Asli matematik bo‘lgani uchunmi, hayotda ham aniqlikni, hisob-kitobni yaxshi ko‘radigan Oynaxol Xo‘jamberdieva esa o‘zining, farzandlarining baxtini boshqa omilda ko‘radi: “Ular oilada erkak kishining o‘rnini, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni, qattiqqo‘llik qilishni hayotdagi birinchi ideallari – otasidan o‘rgandi!”.
Bu oiladagi besh farzandning hammasi matematika fanini yaxshi ko‘rdi, moliya institutida o‘qidi. Magistraturani biri Toshkentda, biri Amerikada, yana biri Koreyada... bitirdi. Kelinlar, kuyovlar ham oliy ma’lumotli, hammasi el koriga yaragan, el nazaridagi odamlar.
Xullas, hayotning o‘zi bir dorilfunun. Uning talabalari uchun yaxshi bir saboq bo‘larli quyidagi suhbatlarni siz, azizlarga ilindim.
— “Uyda tinchi bo‘lsin yigitning avval...” degan satrni ko‘p eshitgansiz. O‘sha osoyishtalik, avvalo, ayolga bog‘liq. Qariyb 40 yillik turmushimizda “Falon bayram yoki to‘yga nima kiyaman?”, “Ro‘zg‘orga mana bu narsalar yetishmayapti” degan savollarga sira duch kelmadim. Ayolim oddiygina kiyimlarni ham shukur qilib, o‘ziga yarashtirib kiydi, qanoat bilan bor sabzavotlardan juda shirin taomlar pishirdi...
— Onam rahmatlik hamisha “Er — yarim pir”, der edilar. Bu aqida shu qadar yurak-yuragimga singib ketgan edimi, o‘zim ko‘ngil qo‘yib turmushga chiqqan bo‘lsam ham, akangizdan juda iymanaman. Bir yil bir maktabda ishladik. Kajavali mototsiklimiz bo‘lardi. Uydan shunga o‘tirib, ishga ketardik. Maktabning muyulishiga yetganimizda “Odamlar eri bilan yetaklashib yuribdi”, demasin deb mototsikldan tushib qolib, maktabga piyoda borardim. Turmush o‘rtog‘imni yuz metr narida, yo‘l boshida ko‘rib qolsam ham yuzim “duv” etib qizarib, yo‘limni yangilab olardim.
— Lekin juda qat’iyatli, g‘ayratli ayol, opangiz. Bizning ro‘zg‘orda hech qachon “bu ish erkakniki, bu ish ayolniki” deb bo‘lingan emas. Men bir yetim yigit... Agar ayolim “uy-joy qurish erkakning ishi” deb qo‘l qovushtirib o‘tirganida, ehtimol, shu kunlarga yetolmagan bo‘larmidim. Uy-joyimizni ham birga qurdik, bolalar tarbiyasini ham bir kun bo‘lsa-da, tashlab qo‘yganimiz yo‘q.
— Turmush o‘rtog‘im farzandlarimizning bilimli bo‘lishini juda istardi. “Onasi, matematikaga mening tishim o‘tmaydi, sen bular bilan dars qilgin”, deb uyning hamma yumushlarini — ovqat qilishmi, idish-tovoq yuvishmi, supir-sidirmi, barchasini o‘z zimmasiga olar edi. Bu ishlarni katta bir mamnuniyat bilan qilayotganliklarini ko‘rib, doimo o‘zimni juda baxtiyor his etardim. Axir, Ollohga, Vatanga, xalqqa muhabbat aynan mana shunday — ayoliga, farzandlariga muhabbat qo‘yishdan boshlanmaydimi?
— Xudoga shukur, hurmatli Prezidentimiz aytganlaridek, farzandlarimiz o‘zimiz orzu qilgandek, bizdan kuchli, dono va albatta baxtli bo‘lib, kamolga yetishdi. Katta-katta idoralarda mas’ul lavozimlarda ishlashmoqda. Hamma narsa yetarli. Har birining alohida uy-joyi, ro‘zg‘or anjomlari deganday... Ammo men ular atrofida aylanib dars qilgan o‘sha qadrdon xontaxtani haligacha tashlab yuborgim kelmaydi. Chunki bu xontaxta jondan aziz farzandlarimning yuksak iroda, beg‘ubor orzu-istaklarining, yorug‘ manzillarga yetgan kunlari ko‘ngillarini to‘ldirgan quvonchlarning tilsiz guvohidir.
— Ota-ona bo‘lib bolalarimizga hadeb “bu mumkin, bu mumkin emas”, deya aql o‘rgatib o‘tirishga vaqtimiz bo‘lmagan. Biz ularga fikrlashni, yaxshini yomondan ajratib, xulosa chiqarishni o‘rgatdik. O‘z turmush tarzimiz, o‘zaro munosabatimiz, hayotga, mehnatga bo‘lgan rag‘batimiz bilan shaxsiy ibrat bo‘ldik, xolos. Ularning qiziqishlari, orzu-xayollari biz uchun ham qiziq edi. Hozir chekka viloyatning bir chekka tumanida yashaymiz. Bolalar, nevaralar Toshkentda, orada qariyb ming chaqirim masofa bo‘lsa ham ularning tarbiyasi bir kun ham e’tiborimizdan chetda qolmaydi. Har oqshom nevaralar yangi topshiriqlar oladi, kechagi topshiriqlarning javobini aytishadi. Yaxshi javoblar, albatta, rag‘batlantiriladi.
— Matematik bo‘lganim uchunmi, juda tejamkor ayolman. Halol mehnatim bilan topilgan har bir so‘mni ming bir marta o‘ylab, so‘ng xarajat qilaman. Ammo boylikni hech qachon inson qadridan baland qo‘ymaganman. Men farzandlarimga hech qachon “Poytaxtning bozoridan menga falon narsa olib kel”, degan gapni aytmaganman. O‘zlari biron narsa olib kelsa ham, “men uchun ortiqcha xarajat qilmanglar, hamma narsam yetarli”, deb tergab qo‘yaman. Boshqacha yo‘l tutsam, xuddi ular boylikka ruju qo‘yib, dunyo to‘plash vasvasasiga tushib ketadiganday...
Aksincha, men ularning xizmat vazifalaridan, turmush tashvishlaridan vaqt ajratib, ilm bilan shug‘ullanishlarini istayman. Axir, faqat ona emas, ustozman. Ularning nechog‘li iqtidorli ekanliklarini yaxshi bilaman. Ana shu iqtidorlari bilan mustaqil yurtimiz ilmu fani rivojiga hissa qo‘shishlarini istayman. Hozircha, Aziza qizimiz ilmiy izlanishda. Xudo xohlasa, aka-singillari ham unga ergashishlariga ishonaman.
— Zamonamiz yuksak texnologiyalar, kompyuter, internet davri bo‘lib ketdi. Bugungi yoshlar dunyoni, hatto insoniyatni, uning ruhiy olamini ham kompyuter orqali bilishga intilmoqda. Butun-butun romanlar kompyuterda o‘qilmoqda. Ammo yostiqning ostidan kitob olib o‘qishning gashti bo‘lakcha. Bolalarim ko‘proq kitob o‘qishsa, zamonamizning orif odamlari bilan ko‘proq suhbatlashsa, deyman. Ko‘pincha, uyga qaytishganda onasiga alohida, menga alohida kitoblar ko‘tarib kelishganini ko‘rib, suyunib ketaman, shukur qilaman.
Bilasiz, matbuot xodimlarining do‘stlari ko‘p bo‘ladi. Uyga mehmon chaqirib xijolat bo‘lmaganman. Qizlariga, kelinlariga ham shunday ta’lim berdi: “Mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan. Ikki kosa ovqatni deb erkakning boshini xam qilmanglar”, deydi doim.
Qiz ulg‘aytirish, kelin saqlash ham kishidan katta aql-idrok, iroda talab etadi. Qizlarimizni tikuvchilik, pazandalik kurslarida o‘qitganimiz yo‘q. Bu sohada nimani o‘rganishgan bo‘lsa, ro‘zg‘or maktabida, onalaridan o‘rganishdi. Oilada qanday savol tug‘ilsa, “Otanglardan so‘raylik-chi?”, “Buni otang hal qiladi”, deyilib, so‘nggi gapni aytish bizga qoldirilgan. O‘z navbatida men ham hamisha opangizning hurmatini o‘rniga qo‘yishga harakat qildim. Shu boisdanmi, farzandlarimiz oilada erkakning o‘rnini, ayolning hurmatini bilib ulg‘aydilar. O‘g‘illarimiz ayoliga farzandlarimiz onasi deb g‘amxo‘rlik qilsa, qizlarimiz oila sarboni deya turmush o‘rtoqlarining hurmatlarini o‘rniga qo‘yishadi. Qolaversa, oilaga, ayolga, onaga bu xil ehtirom xalqimizning qonida bor.
— “Behishting ham, do‘zaxing ham — ro‘zg‘oring”, degan gap bor. Ro‘zg‘orni, oilani behishtga aylantirish, eng avvalo, odamning o‘ziga bog‘liq. Hukumat, Yurtboshimiz yosh oilalarni mustahkamlash, ona va bolalarning sog‘lig‘i, kelajagini muhofaza qilish yo‘lida dunyoni lol qoldiradigan ishlarni amalga oshirmoqda. Shunday bir paytda, shunday bir sharoitda arzimas narsalar uchun er-xotin, kelin-qaynona janjallashib, bu bilan bolalarning ham dilini xira qilib, ba’zan hatto ularga yetimlik yukini ortib, guldek ro‘zg‘orni do‘zaxga aylantirish shartmi, deyman. Har kimga insof-tavfiq bersin. Axir, biz O‘zbekistonda yashayapmiz, O‘zbekiston fuqarosimiz, shu nomga, shu yurtga munosib bo‘lmog‘imiz kerak.
***
Xonadonimdagilar “Uyga qaytmayapsizmi?” deb qo‘ng‘iroq qilishganida vaqt allamahal bo‘lib qolgan ekan. Jindek xavotir va xijolat bilan beixtiyor qorong‘u qish tuni mo‘ralab turgan derazaga qaradim. Deraza oynalariga ayoz allaqachon naqshinkor suratlarini chizib ulgurgandi. Ichkari esa xonadon sohiblarining mehri kabi issiqqina edi.
Jamila ERGASHEVA
|