“Kelajak ovozi” tanlovining viloyat bosqichida sevimli shoiramiz Zulfiyaxonim surati tushirilgan nodir kulolchilik asari e’tiborimni tortdi. Uning muallifi Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi 2-son akademik litseyning uchinchi bosqich o‘quvchisi Dilnoza asli Jizzax tumanining “Qurama” qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan.
Respublika Badiiy akademiyasi a’zosi, Buxoro kulolchilik maktabi murabbiysi Bahrom aka Go‘liyevdan olgan bilim va ko‘nikmalarini boyitib, hayotga tatbiq etayotgan Dilnozani ish ustida uchratdik. Ish jarayoni haqida esa uning o‘zi so‘zlab berdi: |
— Sof gil tuproqdan, avvalo, loy tayyorlanadi. Unga ozgina dam berilgach, avvaldan xomakisi chizilgan buyum yaratiladi. U loy holatida va tag qismi qurigandan so‘ng pechkada pishiriladi va ustiga rang beriladi.
Dilnozaning “Mo‘ysafid”, “Zulfiyaxonim — vafo timsoli”, “Novvoy” kabi ijodiy ishlarida milliyligimiz belgilari, qishloq muhiti, uning sodda odamlari aks etgan. Tinimsiz izlanishlar albatta samara bermay qolmaydi. Dilnoza akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Ishbilarmon o‘quvchi — 2011” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olibasi, 2010 yil “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm ko‘rgazmasi sovrindoridir. Uning bunday tanlovlardagi ishtiroki, amaliy ishlari yuqori baholandi. Natijada 2010 yildagi respublika hunarmandlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida kulol qiz yana bir ezgu ishga qo‘l urdi. Viloyat Kamolot YOIH, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, “Ipotekabank” va “Mikrokreditbank” hamkorligida tashkil etilgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining viloyat bosqichida o‘ttiz nafar o‘quvchi qatnashgan bo‘lsa, ulardan o‘ntasi tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma olishdi. Respublika miqyosida bellashuvchilar safidan joy olgan Dilnozaning “Tarixiy obidalarni ta’mirlash” mavzuidagi loyihasi keramika mahsulotlari bozorini jadallashtirishga yo‘naltirilgan. Uch yilga mo‘ljallangan ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun jami 5 million so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Mustaqillik tengdoshi Dilnoza Turopova bu yo‘lda izlanishlarni tinmay davom ettirish niyatida.
Ma’mura YOQUBOVA,
O‘zDJTU talabasi
|