Kichik hikoyalar

Muallif haqida: Shuhrat Matkarim — 1960 yilda tug'ilgan. 1985 yilda Xorazm Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini ingliz tili o'qituvchisi ixtisosligi bo'yicha tamomlagan. “Kun shunday boshlanadi”, taniqli o'zbek shoiri Matnazar Abdulhakim haqida “Ustoz haqida so'z” xotira — esselar kitob­lari nashr etilgan. Xeminguey va Shukshin hikoyalarini o'zbek tiliga tarjima qilgan.

* * *

Tug'ilgan kun

Ishdan kelib kiyimlarimni almashtirayotsam nevaralar buvisining ovozi keldi:

— Otasi tezroq chiqi-ing! Bolalaringiz sizga qarab o'tirishibdi-ii..

Dasturxon kamtargina bezatilgan edi. “Mehmon kelib ketgan bo'lsa kerak”, o'yladim men. Nevaralarning ham, ularning buvilarining ham, menga issiq-issiq tikilishayotganligidan mendan nenidir istashayotganligini his qildim. Ammo nimani kutishyapti, bilolmadim. Bu ularni zavqlantirayotgan edi. Yana dasturxonga qaradim. Mo''jazgina, chiroyli qilib beza­tilgan. Bayramning isi kelayotgandi. Ammo qanaqa bayram? Mening duv-dolo bo'lib o'tirganimni ko'rgan nevaralarning momosi ko'makka keldi:

— Bugun biz bayram qildik!

Hayronligim battar oshdi:

— U ne bayram?

Kichik, besh yashar, she'rlar yodlab mehmonlarga o'qib berishni (albatta, bekorga emas) yaxshi ko'radigan nabiram Matkarim buva og'zini bekitib piqqillab kuldi, keyin opasi, beshinchi sinfda o'qiyotgan Zevarjonga tikildi: “Qarang-a, bilmas ekanlar!”

— Ne gap o'zi bolalar?

— Voy, shuni ham bilmaysizmi? — Zevarjon charos ko'zlarini katta-katta ochib, cheksiz hayrat bilan tikildi menga.

Bir muddat oiladagilar, yaqinlarning tug'ilgan kunlarini eslashga harakat qildim. Foydasiz.

— Yo'q, bilmas ekanman, — tan olishga majbur bo'ldim men hijolatda.

— Biz esa bayram qilib o'tiribmiz, — nevaralari tomonda turib “hujum” qildi buvisi.

Ilojsiz qolgan edim.

Zevarjonning menga rahmi kel­di:

— Axir bugun Ogahiyning tug'ilgan kuni-ku-uu!

Darvoqe, bugun 17 dekabr edi. Shunday kun xotiramdan ko'tarilgani uchun nabiralarim oldida chindan ham izza bo'ldim.

Oshiq yigit!”

Dilshod o'g'lining ovozini eshitib mamnun jilmaydi. Kuni kecha bo'lib o'tgan voqeani esladi. O'g'lini bog'chadan olishga borgan edi. Bog'cha opasi bir necha marta eslatsa ham Eryigitning xonadan chiqishi qiyin bo'ldi. Oxiri bog'cha opaning o'zi xonaga kirib, Eryigitni qo'lidan tutib, yetak­lab chiqdi. Eryigit juda hayajonlangan edi.

— Ne gap bolam?

— Hech kimga aytmasangiz sizga bir gap aytaman, — dedi Eryigit ikki yonog'i qip-qizarib.

— Ne gap ekan, bolam? Hech kimga aytmayman.

— Men Madinani yaxshi ko'raman, — dedi u ko'zlari bilan yer chizib ketar ekan.

— Eyyy, — bu gapni birov eshitmadimi deb, Dilshod atrofiga alanglab qarab qo'ydi. Birdaniga nima deyishini ham bilmay qoldi. Zavqi keldi. “Topgan gapini qara!”

— Dim yaxshi bo'pti, — dedi keyin o'g'lining ko'nglini ko'tarish uchun. — Sallamno1!

— U esa meni yaxshi ko'rmaydi, —dedi Eryigit bolalarcha soddalik bilan. Uning ko'zlari jiqqa yosh edi. Dilshodning butun dunyosi ostin- ustun bo'lib ketdi. Hayajonning zo'ridan titrayotgan o'g'lining jajjigina, momiqqina kaftini avaylabgina meh­natda qotgan, rapidaday katta kaftlari orasiga oldi. U murg'akkina bolaning tavba, kattalarnikiday, bal­ki ularnikidan ham ma'yusroq ko'zlariga hayron tikildi. U hamon ne deyishini, qalbiga olov zarrisi tushgan mitti yurakni qaysi so'zlar bilan, qanday ovutishni bilmas edi. Bolaga biror narsa deyish lozim edi. Dilshod bolaning erkak ko'nglini juda-juda yaxshi ilg'adi. Shuning uchun unga quvvat bo'luvchi so'zlarni aytishga qaror qildi:

— Qizlar yaxshi ko'rganini aytmaydilar. Balki u ham seni yaxshi ko'rar…

— Yaxshi ko'rmaydi, — chuqur “uh” tortdi Eryigit. — U Behzodni yaxshi ko'radi.

— Sen qaerdan bilasan buni?

— U faqat Behzod bilan o'ynaydi.

“Yo Xudo! Oshiqni bunchalar miskin, ma'shuqani bunchalar mag'rur yaratmasang”.

Ertasi kuni bog'chada ota-bolalarning gurunggi yana davom etdi.

— Qani, Madinani menga bir ko'rsat…

— Yo'q, — dedi Eryigit qo'lini Dilshodning kaftidan zardali tortib olar ekan. — Ko'rsatmayman!

— Nevchun?

— Uyalaman.

— Nega uyalasan?

— Uyalaman, dedim-ku, shuning uchun uyalaman.

Dilshodning yana zavqi keldi. Eryigit uyatdan qip-qizarib ketgan edi. “Ay, Xudoyim uyatni berganing­ga shukr. Uyalib turgan kishi qanday ajoyib!”

Shularni xayolidan kechirar ekan Dilshodning horg'inchiligi tarqab ketdi. “Oshiq yigit!”

Yolg'on

— Yo'q, hammasi zo'r, hammasi ajoyib bo'lib turgan edi, — jig'i-biyroni chiqdi Sovurning. — Sharmanda etdi Reyim kal!

Tuman fermerlar uyushmasining rahbari, kal, deb yozg'irayotgani Reyim ota fermer edi. Yetmishlariga yaqinlashib qolgan. Yetti pushti ketmon chopib bel ko'targan. Po'rtaki. Haqiqatparast. Yolg'onga tobi yo'q. Yolg'on gapirishni ham, yolg'on gapirganni ham yomon ko'radi. Shu fe'li uchun uni ko'plar yoqtirmaydi. Ammo u bu qilig'ini tashlay demaydi. Bu safar ham shunday bo'ldi. Yig'ilishni yakunlayotgan tuman hokimi, kimda gap bor, dedi. Reyim bog'bon qo'l ko'tardi.

— Eshitamiz, ota!

— Bular sizni aldadilar! — dedi Reyim ota o'rnidan turar ekan guldirak ovozda. — Bu yo'lning ikki tomoniga uyub qo'yilgan go'nglar toza chiqarilgan emas. Biz ularni kechasi bilan kecha siz ko'rgan yerlardan bu yoqqa tashib chiqdik.

Zal bir guvrandi. Qishloq fermerlari, tumandan kelgan mutaxassislar orasida shivir-shivir boshlandi.

Hokim bir muddat boshini yerga osganicha turib qoldi. Keyin bu qish­loq fermerlari falon tonna go'ng to'p­ladilar, deb ikki yo'l chekkasidagi uyumlarni maqtanib ko'rsatgan Sovurga, so'ng zal o'rtasida ko'kragini kerib turgan, hali qarilikni bo'yniga olmagan, baland bo'yli, suyakdor gavdali, bir vaqtlar bug'doyrang bo'lgan yuzini yillar qoraparangga do'ndirgan Reyim bog'bonga qaradi.

