Adashimiz yoxud “HÜRRIYET” turkiya matbuotining bayrog'idir

Dunyoda adashingning borligi yaxshi, shuning barobarida yoqimli ham. Ismda taqdir bor axir. Zotan oti birning joni bir, deb bekorga aytishmagan. Ayniqsa, u “ozodlik”, “hurlik” so'zining sinonimi va yana uning har bir so'zi millat taraqqiysi xususidagi o'ylarga qorishib ketgan bo'lsa…

Dunyoning qator mamlakatlarida “Hurriyat” deb nomlanuvchi gazetalar chop etiladi, faqat ularning talaffuzi ayricha, yozilishi bo'lakcha. Turkiyada bir necha yuz minglab nusxada nashr qilinayotgan “Hürriyet” esa har jihatdan bizning — o'zimizning “Hurriyat”imizga otdosh va taqdirdoshdek, fikrdosh va g'oyadoshdek tuyiladi.

Axir bizning ham ilk “Hurriyat”imiz 1917 yil aprelidan 1918 yil apreligacha – roppa-rosa bir yil faoliyat ko'rsatgan va Chor hukumati tomonidan yopilgan. Jadid bobolarimiz matbuotining gultoji — “Hurriyat” gazetasi qisqa vaqt ichida xalqchil markaziy gazetalar qatoriga, mavqeiga ko'tarilgan. Ha, bugungi “Hurriyat”imiz jadid bobolarimiz orzu-istaklari ro'yobi aks etgan yorqin oyna va Turkiya “Hürriyet”ining hammaslagidir, desak xato bo'lmasa kerak..

To'xtamaydigan qayiq

Turkiya matbuoti o'zining yoniqligi va erkinligi bilan e'tiborni tortadi. Bu mamlakatda bugun 45 ta markaziy, 15 ta ing­liz tilida, 235 ta mahalliy va 10 ta internet gazetalari chop etiladi. Eng qizig'i, ularning ko'pchiligi kunlik chop etiladigan nashrlardir. O'ylaymizki qardosh turk birodarlarimiz orzu-istaklarining, maqsad va intilishlarining, milliy qarashlarining in'ikosi o'laroq yuqoridagi kabi bir-biridan tezkor gazetalar chop etiladi. Va bu safda – bizning adashimiz — “Hurriyat” gazetasi ham bor. Uning sahifalarini kuzatar ekanmiz, adashimiz bu “g'adir-budir” hayot yo'llarida adashmasligiga va eng muhimi, aldamasligiga amin bo'ldik.

Inson borki uning dilida hurlik istagi bo'ladi. Bu istak har bir insonda tug'madir, tabiiydir. Insoniyat orzu-istaklarining avj nuqtasi ham shu ne'mat qatimlariga singib ketgan. Xullas, bugun aytmoqchi bo'lgan hamma gaplarimiz – adashimiz haqida.

Ayonki, “Hurriyat”, “Ozodlik”, “Istiqlol” nomi bilan ataladigan har qanday gazeta bizni o'tmishga yetaklaydi, ajdodlarimizning asrlar qa'riga singigan umumistaklarining in'ikosi sifatida qalbimizga naqsh tashlaydi. Axir bu nomda gazeta bo'lish, qolaversa, shu nomni ko'tarib Osiyo va Yevropaga – butun dunyoga dong taratish hazilakam gap emas-da. Xo'sh nima bo'libdi, dersiz?! Biroq, ishonavering bu istak – ya'ni, hurlik orzusi asrlar qa'ridan, insoniyat avvalidan suzib kelayotgan qayiqqa o'xshaydi: hech qachon to'xtamaydigan qayiqqa. Shu ma'noda har bir millatning, har bir xalqning o'z “Hurriyat”i bo'lishi a'lo matlabdir.

“Turkiya turklarnikidir”

Shunday qilib, Turkiyaning “Hurriyat” gazetasi ilk bor 1868 yilda Yangi usmonlilar uyushmasining gazetasi sifatida Namiq Kamol tomonidan Londonda chop etilgan. Biroq 1870 yilga borib gazetaning 88 soni nashrdan chiqqach, turli bosimlar sababli o'z faoliyatini to'xtatgan.

Biz bugun sizlar bilan fikr yuritmoqchi bo'lgan “Hurriyat” gazetasi kundalik, kunlik nashr bo'lib, uzoq yillik tanaffusdan so'ng 1948 yil 1 mayda Sedat Simaviy tomonidan tashkil etilgan. Bugun u Doğan Yayın Holding tarkibidagi gazeta hisoblanadi. Gazetaning qoq peshonasiga yozilgan “Turkiya turklarnikidir” shiori turkiy tilli har qanday millatni bir bayroq va bir maqsad ostida saflanishga chorlaydi. Xalqning o'z tuprog'ida ozod va hur yashash, bu yo'lda hech kim va hech nima to'siq bo'lolmasligi ushbu shiorda aks etgan.

Gazeta 1948 yilda Sadat Simaviy tomonidan tashkil etilgan va 1948 yil 1 mayda “Iordaniya va Iroq qo'shinlari Falastinga kirishdi” sarlavhali maqola bilan ilk sonini nashr etgan. 1953 yilda Sedat Simaviy vafotidan so'ng, uning o'g'illari Xaldun Simaviy va Erol Simaviy davrida ham gazeta o'z yo'nalishini davom ettirdi. Xaldun Simaviy 1971 yilda “Veb-ofset” guruhini tuzib chiqib ketganidan so'ng, gazeta to'liq Erol Simaviy zimmasiga o'tdi.

Qarorgoh bezovta

1971 yildan keyin navbati bilan Izmir, Anqara, Adana va Erzurumda o'z vakolatxonalarini ochgan “Hurriyat” gazetasi, 1973 yilda ofset tizimini boshladi. Ayniqsa, rangli fotosuratlar yordamida katta afzalliklarga ega bo'ldi. Bugungi kunda gazetaning butun dunyoda 50 dan ortiq vakilligi bo'lib, bu yerda 600 dan ortiq jurnalist mehnat qiladi. Gazetaning “Bozor va iqtisod”, “Yoshlar uchun”, “Internet”, “Adabiyot” kabi ilovalari chop etiladi. “Hurriyat”ning “Hürriyet Daily News” deb nomlangan inglizcha versiyasi ham o'quvchilar qo'liga yetib boradi. Uning elektron shakli 1997 yildan buyon internetda o'z aksini topgan.

1990 yil 7 martda kengash a'zosi, yozuvchi va gazetaning sobiq bosh muharriri Chetin Emech ketayotib qurolli hujum tufayli halok bo'ladi. 1988 yil 1 mayda “Hurriyat” o'z logotipini o'zgartiradi. Bu Erol Aqsoy, Dinch Bilgin va Xaldun Simaviy qo'shma korxonasi bo'ldi. 1994 yilda aksiyalarning 70 foizi “Doğan Yayın Holding” tomonidan sotib olinadi. 20 yil davomida Ertug'rul O'zko'k gazeta bosh muharriri bo'lib faoliyat olib boradi.

Hande Firat tomonidan yozilgan “7 savolga 7 ta javob” maqolasi “Qarorgoh bezov­­ta” ruknida 2017 yil 25 fevralda chop etilgan. Maqoladan so'ng ko'p o'tmay 2017 yil 1 martda Sedat Ergin Bosh muharrirlik lavozimini tark etadi.

Yonayotgan turk bayrog'i

“Hurriyat” gazetasi tarixida goh jurnalistlariga, goh ular joylashgan binoga hujumlar uyushtirilganligidan ko'p aziyat chekkan. Shunday hujumlardan biri 2015 yil 6 sentyabrda bo'lgan edi. Ma'lumki, “Hurriyat” Turkiyaning eng ta'sir doirasi keng gazetasi bo'lib, u ozodlik ramzidir. “Hurriyat” o'zining tarixida haq so'zi uchun, adolatli va keskir maqolalari uchun to'lagan to'lovlari ko'p bo'lganligini yuqorida ham aytib o'tdik. Ana shu to'polonda “Hurriyat”ning binosiga toshlar otilib, bino oldidagi bayroq yoqib yuborilgan. Yonayotgan bayroq millionlab turklarning faxru g'ururi edi…Bu bilan birga ularning orzulari, armonlari, eng ulug' maqsadlari alangalanardi.

