O’sha yoqimsiz xotiralardan bugun bizni yigirma yil ajratib turibdi. Bu vaqt oralig‘ida qishlog‘imizda yuz bergan o‘zgarishlarning hammasini birma-bir ta’riflash qiyin. Tasavvur uyg‘onish uchun so‘z avvalida ta’kidlangan mashinalar sonini bugungisi bilan taqqoslashning o‘zi kifoya. Bundan yigirma yil muqaddam ularning soni uchta edi. Hozirga kelib esa deyarli har bir xonadonda bittadan avtomashina bor. Boshqa texnika vositalarini aytmasam ham bo‘ladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qishloq aholisi nimaning hisobiga bunday muvaffaqiyatlarga erishdi?!.
— Mustaqilligimizning ilk kunlaridan boshlab barcha qishloqdoshlarim, bir qarich yerdan ham unumli foydalanishga harakat qildi, — deydi Shahrisabz tumanidagi Boshqob qishlog‘ida yashovchi keksa bog‘bon Mamadali Esonov. — Bizda suv bormaydigan dasht yerlar bisyor. Ammo sho‘ro tuzumi davrida u yerlarga daraxt ekish, bog‘ yaratish uchun “markaz”dan ruxsat olish lozim edi. Besamar ishga bosh qotirishni istamagan xalq shu bois, dashtga ekin ekmasdi. Istiqlol yillarida esa aholi iste’moli uchun zarur meva-sabzavotlar odamlarning o‘z tomorqasida yetishtiriladigan bo‘ldi. Endi ularni sotib olishga ehtiyoj sezilmaydi. Ayniqsa, mahalladoshlarimning bog‘dorchilik sohasida qilayotgan mehnatlari tahsinga loyiq. Ularning asosiy daromad manbai ham sohibkorlikdan.
So‘nggi o‘n-o‘n besh yilda qo‘riq yerlar o‘zlashtirilib, yangi bog‘lar yaratildi. Mavjud bog‘lar esa bozor iqtisodiyoti sharoitiga moslab, qaytadan tashkil etildi. Odamlar tadbirkorlik yo‘li bilan lalmi yerlarga suv chiqarib, bog‘-rog‘larni ko‘paytirmoqda. Xullaskalom, bu yerda ham bog‘bonlar mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari yangidan-yangi olmazorlar, tokzorlar tashkil etishmoqda.
Mana shunday mehnatkash xalqimizning sa’y-harakatlari tufayli esa mustaqillik yillarida mamlakatimiz bo‘ylab 14 ming 600 gektar maydonda yangi bog‘lar yaratildi. So‘nggi ikki yil davomida esa 4 million 213 ming 400 dona intensiv mevali ko‘chat ekildi. Bu esa O‘zbekistonda bog‘dorchilikda qilinayotgan ishlarning amaldagi tasdig‘idir.
Darhaqiqat, istiqlol yillarida yurtimizda bog‘dorchilikda hosildorlikni oshirish, yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifatini yaxshilash yo‘lida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, butun dunyoda iqlimning o‘zgarib, suv tanqisligi sezilayotgan murakkab davrda ilmiy asoslangan, tajribada sinalgan, qurg‘oqchilikka, har xil hasharot va zararkunandalarga chidamli meva navlarining ko‘paytirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2006 yil 11 yanvarda qabul qilingan “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qaror muhim dasturilamal bo‘layotir. Shu kungacha meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 40 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarida yangi bog‘ va tokzorlar tashkil etish, mavjudlarini rekonstruktsiya qilish uchun 14 million 628 ming tupdan ziyod mevali daraxt nihollari hamda 15 million tup tok ko‘chati yetkazib berildi.
Ta’kidlash joizki, bu ishlarda R.Shreder nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimu mutaxassislarining izlanishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning yangi, istiqbolli navlarni yaratish, navlarning texnologiyasini ishlab chiqish, xorijdan olib kelingan navlar orasidan mahalliy tuproq va iqlim sharoitiga moslashuvchan, eng serhosillarini tanlab, ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy ishlarni amaliyot bilan uyg‘un olib borayotgani yutuqlar omili bo‘lmoqda. Jumladan, o‘tgan yigirma yilda institut selektsionerlari meva va uzumning 25 ta yangi navini yaratishdi. Shuningdek, yana 32 ta yangi istiqbolli navlarni sinov uchun davlat sinov komissiyasiga topshirildi.
Qayd etish lozimki, shu kungacha yaratilgan olmaning “Malika”, “Qizil taram olma”, “Cho‘lpon”, “Oydin” “Nafis”, nokning “Kulola 2”, behining “Izobilünaya”, olxo‘rining “Chernosliv Samarkandskiy”, gilosning “Klon Elütona”, shaftolining “Sharq”, uzumning “Rizamat”, “Kishmish Botir” navlari mamlakatimiz iqlimiga mosligi, qurg‘oqchilikka chidamliligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, sinov komissiyasiga topshirilgan olmaning “So‘x malikasi”, “Hayot”, nokning “To‘yona”, “Azamat”, behining “Mushk behi”, “O‘zbekiston”, shaftolining “Chehra”, o‘rikning “Maroqand”, qorag‘atning “Siyuma”, “Ruxshona”, uzumning “Kishmish Malika” navlarining ham ijobiy samara berishi kutilmoqda.
Hozir yurtimizda bog‘dorchilikni rivojlantirishning bir necha yo‘nalishi mavjud bo‘lib, past tipdagi bog‘larni tashkil etish texnologiyasidan keng foydalanilmoqda. Samarqand, Farg‘ona, Toshkent kabi viloyatlarda yaratilgan intensiv mevali bog‘lar bunga misol bo‘la oladi.
Intensiv bog‘larning afzalligi shundaki, bu daraxtlarning tanasi kichik bo‘lgani uchun ularga ishlov berish, kesish, shakl berish, sug‘orish, dori sepish va mevani terish qulay. Bunday bog‘larga yorug‘lik yaxshi tushishi, havo aylanishi me’yorida bo‘ladi. Shu bois terilgan mevaning sifati yuqori bo‘lib, nobudgarchiligi kam.
Institut mutaxassislari yangi uzum navlarining introduktsiya (chet davlatdan keltirilgan) qilingan xillarini o‘rganish bilan birga bog‘larda yangi resurs — tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqish, tuproq unumdorligini ko‘tarish, tog‘ va tog‘oldi hududlarda tokzorlar barpo etish uchun ko‘proq yangi navdagi ko‘chatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borishayotgani ham diqqatga sazovor. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha “Meva-sharbat” bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy ishlab chiqarish korporatsiyasi tizimidagi xo‘jaliklarda 2 million dona uzum ko‘chati, intensiv bog‘lar uchun mo‘ljallangan 500 ming dona pakana va yarim pakana olma navlarining ko‘chatlari yetishtirildi. Xorijdan keltirilgan navlar borasida gap ketganda, Ukrainadan intensiv bog‘lar barpo etish uchun urug‘li mevalarning pakana va yarim pakana payvandtaglaridan 400 ming dona olib kelinib, ular institutning filial hamda tajriba xo‘jaliklariga taqsimlab berilganini ta’kidlash zarur.
Shuningdek, institutning ilmiy tajriba uchastkasida Xitoy tajribasini qo‘llash maqsadida isitish tarmoqlarisiz ishlaydigan, kichik hajmli 5 ta issiqxona tashkil etildi. Bu yerda pakana olma, shaftoli, o‘rik, limon ko‘chatlari ekilib, ulardan yuqori hosil olish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.
Yana bir yangilik. Endilikda mevalarning ko‘chatlarini tuvaklarga ekib, ulardan tez va yuqori sifatli hosil olishga e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun tajriba sifatida 1500 dona olma, nok, behi, gilos, shaftoli, o‘rik, olxo‘ri ko‘chatlari ekilib, parvarish qilinmoqda. Ahamiyatli tomoni, bu usulni tanlagan har bir xonadon egasi tuvaklarda o‘stirilayotgan bunday ko‘chatlarni uyining xohlagan joyida parvarishlab, hosil olishi mumkin. Bu usulda parvarishlanayotgan nihollar ikkinchi yildan hosilga kiradi, 5-8 kilogrammgacha meva beradi.
— Yana bir muhim tajriba, — deydi institutning ilmiy ishlar bo‘yicha rais o‘rinbosari Ravshan Abdullayev. — O‘tgan yildan boshlab 30 sotix maydonda sun’iy tuman hosil qilinib, qalamchalardan (vegetativ) ko‘payadigan mevali o‘simliklarni ko‘paytirish maqsadida ko‘chatxona tashkil etildi. Bu yerga limon novdalari qalamcha usulida ekildi. Ikki oy davomida qalamchalar ildiz otib, yil yakunigacha to‘la rivojlandi.
Institut mutaxassislari ayni kunlarda Rossiyaning Sibirü bog‘dorchilik ilmiy tadqiqot instituti, Yaponiyaning Jayka, AQShning YuSAID kompaniyalari bilan tajriba almashmoqda. O‘z navbatida, o‘rganilgan bilim, orttirilgan tajriba respublikamizdagi fermer, dehqon xo‘jaliklariga yetkazilmoqda. Buning ustiga turli ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilib, sinov maktabi tashkil etilmoqda.
Ha, bugun bozorlarimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va meva-sabzavotlar bilan to‘lib-toshishida yurtimiz sohibkorlari bilan birga R.Shreder nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlarining ham hissasi katta bo‘layapti. Ular tomonidan yaratilayotgan yangi navlar bir kun kelib dunyo bozorlarini egallasa, ne ajab.
Azim RO‘ZIYEV,
“Hurriyat” muxbiri
|