To'g'rilangan kovush va ochilmay so'lgan gul fojiasi

(O'tmish hikoyalaridan)

Mashhur adib Sadriddin Ayniy o'z “Esdaliklar”ida Mulla Burhon degan do'sti aytib bergan bir sarguzashtni keltirib o'tadiki, bu — bir tarafdan kulgili, ikkinchi tomondan esa nihoyatda achinarli. Quyida o'sha hikoyani keltirib o'tmoqchiman.
Adibning yozishicha Buxoro mad­rasalaridan birining talabasi bo'lgan Mulla Burhon bir yili yozgi ta'til paytida o'sha davrga xos — tasavvuf odati bo'yicha biror xilvat joyda qirq kun “chilla” o'tirib, bu dunyoning tashvishlaridan xoli bo'lmoqchi va shu bilan birlikda madrasa­­da o'tilgan darslardan ulgurmay qolganlarini takrorlab o'zlashtirib olmoqchi bo'ladi. Qashshoq talaba uchun unga hech bo'lmasa tekin ovqat topiladigan shunday joy kerak edi. Tanishlari buning uchun shahardan bir necha chaqirim narida Qizilqum tepaliklari orasida joylashgan Xo'jao'bon mozoris­tonini maslahat ko'radilar. Aytishlaricha bu mozorga tevarak-atrofdan ziyoratchilar ko'p kelib, nazr-niyoz va yegulik narsalar keragidan ortiqroq tushar, mulla Burhondek qashshoq talaba qirq kun emas, bir yil tursa ham oziq-ovqatdan hech kimga og'irligi tushmas ekan. Buni eshitgan Mulla Burhon Qizilqum sahrosining qum barxanlaridan oshib yo'l bosa-bosa o'sha Xo'jao'bon mozoristoniga yetib boribdi. Mozoristonning shayxi va mutavallisi yetmish yoshlardagi yo'g'on gavdali, qorin solgan va yozuvchining ta'rificha “yuzi kunda ikki marta tug'adigan tovuqning yuziday qip-qizil” bir odam ekan. Mulla Burhon unga o'z maqsadini bayon qilib, shu yerda qirq kun “chilla” o'tirishga ruxsat so'rabdi. Shunda mutavalli rozi bo'lganday bo'libdi va:
— Agar hazrati buzrukvor sizni o'z dargohlarida turishingizni istasalar qirq kungina emas, qirq xafta tursangiz ham biz faqir xizmatdamiz, — debdi. Bu gapni eshitgan Mulla Burhon: “Agar hazrati buzrukvor men kabi ilm tolibi bo'lgan bir qashshoqni istamasa kimni ham istardi”, — deb ko'ngli to'q bo'lib xonaqohdagi chillaxonada “chilla”sini boshlabdi. U “chilla” o'tirganining uchinchi kuni kechasi sahar uyqudan turib tashqariga chiqmoqchi bo'lsa eshik oldida o'z kovushining ketishga oldindan tayyorlab qo'yilgandek — to'g'rilab qo'yilganini ko'ribdi. Bu ish bir necha marta takrorlangach shu yerni supirib yuruvchi farroshga:
— Birodar, rahmat, ovora bo'lib mening kovushimni to'g'rilab meni xijolatda qoldirishingizga hojat yo'q edi-ku… — debdi.
— Men sizning kovushingizni to'g'rilab qo'yganim yo'q, — debdi farrosh.
— Unda… Kim to'g'rilab qo'yayapti? — deb so'rabdi Mulla Burhon.
— Xo'jao'bon hazratlari, — deb javob qilibdi farrosh qabrga ishora qilib.
Bu javobdan mulla Burhon ajablanibdi, ammo bu yerda qandaydir bir “sir” borligini sezib:
— Nahotki shunday ulug' zot menday bechoraga shu qadar ulug' iltifot ko'rsatsalar? — debdi.
— Yo'q, aksincha. Shayx buzrukvor kimni o'z dargohlarida turishini istamasa uning kovushini to'g'irlab qo'yadilar, — debdi farrosh.

Mulla Burhonning qulog'iga bu dargohda faqiru bechora kishilarning uch kundan ortiq tura olmasliklari haqidagi gaplar chalingandek ekan. U farrosh bilan bo'lgan suhbatdan keyin buning sirini anglagandek bo'libdi va o'sha kechasi yarim tunda turib chillaxonadan chiqib mehmonxona, ayvon va boshqa joylarda uxlab yotgan mehmonlarning kovushlarini to'g'rilab qo'yibdi va o'zi tinchgina uyqusini uribdi. Ertalab turib mozorga ziyoratga kelgan ne-ne mehmonlar “Shayx Xo'jao'bon bizni o'z dargohlarida turishimizni istamabdi”, deb qayg'uga cho'mib jo'nab ketishayotganliklarini ko'ribdi. Mulla Burhon tomonidan “kovush to'g'rilash” bir necha bor takrorlangach, tevarak-atrofda “Xo'jao'bon hazratlari hech kimni o'z dargohlariga qabul qilmay qo'yipti”, degan ovoza tarqalib ziyoratchilarning oqimi ozayib, bora-bora hech kim kelmay qo'yipti. Bir kech mutavalli uning huzuriga kirib kelib va:
— Mulla, kovushlarni to'g'rilab qo'yish vazifasini o'z gardaningizdan soqit qilib buzrukvorning ixtiyorlariga qo'ysangiz, — deb yalinibdi va unga “xamir uchidan patir” deganday qog'ozga o'ralgan anchagina pul uzatibdi. Shayx unga yaqin kelib gapirganida uning og'zidan sharob hidi anqib turganini ham sezibdi.

— Xo'p bo'ladi, — deb uning taklifiga rozi bo'libdi Mulla Burhon.
Shu-shu mutavalli uni tinch qo'yibdi va Mulla Burhon o'z “chilla”sini bemalol davom ettirib, darslarini takror qilishga tushibdi.

Ammo Xo'jao'bon mozoristonida yana yangi, butunlay bosh­qacha voqealar yuz beribdi. Mulla Burhonga choy, oziq-ovqat keltirib turadigan yoshgina xizmatkor qiz bir kuni o'z bekasi — mutavallining bo'y yetgan qizini boshlab kelibdi. U nihoyatda chiroyli, dono ekan, adabiyotga, she'r-g'azal yozishga qiziqar ekan, shu xususda Mulla Burhondan maslahatlar so'rabdi. Ular o'rtasida ishq-muhabbat paydo bo'libdi, qiz bilan xilvatda tez-tez uchrashib turishibdi. Qiz juda aqlli, hayoli ekan, u doim odob saqlagan holda Mulla Burhonning ham odob-axloqni zarracha buzishiga yo'l qo'ymabdi. Qiz bu uchrashuvlarda boshiga tushgan og'ir qismatni yigitga so'zlab beribdi. U yigirma sakkiz yoshga kirsa ham hamon turmush qurmagan ekan. Bunga — ularning xo'jalar avlodidan ekanligi sabab ekan. Qizning mehribon onasi vafot etgach otasi boshqa xotinga uylanibdi, o'gay ona uni xo'rlab, azob beribdi, hatto “g'azal o'qigan qiz buzilib ketadi”, deb kitob o'qishga ham qo'ymabdi. O'gay ona o'lgach qiz otaning hukmronligida qolibdi, u johil ota zulmidan qutilish uchun hatto qari chol bo'lsa ham erga tegib ketishga rozi ekan, ammo xo'ja zotidan er chiqmas ekan. Uning birdan-bir hamrohi va ovunchog'i shu o'n ikki yoshli xizmatkor qiz ekan, ammo otasi shu norasidaga ham ko'z olaytira bosh­labdi. Qizning azob-uqubatli hikoyasidan yuragi achigan Mulla Burhon unga yordam bermoqchi, o'zi uylanmoqchi bo'libdi va mutavallidan:
— Agar qizingizga xo'ja bo'lmasa ham biror mulladan sovchi kelsa berarmidingiz? — deb so'rabdi. Mutavalli bunga rozilik berganday bo'libdi. Mulla Burhon shaharga kelib bir tanish mullani o'z nomidan sovchi qilib yuboribdi. Ammo johil ota o'z fikridan qaytibdi va qizini faqat xo'ja zotiga berishni aytibdi. Sovchi bo'lib borgan odam qayta-qayta qistayvergach, mutavalli qizi uchun juda katta miqdorda qalin puli va boshqa mol-dunyo so'rabdi. Buni eshitgan bechora Mulla Burhon bir tarafdan qizning ayanchli ahvoli, ikkinchi tomondan o'zining qashshoqligidan o'kinib qattiq kasal bo'lib qolibdi, hushidan ayrilayozibdi, besh oy deganda o'ziga kelibdi. Shu orada u Xo'jao'bondan mutavallining qizi “jinni bo'lib o'zini osib o'ldirgani”ni, mutavalli qizining qirqi o'tar-o'tmas o'sha o'n ikki yashar qizni o'ziga nikohlab olganini, u qiz ham nikohning uchinchi kuni jinni bo'lib: “Jonim posh­­sha opam, meni mutavalli bobomning qo'llaridan qutqaring!” deb dod solib, mutavallining qizi osilgan joyda o'zini osganligini eshitibdi…

Muxtor Xudoyqulov

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 5 =