Shap-shap deyavermay…

Chiroyli so'zlashni yaxshi ko'ramiz. Biz gapirganda odamlar og'zini ochib qolsa ekan, deymiz. Buning uchun hech kim yo'g'ida oynaga qarab mashq qilamiz, aytiladigan gaplarni yozib olib, uni o'zimizga o'zimiz o'qiydigan vaqtlarimiz ham bo'ladi. Ba'zi deputatlar esa shuniyam uddalayolmay, televizorda “chiqish” qiladigan bo'lsa, kamera yonida birov tutib turgan qog'ozdagi tayyor matnni tutila-tutila o'qib berishadi. Ammo bu uzundan-uzoq, jingala-jingala jumlalardan biron ma'no anglash mahol, ekranga qarab turib: “hoy, inson, sal odamga o'xshab gapirsang bo'lmaydimi?” devorging keladi. Chunki yozma material boshqa, odamning jonli so'zi boshqa. Afsuski, deputat zoti eshitmaydi, uning ishi — gapirish va uqtirish!

Haliyam ona tilimizning joniga to'zim bersin. Xalq oson, ravon so'zlaydi, burama gajak ifodalarni lo'nda, jaydari qilib ifodalaydi. Masalan, “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekis­ton Milliy kutubxonasi” deb cho'zg'ilab o'tirmay, odmigina qilib “Navoiy kutubxonasi” deb ataydi. “Kam ta'minlangan oila” deb chaynalmay, “muhtoj oila”, deydi-qo'yadi.

Ammo tilchilarga qolsa, Lutfiy ko'chasini Lutfiy nomidagi ko'cha, Muqimiy teatrini Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri, Milliy teatrimizni esa O'zbek milliy akademik drama teatri deb “ilmiy to'g'ri” atashni talab qilishadi. Axir, shap-shap deguncha, shaftoli degan yaxshi-da baribir.

Qirq yilcha avval Toshkentda qurilgan kino-konsert zaliga “Xalqlar do'stligi” degan nom berildi. O'zi, “Kino-konsert zali” degani zalning nomi edi. Yana yangi nom qo'shilib, u “Xalqlar do'stligi” kino-konsert zali” degan boloxonador iboraga aylandi. Aslida-ku, bu zalning boloxonasi yo'q edi, ammo nomi bilan qo'shtirnog'igacha qo'shqavat bo'pketti!

Ko'p o'tmay, buyam kam ko'rindi. U yanada siyosiylashib, “Vladimir Ilich Lenin nomidagi “Xalqlar do'stligi” kino-konsert zali” deb atala boshladi. Buyam yomonmas, ammo aytib bo'lguningizcha nafas yetmay qolgani chatoq edi. So'ng Lenin o'chirildi, bir muddat xalqlar do'stligi degan narsa ham sal nariga ko'chirildi. Bu bino joylashgan Xalqlar do'stligi ko'chasi Bunyodkor ko'chasi deb, metroning shu nomdagi stansiyasi ham 2008 yildan boshlab Bunyodkor deya qayta nomlandi. Munday olganda, Bunyodkor – ixcham, qulay nom. Ammo… “Bunyodkor”ning asl ma'nosi — yaratuvchi degani.

“Bunyodkor” degan so'z tilimizda bor-ku, deysizmi? Unday emas. Bu ifoda bizga ateizm avj olgan yillarda kirib kelgan. Ruslar ham “Sozidatel” deb xudoni aytadi. Biroq shundoq mutakabbir o'ris ateistlari ham bino yo futbol komandasini “Sozidatel” (Bunyodkor) deb atashgan emasdi. Qolaversa, “bunyod” degan so'z ham, unga qo'shilgan “kor” suffiksi ham o'zbekcha emas, tojik tilidan olingan. Tojiklar esa “Bunyodkor” deganda xudoni tushunadi. Bizda esa “Bunyodkor” futbol jamoasi, stadion, ko'cha, maydon va hokazolar serob, chunki so'zning ma'nosi bilan ishimiz yo'q. Bunaqa g'ishavani boshog'riq deb bilamiz, “ke, qo'y, ataldi-bo'ldi-da”, deymiz.

Sobiq ittifoq zamonida o'qituvchi-poshsho K.U. Chernenkoning ra'yiga qarab, hamma o'rgangan Maorif vazirligini “Xalq ta'limi vazirligi” deb qayta nomlagan edik. Maorif (prosveshenie)ning nimasi yoqmadiykin u rahbarga, birov bilmaydi. Oqibat, bir so'z o'rniga ikki so'z maydonga keldi. Buyam mayli. Ulug' og'alarimizga ortiq tavajjuh ko'rsatadigan bir el ekanmizki, Rossiyaning o'zida “narodnoe obrazovanie”dan allaqachon voz kechishgan, vazirligiyam qachonlardan beri yana “Ministerstvo prosveshenie” (Mao­rif vazirligi) deb atalayotgan bo'lsa-da, biz ahdiga sodiqlar hamon “Xalq ta'limi vazirligi” eshigidan kirib-chiqyapmiz.

Tunov kuni bir oshnamdan manzilini so'radim. “Tuyahammom mahala fuqarolar yig'ini”da turaman, deydi. Hoy, sen o'sha mahallada turasanmi yo mahallaning fuqarolar yig'inidami, desam, nima farqi bor, deb angrayadi. Axir, yig'in-yig'ilish, majlis, degani-ku? Nahotki odam… yig'inda yashasa? Qarang, shunaqa ifodalarga o'rganib ham qolarkan-da kishi. Tavba, mahalla – o'zbekniki, dunyoning bizdan boshqa hech qaerida mahalla degan narsa yo'q. Ammo mahalla idorasini ruslar “Sxod grajdan maxalli” deyishgach, darrov so'zma-so'z tarjima qilib, “Mahalla fuqarolar yig'ini” dedik-qo'ydik-da!

Shunday hollarni ko'ra-ko'ra, o'zim ham ajabtovur qilib so'zlashga ishqivoz bo'lib qoldim. E, buning gashti bir boshqacha bo'larkan! Pen­siyaga chiqvolib, dala hovliga to'rt-besh daraxt ekib ko'kartirdim. Ana endi kimdir, pensionerligimdan bexabar, nima ish qilasiz, deb so'rasa, “bog'bonchilik bo'yicha bog'bonman”, deydigan bo'ldim. Angrayib qoladi. U nimasi, deb so'rasa, e'tirozingizni Oliy attestatsiya komissiyasiga borib ayting, deb og'ziga uraman. Nimagaki, yoshligimda filologiya fanlari nomzodi edim. Hozir nomzodlik degan gapning nomzodi o'tmaydi. “Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori” deb aytish kerak, qaytimiga bonus qilib, inglizcha “PhD” deb qo'shib qo'ysangiz, ilmingizning “zamonaviy” emasligi bilinmay ham ketadi. Yo'q, o'zingiz avval bir qarang, “Biologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori” + “PhD”! Qandoq chiroyli yangraydi! Hammayoq jarang-jurung bo'pketadi. Yo tavba, valoquvvata!

Sotsiologiya fanlari bo'yicha… falsafa doktori, fizika-matematika fanlari bo'yicha… falsafa doktori, boring ana, chorvachilik fanlari bo'yicha ham… falsafa doktori. Yana hammasining dumiga “PhD” degan xodani ham ulash kerak. Bog'bonchilik bo'yicha bog'bon degani undan chandon jo'n-ku. O'zi-ku, bizda munday bir tuzukroq faylasuf yo'q, ammo hammayoqni falsafa doktori bosib ketganini qarang.

Kesatig'u kinoya, pichingu uchiriqlarni qo'yib turib, jiddiy aytadigan bo'lsak, o'risning atamalaridan voz kechishga kechyapmiz-da, o'sha onning o'zida amerikanizmga tanda qo'yyapmiz. Buning nima karomati bor ekan, bizga ayon emas. Lekin futbol sharhlovchilari “darvozabon”dan voz kechib, “golkiper”, hujumchini – “forvard”, yon hakamni – “laynsmen”, qo'shni jamoalar bellashuvini “derbi” deb atay boshlashadi? Kim ularga ona tilimizni buzishga huquq bergan?

Yana bir atamaning chaynalishiga e'tibor bering. Men ko'p yillar kutubxonada ishlaganman. Kutubxona – tabarruk maskan. Bu so'zning o'zi ham qandoq yarashiqli! Shuning uchun barcha yurtlarda kutubxona o'sha tildagi nomda saqlab qolingan. Bizda esa nima uchundir, shunday go'zal so'zdan voz kechib, “axborot-resurs markazi” degan allatovur atamaga o'tildi. Yana deng, bunisi ham sertarmoq: tumanu shaharlardagi, maktab va boshqa muassasalardagisining nomi ARM (axborot-resurs markazi), viloyat markazidagilari esa AKM (axborot-kutubxona markazi) deb atalar emish. Xo'sh, biron shahardagi ARM uncha-muncha viloyat AKMidan ko'lamliroq bo'lsa-chi? Baribir, “ARM” bo'lib atala beradimi? Mantiq qani? Buning ustiga, kutubxonachi deyish ham xato emish, “axborot-resurs markazi mutaxassisi” deb aytish kerak ekan endi. “Podumaesh!” devorging keladi!

Yaxshi bilasiz, chorak asrcha avval O'zbekis­tonda maktab va boshqa o'quv yurtlarida “reyting sistemasi” degan bir yangilik joriy qilingan edi. U bilim berishda emas, bilimni baholashda qo'llanadigan murakkab bir tizim edi. Muallim darsga kalkulyator ko'tarib kirib, buxgalteriya bilan shug'ullanishga majbur bo'lardi. Reyting balosi uzoq hukm surib, endi bartaraf bo'ldi. Ungacha millionlab bolaning, necha o'n minglab o'qituvchining boshini qotirdi, umrlarining eng qimmatli vaqtini o'g'irladi. “Reyting” asosida baholashga o'tib, nima yutdik – kim aytadi?

Demak, har qanday yangilik (jumladan, avvaldan bor narsalarning nomini o'zgartirish) taraqqiyotga olib kelavermas ekan. Har qanday ajabtovur narsani, agar judayam jozibali ko'rinsa, kichikroq bir ko'lamda sinovdan o'tkazib, keyin joriy qilish kerakka o'xshaydi.

Masalan, ayrim tashkilotlarning nomlanishi shu qadar uzunki, boshlab oxiriga yetguncha odamning nafasi qaytib ketadi. Hatto odamga “tez aytish” ham bundan osonroqdek tuyilishi mumkin. Deylik, O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentlik­larini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi degan tashkilotni, Matbuotni qo'llab-quvvatlash fondi yoki O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (“O'zenergoins­peksiya”)ni Energetik nazorati, O'zbekiston Res­publikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondini ham ancha ixchamlashtirish, oddiyroq, xalqchilroq nomlash qiyinmi?

Agar bunday ichakdek cho'ziluvchi uzundan-uzoq ataladigan tashkilot, korxonalarni sanayversak, sanog'imiz yetmasa kerak…

Yana bir “XTMFMT va TEB” deb ataladigan jumboq bor – uni jo'nroq talqin qilib beradigan odamga “maorif vazirligi alohida mukofot va'da qilibdi”, deb eshitdik.

Demak, loaqal, biz so'z yuritayotgan masaladagi o'ziga xoslikni olib qarang. Har qanday narsa – hatto u xato bo'lsa ham, tilga kirdimi, tamom, bu ongga ham kirdi degani, keyin uni ombur bilan ham tortib chiqarib bo'lmaydi.

Boy, ohorli va obrazli o'zbek tilini betayin, mantiqsiz ifodalardan saqlash, buning uchun jon kuydirish bugungi kunda nihoyatda dolzarb. Chunki ular tanaga suqilgan chayon nishiday – ona tilimizning badanini ilviratib qoniga o'tadi va joniga qasd qiladi.

Zuhriddin Isomiddinov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =