Sizga aytar so'zim bor…

“Hurriyat” gazetasining 2020 yil, 3 sent­yabr, 30-sonida Abdulaziz Ahmedovning Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev bilan bo'lgan “Biz hali 50 tezlikda yuribmiz” sarlavhali suhbati e'lon qilindi. To'g'risi, suhbatdosh javoblaridan ko'nglim to'lmadi. Nimadir aytish yoki yozishga taraddudlanib yurgandim, Korrespondent.uz saytida Furqat Alimardonovning aynan shu suhbatga munosabati (“Yoshlar tashkilotiga yosh rahbar bo'lgani yaxshi, ammo fikrlashi kattaroq bo'lsin”)ni o'qib, har tugul dilimdagi gaplar aytilibdi, deb biroz taskin topgandek bo'ldim. Ammo baribir o'zimning ham ayrim mulohazalarimni bildirishni joiz topdim.

Direktorning o'z faoliyatiga tanqidiy ko'z bilan qarashi, “hali 50 tezlikda” yurganini ochiqchasiga tan olishi, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning fikriga o'z vaqtida munosabat bildirishi… quvonarli hol, albatta. Qolaversa, shunday katta tashkilotning rahbari bo'la turib, matbuotga ochiq intervyu bergani ham ayni kunda ijobiy holatdir. Sababi, yurak yutib, matbuot­­ga chiqib, xalq bilan yuzma-yuz gaplashishga hamon ko'p rahbarlarimiz rozi bo'lmaydi. Ana shu jihatlar yaxshi, lekin Alisher Sa'dullayevning bosma nashrlar borasidagi fikrlarini mutlaqo oqlab bo'lmaydi…

Sizga savolim bor, janob direktor: matbuot sohasida bir soat bo'lsa ham ishlab ko'rganmisiz? Gazetaning chiqishidan oldingi kun (vyorstka)ni kuzatganmisiz? Bitta maqola yozish uchun muallifning sizdek rahbarlar eshigi oldida soatlab kutishi, materialini yozish, uni chop etish holiga keltirguncha ishxonada allamahalgacha qolib ketishidan xabaringiz bormi? Bosmaxona eshigida yarim tungi soat 01.00 yoki 02:00 gacha qolib ketgan, yomg'iru qorda, issig'u sovuqda gazetasining sifatli chiqishini kutayotgan muharrir yoki xodimdan-chi? Yangi chiqqan gazetaning isini-chi, hidlab ko'rganmisiz?

Bilaman, albatta, “yo'q” deysiz. Chunki siz bu sohani tushunmaysiz, anglamaysiz. Bir tomondan shunisi ham ma'qul. Uch-to'rtta nashrlarda qatnashib turishingizni aytibsiz. Juda ishondik-da! Siz rahbar odam bo'lsangiz, maqola yozib o'tirasizmi, matbuot kotiblaringiz nomingizdan yozib bersa kerak. Yanglishayotgan bo'lsam, uzr­lar bo'lsin!

Bugungi ijtimoiy tarmoqlarni maqtabsiz. Kechirasizu, aslida bu davr fojiasi hisoblanadi! Qanday qilib gazeta-jurnallarni saqlab qolish muhokamalar markazida turgan paytda siz ijtimoiy tarmoqlarni rivojlanish, deb baholayapsiz? Axir internet chalasavodligu shoshma-shosharlikning uyasi-ku! Demak, rivojlangan mamlakatlar siz bilgan narsani bilmas ekan-da? Nega ularda gazetalar millionlab nusxada chop etiladi unda?! Yana haftalik emas, kunlik ro'znomalar!

Bilsangiz, doim mutolaa qilib boradigan elektron nashrlaringiz barchaga ham birdek qulay emas. Sababi, chekka qishloqlarda internet umuman yo'q, bo'lsa ham talab darajasida ishlamaydi. Ular qanday qilib internet saytlarini kuzatishsin? To'g'rirog'i, internetga ulanishga, kunma-kun to'lov to'lashga mablag' topsa imkon, imkon topsa mablag'i yetmaydi. Imkon ham, mablag' ham topilsa, internet ishlamaydi! Odamlarning kambag'allashib borayotganidan xabaringiz bo'lsa kerak. Yurtimiz yoshlarining necha foizi xorijda “gastrabayter” bo'lib yurganini, ularning aniq hisobini aytmasam ham ko'pchilikdan yaxshi bilasiz.

Ehtimol, 3,5 milliondan oshiq aholisi bor poytaxt uchun internet qulaydir. Biroq qolgan 30 milliondan ziyod aholi, asosan viloyatlarda yashamaydimi?! To'g'ri, viloyat, shaharlarimiz markazlarida shart-sharoit, imkoniyatlar har jihatdan oshgan. Ammo tumanlarda, qishloqlarda ahvol qanday? Qachon ularning g'amini yeymiz, qachongacha loyihalaringiz faqat markazda yashovchilar manfaati uchun xizmat qiladigan “StartUp”, “Mfaktor”, “Yaranuz”, “Ykfoundation”… bo'ladi? Chekka qishloqdagi yoshlarni kim o'ylaydi, ular uchun bularning nima qizig'i bor? Ertadan kechgacha chorvaning orqasidan yuradigan tengdoshlarimiz uchun ham foydali, hech bo'lmasa, 2 ta molini 4 ta, 5 ta tovug'ini 10 ta qiladigan loyihalar qachon ishlanadi, tokaygacha ular “chetga ketaman, shaharga ketaman, qutulaman baridan, qishloqni yelkamning chuquri ko'rsin”, deya kuyunib yashaydi? Savollar ko'p, javobni qachon aytasiz?

