Vijdonimiz

Faraz qilaylik, yana aytaman, faraz qilaylikki, men biror bosh­qarma boshlig'ining muoviniman. Viloyat miqyosidagi. Deylik, kommunal xizmat boshqarmasining. Chekka tumanning chekka hududidagi ko'p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga hozirlash kerak. Buning uchun millionlab fuqarolarning peshona teri bilan topgan halol maoshidan to'lagan soliqlaridan shakllantirilgan byudjetdan millionlab mablag' ajratilgan. Peshona teri bilan topgan halol luqma deganimga hayron bo'layapsizmi? Ha, byudjetning mablag'larida zarracha harom aralashmagan bo'ladi. Ha-da yo biron kim olgan porasining 12 foizini davlatga to'laydimi?!

Xullas, uylarni ta'mirlash, tomlarni yaxshilash, zarurini almashtirish kerak. Buning uchun kerakli hamma mablag' bor. Naqdi naqd turibdi. Lekin usta yo'q. Ya'ni, uylarni ta'mirlab, tomini yaxshilovchi usta. Mardikorga pul o'tkazish orqali haq to'lay olmasam. Demak, davlat ro'yxatidan o'tgan biror firma yo korxonani topishim lozim. Buning uchun e'lon berishim kerak bo'ladi. Shunday firma ham topildi. Ishlarni sifatli bajardi. Xizmat haqini pul o'tkazish yo'li bilan hisob-raqamiga o'tkazib berdim.

Vaqt bir yerda to'xtab turmaydi. Vaqt bilan barobar ta'mirlangan uylar ham. Keyingi yil yana ta'mirga ehtiyoj bor. Yana e'lon berish, firma qidirishga to'g'ri keladi. Lekin… Lekin o'shandek firmani o'zim ochsam-chi? Masalan, biror yaqin qarindoshim, boring ana to'ng'ich o'g'lim nomida. Qanday emas, qandday bo'ladi! Har yili viloyatda hazilakam uylar ta'mirlanadi, deysizmi? Har biriga firma qidirish dahmazasidan qutulaman, bu — bir; qo'shimcha daromad o'zi keladi, bu — ikki; xizmat haqini oshirib qo'ysam, hech zog' bilmaydi, bu — uch. Pul topishning shunaqa yo'li ham bor ekan-da, birodar.

Ana endi ishni ko'ravering. Qarangki, ta'mirtalab uylar ham ko'payib qoldi. Hammasini kuz-qish mavsumiga tayyorladik. Ammo, ishni sa-a-algina pishiqroq qilmasak, hech kim e'tibor ham bermas ekan.

Ishimizdan oz-oz sifatni ozaytirdik. Lek, xizmat haqiga teginganimizcha yo'q. «Birov bilmadi». Yana takror shunday qildik. Yana hech kim sezmadi.

Ishimizu firibimiz yurishgandan yurishdi. Kissalarimiz qappayganidan qappaydi. Hatto, qo'shimcha cho'ntak tiktirdik kamzullarimizga.

Bir kuni boshliqqa bu qilmish ma'lum bo'lib, naq kirdikorim fosh bo'layozdi. Magar boshliqning kamzulidagi qo'shimcha cho'ntakka ulush solmaganimda boshimda yong'oqning shoxi sinardi. Boshliq bilan so'zimiz bir yerdan bo'lganidan keyin ketmonimiz uchgandan uchdi. Shu qadar uchdiki, bizga tuz-nasiba bergan Ona Yerdan uzoqlashdik, bizga tuz-nasiba bergan Ona Elni yoddan chiqardik. Boshliqning aymoqlariga ham firmalar ochdik. Portalga tushgan chala ta'mir ko'rgan uylarning shikoyatlarini «Dasturga kiritilmoqda…» deya yopdi-yopdi qildik. Ammo…

Ammo bir kuni tergovga tushdik.

So'rog'imiz og'ir kech­di. Tergovchi har ishimizdan voqif chiqdi. Har bosgan qadamimiz unga ma'lum edi. Har firibimiz uning qaydiga yozilgan. Bu tergovdan al-omon chiqmoq mushkul ko'rinardi. Chunki… tergovchi — VIJDONIMIZ edi.

Haq taolo huzurida, Vijdonimiz oldida O'zi yuzimizni yorug' qilsin!

Farazga kelsak, mendan na boshqarma bosh­lig'i, na boshqarma bosh­lig'ining muovini chiqadi. Qo'limdan bunaqa ishlar kelmas ekan. Hatto, xayolim ham dosh berolmayapti bunga.

Otabek Isroilov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 7 =