungi “selektor” adabiy makonning, qiyomatli do'st timsolidagi Boysunning olis-yaqin hayoti, yangi sarguzashtlar, yangi qiyofalar va taqdirlar xususida bo'ladi. Havo to'lqinlariga ko'chgan muloqot yozilajak asar uchun xomashyo, siqilgan yurakka hap­dori, ozurda ruhga mador.
Erkin aka 60 yoshni “Umrimning ko'p qismi keraksiz hoyu havas, romantika, sayozlik bilan o'tib ketdi” deya mahzun qarshi olgan edi. Bugun ham shu afsus tilga chiqib ketadi: “Ko'nglimda muttasil bir og'riq, bezovtalik bor. Agar ko'nglimdagilarni yozmay ketsam, bilmadim, umrimni hech narsa bilan oqlayolmasam kerak”.

Erkin A'zam “xonaki adabiy udumlaru o'tkinchi adabiy o'yinlar”ga beriladigan yoshda emas. Adibning MOHIYaTga yetgan pallasi. So'zimizni “etmishboy”ning ustozi Asqad Muxtor satrlari bilan yakunlashni ma'qul ko'rdik:

Zamonlar o'tadi bo'ron-shamolday,
Bosiladi quyun, bosiladi kul.
Vulqonlardan ungan yashil niholda
Bir kuni barq urib ochiladi gul.

Olim Toshboyev,
filologiya fanlari nomzodi,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − three =