Bebaho boylik

14 Iyul 2011 15:13
NODIR CHOLG‘ULAR
Milliy musiqiy cholg‘ular tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Cholg‘u ijrochiligi san’ati ajdodlarimiz tomonidan asrlar davomida noyob estetik vosita sifatida e’zozlab kelingan. Musiqa texnikalari rivojlanib, bugungi kunda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan asbob-uskunalar yaratilayotgan bo‘lsa-da, “Musiqiy cholg‘ular muzeyi”­dan joy olgan sozlar, noyob eksponatlarning sehri kishini beixtiyor o‘ziga rom etadi.
Turli shakldagi noyob musiqiy sozlar saqlab kelinayotgan bu muzey tomoshabinlarni, mutaxassislar va, albatta, xorijlik mehmonlarni ham buyuk allomalarimiz ta’riflagan, o‘zlari ijro etgan hamda takomillashtirgan musiqiy asboblar, sozlar, ularning turlari, yaratilish jarayoni va rivojlanish tarixidan boxabar etib kelmoqda.
Muzeyda o‘zbek xalq cholg‘ulariga oid barcha tarixiy ma’lumotlar, shu kungacha yig‘ilgan musiqiy asboblar, sozlar noyob eksponatlar sifatida avaylab saqlanmoqda. Qolaversa, an’anaviy hamda zamonaviy ijrochilikka moslashtirilgan, yangitdan yaratilgan chol­g‘ular ham bu yerdan joy olgan.  
Bugun ajnabiy mutaxassislarning milliy merosimizga, qolaversa, musiqiy cholg‘ularimiz va musiqachilarimizning ijrochilik san’atiga bo‘lgan qiziqishlari tobora ortib borayotgani sir emas. Bu, o‘z navbatida, dunyo bo‘ylab sayyor ko‘rgazmalar tashkil qilishni taqozo etadi. Shuningdek, musiqiy cholg‘ularimizning rang-barang turlarini o‘z ichiga olgan kataloglarni nashr etishga ham ehtiyoj katta.
— Bu muzeyning O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshida ish boshlaganiga yetti yil bo‘ldi, — deydi “Milliy cholg‘u” ilmiy ishlab chiqarish laboratoriyasi direktori, san’atshunoslik fanlari nomzodi Azatgul Toshmatova. — Respublikamiz madaniy hayotida yangilik bo‘lgan ushbu muzey faoliyati o‘zbek musiqa ijrochiligi san’atini o‘rganish va uning kelgusi rivoji uchun shart-sharoit yaratishga, musiqa fani va amaliyoti rivojiga turtki bo‘ldi, de­yish mumkin. Mazkur muzeydagi osori-atiqalar 1943 yilda konservatoriya qoshida tashkil etilgan “Milliy cholg‘u” ilmiy ishlab chiqarish laboratoriyasi xodimlarining sa’y-harakati bilan to‘plana boshlagan. Cholg‘u asboblarini yig‘ish tashabbusi bugungi muzeyning barpo etilishiga asos bo‘lgan. Laboratoriya mutasaddilarining vazifasi milliy chol­g‘ularni yig‘ish, ularning ovoz tarovati va tembr xususiyatlarini ilmiy jihatdan o‘rganish hamda ijrochilik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda zamonaviy ijro standartlariga moslashtirishdan iborat bo‘lgan. Ko‘rib turganingizdek, musiqa cholg‘ulari yuqori malakali mohir ustalar tomonidan yaratilgan.
Cholg‘ularni zamonaviy ijrochilik talablariga moslashtirishning ilk qadamlari (tajribalari) XX asrning 20-30-yillariga to‘g‘ri keladi. Bu rejani birinchi bo‘lib toshkentlik mashhur san’atkor Shorahim Shoumarov, xorazmlik ustoz sozanda Matyusuf Xarratov, toshkentlik mashhur musiqiy cholg‘ular ustasi Usmon Zufarov amalga oshirgan. Ularning vazifalari musiqiy sozlarning ovoz jarangdorligini va xos pardalar yordamida cholg‘u diapazonini (eng past tovushdan eng yuqori tovushgacha bo‘lgan oraliq) kengaytirishdan iborat edi. Usmon Zufarov birinchilardan bo‘lib past registr(parda)li cholg‘ularga asos solgan.
O‘zbek musiqa cholg‘ulari milliy madaniyatimizning noyob xazinasi hisoblanadi. Ular rang-barangligi va turlarining ko‘pligi bilan dunyo xalqlari e’tiborini tortib keladi. Xususan, hozirgi kunda milliy cholg‘ularimiz asosan uch guruhga bo‘linadi. Bular damli, zarbli va boshqa turli cholg‘ulardir (torli cholg‘ular, o‘z navbatida, torli-urma, torli-chertma va torli-kamonli sozlarga bo‘linadi).
Yurtimizda damli, zarbli va torli cholg‘ularning barcha turlari amalda keng qo‘llaniladi. Bizda, ayniqsa, damli va zarbli chol­g‘ular muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning ishtirokisiz biron-bir oilaviy marosim, bayram tantanalari va xalq sayillarini tasavvur etish qiyin. Bu cholg‘ular bayramona ruh, shodu xurramik, kishilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.
Lutfiya SUYAROVA

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM