Qishloqda yarim tun…

Qishloq. Oddiy oilalardan birining xonadoni. Chorpoya. Kechki ovqat mahali. To'g'ridagi uyning siniq deraza tabaqasida so'riga qaratilgan televizor bor. Hammaning ko'zi ongni, ma'naviyatni, qolaversa, vaqtni o'g'irlab, yamlamay yutayotgan “tilbuzar”da…

To'rda ota — xayolida ming bir o'y va ro'zg'or tashvishini o'ylab; yonida ona — bolalarning ertasi, oila kam-ko'stini o'ylab; quyiroqda esa shaharda kontraktda o'qiydigan “ustudent” — ota-onasini o'ylab… televizorga termilishgan.

“Oynai jahon”ga chiqib olib, so'zlarni shevaga botirib paqqos tushirayotgan boshlovchining gaplariga hech kim e'tibor bergani yo'q. Hamma o'z sukunatini “iste'mol qili-ib” o'tiribdi…

* * *

Tilla zavod ishlamagan yerda misning qad­ri baland, bozori chaqqon bo'ladi. Bu metallga talab oshgani sayin, narx-navosi ham ko'tariladi, mis odamlar orasida eng qadrli matohga aylanadi. Tilla qazib chiqarish bir chetda qolib, barcha konchilar o'zini misga “uradi”. Rudaning soxta nusxalari tayyorlanadi, xaridorlarga “haqiqiy” degan tamg'ada sotiladi. Eng qizig'i, avom haqiqiy va soxta misning farqiga ikki dunyoda ham yeta olmaydi…

Men bugun hayotga boqib aynan shunday ahvolni ko'raman. Adabiyotga qarang: shoirni shoir, yozuvchini yozuvchidan boshqa aytarli hech kim o'qimaydi. Talabalar majburligidan onda-sonda eng zo'r yo nozo'r kitoblarni “cho'qilamasa”, oddiy aholi orasida mutolaa ko'rsatkichi ancha past. Balki fikring xato, mana, falon yilgi reytinglarni ko'r, bizda mutolaa foizi baland, deb oldimga bir dunyo statistikani tashlashingiz mumkin. Kechirasizu, biz hozir haqiqiy “ahvolimiz” haqida gap­lashyapmiz. Uzoqqa bormang, atrofingizga, agar bo'lsa kitob javoningizga, ota-onangizga bir nazar soling. Ularning ro'zg'or tebratishdan, pul topishdan muhimroq bosh­­qa g'ami yo'q. Moddiyat — hamma narsadan ustun!

O'tgan asrning 70-80 yillar adabiyotida yetishib chiqqan shoir-yozuvchilarning g'oyasi, maqsad-muddaosi istiqlolga erishish edi. Faqat shu yo'lda birlashib, qadam bosishgan ular. Asosiysi, bemaqsad yozmagan: “Shunchaki yozmoqlik — shoirga o'lim!” (Halima Xudoyberdiyeva). Bugun ko'p jurnalist-yozuvchilarning ishxonada soat 9:00 dan 18:00 gacha o'tirib, yasama so'zlarga serjilo libos kiydirib, qilgan tahriru yozuv-chizuvlaridan ko'ra qurilishdagi mardikorning Vatanga foydasi ko'proq tegayapti, nazarimda. To'g'ri-da, bir uyni poydevoridan boshlab qurib, egasiga topshirsa, ham mo'maygina daromad oladi, ham bir oila uyli bo'lib, ustani duo qilib yashaydi…

Xo'sh, ayting va baraka toping, nega bugun jurnalistikaning ahvoli shunchalik g'arib? Sabab bitta: bizda unga e'tibor susaygan, xolos…

Matbuot mavzusining siyqasi chiqdi. Bu haqda qishlog'imizdagi Chori aka bilan pis­tachi Sotti xolaning gapirmagani qoldi. Natija esa…

Televidenieni oling. Ayniqsa, xususiy telekanallarning ahvoliga boqing. Diling og'rib-og'rib, oxiri shunga “o'rganib” qolganday.

Agar dunyodagi jami urf-odatlar bozorga olib chiqib sotilsa, har bir millat vakili aylanib-aylanib, baribir, o'zining mentalitetiga mos qad­riyatlarni sotib oladi. Chunki aynan ular orqali esini tanigan, o'zligini anglagan. Bugun telekanallarimiz dunyo­­da eng reytingi baland ko'rsatuvlarning o'zbekcha variantini suratga olayotgani, efirga uzatayotgani bor gap. Masalan, “Ugaday melodiyu” — “Navo shou”, “Vecherniy Urgant” — “MTV shou”, “Vzglyad snizu” — “Bola tilidan”, “Prosti menya” — “Meni kechir” va hokazo. Oramizda ayrimlar buni o'g'irlik sifatida baholayapti. Mayli, lekin faqat ko'ngilochar, bachkana loyihalarni emas, ma'noli, saviyasi baland ko'rsatuvlarni ham “o'g'irlash”ganda edi. Oddiygina “Golos”, “Golos deti”, “Voice”ning butun dunyoda yuzlab variantlari efirga uzatiladi: “O ses Türkiye”, “Golos kraїni”, “The Voice of Holland”, “La Voix”… Bizda ham shunga o'xshash keng auditoriyali, saviyali, darajasi yuqori ko'rsatuvlar olib bo'lmaydimi, desam “Mening yurtim” telekanali Bosh muharriri Dilshod Mamaturdiyev shunday deydi:

— Ommaviy axborot vositalari xalqqa yaqin bo'lishi kerak. Lekin masalaning yana bir tomoni bor, bu moliyaviy munosabatlarga borib taqaladi. Davlat telekanallarining faoliyati davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. Siz nazarda tutgan pozitsiyadan turib turkum ko'rsatuvlar qilish va bu orqali xalqqa yanada yaqin bo'lish mumkin.

Nima uchun nodavlat telekanallarida bu kabi loyihalar kam, bilasizmi? Chunki har qaysi nodavlat telekanal o'zining ichki imkoniyatlari, kadrlar salohiyati va moliyaviy holatidan kelib chiqib, bu kabi loyihalarni tayyorlashga kirishadi. Texnika va ijodiy guruh xarajatlari aynan o'z hisobidan qoplanadi. Bu kabi ijtimoiy loyihalarga esa homiylar jalb qilinmaydi. Chunki homiylarni faqat ko'ngilochar teleloyihalar qiziqtiradi.

Buni to'g'ri tushunish kerak, chunki bozor iqtisodiyotida yashayapmiz. Xususiy telekanallar imkoniyati keng, formati o'zgacha bo'lsa-da, ko'p hollarda bachkana ko'rsatuvlar, bo'lar-bo'lmas lotereya shoulari bilan aholining vaqtini o'g'irlayapti, degan fikrdagilar ham bor oramizda. Men bunga qo'shilmayman. Chunki har qaysi telekanal faoliyat yuritish bo'yicha litsenziya olishda o'z formatini ko'rsatib o'tadi. Unda ko'rsatuvlar yo'nalishi, mazmuni, auditoriya­si kabi barcha elementlar hisobga olinadi. Bu tasdiqlangan format.

Menimcha, nodavlat telekanallarga beriladigan imtiyozlar, ajratiladigan Grant mablag'lari yoki subsidiyalar borasida yangi islohotlar kerak. Natijada nodavlat telekanallarda ijtimoiy soha yanada jadallashib, rivojlanishi mumkin.

Men bugungi tomoshabinga achinaman. Sababi, shunday ko'rsatuvlar borki, u sizga o'ylash uchun imkon qoldirmayapti. Natijada odamlar uchun oddiy o'y surish, fikrlash mashaqqatli mehnatga aylanib qolyapti. Iste'mol qilayotgan vaqtimiz, havoga sovurayotgan so'zlarimizning ozgina bo'lsa-da ma'naviy yuki bor-yo'qligiga e'tibor berilmayapti. Doim “silliq” qiyofalar, yengil-elpi fikrlar, bachkana ko'rsatuvlardan keyin ma'naviyat haqida gapirishga yo'l bo'lsin…

Ijtimoiy tarmoqlarda “ZO‘R tv” telekanali muharriri Feruza Yusupovaning bir fikriga ko'zim tushdi: “Biz ham milliy seriallarni efirga berish tarafdorimiz. Lekin hozircha talabga javob beradigan milliy serial taklif qilinmadi. Shu sabab xorijiy davlatlar tomonidan ishlangan kinolarga murojaat qilaveramiz”. Xo'sh, qachongacha kamimizni xorijning kesilgan, qirqilgan chala-yarim seriallari bilan to'ldirib yashaymiz? Axir bizda kino san'ati rivojlangan, aktyorlarimiz ham salohiyatli bo'lsa, qachongacha tilla zavodimiz turib, g'isht zavodining javlon urib ishlashiga, kinomizda “Kelin xiyonati”, “Bir uyda ikki xotin”, “Oilasini buzgan fohisha”, “O'ynashining siri fosh bo'ldi”… kabi sariq chaqaga arzimas “kino”lar paydo bo'lishiga indamay qarab turaveramiz? Savollar ko'p, javob esa…

Xo'sh bu borada tomoshabin nima dey­di?

