Maqsad jazolashmi?

yoki ichki ishlar vazirligi muloziminingplanni to'ldirish haqidagitopshirig'idan keyingi mulohazalar

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ovozli yozuv ko'zi ochiq odamlarni larzaga solgani bor gap. O'zbekiston Milliy Axborot agentligi muxbirlarining bildirishicha, ushbu ovozli xabar podpolkovnik Farrux Xolovga tegishli bo'lib, u har bir profilaktika inspektori kuniga kamida 5 tadan ma'muriy bayonnoma tuzish, rejada belgilangan jarimani tegishli tartibda bajarish haqida topshiriq bergan.

Bundan tashqari, video xabarda: “Hozir selektor tugadi, shahar rahbariyatidan Vafoyev o'tkazdi (polkovnik Mahkam Vafoyev, Toshkent shahar IIBB boshlig'ining yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari H.Q.). So'rov qattiq bo'ldi. Olmazor tumani yo'q, “bolshe ne sushestvuet” biz uchun deyapti. Hozir eshit, diqqat bilan! Kechqurun ham 22:00 da selektor, men kiraman. Uch kundan buyon “protokol” (huquqbuzarlik uchun tuziladigan ma'muriy bayonnoma H.Q.) bermayapsizlar.

Har bir “uchastkovoy” beshtadan “protokol” tuzsin, har xil modda bilan. Mayli, agar sud ishlamasa, “arest” (ma'muriy qamoq jazosi) qilmasin, jin ursin. Boshqa modda bilan “protokol” tuzsin. Qiyin bo'lyapti javob berish, sizlar kirmaysizlar-da, selektorga.

Menga gapiryapsan “odamlar o'lib ketyapti”, deb. Qo'lingdan kelmaydi odamlarni qutqarish. Faqat shuning oldini olish bo'yicha ishlaysan, kimgadir yordam berasan, 183- (mayda bezorilik nazarda tutilmoqda H.Q.) bo'yicha “protokol” tuzilsa, shu yordaming bo'ladi. Ishdamisan, demak, ishlash kerak. Koronavirus, koronavirus, koronavirus deysanlar. “Rezultat” qilib ber menga”, deb gapirgan.

Eng qizig'i, ushbu gaplar, uyali aloqa vositasiga yozib olingan ovozli xabar ijtimoiy tarmoqlarda qanday qilib tarqab ketdi? Bunday oshkora topshiriq beriladigan yig'inlarga jurnalistlar, blogerlar taklif qilinmaydi-ku!
Shunday ekan, ichki ishlar tizimida hali ham qalbi uyg'oq, ko'ngil ko'zi ochiq xodimlar bor, ular aholini qo'lidan kelganicha ogohlantirishga harakat qilayapti chog'i. Axir, hozirgi koronavirus pandemiyasi sharoitida mahallalarda istiqomat qilayotgan aholining kundalik oziq-ovqat mahsulotlari uchun ham pul topishi bir muncha qiyin kechayotganini hamma ko'rib-bilib turibdi. Buning ustiga yo'q joydan “jarima” nima degani? Nahotki xalqni o'ylaydigan rahbar sun'iy ravishda shunday topshiriq berishdan uyalmasa?
O'zA xodimining bergan savoliga F.Xolov quyidagicha javob bergan:

— Bu sizning ovozingizmi?
— Ha, bu ovoz meniki.
— Bu voqea qachon bo'lgandi?
— Bu voqea 14 iyul kuni bo'lgan. Telegramda tuman rahbariyati va 8 ta hududiy IIB rahbarlari a'zo bo'lgan guruhimiz bor. O'sha yerda ko'rsatma va topshiriqlarni yetkazamiz. Bu ovozli xabarni o'sha ichki guruhda qoldirgandim. Lekin qanaqa qilib keyin bu tarqab ketdi, ochig'i bilmadim.

Bilasiz, fuqarolar ko'chada niqobsiz yursa, baribir chora ko'rish kerak, yo'qsa bir-biriga yuqadi, kasallik tarqaydi. Qaerdadir janjal bo'lsa, profilaktika inspektorini yuboramiz, chora ko'radi, og'ir jinoyatlarning oldi olinadi. Bu faqat oldini olish uchun, tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash uchun qilingan narsa edi, birovlarga yomonlik uchun emas.

— Demak, ichki ishlar xodimlari uchun ma'muriy bayonnoma tuzish bo'yicha kunlik reja bor ekan-da?

— Hech qanaqa reja yo'q, agar niqob bo'yicha chora ko'rmasak, hamma niqobsiz yuradi va bir-biriga yuqtirib, vaziyatning dabdalasini chiqaradi. Bunga chora ko'rmasa, bo'lmaydi-ku…
Lekin, bu javoblar vaziyatdan chiqib ketish uchun aytilgan bahonadan boshqa narsa emasga o'xshaydi.

Chunki, Toshkent shahri kundan kunga kengayib, aholi soni ortib bormoqda. Xalqaro tajribadan kelib chiqib, poytaxtdagi barcha mahallalardagi turar-joy binolari oldiga kuzatuv kameralari o'rnatilgan. Ichki ishlar xodimlari ko'cha kezib yurmasdan tartibbuzarni aniqlashi va jarimaga tortishi mumkin. Ammo, rivojlangan davlatlarda barcha ishlar kompyuter orqali bajariladi, politsiya mahalla oralamaydi, ularda o'rnatilgan tartibga teskari ravishda bizning kundan-kunga mahalla va guzarlarimizda militsiya xodimlari ko'payib ketayapti. Bu nimaning evaziga? Kameralar kerakli natijani bermayaptimi?

Eslatib o'tamiz, ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov iyun oyida OAV xodimlariga intervyu berar ekan: “Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bunday holatga qarshi kurashadi. Bugun nechta protokol qilding, bugun nechta mast topding, deb so'roq qilinadigan holatlardan yiroqmiz. Bizning asosiy vazifamiz — tinchlikni, ko'chalarda odamlarning bevaqt o'lmasligini ta'minlash.

To'g'ri, biz xodimlardan ularning hududida sodir bo'lgan avariyalar uchun hisob so'raymiz, ammo bugun necha kishini jarimaga tortding, deb so'ramaymiz. Bunga barham berildi”, degandi.

Ammo… ahvol, haqiqiy vaziyat general-polkovnik aytganidek emasga o'xshaydi.

Darhaqiqat, sohada keng miqyosda tartib o'rnatilmas ekan, vazirlik mutasaddilari ham ichki ishlar bosh boshqarmasidagi mas'ullar ham turli joylarda sodir bo'layotgan sohadagi bunday “sir”larni jilovlay ololmaydi. Eskicha tartib va usullarda jazolash, qo'pollik va odamlarga g'ayricha qarash hali ham sohani tark etmayotgan ko'rinadi. Militsiya deganda aholida hanuzgacha “olabo'ji”ga qarashdek qandaydir ichki hadik saqlanib qolyotgani bejiz emas.

Qolaversa, sir emas IIBB YHX tizimida ham shunday “reja”lar borligi tez-tez quloqqa chalinib turadi.
Bundan tashqari, YHX (xalqimiz tilida hamon GAI deb atalayotgan) xodimlariga ham kuniga nechtadandir “narushenie” bo'yicha bayonnoma tuzish topshirig'i berilishi rost ekan-da?!
Dunyoga yangicha ko'z bilan qarashni qachon o'rganamiz, hurmatli komandirlar! Axir 10-15 million aholi yashaydigan katta-katta shaharlarni haftalab kezib ham bitta “GAI”ni ko'rmadik, birov kelib: “Sen kim, hujjating qani?” — demadi-ya deb hayratlanadi, karantindan oldin dunyo kezib yuradigan yurtdoshlarimizdan biri. Rost, hamma erkin va lekin hamma joyda kuzatuv kameralari bor.

Axir, poytaxtimiz ko'chalarida ham kameralar ishlayotganiga bir necha yil bo'lib qoldi. Ammo har bir muyulishda, ko'chada hamon harakat xavfsizligini ta'minlovchi “GAI”lar ko'p! Nimaga, kim uchun, nima uchun?!

Nahotki, maqsad odamlarni jazolash, jarimaga tortish bo'lsa?! Nima uchun IIV tizimlarida bugungi davr talabi darajasida o'zgarish sezilmayapti?!

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati mas'ul xodimi Sherali Mirzachayevning yuqorida keltirilgan ovozli yozuvlar yuzasidan “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturi ko'rsatuviga bergan intervyusidan ham biror bir mantiqni anglab olish qiyin.

Mamlakatimiz yangilanish, xalqimiz bilan birgalikda Yangi O'zbekistonni qurish yo'lidan ildamlayotgan bir paytda, asosan, kichik lavozimdagi shaxslar balogardon bo'lib munosabat bildirishmoqda. Lekin IIV mas'ullari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yuqoridagidek audioyozuvlarga, matbuotdagi chiqishlarga izoh bermasliklarining zamirida ham qandaydir “sir” bormi?

Hikmatullo Qodirov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + 16 =