Orolning tuganmas mo''jizalari
ATB “Turonbank” ko'magida 7 dollarlik “artemiyalar” 15 dollardan eksport qilinadi!
Prezidentimizning “Odamlar ertaga emas, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi”, degan
so'zlari bugun har bir sohada, har bir tizimda o'z aksini topmoqda. Inchunun, ATB “Turonbank” tizimida ham.
Bankka umid bilan kirgan har bir mijoz xursand bo'lib chiqib ketadi. Bu esa o'z navbatida mamlakatimizning chekka hududi Qoraqalpog'istonning Mo'ynoq tumanidagi tadbirkorlar faoliyatida ham namoyon bo'lmoqda.
Keskin kontinental iqlim
O'zbekistonning shimoliy-g'arbida, Amudaryoning quyi qismi, Orol dengizining janubiy sohilida joylashgan Qoraqalpog'iston Respublikasi o'zining betakror mo''jizalariga ega. Uning keskin kontinental iqlimi, yovvoyi tabiati va shunga mutanosib odamlarining fe'lu atvori — har biri bir olam.
Qoraqum sahrosiga tutashib ketgan mintaqaning yashash maydonlari odamning ruhiyatiga o'zgacha bir sokinlik baxsh etadi. Uning shimoli-g'arbida Ustyurt past tekisligi, shimoli-sharqiy tomonida esa Qizilqum sahrosi yastanib yotibdi. Qoraqalpog'istonning umumiy yer maydoni 166,6 ming kvadrat kilometrdan iborat bo'lib, hududining kattaligi bo'yicha mamlakatimiz viloyatlari o'rtasida birinchi o'rinda turadi. Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlari bilan chegaradosh. Uning ma'muriy-hududiy tuzilmasiga Amudaryo, Beruniy, Qorao'zak, Kegeyli, Qo'ng'irot, Qonliko'l, Mo'ynoq, Nukus, Taxtako'pir, To'rtko'l, Xo'jayli, Taxiatosh, Chimboy, Shumanoy, Ellikqal'a tumanlari va Nukus shahri kiradi.
Mo'ynoqda varaqlanayotgan tarix
Bir vaqtlar Orol dengizi bilan dunyoga dong'i ketgan, keyingi qariyb yarim asr mobaynida esa umuman e'tibordan chetda qolib ketgan o'lka Mo'ynoq va u yerda qilinayotgan ezgu ishlar haqida so'z yuritmoqchimiz. Mo'ynoq nomini eshitgan odamlar tasavvurida go'yoki yer yuzining narigi chekkasi tushuniladi, Mo'ynoq go'yoki Borsa kelmas orolchasining egizagidek xayolga boriladi.
Bir paytlar yoshi kattalar “Qo'ng'irotdan Mo'ynoqqacha yo'lda bironta avtomashina uchratishingiz qiyin” deb aytishar edi. Bugun-chi, bugun Nukusdan Mo'ynoqqacha bo'lgan yo'lda transport qatnovi bir lahza bo'lsin to'xtamaydi. 2015 yilda tuman markazi ko'chalarida faqat kondensat gaz bilan yuradigan mototsikl va “Moskvich”larni ko'rgan bo'lsangiz, hozirda zamonaviy yo'ltanlamas avtomashinalarni ehtimol, boshqa tumanlarda ko'ra olmassiz, lekin Mo'ynoqda bisyor.
Bu yerga birinchi marta kelishim, biroq shuni aytishim mumkinki, o'ziga ohanrabodek rom qilayotgan o'lkaning sehri boshqacha ekan. Keng sahrolik odamga qandaydir o'zgacha kuch bag'ishlaydi. Qo'ng'irotdan o'tgandan keyin ana shu his-tuyg'u vujudingizni egallab oladi. Bir vaqtlar dengiz bo'lgan joylarga kelganingizda xayolingizdan ko'p narsalar kechadi. Tarix sahifalari ko'z oldingizda bir-bir varaqlanayotganga o'xshaydi.
Ko'z ilg'amas haqiqatlar
Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar Qoraqalpog'iston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, qurilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalarining jadal rivojiga xizmat qilmoqda. Ayni vaqtda yalpi hududiy mahsulotning qariyb yarmi, hududiy eksportning 75 foizi xususiy sektor hissasiga to'g'ri kelyapti. Ish bilan band bo'lgan aholining 75 foizi ham aynan shu sohada mehnat qilmoqda. Bularning natijasi esa bizni har qadamda xursand etmoqda. Muhimi, yangilik qilaman, yarataman degan odamning qadamlari tezroq unmoqda. Hayotning ko'z ilg'ab va ilg'amagan haqiqatlari bizni tobora ko'zlaganimizdan balandroq cho'qqilarga chorlamoqda.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 yanvardagi “Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida atigi 32 ming aholisi bor bitta tuman uchun 1 trillion 485 milliard 176 million so'm mablag' ajratildi (bunaqasi hali O'zbekistonning boshqa hech bir hududida bo'lmagan) va o'tgan yilning o'zida qator ob'yektlar qurildi, rekonstruksiya qilindi, kapital ta'mirlandi va foydalanishga topshirildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy korxonalar qad rostladi. Eng muhimi, bugun odamlarning hayotga, ertangi kunga bo'lgan qarashlari keskin tahrir qilindi.
Korxona qo'shma, muvaffaqiyatlar esa…
Chet el bilan hamkorlikda ochilgan qo'shma korxonalarning shu chekka hududlarga yetib borganining o'zi mo''jiza. Buning misoli sifatida hududning eksport hajmi ortishiga salmoqli hissa qo'shib kelayotgan Mo'ynoqdagi “Jasmine gold group” O'zbekiston — Xitoy qo'shma korxonasini keltirishimiz mumkin. To'g'ri, korxona qo'shma bo'lishi mumkin, biroq uning erishayotgan muvaffaqiyat va yutuqlari alohida-alohida.
— Yiliga bir million dollarlik eksportni amalga oshirmoqdamiz, asosiy xaridorimiz Xitoy va Rossiya davlatlari bo'lib, xomashyoning kilogrammi 7 dollar atrofida baholanmoqda, — deydi “Jasmine gold group” O'zbekiston — Xitoy qo'shma korxonasi ish yurituvchisi Omonyo'l Mambetov.
Bunday narxdan hayron bo'lib, mahsulot turi bilan qiziqqanimizda “Oroldan olinadi, artemiya sistasi”, degan javobni eshitdik.
Shuni aytish kerakki, Qoraqalpog'iston Respublikasi haqida so'z borganda kattayu kichik — ko'pchilikning ko'z o'ngiga Orol dengizi keladi. Mahalliy aholi, ayniqsa, katta avlod vakillari Orol sir-sinoati, undagi yirik baliq turlari, hatto akulalar haqida soatlab hikoya qilishi mumkin. Orolning katta qismi qurigan bo'lsa-da, qolgan qismidagi mo''jizalar mamlakatimiz uchun foyda keltirishda davom etmoqda.
Uchta ko'zli artemiyalar
Suvda yashayotgan artemiyalar, ularning ahamiyati, nima maqsadlarda qo'llanilishi va “Turonbank”ning bu boradagi loyihasi bilan yaqindan tanishdik. Artemiyalar uchta ko'zli va 11 juft oyoqli bo'lib, 15 millimetrgacha o'sishi mumkin ekan. Ularning qonida xuddi umurtqali hayvonlar singari gemoglobin mavjud bo'larkan. Artemiyalar aslida sayyoramizning deyarli barcha burchaklaridagi sho'r ko'llar, dengizlar va daryolarda yashovchi qisqichbaqasimonlar oilasiga kiradi.
Artemiya tuxumlarining qimmatli xususiyati — bu yuqori protein miqdori va yetarli miqdordagi aminokislotalarga boyligidadir. Shuni ham ta'kidlash kerakki, tuxum boshqa ozuqalar bilan taqqoslaganda, ko'p miqdordagi vitaminlarga ega. Qisqichbaqasimon Artemiyaning tuxumlari kichik baliqchalar, qisqichbaqalar, akvarium baliqlari uchun birinchi darajali juda to'yimli ovqatdir.
Artemiya kistalaridan esa parrandalarni boqishda foydalanish mumkin va broyler tovuq go'shtining biologik qiymatini yaxshilashga yordam beradi. Broyler tovuqlarining mushak to'qimalarida glikogen va sut kislotasi indekslarining ko'payishi Artemiya tuxumlarining ozuqaviy qo'shimchasining go'sht pishishi paytida yuz beradigan fermentativ jarayonlarga ijobiy ta'sirini o'tkazishi bilan yanada qimmatli ekan.
Uch mavsum yig'imi
— 2017 yildan buyon keng miqyosda faoliyat yuritayotgan xususiy firmada 20 dan ortiq ish o'rni yaratilgan. Ularning asosiy qismi Orol to'lqinlari qirg'oqqa chiqarib tashlaydigan artemiya sistalarini terib kelish bilan shug'ullanadi. Artemiyalarning o'rtacha diametri 235,5 mikrometr bo'lib, mikroskop yordamida ko'rish mumkin. Keltirilgan xomashyo maxsus tayyorlangan hovuzga quyilib, belgilangan harortada lichinkalar paydo qilinadi. Shundan so'ng eksportga tayyorlanadi. Artemiyani yoz oylarini hisobga olmaganda yilning boshqa mavsumida bemalol yig'ish mumkin.
Artemiya sistalari asosida olingan mahsulotlar dunyo tajribasida keng sinalgan. Akvamadaniyat sanoatida, agrosanoat kompleksida, farmatsevtika, meditsina va kosmetologiyada ushbu mahsulot keng qo'llaniladi. Artemiya sistalaridan tayyorlangan mahsulotlarning qariyb 90 foizi akvamadaniyat sohasini rivojlantirish maqsadida ishlatiladi. Chunki ushbu noyob mahsulotning tarkibi yuqori miqdordagi protein, aminokislota va vitaminlarga boy. Shu bois parrandachilikda yuqori darajada oqsilga to'yingan qo'shimcha ozuqa sifatida foydalaniladi. Artemiya sistasidan oziqlangan parrandaning immuniteti mustahkamlanadi, o'sishi tezlashadi. Umuman artemiya qishloq xo'jaligi sohasida hayvonlarning biofaol qo'shimcha ozuqasi, veterinar dori vositasi sifatida hamda o'g'itda mikrobiologik jarayonlarni faollashtirishda keng qo'llanadi, — deydi “Jasmine gold group” O'zbekiston — Xitoy qo'shma korxonasi ish yurituvchisi Omonyo'l Mambetov.
Tadbirkor — tadbirli, Turonbank — ko'makchi
Farmatsevtika, tibbiyot sohasida artemiya sistasi boyitilgan ozuqa mahsuloti sifatida ham dong taratgan. Uni endokrin va qon-tomir tizimi kasalliklarining oldini olishda, hatto saratonga qarshi dori sifatida qo'llanadi. Artemiya sistasi terining immunitetini tabiiy mustahkamlaydi, atrof-muhitdagi agressiv ta'sirlardan himoya qiladi. Shu bois ushbu mahsulot dunyoda, asosan, rivojlangan sharq davlatlarida kosmetologiya sohasida bebaho ne'mat hisoblanadi. Ushbu noyob va qimmatbaho mahsulotga bo'lgan talabning ortishi korxona faoliyatining kengayishiga sabab bo'lmoqda.
ATB “Turonbank” esa tadbirkorning bu tashabbusiga nisbatan ijobiy munosabat bildirib, uni qo'llab-quvvatlashga kirishdi. Bank ajratgan 1,3 million yevro kredit evaziga ishbilarmon artemiya sistasini ovlash va qayta ishlash bo'yicha yangi quvvatlarni tashkil etishda ilg'or texnologiyalarni joriy etishga kirishgan. Ana shunda ish o'rinlari soni yuzdan oshadi. Eng muhimi, hozirda xomashyo sifatida bir kilosi 7 dollarga baholanayotgan artemiyalarni qayta ishlab 15 dollarga sotish imkoni paydo bo'ladi. Ayni vaqtda Turkiya va Vyetnamda belgilangan narxda xarid qilishni istayotgan xaridorlar kam emas. Ularga tayyor mahsulotlar “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi bilan eksport qilinadi.
Orolda artemiyalar qachon paydo bo'lgan?
Bu yerda hammani o'ylantiradigan bir savol tug'iladi: xo'sh, Orol dengizida artemiyalar qaerdan paydo bo'lgan, qachon paydo bo'lgan? Ular haqidagi ilk ma'lumotlar 1980 yillarning oxirlarida paydo bo'lgan edi. 1990 yillarning o'rtalarida esa artemiyalar Orol dengizining O'zbekiston hududlarini egallay boshlagan. Bunga dengizning jadal sur'atlar bilan qurib, suvda sho'rlanishning ortib borishi sabab bo'lgan. Ma'lum bo'lishicha, ular tuzlilik miqdori 100 gramm litrdan oshgan suvda faol rivojlanadi. Tabiiyki sho'rlanish ortgan sari dengizdagi boshqa jonzotlar qiriladi va artemiyalarning ko'payishiga zamin yaratadi.
Bugunga kunga kelib, artemiyalarni ovlash uchun faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlari kun sayin ortib bormoqda. 2009 yilda Orolda artemiya ovlaydigan bitta korxona faoliyat yuritgan bo'lsa, 2018 yilga kelib, ularning soni 23 taga yetdi va 580 tonnaga yaqin mahsulot yig'ildi. Ayni vaqtda Orol dengizidagi artemiya sistasi resurslaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oqilona foydalanish choralari ko'rilmoqda. Xususan, artemiya sistasining tabiiy o'sish maydonlaridan oqilona foydalangan holda ularni ovlash va qayta ishlash hajmlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu esa Mo'ynoq tumanida artemiya sistasini ovlash, qayta ishlash tarmog'ini takomillashtirish hamda yuqori sifatli artemiya sistasi mahsulotlari eksporti hajmini yanada oshirishda qo'l keladi.
Ha, aytganday…
Mo'ynoqda bugun chindan ham afsonalar haqiqatga aylanmoqda. Butun xalq bir maqsad yo'lida jipslashgan Orolbo'yida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar tarix sahifalariga oltin harflar bilan yozib qoldiriladi. Va bu buyuk ishlar, albatta, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bog'liqdir.
Biz bugun bu sohada yangi kuch va yangi umidlar bilan faoliyat olib borayotgan “Jasmine gold group” O'zbekiston — Xitoy qo'shma korxonasini ham, uning izlanishlariga qanot bo'layotgan ATB “Turonbank” qo'llovlarini ham astoydil mamnuniyat bilan olqishlaymiz. Chunonchi, yangilik qidirayotgan ko'ngilning salohiyatiga, tavakkaliga, umidlariga “Ha, barakalla” deyish hammaga emas. Buni “Turonbank” birinchilardan va birinchi bo'lib ayta oldi. Qolganini esa mamlakatni, xalqni yangilanishlar sari chorlayotgan va boshlayotgan ertangi kun aytadi. Biz esa bu ishni xolis qo'llab-quvvatlagan bankka va bu ish boshida turganlarga Navoiy hazratlarining “Ummidim shulki, ummidingga yetgil!” degan satrlari bilan ezguliklar istab qolamiz. Ona Orolning mo''jizalari esa o'z qatidagi mo''jizalari bilan avlodlarni lol qoldirishda davom etajak.
Go'zal Matyoqubova,
Reklama huquqi asosida.