Bola tarbiyasida ahamiyati beqiyos bo‘lgan “Yembelek aspaq” o‘yini go‘daklikdan chaqqon harakatlanishni talab qiladi, O‘yinda ona farzandi uchun qiziqish uyg‘otadigan biror narsa yoki buyumni undan uzoqroq qo‘yadi va uni ko‘rsatib bolasini olishga chorlaydi. Go‘dak unga intiladi va shu asosda emaklab harakat qiladi.
Qadimshunos olimlar “Shullik” o‘yini qadimgi davrlarda ham yigit-qizlarning sevimli mashg‘uloti bo‘lganini ta’kidlab, uni “Qirq qiz” dostoni yaratilgan davr bilan bog‘lashadi. Dostondagi jasur qiz Gulayim do‘stlari bilan yoshligidan “Shullik”, “Otda chopmoq” o‘yinlarida orttirgan tajribasi Qalmoqlar bilan bo‘lgan jangda qo‘l kelgani tarixiy manbalarda yozib qoldirilgan.
“Shullik” o‘yinida uch-to‘rt odamdan iborat ikki jamoa qatnashadi. Yerga chuqurcha qaziladi. O‘yin boshlanishi bilan jamoalar qo‘liga tushgan to‘pni raqibga bermaslikka, iloji boricha jamoadoshlariga uzatib chuqurchaga tushirishga harakat qiladi. O‘yin 15 daqiqagacha davom etadi. So‘ngra umumiy hisob chiqarilib, g‘olib jamoa aniqlanadi. Bu o‘yin kishida chaqqonlik, maqsad sari dadillik, kuchli irodani shakllantirishga xizmat qiladi.
Ko‘rinishidan osondek tuyulgan, aslida murakkab elementlardan iborat “Iloq” (ko‘pkari) chaqqonlik va chavandozlik sirlarini o‘rgatadigan o‘yindir. “Sharyar” dostonida Gulsanamni dushmanlar changalidan ozod etish uchun Sharyar “Iloq” o‘yinida qatnashadi va iloqni birinchi bo‘lib ilib olib, xonning oldiga tashlaydi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, qadim-qadimdan ota-bobolarimizning to‘y-tantanalari “Iloq”siz o‘tmagan. Yillar o‘tsa-da, bu o‘yinning qadr-qimmati aslo kamaymagan. Hozir ham to‘y-yig‘inlarda, Navro‘z ayyomlarida “Iloq” o‘yini o‘tkazib turiladi.
Insonning bilimi va mahoratini oshiradigan “Kim birinchi?” o‘yini asosan yigit-qizlar o‘rtasida o‘ynaladi. U ko‘proq hazil-mutoyibaga boy she’rlar, savol-javob shaklida kechadi. Yutqazib qo‘ygan, to‘g‘ri javobni topa olmagan ishtirokchi o‘yin qoidasiga ko‘ra, albatta, ma’lum bir shartni bajarishga majbur bo‘ladi. Aks holda musobaqadan chetlashtiriladi. Bellashuv so‘ngida qatnashchilar orasidan eng yaxshi ishtirokchilar saralab olinadi va ular yana o‘zaro bahsga kirishadilar. Shu tariqa, eng tezkor va topqir ishtirokchi mutlaq g‘olib deb topiladi.
“Qacharman to‘p” o‘yinida ikkita jamoa qatnashadi. Har ikkala jamoadan ikki-uch ishtirokchi o‘rin oladi. Dastlab o‘rtaga birinchi jamoa a’zolari tushadi. Uning ikki tomonidan esa raqib jamoa ishtirokchilari to‘pni ularga otadi. Agarda to‘p kimgadir tegsa, u o‘yindan chetlashtiriladi. O‘yin jamoada hech kim qolmaguncha davom etadi.
“Qacharman to‘p” o‘yini boshqa o‘yinlar singari sizu bizni tezkorlikka chorlaydi. Ehtiyotkorlik ruhida kamol topishimizga yordam beradi.
“Besh tosh” o‘yini hozir ham qizlarning sevimli mashg‘ulotlaridan biri hisoblanadi. Bunda ishtirokchi qizlardan toshlardan bittasini yuqoriga otib, u qaytib tushguncha avval bittalab, keyin juftlab va hokazo toshlarni qo‘lda tutib olishi lozim bo‘ladi. Qizlarni orastalik va chaqqonlikka o‘rgatadigan bu o‘yin ularning irodasini toshdek mustahkamlashda ham katta ahamiyatga ega.
Ko‘rinib turibdiki, milliy o‘yinlar kishini zukkolik, chaqqonlik, jasurlik va mehnatsevarlikka yetaklashi barobarida, bilimlarini mustahkamlash hamda yigit-qizlarni bo‘lg‘usi oilaviy hayotga tarbiyalab borishda ham ulkan ahamiyat kasb etadi. Zero, milliy o‘yinlar vujudga jasorat, kuchli iroda in’om etadi.
Qumar BEGNIYAZOVA,
Qoraqalpog‘iston
Respublikasi |