Bu kasallik Sharq xalqlari tabobatida juda qadimdan ma’lum. U ilk marta VI asrda hind fizigi Sushruta tomonidan aniqlangan. Olim bu xastalik semirish jarayoni bilan birga kechishini ta’kidlagan. Aslida tadqiqotchi o‘zi bilmagan holda bugungi ilm-fan nuqtai nazaridan qandli diabetning ikkinchi turi ustida fikr yuritgan edi. Qadimgi hind tabiblari qand moddasining ortib ketishini inson peshobidan aniqlashgan. Shu sababli ular bu kasallikni “qand peshob kasalligi” deb yuritishgan. Qadimgi xitoy, yapon, koreys tabobatida esa asosiy e’tibor qon tarkibida qand moddasining oshib ketishiga qaratilgan.
Bu sohada ko‘zga ko‘rinarli izlanishlarni amalga oshirgan ikkinchi yirik tarixiy shaxs Abu Ali ibn Sinodir. U qand kasalligini juda aniq ilmiy asoslar bilan tushuntirgan va birinchi bo‘lib diabetning 2 turi mavjudligini aniqlagan. Alloma hatto biologik to‘qimalar yoki a’zoning jonsizlanib, tiriklayin chirishi (qorason xastaligi) hodisasiga ham aniq ta’rif bergan. Buyuk olimning qand kasalligini davolash xususida ham bir qancha tavsiyalari bor. Xususan, “Bemorga sovuq mijozli suyuqliklar ichir, sovuq jomga sol, nordon ayron ichir, mevalar ber, yalpiz damlab ichir, ho‘lla, sovut” deydi. Bu esa kasallik inson organizmida harorat oshib ketishi oqibatida yuzaga kelishini bildiradi.
Bu sohada dunyoda bir qancha olimlar izlanishlar olib borgan bo‘lsalar-da, kanadalik soha bilimdonlarining izlanishlari samarali bo‘lgan. Ulardan Frederik Grant Banting va Charlz Gerbert Best kabi tadqiqotchilar 1921 yilda Toronto universiteti laboratoriyasida qandli diabetga qarshi modda — insulinni hayvon(it)larning oshqozon osti bezidan sof holda ajratib olishga erishdilar. 1922 yilda insulin yordamida davolangan bemor o‘zini yaxshi his eta boshladi. Sohadagi ulkan xizmatlari uchun F.G.Banting va laboratoriya direktori Maklead 1923 yilda xalqaro Nobel mukofotiga munosib topildilar. O‘sha yildan e’tiboran insulin xalqaro miqyosda ishlab chiqarila boshlandi va Bantingning tavallud topgan kuni — 14 noyabr Diabetga qarshi kurashish xalqaro kuni deb e’lon qilindi.
“Diabet” so‘zi birinchi bo‘lib milodiy I asrda yashagan Kappadokiyalik (Qadimgi Yunoniston) Aretaus tomonidan qo‘llangan. Atama “o‘taman”, “o‘tib ketaman” ma’nolarini ifodalaydi. So‘zning ma’nosi bemor organizmida peshob ajralishining haddan ortib ketishidan kelib chiqqan. Yunon fizigi bu dard haqida yetarlicha ma’lumot bera olmasa-da, uning inson umri qisqarishiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan.
Qandli diabet ikki xil — irsiy yoki orttirilgan ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Kasallik odatda sekin-asta rivojlana boradi. Bemorlarda ko‘p peshob ajratish natijasida tashnalik, tez charchash, tajanglik, ozib ketish, kamqonlik belgilari namoyon bo‘ladi. Qandli diabetda to‘qimalar faoliyati susayib ketadi. Bu esa hatto kichik bir jarohatning bitishini ham qiyinlashtirib, chipqon paydo bo‘lishiga olib keladi. Qandli diabetga boshqa kasalliklar(masalan,sil) qo‘shilib ketishi oqibatida bemor diabetik komadan halok bo‘lishi ham mumkin. Davolash mobaynida insulin miqdorini oshirib yuborish, natijada qon tarkibida qand miqdorining keskin kamayib ketishi gipoglikemik komaga olib kelishi hech gap emas.
Qandli diabet bir umrlik kasallik bo‘lib, uni davolash jarayoni bemor umrining oxirigacha davom etadi. Unga e’tiborsizlik qilish yaramaydi. Shuningdek, noto‘g‘ri va yetarlicha davolanmaganda kasallik zo‘rayib, og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunonchi, oyoq-qo‘llarda og‘riq paydo bo‘lishi, ko‘z to‘r parda tomirlarining o‘zgarishi natijasida ko‘rishning izdan chiqishi, shuningdek, buyraklar funksiyasining buzilishi kabilar kuzatiladi. Qandli diabet yurak ishemik kasalligi, miyada qon aylanishining buzilishi (bosh aylanishi, miya insulti)ga olib kelishi ham fanda o‘z tasdig‘ini topgan.
Bugun mazkur kasallik dunyo aholisini qattiq tashvishga solmoqda. Yevropa diabetlarni o‘rganish assotsiatsiyasi tomonidan joriy yilning sentyabr oyida berilgan ma’lumotlarga qaraganda bugun dunyoda 366 million kishi qandli diabetdan aziyat chekmoqda. Hozirda qand kasalligi Qo‘shma Shtatlarning 90-95 foiz aholisiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shimoliy Amerika va Yevropadagi kasallikka chalingan 10 foiz aholi hech qanday muolaja tadbirlarini olib borolmaydi. Taxminan 20-50 foiz ayol hayotining so‘nggi yillarida qandli diabet bilan og‘riydilar. Ma’lumotlarga qaraganda, oxirgi 6 yil mobaynida ayollar orasida kasallikka chalinish keskin oshgan. Bu hali dunyo yuzini ko‘rmagan bolalar taqdirini ham oldindan belgilab qo‘yayotgani achinarli holdir.
Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarning aksariyat qismi rivojlangan mamlakatlar (Shimoliy Amerika, Yevropa, Avstraliya, Yaqin Sharq, Janubi Sharqiy Osiyo davlatlari) aholisi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Har yili Amerika Qo‘shma Shtatlari diabet kasalligini bartaraf etish yo‘lida 150 million dollar mablag‘ sarflaydi. Yevropa diabetlarni o‘rganish assotsiatsiyasi ma’lumotlariga qaraganda jahonda har yili 4,6 million odamni ushbu kasallik hayotdan olib ketadi.
Dunyo olimlari qand kasalligining davosini topish ilinjida muttasil izlanishlar olib bormoqdalar. Bu borada bir qator ijobiy natijalarga erishilayotgani quvonarli hol, albatta. Yaqinda yapon olimlari kemiruvchilar ustida tajriba o‘tkazib, kasallikka chalingan sichqonni davolab ko‘rdilar. Ular bunga boshqa kemiruvchidan olingan asab tizimlarini ko‘chirib o‘tkazish yo‘li bilan erishdilar. Gap shundaki, tajriba o‘tkazuvchi Tomoko Kuvabari guruhi sichqonlarga o‘zga o‘tmishdoshlarining bosh miyasidan olingan hid sezuvchi to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazishgan. Olimlar bu to‘qimalarni organizmning to‘qima ishlab chiqaruvchi oqsillar, shuningdek, ushbu jarayon to‘xtab qolishining oldini olishi mumkin bo‘lgan antitelalar bilan qayta ishlashdi. Oshqozon osti beziga ko‘chirib o‘tkazilgan betta-to‘qimalar sichqon organizmida insulin ishlab chiqarilish jarayonini kuchaytirib, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Oqibatda qon tarkibida glyukoza miqdori kamayadi. Shu yo‘l bilan qon tarkibidagi qand moddasining me’yoriy holati tiklanadi. Bugungi kungacha birinchi darajali diabetlarni davolashda donor organlar ko‘magiga tayanib kelinardi. Endi esa Kuvabari «davolashdagi bu yangi usul donorlarga ehtiyoj qoldirmaydi», degan umidda. Biroq hali u odamlarda sinab ko‘rilgani yo‘q.
Hayotda orttirilgan qandli diabetga asosan sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik, me’yorida tanovul qilmaslik sabab bo‘ladi. Muntazam ravishda ko‘p ovqat iste’mol qilish, uglevodli — shirinlik mahsulotlarini ko‘p yeyish kasallikning paydo bo‘lishiga olib kelishi isbotlangan. Qandli diabet ko‘pincha og‘ir asabiy-ruhiy kechinmalar, yuqumli kasalliklardan so‘ng vujudga keladi. Shular qatorida qo‘rqish, uzoq muddatli tashvishlanish, jismoniy mehnat bilan kam shug‘ullanish ham kasallikka chalinishga sabab bo‘lishi aniqlangan.
Nargiza HUSANOVA,
O‘zMU talabasi
|