«Kim zo'r?»

Dunyoda eng yomon odat… nima, bilasizmi? Tarrakday qotib yotgan odamni tuyqusdan uyg'otish! Ordona qolgurning tovushini o'chirmagan ekanman, qulog'imning ostida varanglab ketsami. Seskanib uyg'ondim-u o'n ikkinchi qavatdan otgilarim keldi. Asfaltga tushib, abjaqqinasi chiqib, sochiliblar ketmaydimi!

— Kunning qizili botmasidan katagingga kirib opsan-da? — Parpining ovozi eshitildi. — Bizning tovuqlar haliyam hovlida qaqaqlashib yuribdi.

— Kecha ishdan kechroq qaytgandim…

— Sen bechoragayam qiyin. Ish-ish deb o'lasan-ketasan bir kuni.

— Sen-chi? Bu dunyoga ustun bo'lishga litsenziya olganmisan?

— Mayli, bilganingdan qolma, — dedi tovuqlari haligacha hovlisida qaqaqlashib yurgan oshnam. — Olimman deb kerilguncha, bir savolga aniq javob ber.

— Xo'sh?

— Putin zo'rmi — Tramp?

— Tushunmadim. Nima deding?

— Karmisan? “Putin zo'rmi — Tramp?” deyapman.

“Posho'l…” deb o'rischalab so'kib yuboray desam, tilim qisiq: o'tgan asrda o'n yil birga o'qiganmiz. Taqdir “sinf­doshlik”, degan ko'z ilg'amas po'lat zanjirni bo'ynimizga osib qo'yganki, Parpi ming chaqirim olisdagi qishlog'imizdan turib o'sha savil qolgurni ahyon-ahyonda, sabab-besabab tortib turishdan huzur qiladi. Tortgan paytida albatta yonida kimlardir bo'ladi, buni sensirashidan bilaman.

— Qishloqda to'y qilganim yo'q-ku, Parpi? — dedim yotgan joyimda.

— Tani-joning sog'mi? Men sendan…

— Qishloqda to'y qilib, tomoshasiga kurash qurmagan bo'lsam, — deb gapini bo'ldim. — Putin bilan Tramp davraga chiqib olishmagan bo'lsa, kim zo'rligini men qaysi go'rdan bilaman?

— Sen bola, talmovsirama! — dedi oltmishdan oshgan sobiq sinfdoshim. — Bugun pensiya qo'lga teguvdi, jo'ralar bilan oz-ozdan olib o'tiribmiz. Bu dunyo o'tar-ketar. Hasratning hammasini senga yig'ib berganmiz, to joying­­da tosh qotguningcha ishla…

Pensiya jamg'armasidagilarga ham qoyil emasman: biror joyda uch kun yolchitib ishlamagan Parpiga o'xshagan fuqarolarga pensiya, boz ustiga, naqdgina qilib, uyginasiga, qo'lginasiga olib borib berishadi. Behasrat oshnam­ning aytishicha, pensiyasi bir oylik araq bilan gazagiga bemalol yetadi.

“Mabodo yetmay qolsa-chi?” — deb xavotirlanaman ba'zan.

“Xudoga shukr, o'g'lim bor”, — deydi oshnam faxr-iftixor tuyg'ulariga limmo-lim to'lib.

“Axir o'g'ling qanday qarashadi-i? — deb xavotirim yana-da oshadi mening. — “O'g'lim — o'zim raislik qiladigan “Bekorchilar uyushmasi”da o'rinbosarim” deganding-ku?”

“Fu, shuyam gap bo'ldimi? Kelinni nimaga olganman, kelinni! Maktabda muallim. Oyligi — qishloqning oldi!..”

— Piyonista chollarga salomlar bo'lsin! — yonboshimga ag'darilar ekanman, karavotim g'ichirlab ketadi.

— Piching qilmada, gapning indallosini ayt… Xo'-o'sh, manavi oshnalarning bari, Tramp zo'r, deyapti…

— Sen-chi?

— Men Tramping Putinning oldiga tusholmaydi, deyapman…

Asli shunga o'xshash bahslar yettinchi sinfga o'tganimizda boshlangan. Saboq tugashi oldidan “Tarix” o'qituvchimiz Parpiga qaramaslikka harakat qilarkan, so'rardi: “Dars tushunarlimi, bolalar? Savollar yo'qmi?”

“Tushunarli!” — derdik biz jo'r bo'lib.

“Menda savol bor!” — deb namoyishkorona o'rnidan turardi Parpi.

“Xo'sh?”

“Lenin zo'rmi Stalin?”

O'qituvchimizning chuvakkina yuzi burishib ketardi.

“Masalani bunday qo'yib bo'lmaydi, — derdi u. — Savol mantiqan noto'g'ri!”

“Nimasi noto'g'ri? — deb bo'sh kelmasdi Parpi. — Stalin urilgani, nomi qoralangani uchun noto'g'rimi? Qo'rqayapsiz!..”

“Senga kimning qanaqaligini birov aytganmi?”

“Aytgan”.

“Kim? Qachon?”

“Kecha, otam aytdi, — Parpining otasi qishlog'imizdagi yagona magazinning yagona mudiri, o'g'li katta tanaffusda borib cho'ntagini pechenyega to'ldirib kelar va darsda ham pishillagancha kavshanib o'tirardi. — Stalin zo'r bo'lgani uchun Leninni o'ldirib, joyini o'zi egallagan, dedi”.

“Lenin o'layotganida otang uning og'ziga suv tomizib turgan bo'lsa, nega mendan so'rayapsan?”

“Aniqlab olmoqchiman!” — ijikilardi kiyimidan maktabni bitiruv kechasidayam pechenye isi anqib turgan Parpi.

“Otangning gapiga ishonmasang, — degan domla, — unda, borib enangdan so'ra!..”

Mana, oradan ellik yil o'tganidan keyin, Parpi mendan yana navbatdagi olamshumul gapini tasdiqlatib olib, birga o'tirgan shishadoshlarini mot qilmoqchi. Balki bir-ikki shishadan garov o'ynagan bo'lsa, yutib ham chiqmoqchidir.

— Sen aytayotgan odamlar kim, o'zi? — dedim men homuza tortib. — Nima ish qiladi?

— Uv-v bola, talmovsirama! — dedi endi araq anqib o'tirgani aniq sinfdoshim. — Kimligini bilmaysanmi?

— Na o'zini, na boshpurtini ko'rmagan bo'lsam, qaerdan bilaman!

— Birovi Amerikaning, ikkinchisi Rossiyaning kattasi-ku, kallavaram!

— Xo'p, — dedim, — kattasi bo'lsa, senga nima qayg'usi qoldi? Tinch qo'y bechoralarni. Siyosatga burningni tiqib nima qilasan?

— Tiqayotganim yo'q, — dedi Parpi. — Qaysi biri zo'rligini bilmoqchiman.

— Xo'sh, seningcha qaysi biri zo'r?

— Aytdim-ku, Putin deb.

— Sababi?

— Sababi — u razvedkachidan chiqqan. Pixini yorgan.

— Tramp-chi?

— Tramp — boyvachcha bo'lsayam, o'zimizning Suvon meshga o'xshagan, soddaroq.

— Buni senga kim aytdi?

— Kampirim aytgan. Bizzi kampir tilbizirni mo'yniga osib yuradi. Dunyoning gapidan xabari bor.

— Unda borib kampiringdan so'ra-da, meni ovora qilganing nimasi, go'rso'xta!..

Telefonimning biqiniga bir urib, yostiqning tagiga tiqdim-da, ko'rpani boshimga tortdim.

Jonqobil Juma.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =