Bebaho boylik

15 Sentabr 2011 18:02
KO‘Z CHAROG‘ON BO‘LGANDA...
Bir tasavvur qiling-a: ko‘zga chang yoki g‘ubor qo‘ndi. Shu zahoti odamning tinchi yo‘qoladi, behalovat bo‘la boshlaydi. Yana bir qiyos. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, inson nega farzandi, jondan aziz yaqinlari, qimmatbaho, qadrdon buyumlarini ko‘z qorachig‘idek asrashga harakat qiladi? Chunki ko‘z inson uchun g‘oyatda muhim a’zo hisoblanadi.
Aql-idrok, ong-tafakkur, xatti-harakatlar boshqarilishida ko‘zning alohida o‘rni bor. Inson ko‘z orqali o‘zini nazorat qiladi, dunyoqarashini boyitib, tafakkurini shakllantiradi, olamni anglaydi. Shunday ekan, insondagi bu nozik va murakkab a’zoni davolovchi ko‘z shifokorlari — oftolmologlar mehnatining ham o‘ziga xos mashaqqatlari bor.
Barcha sohalardagi kabi tibbiyotning oftolmologiya yo‘nalishida ham istiqlol yillarida olamshumul ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida mamlakatimizdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan shifoxonalarda dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi kabi murakkab ko‘z jarrohligi amaliyotlari bajarilayotganini faxr-iftixor bilan ta’kidlash o‘rinli. Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasida bo‘lib, bunga yana bir karra amin bo‘ldik.
Shifoxonada aholiga malakali oftolmologik-jarrohlik yordami, rejali tez davolash xizmatlarini ko‘rsatish barobarida soha mutaxassislarining ilmiy tadqiqotlar olib borishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bolalar ko‘zini davolash va himoya qilish, ko‘z travmatologiyasi, katarakta va glaukomani davolash, vitreoretinal xirurgiya va diabetologiya, oftolmoplastika bo‘limlari bilan bir qatorda lazer bilan davolash, diagnostika, konsulütativ poliklinika va laboratoriya bo‘limlarining mavjudligi bemorlar uchun nihoyatda qulay imkoniyatlar tug‘dirmoqda.
— Sezgi tuyg‘ularidan biri — ko‘z orqali ko‘rish insonga in’om etilgan eng oliy baxtdir, — deydi shifoxona bosh shifokori, respublikada xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi Klara Valieva. — Har qanday odam olam go‘zalliklarini ko‘rgandagina hayot zavqi va lazzatini yanada teranroq his qiladi. Lekin hayotda turli tasodiflar, ko‘ngilsiz hodisalar bois ana shunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolayotgan insonlar ham uchrab turadi. Ularga yana ilgarigidek ko‘rish baxtini hadya etish esa chinakam mo‘‘jiza. Bu o‘ziga xos mehnat va mashaqqatlarni talab etadi. Jamoamiz a’zolari shu yo‘lda o‘zlarining bor bilim va tajribalarini ayamayaptilar. Muolaja ishlarini tubdan yaxshilash, oftolmologiya xizmatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish maqsadidagi sa’y-harakatlar o‘z ijobiy samarasini bermoqda. Turli xildagi jarrohlik va davolash usullarining ilk bor bizning shifoxonamizda o‘tkazilayotgani ham izlanishlarimiz mahsulidir.
Darvoqe, bundan sakkiz yil ilgari shifoxonada birinchi marta zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan Vitrioretinal jarrohlik bo‘limi tashkil qilingan edi. O‘tgan yillar ichida bu yerda ko‘plab murakkab vitrioretinal operatsiyalar bajarildi. Eng asosiysi, zarur dori-darmonlar, mikroxirurgik asbob-uskunalar, tikuv materiallari, fakoemulkisifikator, mikros­kop, sun’iy gav­harlar, anestiziologik asbob-uskunalar borligi uchun bemorlarga jarrohlik yordamini ko‘rsatish, oftolmologik  texnologiyalarni yuqori darajaga ko‘tarish imkoniyati vujudga keldi.
— Chet eldan «Millenium» oftolmoxirurgik apparatining keltirilgani biz shifokorlar bilan bir qatorda bemorlar uchun ham ayni muddao bo‘ldi, — deydi vitreoretinal va oftolümodiabet bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor Omon Toshmuhamedov. — Bu apparat yordamida ko‘zdagi yot jismlar transvitrial yo‘l bilan olinadi. Endoftolmologik xas­talik jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Qolaversa, to‘r pardaning katta yirtilishlari, ko‘chishi, shishasimon tanani almashtirish kabi muammolarni hal qilishda uning xizmatlari beqiyos.
Hozir yurtimizdagi barcha oftolmologik klinikalarda ko‘z oldi qismi operatsiyasi keng qo‘llaniladi. Chunki bu usul ancha oldin takomillashtirilgan. Lekin ko‘zning orqa qismi operatsiyasi juda kam qo‘llaniladi. Ushbu usul bizning shifoxonada ilk marta joriy etilgan. Asbob-uskunalarning barchasi ilgari ko‘z oldi qismi operatsiyasi uchun moslashtirilgan edi. «Millenium» oftolmoxirurgik apparati ayni shu jarayon, ya’ni ko‘z orqa qismi operatsiyasida ham qo‘llaniladi. Agar bemorda ko‘z gavhari xiralashsa o‘sha mikroskop or­qali dastlab ko‘z gavhari olib tashlanadi. Sun’iy gavhar qo‘yilib, keyin ko‘zning orqa qismida operatsiya davom ettiriladi. Ham oldi, ham orqa qismi kombinatsiya usulida  operatsiya qilinishi bemor uchun ancha qulaylik tug‘diradi.
Xalqimizda kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal, degan naql bor. Ko‘z kasalliklarining ham boshlanishidanoq oldi olinsa operatsiya samarasi yaxshi bo‘ladi. Ko‘rmay qolgan bemorlarni davolash qiyin kechadi. Negaki, ko‘z ichidagi to‘r pardalarining xastalanishi kuchayadi. Chandiqlar hosil bo‘lishiga olib keladi.
Ta’kidlash joizki, sohada yuksalish, rivojlanish bosqichi davom etmoqda. Yutuqlar xalqaro anjumanlarda bot-bot e’tirof etilyapti.  
Har bir sohada bo‘lgani kabi oftolmologiyada ham jahon tajribasini amaliyotga tatbiq etish uchun xorijlik hamkasblar bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilyapti. Shifoxona xodimlari dunyo oftolümologiyasi sohasidagi amaliy va ilmiy bilimlarini takomillashtirish maqsadida Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya, Germaniya, Finlyandiya, Avstriya, Frantsiya, Gollandiya, Malayziya singari davlatlardagi hamkasblari bilan tajriba almashish an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
— Ko‘z inson uchun naqadar muhim a’zo ekanini boshimga tashvish tushgach, yanada ko‘proq his qildim, — deydi jurnalist Aminboy Ortiqboev. — Gap shundaki, yaqinda xizmat safaridan uyga qaytayotgandim, avtobusda biroz mizg‘ib qolibman. Bir mahal ko‘zimni ochsam, bitta ko‘zim ko‘rmayapti. Ilgaridan sal-pal og‘rib yurgan bo‘lsa-da, uncha e’tibor qilmagandim. Qo‘rqib ketdim. Zudlik bilan mazkur shifoxona xodimlariga murojaat qildim. Baraka topishsin, meni dard­dan xalos qilishdi.
Shifoxona tom ma’noda ko‘z kasalliklari maktabi vazifasini o‘tab kelmoqda. Bu maskanda har yili yuzlab malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Shuningdek, shifoxona klinik ordinatura, aspirantura dasturlari bo‘yicha vrach-oftolmologlar hamda oftolmologik davolash muassasalarining o‘rta tibbiy xodimlari malakasi va ixtisosini oshirishda asosiy baza sifatida xizmat qilmoqda. Davolash ishlarini olib borishda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oftolümologiya kafedrasi bilan hamkorlik qilinadi. Bundan tashqari, o‘rta tibbiy xodimlar malakasini oshirish bilim yurti, Rossiyaning Ufa, Moskva, Yekaterinburg shaharlaridagi hamkasblar va Germaniya oftolümologlari bilan o‘zaro hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Inson tabiatan go‘zallik shaydosi. Bunda unga eng yaqin ko‘makchilardan biri ko‘zlardir. Zotan, ko‘z tufayli olam go‘zalligidan bahramand bo‘lamiz. Orzular ro‘yobini ko‘rib cheksiz quvonchga to‘lamiz. Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi jamoasi insonlarga ana shu baxtni hadya etish yo‘lida kamtarona va fidokorona mehnat qilishayotgani tahsinga sazovor.    
Hidoyat JO‘RAYEVA,
«Hurriyat» muxbiri

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM