Gurvak kurmakka aylanmasin

yoki Vamberi maqtagan Xorazm qovunlari qani?

Joriy yilning 4 sentyabrida “Sevimli” kanalining “Zamon” informatsion das­turi bir xushxabarni e'lon qildi. O'zbekis­ton qovunlarining kilosi Daniya bozorlarida ikki yevrodan sotilayotgan ekan. Kimlardir mazkur yozuvlarni ko'zining qiri bilan o'qigandir. Ammo bu ta'rif qovunchilik targ'iboti ila shug'ullanayotgan kaminaga qattiq ta'sir qildi. Zotan, paxta “Oq oltin” maqomida ko'klarga ko'tarilayotgan davrlarda asalni ortda qoldiradigan qovunlarimizga o'gay nigohlar ila qaralgan edi. Xususan, qadimda Xorazm qovunlarining shohi sanalgan, venger olimi Herman Vamberi maqtagan gurvak kurmakka aylanib qolgandi. (Kurmak deganimiz — mayda-chuyda mahsulot).

Men 2017- 2019 yillar mobaynida Urganch shahrida ishlaganimda ikki gurvak pishig'i manzaralarini kuzatdim. Viloyatning eng nufuzli qovun bozorlarini aylanar ekanman, “avvalg'ilarg'a o'xshagan” kishini sarxush qiladigan iforga duch kelmadim. Qovunlarni hidlab turganimni ko'rgan keksa yoshdagi xaridorlar, ay, qadimgi gurvaklar nerda (qaerda.-B.R.) deysiz? Hozirgi gurvakning yarmi dori, qabilida gapirib, bosh chayqab o'tib ketishardi.

Adib og'amiz Komil Avaz menga “Ko'ng­limga maktublarim” kitobini sovg'a qildi. “Uchinchi maktub”da ayni men o'ylab yurgan gaplarni yozibdi: “Bir kuni shoir Mahbubiy domla qovun bozorini aylanib, handalaklar uyumi oldida birpas to'xtaydi va sotuvchi qariyaga mahzunvash ohangda so'z qotadi:

— Assalomu alaykum birodar, avvalgi handalaklarda ajib bir xushbo'y hid bo'lar edi… Hozir mana bularingizda o'sha yoqimli hid yo'q.

Qariyaning o'z tengdoshi, qolaversa nozik didli odam bilan so'zlashish ishtiyoqi paydo bo'lganidan suyunib ketgani uning javobida aks etgan.

— Eh, tengdosh, nimasini aytasiz… Lekin, hozirlarda avvallardagidek ajib xushbo'y hidli odamlar ham yo'q…

Qariyaning bu yanglig' ilmoqli gapi Mahbubiy domlaning necha vaqtdan beri qiynab yurgan savoliga javob topilgandek yuzlari yorishib, uning yoniga cho'kkalagan”. (Komil Avaz. “Ko'nglimga maktublarim”, Toshkent, 2018. 16-bet).

Ushbu satrlarni o'qib bo'lgach bolalik davrlarimda bog'imiz ichidagi bir parcha yerga momomiz zomcha (Xorazmda handalakni “zomcha” deydilar) va gurvak urug'lari qadagani esimga tushdi.

Momom: “Yer ham odamga o'xshaydi – ariqlaydi, semiradi. Yerni boqish kerak. Yerni boqsang seni boqadi. U suv ichadi, shirin narsalarni simirib ichadi” der edilar. Va ana o'sha gaplarni “isbotlash” maqsadidami bog'imizning nurab yotgan devorlarini bolg'a bilan hech erinmasdan ushatib, etagiga solib polizga to'kar edi. Sababini so'rasam: “Bu devorlar kamida yigirma yildan beri quyosh nurlarini emadilar. Quyosh nurlarida esa quvvat jamlangan. Kesaklarni qovun otiziga to'ksak, suvda shakarday erib urug' ildizlariga yetib boradi” der edi.

