Jimlik falsafasi

Kunini aniq eslolmayman, 1969 yilning sentyabr oyi oxirlari edi, chamamda. ToshDU (hozirgi Milliy universitet)da shoir va yozuvchilar bilan g'oyat qiziqarli uchrashuv bo'lib o'tdi. Biz – jurnalis­tika fakultetining birinchi bosqich talabalari mehmonlarning ko'pini ilk bor ko'rayotganimiz uchun ularning so'zlarini alohida qiziqish bilan tingladik. Birinchi bo'lib Abdulla Oripovga so'z berildi, olqishlar ostida shoirning ko'p she'rlarini tingladik, o'ktam ovozi katta zalni titratib yuborguday edi. Keyin 4-bosqich talabasi Abdulla Sherga navbat berildi. She'rxonlik baland avjlarda davom etdi. Universitet domlalaridan biri (keyin bilib oldik – Abdug'afur Rasulov ekan) yozuvchi O'tkir Hoshimov ijodi xususida juda yorqin nutq so'zladi.

Uchrashuv yakunida talabalardan biri qo'l ko'tarib, ijozat berilishini kutmay, dadil yurib minbarga chiqdi, o'zini tanishtirib “Bugun Abdullalarning kuni ekan, men shoir Abdulla Turdiyev bo'laman”, dedi-da, she'rxonlikni davom ettirdi.

Ushbu uchrashuv tafsilotlari yodimda aniq qolganining boisi bor. Birinchisi, she'r yozish bosh­qa-yu, uni qiyomiga yetkazib o'qish boshqa ekan. Ikkinchisi, Rasulov domla qog'ozga qaramay, juda ravon va ta'sirchan ohangda gapirdi. Havasim kelib ketdi. Uchinchisi – uchrashuvni qoyillatib boshqarayotgan professorning notiqlik mahorati, hazil-mutoyibalari, o'rni kelganda ajoyib qochirimlar qilishi meni lol qoldirdi. “Professor shunaqa bo'lar ekan-da”, degan xayolga bordim. Bu domla – Laziz Qayu­mov ekan.

Domlani muhim tadbirlarda bir-ikki ko'rganimdan keyin u kishining muxlisiga aylandim. Turli yig'inlardagi ma'ruzalarini e'tibor bilan tingladim, notiqlik mahoratlini o'rgana boshladim. Ammo domlaning oldiga borishga ko'p vaqt iymanib yurdim. Kutilmaganda buning uchun yaxshigina imkoniyat tug'ildi.

Nashriyotlardan birida Laziz Qayu­movning “Meridianlardagi uchrashuvlar” nomli publitsistik maqolalar to'p­lami — sayohatnoma bosilib chiqdi. Bu paytda Laziz aka hozirgi “O'zbekiston ovozi” gazetasining muharriri, men esa televideniening “Bugun olamda nima gap?”, “Xalqaro sharh” ko'rsatuvlarini olib borardim.

Kitob boshdan-oyoq muallifning xorijiy davlatlarga safarlari, turfa xil uchrashuvlar haqida ekan. G'arb dunyosining bizga to'g'ri kelmaydigan ko'p jihatlari siyosiy satira ostiga olingan va shubhasiz, o'zimizning turmush tarzi afzalliklari, kapitalis­tik dunyoning “aynigan ma'naviy qiyofasi” ochib berilgan edi. Domla xorijdagi mehmonxonalardan biridagi g'aroyib sharoit haqida shunday yozadilar: “Hammayoq orasta, dam oluvchiga zarur bo'ladigan narsalar muhayyo. Uyqu oldidan axborot, musiqa tinglashingiz mumkin. Uyqu kelavermasa, krovatning maxsus joyiga tanga tashlasangiz, u asta harakatga kelib, sizni mayin allalay boshlaydi. Yodimga Chustiy domlaning “Pul o'lsin-a, pul o'lsin” degan satrlari keladi…”

Kitobni qiziqish bilan o'qidim va unga taqriz yozdim. Taqriz yoshlar gazetasida e'lon qilingach, domla o'qib chiqib, “Bu bola bo'ladiganga o'xshaydi, menga kirsin”, debdilar. Kirdim. “Shu sohaga qiziqsang yomon bo'lmaysan”, dedilar. Shu-shu xalqaro sharhga jiddiy berilib ketdim.

Munosabatlarimiz yaxshi edi, ammo o'sha paytda Markazqo'm deb yuritiluvchi hukumatga ishga o'tib, endi ish boshlaganimda ko'ngilsiz bir voqea yuz berdi. Bir guruh yoshlar domlaning ikki tomlik kitobi xususida bosh idoraga shikoyat xati yozishdi. Domla, shikoyatchilar va bosh idoraning mas'ul xodimlari ishtirokida o'ta og'ir muhokama bo'ldi. Yoshlar (ular orasida shu ikki tomlikka muharrirlik qilgan noshir ham bor) domlani “kitobga kiritilgan maqolalarda boshqa avtorlarning (shogirdlarning – A.M.) maqolalaridan haddan tashqari ko'p iqtiboslar “snoska”siz, shunchaki “Qarang” degan izoh bilan berilganlikda ayblashdi, domla ularga mualliflik etikasi buzilmaganini vazmin ohangda tushuntirdi. Shikoyatchilar hissiyotga berilib, fikrlarida qat'iy turib olishdi.

Bu voqea domlaga yomon ta'sir qildi, ammo o'sha paytdagi tartibga ko'ra shikoyat xatlarini jiddiy o'rganishsiz, tomonlar ishtirokidagi muhokamasiz nazoratdan chiqarib bo'lmasdi.

Boshqa bir voqea men adabiyot gazetasida ishlab yurgan kezlarim yuz berdi. Domla tavalludining 60 yilligi yaqinlashmoqda edi. U paytlari bunday qutlug' sanaga bag'ishlangan maqolalar gazetalarning ko'rimli joyida e'lon qilinar, unda yubilyarning boy ijod yo'li, yozgan asarlari, ibratli ishlari birma-bir sanalardi. Laziz Po'latovich uzoq yillar “O'zbekiston mada­niyati” (hozirgi “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”) gazetasiga muharrirlik qilgan, ishchan, salohiyatli jamoani shakl­lantirgan edi. Shu bois ham biz bu sanaga bee'tibor bo'la olmasdik.

Tahririyatda maslahat qilib, domlaning uch-to'rt shogirdidan gazeta uchun maqola yozib berishni iltimos qildim, avvaldan maqola tayyorlab qo'ymasak, yubileyga oz qolganida uch-to'rt kishi yozib kelsa, noqulay ahvolga tushib qolmaylik, deb o'ylagandim. Behuda tashvish qilgan ekanman. Shogirdlarning birortasidan ham sado chiqmadi. Domlaning yonida uzoq yurgan olimlardan biri: “Men emas, falonchi yozsa ma'qul bo'lardi-da”, deb o'zini chetga oldi, boshqasi o'ta bandligini ro'kach qildi.

Vaqt o'tib borardi. Besh-oltita savol tuzib, oldilariga kirdim. Domla savollarimga bir qaradilar-u, gap nimadaligini darhol anglab, “Siz tashvish qilmang, o'zim bir nima o'ylayapman”, dedilar ko'zlarini yumgan holda.

Oradan bir hafta o'tib, gazetamizda domlaning o'zlari tayyorlagan suhbat-maqola bosilib chiqdi. Bu yangilik emas, matbuotda, badiiy adabiyotda shunday muhim an'ana ham bor. Inson goho o'zi bilan o'zi suhbatlashib, vijdoni, iymonini bezovta qilayotgan savollarga javob axtargisi, o'zini o'zi taftish qilgisi, yutuq-kamchiliklarini baholagisi kelib qoladi. Lev Tolstoyning “Iqrornoma”sida buning ayrim alomatlariga duch kelamiz. Balzakning “Fransuz yozuvchilariga maktub”ida ham.

Shu ma'noda domlaning o'zlari bilan qilgan suhbatini ko'pchilik to'g'ri qabul qildi, ammo “Bu odam avvallari davralarning to'rida edi, mana endi, chetga chiqib qolib, atrofida hech kim yo'q, o'zi bilan o'zi suhbat qurishga majbur bo'ldi”, deguvchilar ham topildi. Domla buni ham vazmin qabul qildilar.

Oradan bir-ikki oy o'tgach, Laziz Po'latovichga uchrab, Hamza Hakimzoda Niyoziy haqida “Biz bilgan va… bilmagan Hamza” mazmunida maqola yozib berishlarini iltimos qildim. Yozib berdilar, odatlariga ko'ra, “Bir nima qoraladim, ko'ringlar-chi, ma'qul kelsa berarsizlar”, dedilar. O'qib chiqdik.

O'sha paytlari yozilayotgan maqolalardan kam emas. Bersa bo'ladi. Ammo… ko'nglimda bir dadillik tug'ildi. Xonalariga kirib, maqolani gazetaning navbatdagi soniga rejalashtirganimizni aytdim. Keyin maqsadga ko'chdim: “Domla, Hamza haqida yangi tadqiqotlar yuzaga chiqayapti, yangi qirralari ochilyapti. Maqolaga “Avvallari Hamza ijodiga sobiq tuzum mafkurasi nuqtai nazaridan yondashganmiz…” ma'nosida bir-ikki jumla qo'shilsa, qanday bo'larkin?”, — dedim.

Domla bu gapni mendan kutmaganlari aniq, ko'zlarini yumib, biroz turib qoldilar, oraga noqulaylik cho'kdi. So'ng kresloni deraza tomondan men tomonga o'girdilar-da : “Hamza haqida aytadiganlarimni aytib bo'lganman, shundoq ketaversin”, dedilar. Maqola shundoq ketdi.

1992 yilning kuzida AQShga xizmat safari bilan bordim. Kaliforniya universitetida professor Edvard Olvort kafedrasida bo'lib, bu mashhur olimning qo'lida tahsil olayotgan yosh tarixchi olimlarga mustaqillikka erishgan O'zbekiston va uning dastlabki qadamlari haqida so'zlab berdim, ma'ruza o'qidim. Tinglovchilarni respublikaning yangi rahbari olib borayotgan siyosat, din va matbuot­­ga munosabat masalalari jiddiy qiziqtirdi. Savol-javoblar uzoq davom etdi. Olvort domla “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftaligining mus­taqillikni qo'lga kiritishdagi xizmatlariga baho berib, gazetamizni “Osiyo tarafdan esayotgan bir qultum toza havo” deb baholadi va shu mazmunda muxtasar maqola yozib berdi. Gap orasida “Bizning do'stimiz Lazizxon yaxshi yuribdilarmi?”, deb so'rab ham qo'ydi. “Ha, yaxshi yuribdilar”, dedim. Domla bilinar-bilinmas bosh chayqagan holda: “Eh, bu sho'ro deganlari ko'p­larni chalg'itdi-da”, dedi. Bu qisqa jumla hali-hanuz quloqlarim ostida jaranglab turadi. Uning tagzamiridagi olam-olam ma'noni keyinchalik juda chuqur tushunib yetdim.

Safardan qaytgach, Olvort domlaning fikrini gazetaning birinchi sahifasida e'lon qildik. Ammo u kishining afsusini Laziz Po'latovichga aytishga jur'at etolmadim.

Yillar bir-birini quvlab o'tar ekan, o'sha tarixiy to'qsoninchi yillar voqealari bizdan uzoqlashib boraveradi. Bugungi aksar yoshlar istiqlol arafasidagi talato'plarni, eski va yangi tuzum o'rtasidagi mafkuraviy kurashda kimlar qaysi pozitsiyada turgani, kimlar har ehtimolga qarshi chetga chiqib, voqealar rivojini zimdan kuzatib turganini, kimlar bir yumalab yangi demokratlarga aylangani va uzoq yillik firqaviy sadoqatini unutib, “Bizlar ming yillardan beri shu kunlarni orzu qilgandik”, deya quloqlarni qomatga keltirganini yaxshi bilishmaydi. Shundaylar ham bo'ldiki, hali-hanuz gap-gashtaklarda buyuk istiqlol binosining birinchi g'ishtini bosh me'morga uzatib turishganini isbotlashga harakat qiladilar.

Laziz Po'latovich bunday qilmadi, o'ziga, hayoti va ijodiy prinsiplariga favqulodda sodiq qoldi. O'z yo'li va qarashlarini o'zgartirmadi. Birgina u kishi emas, boshqa ko'plar ham shunday qilishdi. Ular bu bilan o'zlarini tarbiya qilgan va ma'lum pog'onalarga ko'targan, turfa xil imtiyozlarga ko'mib tashlagan davr, siyosat, mafkura yuziga chelaklab qora bo'yoq surishmadi. Sho'rolar saltanatining inqirozi muqarrarligini tushunib, bu tuzumning xalqimiz boshiga solgan adoqsiz kulfatlarini tan olsalar-da, hammasidan va yana ko'p­laridan yaxshi xabardor bo'lsalar-da, boshqa yangi pog'ona va imtiyozlarni qo'msab, tilyog'lamalik qilishmadi. Eng muhimi — yangi jarayonlar, buyuk yangilanishlar yo'liga to'g'anoq bo'lishmadi. Hech bo'lmasa, jim turaylik deyishdi. Jimlik odobi bilan ketishdi.

Meningcha, shuning o'zi ham alohida hurmatga loyiq.

Ahmadjon Meliboyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 7 =