Bebaho boylik

27 Yanvar 2012 22:34
“03”DA BIR KUN
“To‘satdan ukamning tobi qochib qoldi. Aksiga olib uyda ota-onam yo‘q edi. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Birdan “03 ga qo‘ng‘iroq qilsammikan?..” degan fikr tug‘ildi. Shundan so‘ng ularga qo‘ng‘iroq qilib, intiqlik bilan kuta boshladim. Oradan ko‘p o‘tmay, oq xalatli shifokor kirib keldi. Ochig‘i, ularning bunchalar tez kelishiga ishonmagandim...”
Yaqin do‘stimning bu gaplaridan ta’sirlanganimdanmi tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga qiziqishim ortdi. Ertasiga “03 qaydasan” deya yo‘lga otlandim. Men izlagan muassasa Oloy bozori atrofida ekan. Ushbu maskan joylashgan binoning o‘ng tomonidagi avtomobillarning maxsus turar joyida eshigiga “03” xizmati deb yozib qo‘yilgan “tez yordam” mashinalari uchishga shay lochinday xizmatga tayyor turishardi. Bino ichkarisining ozodaligi, buyum hamda plakatlarning batartibligi e’tiborimni tortdi. Aytishlaricha, Toshkent shahar Sog‘­liqni saqlash bosh bosh­qarmasiga qarashli ushbu markaz salkam yuz yildan beri poytaxtliklar va poytaxtimiz mehmonlariga beminnat xizmat qilib kelayotgan ekan. Bugungi kunda bu yerda 1400 nafar xodim faoliyat ko‘rsatayapti. Shulardan 550 nafari shifokor, 800 nafari o‘rta tibbiy xodim va qolganlari esa haydovchilar, xo‘jalik ishlari xodimlaridir.
Dastlab tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Saidazim A’zamxo‘jayevning qabuliga kirdim. U kishi mazkur dargohda olib borilayotgan ish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida menga tezkor bo‘lim mudirasi Nasiba Mahmudovani biriktirib qo‘ydi.
— Markazimiz 12 bo‘limdan iborat bo‘lib, har bir bo‘limning o‘z vazifasi bor. Bu joy asosiy dispetcherlik xonamiz bo‘lib, bu yerda 22 nafar xodim, ya’ni katta shifokor, katta dispetcher, chaqiruvni qabul qiluvchi xodimlar ishlashadi, — dedi Nasiba opa ish jarayonini bir boshdan tanishtirishni boshlarkan. — Dastavval chaqiruv qabul qiluvchi xodimlar qo‘ng‘iroq qiluvchidan barcha kerakli ma’lumotlarni olgach, ularni katta dispetcherga o‘tkazadi. O‘z navbatida katta dispetcher qo‘ng‘iroq qilingan manzilga eng yaqin joylashgan tezkor tibbiy xizmat markaziga ushbu xabarlarni yetkazadi. Ular esa xodimlarini bemor xonadoniga jo‘natadilar. Keling, shu jarayonga o‘zingiz guvoh bo‘ling.
Nasiba opa shunday deya nav­batdagi chaqiruv qo‘ng‘irog‘ini uladi:
— Assalomu alaykum, “03” mi?
— Ha, tez tibbiy yordam xizmati.
— Rafiqamning tobi qochib qoldi...
— Yoshi nechada?
— 36 da.
— Oldin ham shunday bo‘p turarmidi?
— Yo‘q, birinchi marta!..
— Manzilingizni ayting!
— Mirzo Ulug‘bek tumani...
Ushbu jarayonni o‘zim kuzatgach, ularning ishlari naqadar mas’uliyatli ekanini yana bir karra his qildim. Ma’lum bo‘lishicha, shahar bo‘ylab har kuni 138 ta brigada chaqiruvlarga safarbar etilarkan. Har bir brigada shifokor, o‘rta tibbiyot xodimi va haydovchidan iborat. Ular uzog‘i bilan 20 daqiqa ichida qo‘ng‘iroq qilingan xonadonga yetib borishadi. Tez tibbiy yordam mashinasi esa barcha zarur dori-darmonlar (surunkali kasalliklarga qarshi dorilardan tashqari), JPS apparati, favqulodda vaziyatlarda ishlatiladigan sumkalar bilan jihozlangan. Ahvoli og‘ir bemorlarga zamonaviy tibbiy jihozlarga ega  to‘rtta reanimatsiya tezkor brigadasi xizmat qiladi.
O‘tgan 2011 yil davomida muassasa qayd daftarida 696 ming 646 ta chaqiruv qayd etilgan bo‘lib, ularda 9777 nafar bemorga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan, 104 ming 460 nafari esa shifoxonalarga yotqizilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 21 maydagi “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha markaz tomonidan samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Hozirgi kunda tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi nozimxonasida, shuningdek, markaz tarkibidagi 12-ta tuman tez tibbiy xizmat bo‘limlarida, tez yordam mashinalarida statsionar ratsiya, chaqiruvga boruvchi xodimlarda esa mobilü ratsiyalar mavjud. Shuningdek, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan o‘n to‘rtta “Hyundai” va yigirma to‘qqizta “Damas” rusumli avtomashina, o‘n uchta jarrohlik so‘rg‘ichi, o‘n sakkizta defibrillyator, bir yuz o‘ttiz sakkizta sun’iy nafas oldirish va qirq uchta uch kanalli EKG apparatlari bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatilishida qo‘l kelmoqda. Chaqiruvning tez va samaradorligini ta’minlash maqsadida markaziy va tuman nozimxonalariga avtomatik tizimga asoslangan, boshqarish uchun qulay kompüyuterlar o‘rnatilgan.
 Bu zahmatkash kasb egalarining chaqiruv joyiga borish jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida ularga hamroh bo‘ldim. Soat 20:10 da Uchtepa tumanidan chaqiruv qayd etildi. Brigadaga qo‘shilib men ham o‘sha manzilga yo‘l oldim. 12 daqiqada taklif etilgan joyga yetib bordik. “Vatan” mahallasida istiqomat qiluvchi Farog‘at Murodova chaqalog‘ining nafas olishga qiynalayotgani, ahvoli og‘irlashib borayotganini aytdi. Shifokorlar tomonidan ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida Nodirbekning ahvoli o‘nglandi. Unga o‘pka shamollashi tashxisi qo‘yildi, kerakli dorilar va muolajalar tavsiya etildi...
Xizmat mashinasiga chiqishimiz bilanoq haydovchi shu mavzedan yana bir qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytib qoldi. Uch uy naridagi xonadonga kirdik. Yoshi saksondan oshgan onaxonning sog‘ligi yomonlashib, hushidan ketib qolgan ekan. Uzoq davom etgan urinishlardan so‘ng onaxon ko‘zlarini ochib: “Uxlab qoldimmi? Nega turg‘izmading? Haligi koreys seriali tugab qolmadimi?” — dedi.
Hammaning kayfiyati ko‘tarildi. Qizlari ko‘z yoshlarini tiyolmay onaxonni quchoqlay ketdi. “Rahmat sizga do‘xtir, onamni qaytarib berdingiz”, — deya katta o‘g‘li ham shifokorga minnatdorchilik bildirdi. Yo‘l-yo‘lakay yana uchta xonadonga kirib, bemorlar holidan xabar olib, kerakli muolajalar ko‘rsatildi. Menda esa shifokorlik kasbi eng mashaqqatli va shuning barobarida sharafli kasblardan ekani xususida tasavvur uyg‘ondi.
Kezi kelganda shuni qayd etish lozimki, Toshkent shahar tez tibbiy yordam markazi Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlari bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Bu yerda ishlovchi tibbiyot xodimlari har yili yuqorida zikr etilgan mamlakatlarda malakalarini oshirib, o‘rgangan bilimlarini hayotga tatbiq etishadi.
Tez tibbiy yordam markazidan bir olam taassurot bilan qaytarkanman, ko‘nglimda odamlarning sog‘lig‘ini saqlashni o‘zlarining muqaddas burchi deb biladigan shunday shifokorlar borligidan faxr va osoyish tuyg‘usini tuydim.
Davronbek ORIPOV,
“Hurriyat” muxbiri

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM