To'ng'ich botir

Muallif haqida: Alisher Fayzullayev — 1988 yilda Navoiyda tug'ilgan. O'zMU jurnalistika fakultetini tamomlagan. Uilyam Saroyanning hikoyalar to'plamini, Lotin Amerikasi adabiyoti namunalarini tarjima qilgan. “O`zbekiston” nashriyotida ishlaydi. “Soyasini boqqan kishi” deb nomlangan tarjima kitobi nashrga tayyorlanmoqda.

  1. Bolalik – sokin xotira

Bolaligim yomon o'tmagan. Poytaxt-viloyat yo'nalishidagi transportlarni kutish bilan o'tdi u. Qish­log'imda meni “quruq” deyishsa, shaharlik bolalar uchun “qishloqi” edim. Ana shunday “tuyaqush” hisoblanardi biz kabilar. Shuning uchunmi, “dom”imiz bolalari boshqalarga qo'shilmas, alohida o'ynardik. Darvoqe, biz yashaydigan ko'p qavatli uyning farqi ham shu, u viloyatlik iste'dodlar oilalari uchun atay qurilgan.

Menga u qiz yoqarmidi? Bilmayman. Ammo bobom uning qaysidir fazilatini ko'ra bilgan, doim “Shu qizni senga olib beraman”, derdi. Bir safar ikkovimizni bozorga olib borgani, muzqaymoq olib bergani yodimda. Mana, oradan ko'p yillar o'tdi, bobom vafot etganiga ham ancha bo'lgan. Qiz esa maktabni tugatiboq qishlog'iga uzatilib ketdi.

Hali bolamiz. Kimningdir tug'ilgan kunida yig'ilgandik. Ovqatlanganmiz, dunyoni unutib o'ynar, o'yinchoqlarga o'zimizcha jon baxsh etardik. O'shanda u uyga aylangan yemak stoli ostida menga “muhim” gaplarni ayta ketgan: maktab, dugonalarining g'ayirligi, yaqinda qo'shni uyga ko'chib kelgan Anvar… U so'zdan hech to'xtamas, ora-sira ko'zlarimga qarab yuziga tushgan tim qora sochini qo'li bilan qulog'i ortiga o'tkazib qo'yardi. Nihoyat, meni yaxshi ko'rishini ham qistirib o'tdi. Bu bolalarcha xayol, ko'r-ko'rona qaytariq, beg'ubor ishtiyoqdan o'zga narsa emasdi. Nima bo'lganda ham, shunday voqealar xotirada butun umr saqlanib qolarkan.

Mana u — qarshimda, yozuv stolida daftarga ko'milib nimadir qoralayapti. Meni payqadi chog'i, ko'zlarini daftardan uzib menga tikdi. Endi e'tibor qilibman, u bolasiningmi, ukasiningmi uy vazifasini bajarib berayotgan ekan. Unga halaqit bermaslik uchun boshqa xonaga chiqdim.

  1. G'alati o'simlik

Bu xona xuddi o'zimnikidek: 3 ga 4. Ammo ichidagi jihozlar boshqacha, kiraverishda tizilgan shkaf xonani kichikroq ko'rsatar, o'rtada esa ikki kishilik yotoq bor va unda… chalqancha yotgan ukamni ko'rdim …

Ukamning so'nggi kunlarini yaxshi eslayman, juda noziklashib qolgan, hech qaerga o'ngarilmay yotar, sal qo'l tegishi ham joniga azob berardi. Suyaklari mo'rtlashib oyog'i sindi, bir tarafga yotaverganidan tanasini yotoqyara ilma-teshik qilib tashlagan, hech bitmasdi. Ota-onam undan kam azoblanmas, dadam dardini ichiga yutar, onam tez-tez yig'lab olar, ba'zan Xudodan uning jonini og'ritmay olishini so'rardi. Singlim akasiga mehribon, men esa ukamning ko'zlariga qaray olmasdim. Uning ko'zlari… nimadir demoqchi, so'ramoqchidek iltijoli tikilardi. Uyda boshqa birov qolmagan payt uning oldiga borib gapirar, javob qaytaradi deb ishonardim. U indamasdi, shiftga tikilib yotaverardi… Men esa yig'lagudek bo'lib xonadan chiqib ketardim.

U 18 da edi. Yangi telefon olgan, duch kelgan narsani rasmga tushirib yurgan paytlarim. Singlim ukamni suratga olishimni so'radi. Oldim. Oradan uch kun o'tib ukam 18 yillik darddan forig' bo'ldi.

Bozorda ishlardim. Yakshanba, tong­gi sakkizlar. Otam qo'ng'iroq qildi. “O'g'lim, ukangning mazasi yo'q. Uyga tez qayt!” Uning ovozi titrar, juda zaif, dardchan eshitildi. Ko'ng­limni xavotir chulg'adi. Yarim soatlarda ishimni tugatib uyga chopdim. Yo'lakda otam turardi. “Ukangdan ayrilib qoldik, bolam…” Xuddi hiqichoq tutgandek o'zimni to'xtata olmas, yig'i bo'g'zimdan otilib chiqardi.

U butun tanasi bilan yuqoriga intil­yapti. Umri yotoqda o'tgan, jilla qursa hozir yotoqdan ko'tarilmoqchidek iltijoli tikildi. Uni ko'tarib yotoq tepasidagi arg'amchiga yotqizdim. Ukam jilmaydi, so'ng sharpadek yo'qoldi.

Men polga, shundoqqina gilam ustiga cho'zildim. Endi ruhim ancha yengillashgan, parvozdagi qush kabi qo'llarimni yoyib shiftga tikilgancha kulardim. To'satdan g'o'ldir-g'o'ldir tovush keldi, qarasam karavot ostidagi qutilarga jon kirgan, suhbat avjida. Diqqat bilan eshitsam, gap xonadon egasi haqida. Qutilar bir-biriga gal bermay uning qanday yaxshi inson ekani, xushfe'l, oliyjanob, ishining fidoyisi, ustachiligi, qo'lidan o'tgan poyabzallar, matematik, geometrik tahlillarda ham yuqori sifatli deb topilganligini ta'kidlashardi. Menga bu odam tanishdek tuyular, ammo ismini hech eslay olmasdim. Bir quti shuni tuyulgandek, bor ovozda allaqaysi tramvay uning nomi bilan atalishini aytdi. Oxiri bu yerda tinchlik bo'lmasligini tushunib, o'rnimdan turdim.

Boshqa xonaga chiqdim. Bu boyagisidan kattaroq, namxush va qorong'u. Xona o'rtasida kattaligi chaqaloqdek keladigan allaqanday notanish o'simlik bor. U tanasini nurga tutmoqchi, ammo bir qatim nur topolmay ovora. Ichimdagi kimdir uni sug'urib tashlashni buyurdi. Ko'nglim xira tortdi-yu ichimdagi ovozga qarshi bormadim. Shunda o'simlik bilan birga atrofimni o'rab turgan devorlar ham yo'qoldi. Atrof charog'on, o'zim esa adirlikda turibman.

  1. Alvido umidlar…

Ilgari bunday joyni ko'rmaganman: qator do'lana-yu bodomlar umidvor ko'kka ko'z tikishgan, pastdagi yaylovda ot uyuri o'tlab yuribdi, yuqoriroqda esa buloq. Suv o'ziga yo'l ocharkan, bechora adir yuzida chandiq qoldirgan. Osmonda Boboquyosh barchaga birdek mehr ulashadi. Musichani yodga soluvchi ko'kqarg'a va qaldirg'ochlar samoni to'ldirgan.

16-bolalik bilan xayrlashish paytim bo'lgan. Maktabni tugatib litseyga hujjat topshirdim. O'sha kezlar o'zimni to'kis yigit hisoblagandirman, ammo tan olishim kerak, hali ham go'dak edim: bolalarcha o'ylar, bola kabi tizginsiz xayollar og'ushida suzar­dim. Bu ko'hna olam atayin men uchun yaratilgandek, mening tug'ulishimni kutgandek tuyulaverardi. Shunda o'zim xohlagan litsey imtihonlaridan yiqilib o'qishni boshqa litseyda davom ettirishimga to'g'ri keldi. Ahamiyat ham bermadim, tezda o'nglanib oldim. U yerda bir qancha yaqin do'stlar va Uni topdim. U haqida o'ylasam, ko'nglimni qorishiq hislar bosadi.

Vaqt ba'zan shu qadar tez harakatlanarkanki, ortingga qarashga ulgurmay qolarkansan. Ko'z ochib yumguncha 23 daman. Qalbimni ulkan bo'shliq, qora o'ra o'z domiga tortgan, ongimni xira xayollar, puch orzular egallagan. Shu holimga o'zim befarq, o'zim bee'tibor ketib boraman. Kim biladi, ehtimol o'sha tubsizlikning qora iskanjasiga o'zimni manguga topshirish oni yaqindir. Asta pichirlayman: alvido umidlar… Alvido orzular… Xayr, xush qoling!

O'ylarim nigohim sanchilgan moviy osmonga bo'ylar, o'pkamga tiniq, xushhavo tiqilardi. Keyin men tomon bostirib kelayotgan odamlarga ko'zim tushdi. Qo'llarida panshaxa, ketmon, bel ko'tarib olishgan, ko'zlarida qahru g'azab uchquni porlaydi. Nima gap­ligiga tushunib yetgunimcha, ulardan biri tosh otdi. Qochish kerak!

  1. Poyga

Men qochdim, ortimdan esa shafqatsiz olomon quvardi. Orqaga qarayman: ayol-u erkak orasida bolalar ham bor, balki ular voqea oxiriga, qonli nihoya­ga qiziqishayotgandir?!

Bolaligimdan yolg'onga o'rgangandim, ba'zan gunohimni yashirish uchun, ba'zida nimagadir erishmoq uchun. Keyinchalik bu ruhimga singib ketdi, har gapim yolg'onga aylanib boraverdi. Va nihoyat, atrofimdagilar menga ishonmaydigan darajaga “erishdim”. Rost so'zimni himoya qila olmagan paytlar qattiq jahlim chiqar, go'yo bunga yonimdagilar aybdordek tuyu­lardi. Asl aybdor — o'zim. Mana bu olomon-chi, u nima istaydi? Nega ko'zi qonga to'lib meni quvadi? Kimga qanday ozor berdimki, bu qadar darg'azablar? Nahot, meni o'ldirishni o'ylashyapti?!

Shovqindan uyur ham xurkib ketdi chog'i, borgan sari tuyoq tovushi yaqinlashib, otlar paydo bo'ldi. Ular ham men kabi anavi ayovsiz va beshafqat odamzotdan qochyapti. Yonimda yugurib borayotgan bir bo'z ot xuddi yelkamga chiq, degandek boshini silkib-silkib qo'ydi. Men uchun bu tulpor qutqaruv kemasidek edi, o'ylab ham o'tirmay uning yoliga yopishdim. Ko'p o'tmay atrofim butkul o'zgardi, men tulporimning qordek oq bo'ynidan quchgancha oldinga intilar, lochindek uchardim. Qulog'imga dalda qichqiriqlari eshitildi: “Bo'laqol”, “Yana ozgina qoldi… Bo'shashma!”, “Sen uddalaysan, o'g'lim!” Va men… qandaydir marrani kesib o'tdim. Yon-verim gulga to'lgan, qarsak-u olqish ovozi olamni bosgan, karnaylardan esa men va yana ikki yigitning poygada peshqadamlik qilib, yurt sharafini himoya qilgani, farzandlik burchini oqlagani baralla aytilardi. Bo'z otdan tushdim, ortga qaradim. Haligi yigitlar ancha yosh, biri qora, biri malla otni yetaklab menga ergashmoqda. Oldimizdan gul tutgan olomon peshvoz chiqdi.

  1. Men To'ng'ich botirman!

Odamlar orasidan bir bola ajralib chiqib, menga allaqanday ko'krak nishoni taqib qo'ydi. Havas bilan qaradi, nigohida orzumandlik, xayolparastlik balqib turibdi. Qo'limni qisib qo'yib, darhol chetga o'tdi. Ortidan o'rta yoshlardagi kishi (ko'rinishidan kattaroq mansabdorga o'xshaydi) chiqib keldi, tabriklab yelkamga qo'lini tashladi, keyin allaqanday quvlik bilan dedi:

— Sen kim eding?!

— Men To'ng'ich botirman…

Beixtiyor og'zimdan chiqib ketgandi bu. Yodimga ukalarim tushib, takror aytdim:

— Yolg'iz qolgan To'ng'ich botirman!

Bu qadar og'ir uyg'onmagandim. Qulog'imdan yelkamgacha igna sanchilgandek simillab og'rir, butun tanam terga botgan, tomog'im qaqrab, yuragim qafasdagi qush kabi pitirlar, ongimda esa bir narsa aylanaverardi: “Men To'ng'ich botirman! To'ng'ich botirman…”

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − two =