Darvoqe, buyuk orzularimizdan yana biri yurtimizda sport infratuzilmasini shakllantirish va mustahkamlash, bolalarni ommaviy tarzda sportga jalb etish, bu orqali esa xalqimizning salomatligini mustahkamlash, sog‘lom va demokratik jamiyatni barpo etish edi, desak xato bo‘lmaydi. Mana shu ezgu maqsadlarga erishish yo‘lida amalga oshirilgan sa’y-harakatlarning eng ahamiyatlilaridan biri yurtimizda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilishi bo‘ldi.
Yodingizda bo‘lsa, bundan o‘n besh-yigirma yillar muqaddam xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan xorijlik o‘g‘il-qizlarga havas ko‘zi bilan boqardik. Yoki televizor orqali rivojlangan mamalakatlarning farzandlari uchun yaratib bergan sharoit va imkoniyatlar — zamonaviy sport inshootlarini ko‘rib, dalada mol boqib, changi chiqqan chim ustida koptok tepayotgan dilbandlarimiz qachon mana shunday joylarda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanar ekan, deya o‘yga tolardik...
Shu ma’noda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi barchamizning ko‘nglimizdagi ishlardan biri bo‘ldi. Orzularimizga yetishishda bizga yaqindan ko‘mak berdi. Buning amaldagi ifodasini bugun yurtimizning turli shaharlariyu olis-olis qishloqlarida bunyod etilgan sport majmualari, ularning zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangani misolida ko‘rishimiz mumkin. Yoki sport inshootlarida hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitda mashg‘ulotlar olib borayotgan o‘g‘il-qizlarimiz ko‘zlaridagi yolqinda ham buning isbotini sezish qiyin emas.
Mamlakatimizda sportga berilayotgan bunday e’tiborni, bu borada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni bugun dunyo tan olayotganini, jahon xalqlarining ishonchiga sazovor bo‘layotganimizni faxr-iftixor ila aytish zarur. Bularning samarasi o‘laroq, ko‘plab xalqaro sport tashkilotlari, federatsiyalari turli darajadagi musobaqa va turnirlarni yurtimizda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqda. Natijada poytaxtimiz — Toshkent shahri dunyo sport markazlaridan biriga aylanib bormoqda.
Yana bir fikr. Istiqlolning dastlabki yillarida barmoq bilan sanagulikkina chempionlarimiz bor edi. Olimpiada chempionlari haqida gapirish esa afsonaday tuyulardi. Futbol jamoalarimizni kuchaytirish uchun katta mablag‘lar evaziga xorijdan o‘yinchilarni olib kelardik. Xo‘sh, bugun-chi? Kunda bo‘lmasa ham, kunora qaysidir sport turi bo‘yicha vakillarimizning chempion bo‘lgani haqida eshitamiz, ko‘ramiz, o‘qiymiz. Agar ularning nomlarini Abdulla Tangriev, Rishod Sobirov, Vadim Menkov, Rustam Qosimjonov, Yulya Tarasova, Yekaterina Xilko, Ravshan Ermatov, Server Jeparov zaylida davom ettiradigan bo‘lsak, ishonchimiz komilki, katta bir kitob bo‘ladi. Shu o‘rinda yurtimiz futbol maktablarida kamol topgan yigitlarimiz jahonning kuchli chempionatlarida to‘p surayotganini faxr bilan ta’kidlashimiz joiz. Shuningdek, joriy yil Meksikada futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida terma jamoamizning dunyoning manaman degan terma jamoalariga qarshi munosib o‘yin namoyish etganini ham qo‘shimcha qilish mumkin.
Agar yaxshilab razm solinsa, erishilayotgan bunday yutuqlarning zamirida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining hissasi katta bo‘layotgani ayon bo‘ladi. O‘tgan yilda ham mazkur jamg‘arma tomonidan bolalar sportini rivojlantirish, yangi sport saroylarini qurish, borlarini ta’mirlash borasida talaygina ishlar bajarildi. Jumladan, 2011 yilda 60 ta yangi sport inshootlari, 65 ta maktab zallari qurilgan bo‘lsa, 7 ta mavjud inshoot rekonstruktsiya qilindi, bittasi kapital ta’mirlandi.
Gap kelganda, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan turli darajadagi tadbirlar muntazam o‘tkazilib, ularda qatnashayotgan ishtirokchilar soni yildan-yilga ortib borayotganini ta’kidlash zarur. Masalan, 2011 yilda jami 82 ta musobaqa o‘tkazilib, unda 12 ming 900 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Bu kabi musobaqalarning Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “O‘zbekiston madaniyati va can’ati forumi” hamda “Mahalla” jamg‘armasi kabi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgani ularning yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minlayapti.
Qisqa qilib aytganda, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi sport borasida orzularimizga qanot bo‘lish bilan birga, xalqaro maydonlardagi muvaffaqqiyatlarimizga mustahkam poydevor yaratishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Azim RO‘ZIYEV,
“Hurriyat” muxbiri
|