Eng muhimi, odamlar turli tahlillar topshirish, shifokorlar ko‘rigidan o‘tish uchun endi uzoq masofa bosib, shahar markaziga qatnash tashvishidan xalos bo‘ldi. Do‘stlik tumanidagi mavjud 7 ta qishloq vrachlik punkti, jumladan, «Bog‘zor» QVPda 20 million, «Saritepa» QVPda 14 million, «Navro‘z» QVPda 6,5 million so‘mlik ta’mirlash ishlari olib borildi. Barcha qishloq vrachlik punktlariga «Salomatlik-2» loyihasi bo‘yicha 510 million so‘mlik asbob-uskunalar keltirib, o‘rnatildi. Ularda puxta bilimga ega, malakali umumiy amaliyot shifokorlari bemorlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, laboratoriya, fizioterapiya bo‘limlari ham tashkil etilgani tuman aholisi uchun ancha qulaylik yaratdi.
«Salomatlik-3» loyihasi asosida tuman markaziy shifoxonasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi 211,3 million so‘mlik elektrokardiograf, pulsoksometr, gastrofiprokof, monitor, ultratovush, fager-narkoz apparatlari, jarrohlik asboblar to‘plami kabi asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Ayni paytda bu yerda ko‘plab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
— Tibbiyot sohasida 1980 yildan beri ishlab kelaman, — deydi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali jarroh Ilhom Umrzoqov. — O‘sha paytlari bu yerda hatto eng oddiy jarrohlik amaliyotini ham o‘tkaza olmasdik. Mana bu zamonaviy tibbiy apparatlar, asbob-uskunalarni orzu qilardik, xolos. Sohaga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli bugun biz chekka bir tumanda eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham bajarayapmiz. Misol uchun, bu yil 420 dan ortiq turli operatsiyalar muvaffaqiyat bilan amalga oshirilib, bemorlar dardiga shifo topdi.
Haqiqatan ham, bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishda yetarli bilim va tajriba, qulay shart-sharoit bilan bir qatorda, zarur tibbiy jihozlarning ham o‘z o‘rni bo‘ladi. Shu ma’noda markaziy shifoxonaning bolalar statsionari va poliklinikasi, tez yordam bo‘limi mukammal ta’mirdan chiqarildi. Tug‘uruq kompleksi, klinik laboratoriya hamda yangi ishga tushgan stomatologiya poliklinikasi «Salomatlik-2» dasturi bo‘yicha zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
El salomatligini saqlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar doirasida poytaxt va viloyatdagi malakali mutaxassislarning tumanga kelishi hamda “Salomatlik haftaligi”ning o‘tkazilishi yaxshi ana’anaga aylangan. Zero, aholi o‘rtasida turli kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni targ‘ib qilish, tushuntirish ishlarini olib borish ham muhim vazifa hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning tibbiy madaniyati yuksalishiga olib keladi.
Muxtasar qilib aytganda, birgina sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar inson va uning hayoti naqadar muqaddas ekanligidan dalolat beradi. Binobarin, yurtimizda inson qadr-qimmati, sha’ni, manfaatlari muqaddas, uning salomatligi eng katta boylikdir.
Abdug‘ani MAMASODIQOV,
«Hurriyat» muxbiri |