Bebaho boylik

03 Noyabr 2011 18:47
G`ALABALAR YURTI BU!
Kuni kecha dunyo bo‘ylab chaqinday chaqnab, yashinday yarqirab bir xushxabar tarqaldi: “Nasaf” — chempion! “Nasaf” — Osiyo futbol konfederatsiyasi kubogi sohibi! Final o‘yinida “Quvayt SK” klubini mag‘lub etgan o‘zbekistonlik futbolchilar OFK kubogini qo‘lga kiritdi!”
Bu yangilikni eshitgan har bir yurtdoshimiz bir olam quvonchu shodlik, g‘urur va iftixor sohibiga aylandi. Biz bu kunni intiq-intizor kutdik. Yashirib nima qilamiz, hal qiluvchi o‘yin arafasida ko‘ngillarda ancha-muncha hadik, xavotir sharpalari kezib yurardi. Besaranjom edik. Axir, “Nasaf”ning raqibi ne-ne xalqaro musobaqalarda ko‘zi pishib, suyagi qotgan Osiyo­ning eng nomdor, eng dongdor jamoalaridan biri edi-da. Uni mag‘lub etish oson emasdi. Shuning uchunmi yo vatanparvarlik hissi ustun kelibmi, duch kelgan joyda, duch kelgan paytda bo‘lajak o‘yinni muhokama qildik.
Choyxonada choy ichib, do‘stlarimiz bilan final o‘yini ustida talashib-tortishardik. Kimdir “Nasaf”ni alqasa, tag‘in birov afsuslangannamo bosh chayqab, raqib jamoaning imkoniyatlari yuqori ekanini gapirardi. Shundoqqina biqinimizda esa junqalpoqlarini bostirib kiygan, barvasta, aft-angoridan fermersifat ikki kishi tamaddi qilishayotgan ekan. G‘ala-g‘ovurimiz yoqmadi, shekilli, biz tomonga goh-gohida norizo ko‘z tashlab qo‘yishadi. Bahsimiz qizib, ovozimiz battar guldiragan payt ular yana biz tomonga chimirilib qarashdi.
— Akalar, sizlarni futbol qiziqtirmaydi, chog‘i, — dedik:
— Nega endi, qiziqtiradi, — dedi ulardan biri ajabsinib, so‘ng cho‘ntagidan ikki dona yaltiroq, kaftdekkina qog‘oz chiqardi, — mana, bilet ham oldik. Ammo, ochig‘i, sizlarning bahslaringiz bizga yoqmayapti.
— Nega?!
— Chunki hech qanday munozaraga o‘rin yo‘q. “Nasaf” yutadi, tamom-vassalom! Biz bunga ishonamiz.
— Biz g‘alabalar yurtida yashayapmiz, uka, — deya sherigining fikrini ma’qulladi ikkinchisi.
Bu yog‘iga nima deyishimni bilmay qoldim. Sheriklarim ham hangu mang. Ikki fermer esa bizga kulimsirab qarab turishibdi. Shunda ularning nigohlarida chaqnagan ishonch va g‘urur asta-sekin bizlarga ham yuqayotganini, ichimizda kezinib yurgan hadik va xavotir Qarshini qoplagan tonggi tumandek tarqab borayotganini seza boshladik.
Ertasi kuni hal qiluvchi o‘yin tomoshasiga ham shunday kayfiyatda yo‘lga chiqdik. Ko‘chalar odam bilan gavjum. Barchaning yuzida bayramona tabassum. Aksariyat muxlislar sevimli jamoasi — “Nasaf”ning sport kiyimida. Ba’zilarning egnida hatto milliy terma jamoamizning formasi. Ko‘pchilikning qo‘lida esa Mustaqil Vatan — O‘zbekistonimiz bayrog‘i. Ashaddiy muxlislar “Olg‘a O‘zbekiston!”, “Butun O‘zbekis­ton sen bilan!”, “Nasaf” chempion!” so‘zlari bitilgan bannerlarni bosh o‘zra ko‘tarib olishgan. Chinakam fanatlardan bo‘lsa kerak, 13-14 yoshli bir to‘da bola yuzlarini turli ranglarga bo‘yagan. Sochlarining turmagi ham o‘zgacha. Har birining bosh kiyimi ushbu kunga moslab yaratilganki, ular bir-birini aslo takrorlamaydi.
Final o‘yini boshlanishiga hali bir necha soat vaqt bor. Shunga qaramay, Qarshidagi zamon talablariga mos shinam va ko‘rkam, sportchilar uchun barcha-shart-sharoitlarga ega “Markaziy” stadion muxlislar bilan to‘lgan. Ularning kayfiyati a’lo. Ayrimlari allaqachon bayramni boshlab yuborgan. Milliy kuylarimizdan chalib, o‘yin-kulgu qilishayapi. Arena uzra yangrayotgan hayqiriqlar esa ularga jo‘r bo‘lmoqda. Nazarimizda, muxlislar hayqirig‘idan guvullab turgan muazzam stadion uzra ham o‘sha fermer akalarimiz qarog‘idagi ishonch va g‘urur charx urib yurganday. Chor atrof ulkan projektorlar yog‘dusidan emas, o‘sha xos tuyg‘ular chaqinidan yorishib turganday tuyuladi bizga.
O‘yin ham shu ruhda boshlandi. Va shu ruhda “Nasaf”ning g‘alabasi bilan yakunlandi. Stadion, butun Qarshi shahri shodiyona qiyqiriqlar va olqishlardan larzaga keldi. Ko‘chalarda chinakam bayram, tantanalar boshlanib ketdi. O‘yindan so‘ng stadiondan chiqa turib tag‘in o‘sha fermerlarni uchratib qoldik.
— Ana, aytmovdimmi? Biz baribir yengamiz demovdim-mi?!
Ulardan biri shunday hayajonli hayqiriqlar bilan meni quchoqlab oldi.
 — Gapingiz chin, aka, bizga faqat g‘alabalar yarashadi! — dedim men ham uni quchog‘imdan qo‘yvormay.
Ha, darhaqiqat shunday. Gapning yana ham chinrog‘i o‘sha kuni biz g‘alabaga ko‘proq haqli edik. Chunki futbolchilarimizga qo‘shilib million-million yurdoshlarimizning g‘ururi, faxr-iftixori maydonga tushdi. Raqib darvozasi tomon o‘yinda hal qiluvchi zarbalarni, shak-shuhbasiz, xalqimizning ishonch-ixlosi berdi.
Sportda tasodiflar, mo‘jizalar, favqulodda voqealar uchrab turadi. Lekin “Nasaf” va boshqa jamoalarimizning g‘alabalari borasida gap ketganda, tasodif bir hol, mo‘jiza ro‘y berdi, deya olmaymiz. Bunday zafarli onlar o‘z-o‘zidan kelavermaydi. Bu yurtimizda sportga, xususan, futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasidir!
Istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab yurtimizda futbolni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinayotir. Bu islohotlarning amalga oshirilishida esa davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan qator qaror va farmonlar dasturilamal bo‘lmoqda. Shu o‘rinda mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, amalga oshirilgan keng qamrovli ishlarning samarasi o‘laroq, o‘tgan yillarda mamlakatimizda futbol ancha rivojlandi. Buni turli toifadagi terma jamoalarimiz va klublarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarida ko‘rishimiz mumkin.
Ko‘pchilikning yodida, 1994 yili Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi. Tan olish kerak, yaqin-yaqingacha ushbu muvaffaqiyatdan bo‘lak maqtanishga arzigulik deyarli hech vaqomiz yo‘q edi. Buning qator sabablari bor edi, albatta.
Nihoyat, 2011 yil o‘zbek futboli uchun yangi davrni boshlab berdi. Dastlab milliy terma jamoamiz Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogi musobaqasida yaxshi ishtirok etib, turnirning yarim finaliga qadar yetib bordi. Ayni kunlarda esa vakillarimiz 2014 yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilning yozida Meksikada 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida tashkil etilgan jahon chempionatida umidli yoshlarimiz ajoyib natijalarga erishishdi. Ular dunyoning kuchli terma jamoalariga qarshi maydonga tushib, zafar qozonishdi. Eng asosiysi, jahonning kuchli sakkizta terma jamoasi qatoridan joy oldik.
Olimpiada terma jamoamiz xususida ham ana shunday iliq fikrlarni bildirish mumkin. Ushbu yoshdagi vakillarimiz yil boshidan beri ikkita xalqaro musobaqa — Ukrainada o‘tgan Lobanovskiy xotira turnir va Vetnamda tashkil etilgan bellashuvda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Terma jamoa shu kunlarda 2012 yilda Londonda tashkil etiladigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish uchun taraddud ko‘r­moqda.
Yaqin kelajakda futbolchilarimiz bulardan-da ulkan va yorqin g‘alabalarga erishishlariga ishonamiz.
Shu o‘rinda mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tish lozimki, OFK kubogi turnirining hal qiluvchi uchrashuvining aynan Qarshi shahrida o‘tkazilishi ham diqqatga sazavordir. Bu imkoniyat bekorga berilgan emas. Chunki so‘nggi yillarda Qashqadaryo viloyatida keng miqyosdagi islohotlar, bunyodkorlik ishlari olib borildi. Dunyo andozalariga mos sport majmualari, maishiy-madaniy inshootlar barpo etildi. Jumladan, G‘uzordagi zamonaviy stadion, Guvalak badiiy gimnastika sport majmuasi va boshqa ko‘plab sport arenalarini misol tariqasida keltirib o‘tish mumkin. Barcha futbol jamoalari qoshida yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni tarbiyalash maqsadida futbol maktablari, akademiyalar tashkil etilganini esa alohida e’tirof etish joiz.
Yaratilgan bunday qulay shart-sharoitlar, imkoniyatlar mevasi o‘laroq, bugun futbol bo‘yicha mamlakat chempionati oliy ligasida “Na­saf”dan tashqari “Sho‘rtan” va “Mash’al” jamoalari peshqadamlar safida to‘p surmoqda.
Shuningdek, vohada ayollar futboliga ham jiddiy e’tibor qartilmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston chempionatida viloyatning ikkita — “Sevinch” va “Olimpiya” jamoalari ishtirok etmoqda. Ulardan “Sevinch” jamoasi bir necha marta mamlakat chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar sovrindori bo‘lgani barchamizni quvontiradi. Shu dalillarning o‘ziyoq bugun Qashqadaryoda o‘ziga xos futbol maktabi yaratilganidan darak berib turibdi.
— Bu yerdagi rahbarlarning faoliyatini kuzatarkanman, meni bir jihat juda quvontirdi, — deydi final o‘yinini boshqargan referi Kim Dong Jin. — Ular shunchaki rasmiy tashkilotchilar emas, balki futbolni chinakamiga sevadigan, tushunadigan, his qiladigan kishilar ekan. Bu omil yurtingizda futbolning rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi.
Chet ellik mehmonlardan yana biri, OFK prezidenti yordamchisi Luo Rodjer esa o‘z hayajonli taassurotlarini shunday ifodaladi:
— Men xizmat taqozosiga ko‘ra Osiyoning deyarli barcha mamlakatlarida bo‘lganman. Lekin O‘zbekistondagidek sportga, futbolga bo‘lgan e’tiborni, xayrixohlikni ko‘rmadim. Mana, birgina Qarshidagi sport majmualari, mashg‘ulot maydonlari bizni o‘ziga jalb qildi. Holbuki, Osiyoning ba’zi bir poytaxt shaharlarida ham bunchalik jihozlangan sport inshootlari yo‘q. O‘zbekiston, shak-shuhbasiz, yaqin kelajakda ko‘pgina nufuzli xalqaro musobaqalarning doimiy mezboniga aylanadi.
OFK prezidenti vazifasini bajaruvchi Jang Jilong esa “Nasaf” klubini g‘oliblik bilan tabriklab, shunday dedi:
— “Nasaf”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Bu buyuk o‘yin bo‘ldi. Uni minglab muxlislar katta hayajon bilan kuzatishdi va o‘yin haqiqiy finalga mos bo‘ldi. Darvoqe, 2004 yili tashkil etilgan OFK kubogida ilk marta G‘arbiy Osiyo davlatidan bo‘lmagan jamoa g‘oliblikka erishdi. “Nasaf” shuni isbotladiki, Osiyoda jamoalar saviyasi tenglashib bormoqda. Finalning ajoyib tashkil etilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.
Albatta, mehmonlarning bunday samimiy e’tiroflari bizni quvontiradi, to‘lqinlantiradi. Ammo o‘sha kuni eng go‘zal e’tirofni “Nasaf” futbol jamoasi o‘zining ishonchli, irodali o‘yini bilan xalqimiz oldida izhor etdi. Futbolchilarimiz muhtaram Prezidentimizning “Biz hech kimdan kam emasmiz, biz hech kimdan kam bo‘lmaymiz” degan purma’no so‘zlarini yana bir karra amalda ko‘rsatib, g‘alabalar yurtining munosib o‘g‘lonlari ekanini jumlai jahonga namoyish etishdi. “Nasaf”ning bu g‘alabasi O‘zbekiston futboli tarixida yangi, shon-sharafga, zafarli yurishlarga boy sahifa ochib berdi. Qutlug‘ qadam hammamizga muborak bo‘lsin!
 
Luqmon BO‘RIXON,
Azim BAHODIR

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM