Kitoblar “qamoq”dan chiqarildi

Yaqinda olamdan o'tgan, iqtidorli jurnalist Qurbon Eshmat bilan uning o'limidan 10-15 kun oldin telefon orqali bog'langandim, mening asarlarim haqida yozajak maqolasining sarlavhasini aynan “Olim bo'ri sudlanmadi, ma'naviyat sudlandi…”, deb boshlaganini ayt­gandi. Afsus, maqolani o'zi oxiriga yetkazolmadi. Bo'lib o'tgan voqeani esa o'zim qalamga olishga jazm etdim.

Aziz birodarimizni Alloh rahmatiga olgan bo'lsin.

2020 yil yanvar oyida Toshkent shahar Yunusobod tuman ma'muriy sudi majlisida sudya S.Qo'chqorov raisligida ko'rib chiqilgan ish yuzasidan qilingan xulosada shunday deyiladi: “Aniqlandi. O.Bo'riyev 2016 yil fevral oyida “Bilim va intellektual” nashriyoti vaqtincha ish boshqaruvchisi I.Abdullayev va boshqalar bilan birga diniy kitoblarni chiqarishga litsen­ziyasi bo'lmay turib, diniy mazmundagi “Ikki asr ijodi” kitobini qonunga xilof ravishda chop etishadi. Shuningdek, O.Bo'riyev 2017 yil oxiri 2018 yil boshida G'afur G'ulom nomidagi nashriyot rahbari T.Qo'yliyev bilan birga litsenziyasi bo'lmagan holda “Shohnoma” nomli diniy kitobni chiqarishadi. 2018 yilda yana litsenziyasi bo'lmasa-da, “Ikki asr ijodi” diniy kitobini chiqarishadi. 2019 yilda esa “Kamalak press” nashriyotida “Masnaviyi nur” diniy kitobini chop etishadi”.

Afsuski, bir tomonlama ko'rilgan ish holatidan kelib chiqib, sud yuqorida tilga olingan kitoblarni “yo'q qilish” haqida qaror chiqardi.

Hazrat Nizomiy: “Kelur oltmish tolursan o'ltirishdan, yetar yetmish chiqar a'zoying ishdan va gar yuz yil yasha, bir kun hayotdan ketursan ushbu dilbar koinotdan”, degan ekan. Inson farzandi bu dunyo­­da omonat, vaqtincha ekanligini ang­latib, dilga taskin beradi Nizomiy hazratlari oxiratni esdan chiqarmaslik, birovga zulm qilmaslik, yaxshilik qilishga undaydi. Biroq xalqning ma'naviy mulki bo'lib qolish ehtimoli bor kitoblar ustidan chaquv yozuvi uyushtirib, yo'q qilish pa­yida bo'lgan shaxslar oramizda borligidan achinasan kishi.

Mening kitoblarimga qo'yilgan ayb g'araz niyatli kishilarning ishi bo'ldi. Baxtimizga tuzum o'zgardi, Shavkat Mirziyoyevdek adolatli Yurtboshimiz O'zbekistonni yangitdan taraqqiy ettirish borasida ochiqlik va oshkoralikni bosh maqsad qildi.

Prezidentimiz shaffoflikni ta'minlashga qaratgan e'tibori sabab Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston milliy markazi rahbari Akmal Sai­dov Oliy sudga ishonchli va asosli xulosa berdi. Shundan so'ng, tunu kun qilgan mehnatim evaziga yuzaga kelgan to'rt kitobim biroz kechikib bo'lsa-da yorug'lik ko'rdi. Mazkur masala O'zbekiston Res­publikasi Oliy sudining ma'muriy ishlar bo'yicha sudlov hay'atida sudya Sh.Saidov raisligida qaytadan ko'rib chiqildi. Kitoblarning yozilishidan tortib, nashriyotlarda chop etilishi jarayoni o'rganildi.

Achinarli tomoni, o'z vaqtida ushbu masala yuzasidan ma'muriy sud tomonidan diniy tashkilotlarga mutasaddilarning ekspertiza xulosasini olishga yuborilgan so'rovnoma natijasiz qolgani bo'ldi.

Aslida “Shohnoma” davlat buyurtmasi bo'lib, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot universiteti va O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiya xati bilan chop etilgandi.

Men kitoblarim olib ketilgandan so'ng ko'plab tegishli idoralarga murojaat qildim, naf bermadi. Ittifoqo, Yurtboshimiz Akmal Saidov nomzodini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisining birinchi o'rinbosarligiga tavsiya etayotib: “Akmal Xolmatovich Inson huquqlari bo'yicha ko'plab fuqarolarga yordam berdi”, degan gapi yodimda qolgandi. Yaxshi niyat bilan, tavakkal qilib, huzuriga bordim. Alloh ishimni oson qildi. Masalaga u kishi oydinlik kiritdi.

Agar avvalroq sohaga daxldor idora va tashkilotlar ham bu borada ozgina e'tibor qaratishganida edi, men buncha sarson bo'lmasdim. O'zbekistonda adolat ustuvor, lekin o'z huquqingni himoya qilish oson emas, degani rostga o'xshaydi.

Istiqlolning yangi pog'onasida, yangilanayotgan O'zbekiston ostonasida turibmiz. Hali hech bir xalq rahbari Prezidentimizchalik o'z vatandoshlarini kitobxonlikka targ'ib qilmagan edi. Ustoz hazrat Abdurahmon Jomiy: “Kitobxonlik bu olamda saodat, kitobxonlikni doim ayla odat”, deganlar. Davlatimiz rahbarining kitobxonlikka e'tiboridan ilhom olib, shaxsiy jamg'armam va obuna qilish yo'li bilan Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” asarini ham tavakkal qilib, chop ettirishga jur'at qildim.

So'ng 2018 yil “Ikki asr ijodi” kulliyotimni chop ettirdim. Har ikkala kitobga akademik Aziz Qayumov so'z boshi yozgan, mas'­­ul muharrir bo'lgan. Bundan tashqari, G'afur G'ulom NMIU da “Shohnoma” epopeyam ham ustoz Aziz Qayumov so'zboshisi va mas'­­ul muharrirligida bosilib chiqqandi. Mazkur kitob “O'zbekistonnoma” nomi bilan Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot universiteti va O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi she'riyat kengashi tavsiyasi bilan davlat hisobidan nashr etilgani men uchun katta mukofot bo'lgandi. Biroq asar uch ming yillik Vatanimiz tarixi va buguniga oid bo'lgani uchun nomini “Shohnoma” deb, o'zgartirganman.

2019 yilda “Kamalak press” nashriyotida “Qur'onnoma” (Qur'oni karim ma'nolari tarjimasining mazmuni) va “Masnaviyi nur” (Qur'oni karim tarjimasining nazmiy tafsiri) Shayx Abdulaziz Mansur so'zboshisi va mas'­ulligida, Diniy idora fatvosiga asosan ulamolar taqrizi bilan chop etilgan. To'rtala kitob ham Yurtboshimiz ta'kidlagan hikmatomuz g'oyalarni tarannum etuvchi, xalqimizga kerakli tarixiy-ma'naviy, diniy manbalarning nazmiy ifodasi ediki, kam nusxada qimmatbahoda sotilgani bilan o'z xaridoru muxlislarini topdi.

Xullas, mening so'rovim yerda qolmadi. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma'muriy ishlar bo'yicha sudlov hay'ati ishni xolis o'rgandi, kerakli xulosani berdi. Ma'muriy sudlov hay'ati qarorida shunday de­yiladi: “Yunus­obod tuman ma'muriy sudining 2020 yil 27 yanvardagi qarori va Toshkent shahar ma'muriy sudi kassatsiya ins­tansiyasining 2020 yil 3 martdagi qarori o'zgartirilsin. Sud qarorlari bilan ashyoviy dalil sifatida olingan 100 dona “Ikki asr ijodi”, 70 dona “Shohnoma”, 81 dona “Qur'onnoma” va 75 dona “Masnaviyi nur” nomli kitoblar tegishli tartibda “yo'q qilish” qismi bekor qilinsin”.

Eng asosiysi, ashyoviy dalil sifatida olingan kitoblar diniy ekstremizm, fundamentalizm va qonun bilan taqiqlangan boshqa diniy oqimlarning g'oyalarini targ'ib etuvchi kitoblar emas, aksincha, akademik Aziz Qayumov, din arbobi Shayx Abdulaziz Mansur va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori, akademik A.Saidovning mazkur kitoblar kitobxonlar uchun foydali ekanligi to'g'risidagi xulosalar sud hukmlarining adolatli qaror topishida muhim manba bo'ldi.

Adolat qaror topdi. Kitoblarimni 2020 yil 18 avgust kuni keltirib berishdi. Bu kitoblar bir yilu bir oy «qamoqda» saqlandi.

Lekin o'tgan bir yillik azob menga qancha ma'naviy va moddiy zarar keltirdi, buni bir men va Xudo biladi. Muhimi, adolat qaror topdi. Dilimni ezgan g'am qorong'uligi o'rnini sevinch quyoshi nurlari zabt etdi. Adolat tantana qilishining o'zi “salla desa, kalla keltiradiganlar”ga munosib jazo, deb o'ylayman.

Olimjon Bo'riyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − three =