Baxtiyor Qurbonov,

shifokor:

— Telekanallarimiz o'rtasida sog'lom raqobat yo'q. Boshlovchilarni tanlashda ham talabchanlik yetishmaydi. Eng muhimi, mablag' kam sarflanadi va arzonning sho'rvasi tatimaydi, deganlaridek auditoriya yig'a olishmaydi. Mayli, chetdan ko'chirsin, lekin zo'r qilib, o'g'irlik qilmasdan, o'sha ko'rsatuvlarning “egalari” bilan hamkorlikda loyi­halar yaratishsin. Shunda haqiqiy shou dasturlar paydo bo'lardi. Ko'nglim o'zbek ko'rsatuvini tusasa, “Zakovat”ni ko'raman, xolos.

Nima bo'lganda ham, televidenie­ga har kuni millionlab aholi tikilib o'tiradi. Boshlovchilar aytgan har bir so'zini tahlil qiladi. Hozir davlat telekanallari bilan xususiy telekanallar o'rtasida farq yer bilan osmoncha. Qo'lida mikrofon ko'tarib yurgan “teleyulduz”larning hammasini o'z sohasining yetuk mutaxassisi, deyish qiyin. Bir-biridan bema'ni “Voydod karaoke”, “Aldama meni”, “Hello Afrika” ko'rsatuvlarining yo'q saviyasi haqida gapirishning o'zi kulgili. Farzandlarimiz teleekran orqali uzatilayotgan tarjimasi nihoyatda qashshoq turk, koreys kino, serial va har xil saviyasiz “shoular tili”da so'zlashayotgani sizni tashvishga solmaydimi?

Sadoqat Dadayeva,

“Mahalla” telekanali jurnalis­ti:

— Tomoshabin auditoriyasi turli qatlamga bo'linadi. Ba'zi odamlar ko'ngilochar ko'rsatuvlar muxlisi, ba'zilarga hayotiy taqdir qissalari qiziq. Ba'zilar esa mashhurlar hayotidagi mish-mishlarga qiziqadi. Bugun tomoshabinlar orasida shov-shuvga o'ch, yengil-elpi shoularga mukkasidan ketgan bir qatlam shakllandi. Ularga ur-yiqit, bachkana hazillarga asoslangan dasturlar kerak.

Mediaolamda davlat va xususiy sektor faoliyati hamisha farqli bo'lgan. Davlat sektoriga qarashli telekanallar davlat siyosatini, pozitsiyasini yoritadi. Sababi, u davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. Xususiy sektor esa, asosan, reklama hisobiga “kun ko'radi”. Ya'ni, xususiy telekanallar o'zini o'zi “boqadi”. Jahon jurnalis­tikasiga nazar solsangiz ham, hech qachon davlat telekanallarining auditoriyasi xususiy telekanallarnikidan keng bo'lolmaydi.

Davlat telekanalida faoliyat yuritayotgan ijodkor sifatida ayta olamanki, bu jarayonni tabiiy va to'g'ri qabul qilish lozim. Xususiy telekanallarda faoliyat ko'rsatayotgan ijodkorlarning aksariyati avval davlat telekanallarida mehnat qilib, tajriba to'plagan kadrlar ekanini ham unutmaylik. To'g'ri, xususiy telekanallarning tomoshabini ko'p ekani davlat telekanallarini ham raqobatga undadi. Bizda eskicha qoliplardan voz kechib, oddiy, xalqona tilga o'tish talabi paydo bo'ldi. Bugun odamlar uzundan-uzoq va'zlardan ko'ra, oddiy turmush tarzini, o'z taqdirini oinai jahonda ko'rishni istaydi. Davlat telekanallari ham buni yaxshi tushunib turibdi. Vaholanki, bizning ham o'z auditoriya-yu muxlislarimiz bor.

Tan olish kerak, xususiy telekanallarning juda ko'p loyihalari muvaffaqiyatli davom etmoqda. Ammo barcha teledasturlarni ham saviyali, deb aytolmaymiz. Ba'zi ko'rsatuvlarda mab­lag' topish, shov-shuv ko'tarish maqsadi birinchi o'ringa chiqib, professionallik yo'qolib qolgandek.

* * *

Qishloqda yarim tun. Ota yonboshlab uxlayapti. Ona esa idishlarni yuvib-yig'ishtirib, uxlash uchun joy solishga tutungan. So'ri chetidagi ola mushuk dasturxondan to'kilib qolgan non bo'lagini olish ilinjida. “Ustudent” esa tezroq o'qishni bitirib, ota-onasini kontraktdan xalos qilishni orzu qiladi. U uyda ilm haqida gapirishga iymanadi, chunki eshitadigan odam yo'q. Tilla zavod ishlamagan yerda temirning qadri baland, bozori chaqqon bo'ladi-da! Televizorda lotoreya shoularida ishtirok etib, g'olib bo'lishni, boyib ketishni o'ylay-o'ylay uyquga ketadi. Ertaga kallai saharlab dadasi bilan dalaga chiqishi kerak…

Abdulaziz Ahmedov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × one =