Darvoqe, biz gazda yoki elektr choynakda suv qaynatib, choy ichardik. Momom esa temir quduqning suvini xush ko'rmas, ko'pinchi solma (ariq) suvidan olib, qumg'on ostiga g'o'zapoya yoqib, qaynatardi. O'choq choylari ta'mini hozirgacha eslayman; xayolan gaz choyi bilan o'choq cho­yini qiyoslab ko'raman. Ajabo, bu ona tabiatdan uzoqlashganimizning alomatimikan, deyman ichimda. Ikki xil choy — tafovuti osmon ila yercha?!

Ayni davrda biz Quyosh va Yer to'g'risida yetarlicha mulohaza yurityapmizmi? Ulug' maqomshunos Matyoqub Xarrot Oyni “Ollohning chirog'i” degan va o'sha bir og'iz tagdor qochirimi bois qancha jabru sitam ko'rgan. Astoydil o'ylab ko'rsak, biz samo jismlariga jiddiy nigohlarimizni qadamayotganimiz oydinlashadi. Ajdodlar esa bundoq qilmaganlar.

Manbalarda yozilishicha, “Xorazm” atamasining lug'aviy ma'nosi xususida turlicha taxminlar bildirilgan ekan. Shulardan biri – “Xvarrizem”, ya'ni “Quyosh qabilasining yeri” demak. Qadimgi davrlarda xorazmliklar Quyoshga sajda qilganlar. Ajdodlarimiz bayramlarining aksariyati Quyoshga atalgan. O'lkaning yozi qattiq issiq, qishi esa qattiq sovuq bo'lgan. Gujum daraxti – qadimgi Xorazmning timsollaridan biridir. Aytishlaricha, gujumdan tabiiy kondinsioner sifatida foydalanadilar. Yoz chillasida gujum soyasida o'tirsangiz havo haroratini umuman sezmaysiz.

Taxminimizcha, “gurvak” atamasi negizida “qo'r”, ya'ni, issiqliq alomati mujassam. Gurvak bahor quyoshining harorati ila yetiladigan ertapishar qovundir. Kamina mamlakatimizning boshqa viloyatlarida gurvak yetishtirilishini eshitmaganman. Buxoroda gurvakning ayrim turlari bor, deydilar. Chunonchi, gurvak ham Xorazm viloyati timsollaridan biri hisoblanadi.

Davlatyor Rahim va Shixnazar Matrasul qalamlariga mansub “Feruz” nomli kitobda tasvirlanishicha, venger olimi Herman Vamberi yoz faslida Xivaga sayohat qiladi. Xiva hukmdori Sayyid Muhammadxon Herman janoblariga qal'ani kezib chiqishi uchun oq eshak sovg'a qiladi. Mehbon bozorlarga boradi, xorazmliklarning urf-odatlarini o'rganadi. Keyinchalik u: “Ayniqsa, Hazorasp olmasi, Xeva nashvatisi va anori, qovunlari hatto Rossiya bozorlarida ham ancha qadrli va qimmat turadi” deb yozgan” (Qarang: Davlatyor Rahim, Shixnazar Mat­rasul. “Feruz”, Toshkent, 2011. 22-bet).

Sayyoh Vamberi Xorazm qovunlarining turlari haqida fikr-mulohaza yuritmaydi. Taxminimizcha, u tilimi tilni yoradigan gurvaklardan tanovul qilgan bo'lishi kerak. Chunki, iyulda gurvak pisha boshlaydi.

Biz paxta yakkahokimligi qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarganligini o'z ko'zlarimiz bilan ko'rganmiz. Yodimda otamakonimiz — Shovot viloyatidagi Ijtimoiyat qishlog'ini kesib o'tgan loyqa suvli Ro'zimyop kanali sohillariga yondash sho'rhok yerlarga Xorazm qovunlarining o'nlab navlari ekib parvarishlanardi. Qo'shnilarimiz Matyusuf bobo va Qoraxon bobolar polizga chayla qurib, bahordan toki kuzakkacha o'sha yerlarda yashar edilar. Biz yosh kolxozchilar polizga qovun tergali borardik. Yig'im-terim nihoyasida chapani tabelchimiz: xohlagan qovunlaringizdan xohlaganingizcha yenglar, deya buyruq berardi. Oh, o'sha zamondagi qovun tiliklari! Asaldan ham shirinroq edi. To'g'rirog'i, shirin so'zining eng kuchli sifatini anglatmak uchun “qovun” deyishning o'zi kifoya edi. Shungayam qirq besh yillar bo'libdi. Shuncha yillar tumanlari aro bir vo­qeani aniq-tiniq eslayman. Hammamiz tanovulni oxirlatib palagu kesaklarga barmoqlarimizni artib qo'zg'alganimizda bir lo'ppi qiz o'tiravergandi. “Bo'l, traktorga chiq!” desalar: “Turib bilmayman axir?!” deya yig'lab yuborgan. Bechora tilik shirinligidan to'yganini ham sezmay qolgan ekan… Qani o'sha qovunlar? Vamberi maqtagan qovunlar qani? Hozir esa suvdan salgina ta'mliroq qovunni tanovul qilsak, yaxshi ekan-ku, deyarak sevinamiz. Ta'mning ozginasiga qanoat qilamiz. Avvalgi qovunlar tilni yorardi, hozirgilarning tilga kuchi yetmaydi.

Kuch yetmaydi, deganlariday… 1990 yilning bahori. Yaxshi eslayman, qish­loqdagi eski hovlimizda bog' ichkarisiga qovun urug'larini ekdik. Ariq bo'ylariga qovoq… Shuningdek, kartoshka ham ekdik. O'zimcha, mineral o'g'itlarsiz hosil ko'tarmoqchi bo'ldim. Qovunlar mushtday bo'lganicha qoldi. Bujmaydi… Demakki, qovun yetishtirishga yerning kuchi yetmagan. Bundan xulosa chiqarib, kartoshka dalasiga mineral o'g'itlardan ko'proq quydim. Poyalari g'ovlab ketdi. Men bunday tez o'sadigan poyani ko'rgan emasman. Kartoshkalar esa…. bedana tuxumidan sal yirikroq bo'ldi. Qo'ni-qo'shnilar hazil aralash: “Bahromboy, bizlarga qachon ushr berasiz?” dedilar. Ammo qovoq shunday hosilga kirdiki, hattoki tok xodalariga ham, o'rik shoxlariga ham osildilar. Hammayoqni oltinrang qovoqlar egalladilar. Bundan shunday xulosa chiqardim: dehqonchilik ham o'ziga yarasha ilm. Xususan, qovunchilik sohasi.

Yana bir voqea esimga tushdi. Universitetni tugallab Shovot tumanining “Sovet paxtakori” ( Endilikda “Shovot istiqboli”) gazetasida endigina ish boshlagan kezlarim. O'sha davrlar tuman Qishloq xo'jaligi bo'limi mudiri lavozimida ishlayotgan hamqishlog'im Abdulla Vaisov: “Sizni mashhur qovunchi bilan tanishtiraman. Tezda rayqo'mga yetib keling” deya ishxonamga sim qoqdi. 1984 — yillar… Nuqul paxta mavzusida maqola yozamiz. Qovun xususida esa hech kim qayg'urmaydi. Xullas, bo'lim mudiri hamrohligida qaydasan “O'zbekiston” kolxozi, debon yo'lga tushdik. “O'zbekiston” kolxozi — Turkmaniston Respublikasi chegarasidagi hudud. Yerlari Shovot kanaliga yaqinroq. Unumdor.

Abdulla aka meni o'z qishlog'idan dovrug'i chetga chiqmagan mashhur qovunchi Otash aka bilan tanishtirdi. Qotmadan kelgan, tez gapiradigan, chapaniroq odam ekan. “Raisdan yontoq o'sib yotgan qarovsiz joyni so'radim. U: “Bunday yerlarda ekin-tikin bitmaydi” dedi. “Shu yerni bering, boshqasi bilan ishingiz bo'lmasin!” deb turib oldim. Berdi. Yontoqlarni ildizini qoldirib o'rdirdim. Keyin esa ildizlarga qovun urug'ini qadab chiqdik. Shunday shirin qovunlar do'radiki ( paydo bo'ldi.-B.R.) bol uning yonida hijolatda. Odamlar ellik yil avvalgi qovunlar shunday edi, deya talashib-tortishib xarid qildilar”, — dedi u.

Otash qovunchiga “Polizga mineral o'g'itlarni qanday miqdorda ishlatasiz?” deb savol berdim. “Men ikki xil usulda qovun yetishtiraman. Birinchisiga mahalliy o'g'itlardan ishlataman. Ikkinchisiga esa mineral o'g'itlar qo'llayman. Birinchi usuldagisi o'ta shirin qovun bo'ladi. Ikkinchisidagi hosilning shirasi kamroq. Sezayotgan bo'lsangiz kerak — o'ta shirin qovunlar yoshullilar ( rahbarlar.- B.R.) dan ortmaydi. Ishonasizmi-yo'qmi, obkom Madiyor Xudoyberganovni ham men o'zim qovun bilan ta'minlayman”, dedi u.

Rahmatlik Madiyor aka bizga qo'shni “O'zbekiston” kolxozida tug'ilib-o'sgan. Muallimlik qilgan. Bizning Alisher Navoiy nomidagi maktabda direktor bo'lib ishlaganini yoshi ulug' kishilar eslab yuradilar. Obkomning birinchi kotibi lavozimida faoliyat yuritgan kezlarida xos qovunchisi Otash akaga yordam bera olmadi. Chunki, o'sha zamonlarda sobiq Ittifoq rahbarlarining ko'ziga “oq oltin”dan boshqasi ko'rinmas edi.

Kamina Otash qovunchi faoliyati xususida maqola yozib, e'lon qildirdim. Keyinchalik esa Shovotda kartoshkachilikka asoslangan sovxoz bor, nega qovunchilik sovxozi tashkil qilinmagan, Xorazm shirin-shakar qovunlarning vatani-ku axir, qabilidagi savol belgilarini qo'yib maqolalar yozdim. Javob bitta bo'ldi: qovunning narxi bozorlarda nihoyatda past – bu ekin o'z xarajatlarini qoplab bilmaydi, dehqon o'z zarariga ishlashi mumkin emas.

Chindan ham o'sha davrlarda qovunning bahosi qariyb suv narxiga teng edi. Binobarin, kamina mantiqli javoblar oldida ojiz qoldim. Tabiiyki, Otash qovunchining tajribalari-yu ixtirolari o'z qish­log'ida qolib ketdi…

Bugungi ahvol tamomila o'zgacha. “Qozonchining erki bor qaydin quloq chiqarsa” deganlaridek, dalasiga qanday ekin ekishni dehqonning o'zi hal qiladi. Qovunchilik sohasidagi bir qator o'zgarish­larga ham ko'zim tushdi. Voqean, Xorazmda ishlaganimda bir marotaba Urganch xiyo­bonida o'tkazilgan qovun saylida qatnashganman. Qovunchilik bobida tanlovlar o'tkazilganini ko'rdim. Biroq, hali bu kam. Masalan, Lotin Amerikasi kishilari o'z qahvalarini millat iftixori maqomiga ko'targanlar. “Muhabbat qahvasi” yanglig' teleseriallar fikrimizga dalil bo'laoladi. Xo'sh, nega o'zbekistonlik­lar Gurvakni yoki boshqa o'nlab turdagi poliz mahsulotlarimizni shu maqomga olib chiqmayaptilar? Mashhur bir tadbirkor ayt­ganidek, gurvakdan jannat isi keladi. Tabiiy usulda yetishtirilgan gurvakning po'chog'ini ham tanovul qilmoq mumkin. Kosalasangiz “qaymog'i” tillodek tovlanadi. Gurvak yemabsiz — dunyoga kelmabsiz. Shundoq tabiat mo''jizasiga qachon e'tibor qaratamiz? Qachon “Gurvak” murabbolari, sharbatlari jahon bozoriga olib chiqiladi? Darvoqe, gurvak Daniya bozorlariga olib borilsa, narxi qancha yevro bo'lishi mumkin? Bu savollar — javob olinishi lozim bo'lgan savollardir.

Bahrom Ro'zmatov,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + three =