Yana matbuotga qaytsak. “O'nta bo'lsa o'rni bosh­­qa”, degan gap bor. To'g'ri, internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlar bugun juda ham faol. Tan olish kerak, ayrim imkoniyatlari bilan matbuot­dan bir qadam oldindadir. O'zim ham siz ayt­gan tarmoqlarda faolman, ha, ular tezkor va qulay. Biroq bu bosma nashrlardan voz kechish kerak, degani emas-da. Bergan intervyuingizda matbuotni “…tarix, qadriyat, katta maktab. Shuning uchun ham gazetani saqlab qolishimiz lozim”, debsiz, ammo keyinroq o'z fikringizga qarshi chiqib, gazetani yetkazishdagi muammolarni sanab, butunlay teskari gap aytgansiz.

Bilsangiz, markaziy nashrlarning o'quvchisiga o'z vaqtida yetib bormasligiga tahririyatlar emas, aksincha, pochta xizmatlari aybdor sanaladi. Balki muammoni hadeb ro'kach qilib keltiravermasdan uning yechimi haqda ham bosh qotirish vaqti kelgandir?

Yaqinda bir ma'lumotga ko'zim tushdi. O'tgan asrning 80 yillarida G'arb davlatlarida keng jamoatchilik orasida bolalar va o'smirlarning “mutolaa inqirozi” masalasi qizg'in muhokamaga aylangan ekan. Bunga sabab mutolaaga nihoyatda kam vaqt ajratilishi bo'lgan. Jumladan, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish borasida Germaniyada televidenie, internet xabarlari, tajovvuzkor filmlar yetakchi o'ringa chiqib, gazeta va kitob o'qish ikkinchi darajaga tushib qolgani sabab, har uchinchi o'smir funksional savodsizga aylangani aniqlangan.

Fransiyada esa har ikki talabadan biri “Uch mushketyor”ning muallifi kimligini aytib bera olmagan. Angliyada ham yoshlarning ulg'aygan sari mutolaa darajasi pasayishi kuzatilgan…

Bu shunchaki faktlar emas, balki ayni haqiqatdir. Mutolaa madaniyatining pastligi, kitob o'qishga bo'lgan qiziqishning yo'qolib borishi — bu millat ma'naviyatining tanazzulidir. Yoshligida 20-30 sahifalik jurnal o'qishga hafsala qilmagan o'quvchi ertaga kattaroq hajm­dagi kitobni ko'rganida yuragi orqaga tortib ketadi-da! Bilim darajasi esa haminqadar ma'lumotlar bazasi bilan to'lib, oqibatda o'z sohasi bo'yicha malakali kadr bo'lib yetisha olmaydi. Oliy ta'limda ham sust, xo'jako'rsinga o'qib diplom oladi-yu buning jabrini yana davlat, millat ko'radi…

Ma'lumotlarga ko'ra, 1980 yillarda AQShda funksional savodsizlik oqibatida davlat 237 milliard dollar zarar ko'rgan ekan. Yuqoridagi kabi salbiy holatlar bo'lmasligi uchun nima qilish kerak, degan haqli savol tug'ilishi tabiiy. Bunda o'quvchi-yoshlarda mutolaa madaniyatini rivojlantirish zarurligini vaqtida anglab, g'arbliklar to'g'ri yo'l tutishgan. Xo'sh, biz-chi?..

Agar siz aytgandek hamma yoppasiga elektron nashrlar, saytlarga o'tib ketsa, gazetalar ham faqat elektron shaklda chiqa boshlasa, bizda ham xorijdagi kabi “mutolaa inqirozi” ro'y bermasligiga kafolat bera olasizmi?

“Sochi borning sochi yo'q bilan nima ishi bor”, deganlaridek, siz bugun yoshlarning yetakchi rahbari bo'la turib shunday desangiz, ertaga boshqasi chiqib, yana biror salbiy fikr bildirsa, o'zbek matbuoti taqdiri nima bo'ladi? Aslida, uni saqlab qolish, oyoqqa turishida siz, yosh rahbar sifatida, kamarbasta bo'lishingiz kerak emasmi?!

Ko'zga ko'ringan qaysidir qo'shiqda aytiladigan “o'qishda, ishda hamisha ilg'or” yoshlar yurtimizda ko'p. Lekin yuz minglab shunday tengdosh­larimiz ham borki, “Bobur kim bo'lgan?” desangiz yo Mirzo Ulug'bek, Imom Termiziy haqida so'rasangiz, lom-mim desa, keyin ayting “Chetga chiqish kerak, nimaga chiqmaslik kerak?!” deb. “Jasoratli” so'z aytish osondir, lekin hamma chetga chiqib ketishining iloji ham, keragi ham yo'q, bizningcha. O'sha chetdagidan kam bo'lmagan shart-sharoitni yaratamiz, desangiz-chi!. Shunda O'zbekis­ton yoshlari siz bilan kamarbasta bo'lishiga shubha yo'q!

Islom Asilbekov,

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =