Mirkomil kasb-hunar kollejini tamomlab katta tashkilotning bir uchastkasiga mutaxassisligi bo‘yicha ishga kirdi. Ammo ertalab zo‘r ishtiyoq bilan ketgan bola kechki payt tushkun ahvolda — tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib kirib keldi. Buni ko‘rgan onasi tashvishlanib, uni so‘roqqa tutdi. Mirkomil oldiniga hech narsa aytgisi kelmadi. Onasi holi-joniga qo‘ymay so‘roqlayverganidan so‘ng, yorildi: “Ayajon, u yerda oddiy insoniy munosabatlar yo‘q, odamlar so‘kinib gaplashar ekanlar. Siz menga boshqacha tarbiya bergansiz”, dedi o‘kinib. |
Bolajoni ko‘zidagi mungni ko‘rib, onaning yuragi ezildi. Uni yupatishga, ko‘nglini ko‘tarishga qanchalik urinmasin, biror jo‘yali gap topolmadi. Endi unga onaning cho‘pchaklari kerak emas. U achchiq haqiqatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib kelgandi. Hammasi befoyda. O‘zi o‘ylanib bir qarorga kelmaguncha indamay turgani ma’qul. Biroq onaning butun olami zimistonga aylanib, kechasi bilan o‘z savollariga javob topolmay to‘lg‘onib chiqdi: “Odamlar ham qiziq, og‘ziga kelganini gapiraverarkanda?!” Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Bu odamlar uyida o‘zini qanday tutarkin, bolalariga qanday tarbiya berayotgan ekan?”
Ona ertalab qarasa, Mirkomil shodon kayfiyatda kiyinyapti. Onasining achinib qarab turganini sezgan o‘g‘il: “Ayajon, mendan hijolat bo‘lmang, men asta-sekin ishxonamdagi iqlimni tozalashga harakat qilaman. Chunki, ular eski davrning odamlari. O‘zingiz, go‘zal axloq va toza iymon bilan har qanday jaholatni yengsa bo‘ladi, deb o‘rgatgansiz-ku, to‘g‘rimi?!”, deya uydan chopib chiqib ketdi.
***
Kelasi kun Mirkomil ishdan yana bir ahvolda, asabiy holatda qaytdi, onasi bilan gaplashgisi ham kelmadi. Kechki ovqatdan so‘ng ona sekingina o‘g‘lining yuragiga qo‘l soldi. Mirkomil ichki bir dard bilan shunday dedi: “Ayajon, odamzot shu qadar tubanlashib ketganmi? Yoshi bir joyga borib qolgan, bir nechta bolaga otalik qilayotgan odamlar, nahotki, “Uvol» degan narsani bilishmasa? Uchastkamizda ichimlik suvini kun bo‘yi bosim bilan oqizib qo‘yishadi. Bir necha marta o‘zim yopib qo‘ydim va boshqalarni ham suvni isrof qilmaslikka undagan edim, “Nima, seni puling ketyaptimi», deb siltab tashlashdi. “Nima, Siz uvoldan qo‘rqmaysizmi?, deganimni bilaman, bittasi “Bizga o‘rgatma”, deb o‘shqirib berdi. Qanday yo‘l tutishni ham bilmay qoldim. Kun bo‘yi bekordan bekorga oqib turgan suvga qarasam ichim yonib ketyapti».
Mirkomilning bu og‘riqli dardi endi onaga ham ko‘chdi, oromini yo‘qotdi. Borlig‘ini zulmat qopladi.
Mirkomil ertasi kuni kechki payt ishdan ko‘tarinki kayfiyatda kirib keldi: “Ayajon, suyunchi bering, kechagi harakatim befoyda ketmapti. So‘zimga kecha birdan keskin e’tiroz bildirganlari bilan bugun jo‘mrakni yopib qo‘yishibdi. “Uvol” so‘zi ularni o‘ylantirib qo‘ygan shekilli… Nima bo‘lganda ham suv isrofgarchiligining oldini oldim”.
Onaning yuragiga yorug‘lik tushdi… Hayriyat….
Salima Xoldorova,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati
5-konboshqarmasi ma’naviyat targ‘ibotchisi |