— Tushunmadim, — dedi hokim ancha vaqtdan keyin ovozini pastlatib. Bu uning jahli chiqqanidan darak edi.

— Biz sizni aldadik! — dedi Reyim bog'bon. — Mana bu yigitning gapi bilan, — bog'bon Sovurga ishora qildi. — Kechasi bilan kecha siz aylangan yerlardagi darsni bugungi aylangan yerlaringizga ko'chirib chiqdik…

Endi qirqlardan oshgan Sovur bozor ko'rgan gachchi2 bo'lsa-da hozir bir- zumgagina tipirchilab qoldi. Ahvol jiddiy edi. Ammo tezda o'zini o'nglab oldi. Agar shunday qilmaganida Sovur Sovur bo'lmas edi.

— Shu gap rostmi? — hokimning ovozi tahdidli yangradi.

— Rost, yoshulli, — dedi Sovur birzum ham o'ylab o'tirmay baland va tantanavor ovozda go'yo yillik paxta tayyorlash rejasini bir kunda bajargan kolxoz raisiday. — Reyim ota haq gapni aytdilar! O'zi o'ylab o'tirgan edim, qani bu gapga kim e'tibor berar ekan, deb. Reyim otaga rahmat! Mening shu ishimni ham bee'tibor qoldirmadilar. Ammo yoshulli, shu yerda bir narsani aytib o'tishim kerak. Hamma bilsin. Darsni u yerdan bu yerga ko'chirishdan maqsad sizga go'ng ko'rsatish emas, fermerlarning texnikasi ekishga tayyorligini bir sinab ko'rish edi! Rahmat fermerlarga, texnikani dutorning toridin etib sozlab qo'ygan ekanlar! Yoshulli, o'zingiz ko'rgan bugungi darslarni qishloq fermerlari bir kechada bir yerdan ikkinchi yerga ko'chirdilar. Rahmat bularga!

Hokimning oppoq yuzi birzumda qip-qizarib ketdi.

— Tashqariga chiqing, — dedi Sovurga eshitilar eshitilmas. — Siz bilan maydonda gaplashamiz.

Tashqariga chiqqan Sovurning ko'zi qorovul Komil otaga tushib unga dardini to'kib solayotgan edi:

— Yoshullining ham kayfiyati yaxshi edi. Shu kal ishni buzmaganida hammaga rahmat aytar edi…

— Ha, endi yoshulli, Reyimni bugun ko'rib turganingiz yo'q-qu, — Komil ota kalta qirqilgan oq soqolini kajkart o'roqday bukilib qolgan, quruqshab qotib, qalin terisi yorilib-yorilib ketgan barmoqlari bilan siyrak cho'qqi soqolini silar ekan eski, labi uchgan piyolasidagi sovib qolgan choyni “shalt” etkizib oyoq ostiga otdi. — Ahmoqmi, ahmoqligini etaveradi. — Keyin Sovurning qizarib, bo'zarib ketgan yuziga, bir joyda turmay olma-kesak terayotgan kichik, shum va qo'y ko'zlariga boqdi. “Ammo malades, Reyim!” o'yladi u. “Ammo haqqinnan chiqibsan-ov bu eshshaklarning. Hammasining ishi ertadan kechgacha ko'z bo'yab, bir-birovini aldash!”

Shu payt hokimning shotirlaridan biri yugurib keldi:

— Sizni yoshulli chaqirayotir! — dedi u Sovurga. — Tez bo'ling!

Sovur yana birzumga bo'lsa ham bo'shashib ketdi. Ammo tezda o'zini qo'lga olib yoshullining mashinasiga qarab chopdi. Yig'ilishni yakunlab chiqayotgan hokim unga uch-to'rt og'iz gap aytdi-da, mashinasiga o'tirib jo'nab qoldi. Sovur esa egilganicha ancha turib qoldi. Hokimning nima deganini hech kim eshitmadi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 5 =