Erkin so'zga va erkin so'zliga tahdid

yoxud navoiylik jurnalist mahalla oqsoqoliga tuhmat qilganmidi?

Navoiy shahri hokimligi muassisligidagi “Navoiy ziyosi” gazetasining 2020 yil 6 avgust­dagi 30-31-qo'shma sonida chop etilgan yosh jurnalist Mahfuza Po'latovaning “Efir uchun qilinayotgan ehsonlar” sarlavhali maqolasi va undan keyin yuz bergan hodisalar ijtimoiy tarmoqlar va turli matbuot manbalarida ko'p­lab muhokamalarga sabab bo'layapti. Ochig'i, o'zgarayotgan jamiyat uchun buni ijobiy e'tirof etish kerak, nazarimizda.

“Efir uchun qilinayotgan ehsonlar”

Maqolada muallif xo'jako'rsinga ehson qilinayotgani, ayrim saxovatpeshalarimiz dono elimizning “O'ng qo'ling berganini chap qo'ling bilmasin” degan dono naqlini unutgani va bu xayriya qilinayotgan yurtdoshlarimiz orini toptayotganini, efir uchun emas, chin ko'ngildan savob uchun ehson qilish kerakligini kuyunib bayon etadi va Karmana tumanidagi “Bog'i shamol” mahallasidagi holatni misol tariqasida qayd etadi.

– Axir, “Yaxshilik qil, suvga ot, bilsa baliq, bilmasa Holiq biladi», degan naql bejiz aytilmagan. Biroq zarradek saxovatni ko'z-ko'z qilish “epide­miya”si bugungi yashash tarzimizni namoyon etayotgandek. Har bir qadamimiz rasmxonlik, qog'ozbozlik, hisobotchilik ustiga qurilar ekan, qilgan kichkina saxovatimizni bir bahya efir qarshisida ko'rsatib qo'ymasak, ko'ngil qurg'ur o'z joyiga tushmaydiganday, – deya yozadi Mahfuza Po'latova o'z maqolasida.

Ma'lum bo'lishicha, o'tgan haftaning payshanba kuni “Bog'ishamol” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Maqsud Pardayev va MFY kotibasi jurnalist Mahfuza Po'latovaning yashash xonadoniga borganlar. MFY xodimlari O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Mahfuza Po'latovaning ota-onasidan “Jurnalist qiz qani?” deya kinoyali savolga javob so'raydilar. O'sha vaqtda ichkari uydan chiqqan maqola muallifiga mahalla oqsoqoli “Meni taniysizmi o'zi” deydi. “Yo'q, tanimayman”, deya javob qaytaradi M.Po'latova. Mahalla raisi esa kinoyali savollarini paydar-pay davom ettiradi: “Qanaqa maqola yozganingizni bilasizmi?”, “O'zingiz o'qib chiqdingizmi?” Maqsud Pardayevning bu kabi savollariga “Maqolamni yoddan bilaman, hamma yozganlarimga javob beraman” deya qat'iy javob qaytargan Mahfuza. Ushbu bahs ustiga jurnalistning kam ta'minlangan bir qo'shnisi kelib qolgan va “Nima yordam qilayapsizlar mahalla bo'lib?”, deya mahalla idorasidan kelganlarga savol beradi. Ko'p o'tmay jurnalist hovlisida baqir-chaqir ko'tarildi. Mahalla raisi va kotibasi hovlidan chiqishlaridan avval “Undan ko'ra, yutuqlarimizni yozing, maqtab yozing”, deya jurnalistga “tavsiya” berishadi.

– Shundan so'ng ular ketishdi. Bilsak, men maqolada misol keltirgan onaxonning uyiga borib, qizidan bizga mahalla har doim yordam beradi mazmunida po'pisa qilib tilxat yozdirib olibdi. Qizig'i, maqolam e'lon qilingach, onaxonning uyiga borib o'qib berdim. Onaxon ham, qizi ham “Qizim, to'g'ri yozibsiz, bu yerda hech qanday tuhmat yo'q”, deya mahallaning bosh­­qa kirdikorlarini ham gapirib bergandi. O'zlarining sharoiti haqida ham yig'lab gapirdi onaxon. Lekin mahalla rai­sining tahdidi uchun ular qo'rqqanidan, o'zlari xohlamagan holda tilxat yozishdi.

Shu kuni jurnalist Mahfuza Po'latovaning otasi kechqurun tungi navbatchilik uchun ishga ketadi. Jurnalistning otasi, 4 sentyabr kuni 9:00 lar atrofida ishdan qaytayotganida esa yon qo'shnisi “…qizing mahallani yomonlab yozib chiqadigan bo'ldimi?” deya bahslashib ketgan. O'sha vaqt uydan qo'shnisining o'g'li ham chiqib, birgalashib jurnalistning otasini do'pposlashgan. Kamiga otasiga “Hali qizingni Toshkentda tinch qo'ymayman” deb dag'dag'a qilishibdi.

– O'ylanib qoldim. Endigina bu sohaga kirib kelayapman. Qiziq, nega tanqidni to'g'ri qabul qilmaymiz? Mahalla raisining menga uni emas, buni yoz, deyishi yoki o'sha onaxondan tilxat olishi qanchalik to'g'ri? Mahallaga mas'­­ul odam sifatida qo'shnimiz va otamning o'rtasida adovat yuzaga kelishiga sababchi bo'lganini qanday izohlash mumkin? – deydi Mahfuza Po'latova.

Kun.uz jurnalisti Isomiddin Po'latov “Bog'ishamol” mahallasi raisi Maqsud Pardayev bilan telefon orqali bog'langanida rais bu gaplar tuhmat ekanligini aytgan. Ammo haqiqatan ham M.Po'latovaning uyiga borganligini tasdiqlagan, ammo jurnalistga bosim o'tkazmaganligini ma'lum qilgan.

Ma'lum bo'lishicha, yosh jurnalistga tahdid qilingani uchun mahalla raisi ustidan prokuraturaga murojaat qilingan. Bosh prokuratura axborotiga ko'ra, mazkur holat Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan Bosh prokuratura nazorati ostida o'rganilmoqda, o'rganish natijalari haqida xabar qilinadi.

“Aslida, jurnalist mavjud qonunchilikka ko'ra, biror axborot yuzasidan ma'lumot to'plashi, maqola yozishi, uni ommaviy axborot vositalarida e'lon qilishi mumkin… Afsuski, bunday ochiqlikka ayrim mas'ullarning hali tayyor emasligi yuqoridagi kabi holatlarga sabab bo'layapti”, deyiladi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi munosabatida.

Ehsonni OAVda yoritish shartmi?

Maqolada muallif kuyunchaklik bilan fikr bildirgan. Yozganlarida jon bor. Ammo…

Ammo kambag'al oilalarni misol qilib, maqolada ularga nega moddiy yordam ko'rsatilmayotganini so'roqlaydi jurnalist. Rasmiyatchilik uchun ehson qilinayotgani va uning ko'z-ko'z qilinayotganini tanqid qiladi. Xo'sh, mohiyat aslida nimada? Kambag'allikdami? Kambag'allik mezonlarining aniq emasligidami? Yoki so'z erkinligiga tahdiddami?

Gap shundaki, aholi orasida kambag'allar borligi uchun ularga ehson qilingan. Bu maqolada bafurja aytilgan. Hatto, Janubiy Koreyada ham karantin davrida aholiga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgani bayon qilinadi. Buni yashirishga hojat yo'q. Xo'p, ehson qilindi, lekin shuni yoritish shartmi? Axborotga o'ch omma uchun asosiy yangilikmi shu? Xo'sh, yurtning kuyunchak fuqarosi sifatida o'z munosabatini bildirgan jurnalist buning uchun tahdid ostida qolishi, oila a'zolariga jismoniy tazyiq o'tkazilishi qanchalar maqsadga muvofiq? O'z-o'zidan bu so'z erkinligiga qilingan tajovuz emasmi?!

Demak, masalaning birinchi jihatiga e'tibor qaratamiz.

2013 yil 15 fevraldagi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to'lash tartibi to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 44-sonli qarori bilan tegishli Nizom tasdiqlangan. Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to'lash tartibi to'g'risidagi Nizomning II bob 8-moddasiga muvofiq nafaqa yo moddiy yordam har bir oila a'zosiga o'rtacha oylik jami daromad miqdori aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqi (hozirda bazaviy hisob­lash miqdori)ning 1,5 baravaridan ortiq bo'lmagan oilalarga tayinlanadi.

Nizomga muvofiq, agar oilada oylik daromad kishi boshiga 334 500 so'mdan ortsa, o'sha oilaga moddiy yordam berilmaydi. Mahalla idorasidagilar bayroq qilib tutib olgan mezon – shu. 50 kg. unning narxi qaerda-yu, mezon qaerda? Tag'in muammoni ko'tarib, kamchiligingizni oshkor qilgan jurnalist tahdidda qolsa?

Endi ikkinchi masala: ehsonni OAVda yoritish shartmi? Bizningcha ham, yo'q. “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati tashkil etilganida yangiliklarni peshma-pesh uzatib turishi kerak edi OAV. Ammo omma uchun hozirda buning ahamiyati yo'qoldi. Saxovatpesha vatandoshlarimiz haqidagi badiiy asarlar, ocherk va lavhalarni OAVda berish maqsadga muvofiq bo'lar balki. Hisobot uchun, dalolatnoma uchun suratga olish uchun esa albatta, fuqaro roziligi kerak. Ustiga-ustak bu ishda nihoyatda ehtiyot bo'lib, fuqaro oriyatini inobatga olish zarur.

Darvoqe, “Davlatimiz rahbari qayd etganidek, ayni payt­­da yurtimizda 5 millionga yaqin kishi kambag'allikda hayot kechirmoqda. Biroq, bu ijtimoiy muammoni bartaraf etishda ehtiyot bo'lish, insonlarning izzat-nafsiga, oriyatiga tegib qo'ymaslik haqida so'z yuritildi. Zero, xalqimiz xarakterida oriyat tuyg'usi kuchli bo'lib, ularga “kambag'alsan” deb ochiq aytish og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — degan edi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva shu yil Senatning ikkinchi yalpi majlisida.

Demak, jurnalistga tanqidiy-tahliliy maqolasi uchun tahdid va so'z erkinligiga tajovuz, bu – bir; kambag'allik va moddiy yordam mezoni, bu – ikki; ishga mas'uliyat, bu – uch. Shu uch masala atroflicha ko'rib chiqilsa, maqsadga molik bo'lardi.

Yangilanayotgan jamiyat uchun ijobiy holat

Ochig'i, yuqorida ta'kidlaganimizdek, bu kabi holatlar demok­ratik jamiyat uchun ijobiy holatdir. Erkin jamiyatda jurnalist har doim muzokara va tortishuvlar orasida yurishi tabiiydir.

Ayon bo'ladiki, gazetalarimizda, ayniqsa, mahalliy nashrlarimizda jiddiy o'zgarishlar olib borilayapti. Sanjar Qurbonov bosh muharrirligidagi “Navoiy ziyosi” gazetasi va Mahfuza Po'latovaning maqolasi bu fikrimizni dalolatlab turibdi.

Avvallari faqatgina internetda shu kabi holatlar kuzatilardi. Navoiydagi voqealar shundan dalolat beradiki, ochiqlik, erkin fikr gazetalar sahifalarida yanada yorqinroq bo'y ko'rsata boshladi. Yangilanayotgan jamiyat uchun esa yangilanayotgan gazetalar suv va havodek zarur.

Darvoqe, to'g'ri so'z to'qmog'i bilan bo'ladi. Gap shundaki, u faqatgina aybdorlar boshini “yoradi”. Haqiqat va haqgo'ylar boshini esa omon saqlashi shart.

Otabek Isroilov,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 14 =