Tirnoqqa zor bo‘layotgan juftlarning to‘qson foizdan ko‘prog‘i esa turli yuqumli kasallik oqibatlari tufayli ota-onalik baxtidan benasib qolayotganidan yo bexabar, yo mamlakatimizda salomatlikni yaxshilash borasida yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana olmayotganliklaridandir.
o‘nggi yillarda jahon miqyosida OITS, so‘zak, zahm kabi yuqumli kasalliklar bilan bir qatorda siydik tanosil tizimining xlamidiya kasalligi ham ortib borayotgani tashvishlanarlidir. Ushbu xastalik juda xavfli bo‘lib, unga chalingan kishi aksariyat hollarda bepusht bo‘lib qolishi yoki homila ichki infektsiyaga yo‘liqishi mumkin. Eng asosiysi, ona va bola salomatligini saqlash muammosi kelib chiqadi.
Kasallik infektsiyasi bir odamdan ikkinchisiga asosan jinsiy aloqa orqali yuqadi. Infektsiya manbai esa bemor odamning tanosil a’zolari shilliq qismi va ajralmalari hisoblanadi. Eng achinarlisi, himoyasiz jinsiy aloqa jarayonida yuqqan kasallik ko‘p hollarda bemor organizmida uning belgisiz kechishi, yallig‘lanish jarayonining sezilmasligi shifokorlarga murojaatlarni keskin kamaytiradi. Buning oqibatida vaqtida davolanmagan xastalik doimiy kasallik manbaini vujudga keltiradi.
Keyingi paytda tibbiyotda xlamidiya infektsiyasining akusherlik patologiyasidagi o‘rniga alohida e’tibor berilyapti. Buning samarasi o‘laroq to‘plangan ma’lumotlar homilaning bachadon ichidagi rivojlanishi, qolaversa, chaqaloq va yosh bolalar patologiyasi xlamidiya bilan o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatdi. Bunga misol tariqasida agar homilador ayol xlamidiya infektsiyasi bilan zararlansa, uning asorati sifatida ko‘p hollarda bola vaqtdan erta (chala) tug‘ilishini keltirish mumkin. Shuningdek, ba’zan infektsiya tug‘uruq yo‘llari orqali yuqqan bo‘lsa-da, zararlanish bachadonda sodir bo‘ladi. Natijada homiladorlikning ilk davrida homilaning nobud bo‘lish ehtimoli kuchayadi.
Erkaklarda urogenital xlamidioz xastaligi o‘ziga xos alomatlar bilan kechadi. Kasallikka chalingan ayoldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqqan infektsiya, avvalo, o‘zining 20-30 kunlik yashirin davrini boshlaydi. Bu vaqt oralig‘ida infektsiya organizm muhitiga moslashadi va ko‘payadi. Organizmning immunologik holatiga qarab kasallik alomatlari boshlanishi yoki aksincha, hech qanday belgilarsiz, yashirin holda ham kechishi mumkin. Agar u belgilarini namoyon eta boshlasa, infektsiyaning yashirin davridan so‘ng erkaklarda uretrit (siydik chiqarish yo‘lining yallig‘lanishi) namoyon bo‘ladi. Keyinchalik shilimshiqli ajralma kelishi qo‘shiladi va tez-tez peshobga qatnash yuzaga keladi. Bu paytda spirtli ichimliklar ichish, achchiq taomlarni tanovvul qilish kasallikning yanada faollashuviga sabab bo‘ladi.
Xlamidiya nafaqat reproduktiv salomatlikka, balki butun organizmga tarqalishi bilan ham xavflidir. Jumladan, bo‘g‘imlar shikastlanishi, ko‘rishning keskin pasayishi (Reyter sindromi) kabi og‘ir holatlarga olib keladi. Shuningdek, olimlarning ilmiy tadqiqot natijalari asosida xlamidiyaning bronxial astma (nafas siqishi) kasalligida, qon tomirlari devoriga xolesterin (ateroskleroz) hosil bo‘lishida asosiy omil bo‘lishi isbotlandi.
Yuqoridagi fikrlar va ma’lumotga asoslanib ta’kidlash mumkinki, inson salomatligi, oiladagi sog‘lom muhit har bir shaxsning o‘z qo‘lida. Birgina ehtiyotsizlik tufayli qilingan kichik xato va beparvolik nafaqat bir insonning o‘ziga, balki uning oila a’zolari halovatining yo‘qolishiga ham sabab bo‘ladi.
Shunday ekan, kasalliklardan saqlanishning individual vositalarini bilish va tibbiy madaniyatni yanada oshirib borish, tez-tez tibbiyot muassasalariga borib salomatligini nazoratdan o‘tkazib turish har bir insonning burchiga aylanishi, mutaxassis shifokorlar bilan uzviylikni ta’minlash eng yaxshi odat bo‘lishi kerak.
Asqarali MIRZAYEV,
Toshket viloyati
teri-tanosil kasalliklari
dispanseri bo‘limi mudiri
|