Uni 2018 yil 22 martda Demirören Holding kompaniyasi sotib olgan. Sotib olgandan so'ng, 50 ga yaqin mualliflar jamoaviy ravishda ishdan majburan olib tashlandi. Ushbu ishlar yuqori rahbariyat tomonidan gazeta bosh muharriri Vahap Munyarga xabar bermasdan amalga oshiriladi. Vahap Munyar ham bu voqeadan so'ng iste'foga chiqishga majbur bo'ladi. 1997 yildan beri “Hurriyat” gazetasi Turkiyaning matbuot bayrog'iga aylandi. 2020 yil aprel oyida Internet yangiliklar sayti reytingda eng ko'p odam tashrif buyurgan saytlar qatorida dunyo bo'ylab nufuzli o'ringa ko'tarildi. Va hurriyet.com.tr veb-sayti 2011 yil iyun oyida 9,5 million tashrif buyuruvchilar bilan Yevropadagi eng yirik saytga aylandi.

Bu yerda Dogan Hizlan, Ertug'rul O'zko'k, Sedat Ergin, Fotih Cekirge, Ahmet Xoqon, Abdulqodir Selvi, Yalchin Bayer, Gila Benmayor, Akif Beki, Prof. Doktor Usmon Mufti o'g'li, Tuna Kiremitchi, Hayot Gedik, Jengiz Semerci o'g'li, Qanot Atkaya, Melike Karakartal, Verda Ozer, Goxan Hechkim, Ugur Meleke, Ali Yece, Xoqon Unsal, Kenan Basaran kabi yozuvchi va jurnalistlar faoliyat olib borgan. O'z navbatida ular “Hurriyat”ning har bir xonadonga kirib borishini ta'min etganlar.

Frankfurtdagi “Hurriyat”

“Hurriyat” ilk bor 1950 yilda “Hurriyat Pazar” multfilm formatiga o'tgan. Oradagi yillar davomida u tarkib va vizual jihatdan yangilangan.

“Hurriyat” gazetasiga qo'shimcha “Hurriyat Pazar” 1950 yildan to hozirgi kungacha chop etib kelinadi. Bu gazeta 2011 yil 24 aprelda qo'shimcha gazeta formatiga o'tkazildi. “Turkiya hayrat shiori bilan bozorga aylanadi” deb e'lon qilgan edi vaqtli nashrlar va bu bozorning mazmuni kengaytirildi. Buni kengaytirishda Ahmet Hakan va Ertug'rul O'zko'k kabi yozuvchilar hissasi benihoya katta bo'ldi. “Hurriyat Pazar” 36 sahifada nashr etiladi.

“Hurriyat Kampüs” gazeta ilovasi 2010 yil martidan beri turli universitetlarning talabalar shaharchalarida tarqatiladi. “Hurriyat” ushbu ilova bilan yosh aholiga murojaat qilib, takliflar kiritadi, shuningdek, festival va tanlovlarni tashkil qiladi. Uning har oyning ikkinchi va oxirgi juma kunlari chiqadigan qo'shimchasi 2002 yil noyabr oyida televizion variantni efirga uzatishni bosh­ladi.

“Hurriyat” Germaniyaga ishlash uchun ketgan turk ishchilarining Turkiya va jahon yangiliklariga ehtiyojlarini qondirish uchun 1964 yildan buyon Germaniya va boshqa mamlakatlarga samolyotda olib borilgan. Shuningdek, uni Yevropa mamlakatlariga ham tarqata boshlashadi. Talab oshgani sayin 1970 yillarning boshida Germa­niyada ham “Hurriyat” gazetasini nashr etishga qaror qilinadi. Bugungi kunda “Hurriyat” gazetasi Germaniyaning Frankfurt shahri yaqinidagi muassasalarida nashr etilmoqda.

Eng ishonchli bandargoh

Tashkil topganidan beri “Hurriyat” gazetasi turk matbuotining yetakchi tashkiloti sifatida o'zining jurnalistik sayohati va salohiyatini davom ettirmoqda. Ushbu muvaffaqiyat ortida universal matbuot tamoyillari asnosida saqlanib turadigan aniq, ishonchli va xolis jurnalistikani ko'rish mumkin.

“Hurriyat” kun tartibini belgilash uchun hayotning barcha sohalarini qamrab oladigan iqtisodiyotdan siyosatgacha, kunlik voqealardan sportgacha bo'lgan jarayondagi qiziqarli maqola va xabarlarni tezkorlik bilan tarqatib boradi. Turk matbuotida yangilik va zamonaviy harakatlarning kashfiyotchilaridan biri bo'lgan “Hurriyat” bosma ommaviy axborot vositalarida texnologiyani rivojlantirish bilan o'z ishini raqamli texnologiyaga ko'tardi va bu yerda yetakchilikni namoyon etdi. Yigirma yildan ziyod vaqtdan buyon nashr etib kelayotgan hurriyet.com.tr sayti tufayli ishonchli yangiliklar millionlab raqamlarga tez va qulay tarzda yetib boradi.

“Hurriyat” xodimlari tomonidan yozilgan yangiliklar gazetalar, hurriyet.com.tr va ijtimoiy tarmoqlar orqali haftaning 7 kunida 24 soat davomida mushtariylarning yangilik va xabarlarga bo'lgan tashnaligini qondiradi. Internet muhitida “yangiliklar ifloslanishi”ga g'arq bo'lishni istamagan o'quvchilar “Hurriyat”ni o'zlari uchun eng ishonchli bandargoh deb bilishadi. Xuddi shu tarzda, reklama beruvchilar ham “Hurriyat”ni ushbu dalil asosida ushlab, o'z reklamalarining maqsadli auditoriyaga yetib borishini afzal ko'rishadi.

Yakshanba bayramlari

Har yakshanba nashri xonadonlarga boshqacha ruhda kirib boradi. Go'yo bu kun turk oilalari uchun “Hurriyat” bilan birga bayramdek gap. Raqamli yangiliklar bilan tajribali yangi dunyo dinamikasi va iqtisodiy o'zgarishlardan hapriqqan Turkiyaning “Hurriyat” gazetasi butun dunyo gazetxonlari qalbida inqilob qilishda davom etadi. Chunki yakshanba nonushtasiga o'tirgan turk xalqi “Hurriyat”ning yakshanba sonlarini o'zgacha bir xotirjamlik va kuyinchaklik bilan o'qib chiqishadi.

Shanba — odamlar o'z oilalari, farzandlari va do'stlari bilan rejalar tuzishni, shahar hayotida qatnashishni va do'konga borishni xohlaydigan kun. “Hurriyat” gazetasi shanba kuni Ugur Vardan, Vedat Milor, Savash O'zbey, Tolga Akyildiz, Bahar Chuxadar va Elchin Yaxshi kabi mutaxassislar bilan o'z o'quvchilariga rahbarlik qiladi. Madaniyat, san'at, xarid qilish va tadbirlarning kun tartibi sifatida kinodan musiqaga, teatrdan kitobga, uslubdan televideniega qadar qamrab olinadi. “Hurriyat” shanba yulduzlari tizimi bilan baho berib, “eng yaxshi” maxsus intervyular, sharhlar va dinamik dizayni bilan shahar qo'llanmasi sifatida hafta oxiriga rang va boylik qo'shdi.

“Hurriyat Pazar” ilovasi birinchi nav­batda yakshanba zavqiga olib kiradi. O'zining taniqli ismlari, maxsus yangilik­lari, shuningdek, hajviyalar, ovqatlanish, tabiat, texnologiya kabi dolzarb masalalar bilan Turkiya bo'yicha kun tartibini, fayllarni, dunyo bo'yicha eksklyuziv intervyuni va boshqa maqolalarni sizga tuhfa etishdan charchamaydi. Mehmet O'z, Ebru Erke va Hakan Gence kabi o'z sohasining eng mashhur va muvaffaqiyatli nomlari o'quvchilar bilan yuzma-yuz bo'ladi. Yakshanba kunlari Turkiyaning bozordagi eng obro'li brendlaridan biri bo'lgan “Hurriyat” gazetasi, butun hafta davomida turk xalqining charchoqni his qilmasliklariga, ishonch va qat'iyatiga dastak bo'ladi.

Qalbdagi “Hürriyet” koshonasi

Shuni ta'kidlash kerakki, keyingi payt­larda Turkiya hukumati va turk jurnalistlari o'rtasida tushunmovchilik va kelishmovchiliklar ko'p sodir bo'lmoqda. Oldinlari harbiy, diniy hujumlar sabab jurnalistlar joniga suiqasd qilish hollariga duch kelinardi. 2012-2013 yillarda Turkiya jurnalistlarni hibsga olish bo'yicha dunyoda birinchi o'rinni egalladi.

Bugun “Hurriyat” gazetasi faqat gazetchilik bilan shug'ullanmaydi. U o'zining mustaqil telekanali, nashriyoti va bir qancha xususiy korxonalariga ega. Qoq manglayiga “Hürriyet” deb yozilgan hashamatli koshonani ko'rgan har kishining bunday joyda ishlagisi keladi. Axir bugungi kunda aksariyat “bilag'onlar” “Gazeta kerakmi?” deb elga ma'rifatni ko'p ko'rib turgan bir paytda tili, dini, an'analari deyarli biz bilan bir xil bo'lgan turk jurnalistlarining “erkalanib” ishlab yurishlari kishining havasini keltiradi. Zero, umrini mayda-mayda harflarni terib, ma'rifat sochishga qaratgan har bir ziyoli, har bir ijodkor mana shunday baxt­dan bahramand bo'lib o'tkazishga haqlidir.

Shu ma'noda hur fikrlilik, yoniqlik, millat hayotiga mas'ullik kabi fazilatlarning turk gazetalarining, xususan, “Hurriyat”ning fazilatiga aylanib ketganligi odamga ertangi kun ishonchini tuhfa etadi. Zero, haqiqat har qanday matbuotning yuziga tutilgan ko'zgudir. Bu ko'zgudan yuzni yashirish, butun umr boshni yashirib o'tish bilan baravardir .

“Erkinlik bu yolg'on gapirmaslik huquqidir!”

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida bir ijodkor do'stimiz bilan turk matbuotining erkinligi haqida suhbatlashar ekanmiz, u turklar eng yirik siyosiy voqelikdan tortib, nufuzli va zodagon oilalarning mayda-chuyda hashaki janjallarigacha – hamma-hammasini matbuotda juda tezkorlik bilan yoritilishini aytdi. Bo'lsa, bordir. Biroq o'ylaymizki, yurt va millat qayg'usida bo'lgan “Hurriyat” deb nomlangan har qanday nashr bu kabi yengil-elpilikdan yuz o'girishi tabiiy.

Erkinlik, bu — yolg'on gapirmaslik huquqidir, degan edi fransuz yozuvchisi Alber Kamyu. Biz buni Turkiyaning bir necha gazetalari, xususan, “Hurriyat” gazetasi timsolida ko'rib turibmiz. Zero, rost so'zning, adl so'zning ko'lami hudud bilmaydi. U eshitmaydigan quloqqa ham yetib boradi. Bugun o'zining boy tarixi, jurnalistlarining egilmas va sinmas qalamlari, muhimi, xo'rlanmagan, tutqun bo'lmagan So'zi bilan dunyo ahlini lol qoldirmoqda. Biz esa bir hamkasb sifatida “Hurriyat” faoliyatiga havas qila turib, hurriyatingiz kirlanmasin, zo'rlanmasin, degimiz keladi.

Har kimning ismi aytilganda bu qulog'iga jaranglab eshitiladi, bexos burilib qaraydi. Biz ham bugun jahon afkor ommasi orasida “Hurriyat” gazetasi e'tirof etilar ekan, bexos qayrilib qaraymiz, eshitish sezgilarimiz yayrab ketadi. Zotan bu ularning muvaffaqiyatiga sherik­lik hissidan emas, havas, umid, ishonch hislaridandir. Bizning O'zbekis­tonimizning “Hurriyat”i ham turk birodarlarimiz “Hürriyet”i qadar dunyo sahnida qanot yoyishidek yoqimli va sevinarli umidlarni tuyib qolamiz.

Go'zal Begim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =