Albatta, mening nazarimdagi yigit, avvalo, aql-hushli, ota-onasi, qarindosh-urug‘lari orasida hurmati bor, mehribon, oq-qorani tanib, o‘zligini anglagan, so‘zida turadigan, shirin suxanli, pirovardida, mening ota-onamga ham izzatli kuyov bo‘lishi kerak! Shunday yigitni uchratarmikanman?!
Ostonamizdan sovchilarning qadami uzilmay qolgan. Tavakkal qilishga esa qo‘rqaman. Bir gal yaqinlarimning qistovi bilan uchrashuvga ham chiqadigan bo‘ldim. Uchrashdik. Biror to‘xtamga kela olmay yurgan kunlarimdan birida uni yana tasodifan ko‘rib qoldim. Mahallamiz yaqinidagi choyxonadan chiqib, o‘rtoqlari bilan suhbatlashib turgan ekan. U meni payqamadi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqar, yonidagilar bilan gap talashar, sal bo‘lmasa, janjallashib qoladigandek edi. Yuragimga suv sepilgandek, muzlab ketdim....
***
— Ana-mana, deguncha oilalik ham bo‘ldim. Nigora aql-hushli, ziyrakkina qiz ekan. To‘yimizning ertasi kuniyoq oilamiz a’zosiga aylandi. Ukalarim, ayniqsa, singlim Gulshodaning quvonchi cheksiz. Bir qadam ayrilmaydi. Ularni chetdan tomosha qilib, o‘zim ham ich-ichimdan quvonaman.
Ochig‘ini aytganda, o‘zimdan gumonim bor. Ko‘ngli sof chinniday jarangdor shu qizni umrimning oxiriga qadar avaylab-asray olarmikanman? Nuqsonim shuki, jahlim tezroq. Xotinim dilimdagini aytmasimdanoq sezsa, deyman. Ishga ketayotganimda, albatta, kiyimlarim taxt bo‘lishi kerak. Kinogami, mehmongami — biror joyga otlanadigan bo‘lsak, u, albatta, mendan avval tayyor bo‘lishi shart. Kutishga toqatim yo‘q. Men umr yo‘ldoshimni shunday tasavvur qilaman.
Bir-ikki marta uni shahar tomoshasiga taklif qildim. “Rustam aka, o‘zingiz aylanib kelavering, men oyijonimga ko‘maklashay”, deb unamadi. Men uning xonanishin bo‘lishini xohlamayman-ku, axir! Xotin ham uylik, ham ko‘chalik bo‘lishi kerakmasmi? Birga-birga shahar aylansak, kinoteatrlarga tushsak, sayr qilsak, buning nimasi yomon? Yo, men o‘ta injiqlik qilyapmanmi? Har holda, hovlimizda yelib-yugurib, ota-onamning ko‘zini quvnatib yurgan Nigorani zimdan kuzatib turibman-u, shular haqida o‘ylayapman. Balki nohaqdirman-a?!
***
— Yangi xonadonga kelin bo‘lib tushganlar mening ahvolimni yaxshi anglashsa kerak. Xullas, to‘yimiz bo‘lib o‘tganiga ham yarim yildan oshdi. Turmush o‘rtog‘im, shu paytgacha biror ishning boshini tutmagan ekan. Oilada besh farzand. Men oltinchisi. Hammamiz qaynotamning qo‘liga qaraganmiz. Ertalab-ku mayli, bir piyola choy ichilar-ichilmas, turiladi. Ammo kechqurun o‘zimni qo‘yarga joy topa olmayman. Dasturxonga qo‘yilayotgan taomlarga noo‘rin sherik bo‘layotganday his etaman o‘zimni. Erimga biror ishning boshini tutsangiz-chi, ro‘zg‘orning yirtig‘iga yamoq bo‘laylik, degim keladi-yu, janjal chiqishidan qo‘rqaman.
Bir kuni qaynilarim bilan eski tovuq katagini supurib, tozaladik. Kam-ko‘stini to‘g‘rilagach, uyimdagilardan 20 ta tovuq olib berishlarini iltimos qildim. Ular tug‘ilgan kunimga rangli televizor sovg‘a qilish uchun pul yig‘ib yurishgandi. O‘sha pulga ukam Anvarjon aytganimni muhayyo qildi. Uydagilar ko‘ngliga olmasin, deb vaqtida bor gapni aytdim. Qaynotam shirin jilmayib qo‘ydi. Men uning mamnunligidan o‘zimga quvvat oldim. Turmush o‘rtog‘im bu holni bolalarga xos beparvolik bilan qarshiladi. Sal, yalqovroqmi-ey...
Hangillab yotgan qariyb o‘n sotixli hovlining bir burchagini mo‘ljallab qo‘ygandim. U kishini ishga solib, kuz oxirida 10 ta har xil mevali daraxt ektirib, chorbog‘ yaratdim. Bir-ikki yilda hosilga kirib qoladi. Qaynotam bu gal “Diloromxon, o‘zingni qiynab qo‘yma, qizim”, dedilar. Boshim osmonga yetdi. Bir kuni turmush o‘rtog‘im bozordan ikkita to‘qli olib keldi. Qaynotam olib beribdilar. Qaynonam ham beshik to‘yi anjomlarini tikishni qotirar ekanlar. Bir-ikki joyda “reklama” qilgandim, xaridorlari ko‘payib qoldi. Xullas, hali yana mo‘ljallarim ko‘p...
***
— Men “Bo‘rijar” mahallasida xotin-qizlar kengashining a’zosiman. Ismim — Ma’mura, 55 yoshdaman. Oila sir-sinoatli bo‘ladi. Har biri misoli bir qo‘rg‘on. Uning o‘z eshigi, eshikbonlari bor. Kirgan ham, chiqqan ham ana shu eshikbonning qovog‘iga qaraydi. Bu eshikbonlar — ota-onalarimizdir.
Shunday oilalar borki, ularning hamma ishlari rejali, birining og‘irligi ikkinchisiga tushmaydi. Xushmuomalaligini aytmaysizmi? Ota-onalardan maslahatsiz biror ishga qo‘l urilmaydi. Bunday ibratli oilalarni ko‘rganimda dilim yayrab ketadi.
Mahallamizda yana bir oila bor. Qaynota, qaynona, kelin bir taraf, o‘g‘ilning o‘zi bir taraf. Ular bilan alohida-alohida suhbatlashdim. Kattalar kelinni xuddi qizidek himoya qilishdi. “Hamma ayb o‘g‘limda”, dedi ona. Tahlil qilib qarasam, oilada janjal qilishga arziydigan sababning o‘zi yo‘q. Kuyovbola kelinni “gah desa, qo‘lga qo‘nadigan” qilaman, deb tergayverar ekan.
Kelin ikki bola bilan osh-ovqat qilib, kechqurun ularni kutib olar, evaziga qaynonasidan olqish eshitarkan. O‘g‘il esa: “Keliningizni ko‘p maqtayvermang, taltaytirib yuborasiz”, deb onasiga qarshilik ko‘rsatarkan. Shunday kezlarda qaynota himoyaga otlanishi tabiiy hol. Yakkalanib qolgan o‘g‘il esa jahl qilib ko‘chaga chiqib ketar, bu hol tez-tez takrorlanavergach, oila yetakchilari xavotirga tushib, mahalladan ko‘mak so‘rab chiqishibdi.
Hayotdan misollar keltirib, yigitga ota-onasining izmidan chiqmaslikni, og‘irroq bo‘lishni maslahat berdik.
Yaqinda ularni shahrimizdagi Mustaqillik maydonida farzandlari bilan sayr etib yurishganini ko‘rib qoldim. Bir mahalladoshimning oilasi mustahkamligiga hissa qo‘shganimdan o‘zimda yo‘q quvondim.
Sh. OQILJONOVA,
D.ORIPOV,
“Hurriyat” muxbirlari |