Uzun-uzun gudokdan so‘ng hali o‘ziga kelib ulgurmagan Komiljon qizining raqamlarini so‘ramaganini anglab, o‘rtandi. Raqamni aniqlash uchun Marg‘ilon ATSiga yo‘l oldi. Aksiga olib, u yerda raqamlar xotirada saqlab qolinmaskan...
Ushbu voqeani Komiljon menga telefonda o‘kinib so‘zlab berdi. Bir paytlar u bilan Farg‘ona politexnika institutida birga ishlagandik. Keyin Toshkentga ketdi — aspiranturaga o‘qishga kirdi. Shundan so‘ng bordi-keldimiz uzilib qoldi. Menga qilingan o‘sha qo‘ng‘iroq sabab u bilan yana aloqalarimiz tiklandi.
O‘qishni tamomlagach, keksayib qolgan ota-onasi huzuriga — Marg‘ilonga qaytibdi. Ungacha Toshkentda oila qurib, shiringina qizli ham bo‘lishgan ekan. Ammo xotini Marg‘ilonda yashashga rozi bo‘lmabdi. Ular ajralishibdi. Shundan keyin Komiljon boshqa oila quradi. Hayot tashvishlari bilan ovora bo‘lib, avvalgi oilasini — qizalog‘i va sobiq xotinini unutgandek bo‘ladi.
...Komiljon Toshkent shahar manzillar byurosi orqali qizining yashash joyini topishga ko‘maklashishimni iltimos qildi. Oradan qirq yil o‘tgan. Tabiiyki, qizi turmushga chiqib, familiyasi o‘zgargan bo‘lishi ham mumkin. Bu qidiruvni yanada chigallashtiradi. Balki onasining familiyasi va ismi orqali topish osonroq bo‘lar, deb menga maslahat bergan bo‘ldi u.
«Nima qilsam ekan?» deb boshim qotib turganida hamkasbim Gulchehraxon Akbarova: «Nima bo‘ldi domla? O‘ylanib qolibsiz», deb qoldi. Bo‘lgan voqeani aytib berdim. Shunda u jiyani shahar arxivida ishlashini va bu haqda undan iltimos qilib ko‘rishini aytdi. Xullas, olti oy ichida Toshkent shahri bo‘yicha Komiljon aytgan familiyadan yigirma yettitasi topildi. Lekin ularning orasida Dilbar ismlisi yo‘q edi. Ora-sira Komiljon ham qo‘ng‘iroq qilib qolardi. Har gal afsusdan nariga o‘tolmasdik. Navbatdagi qo‘ng‘iroqlarning birida u: «Qizimni mening familiyam bo‘yicha axtarib ko‘rishsa-chi?» dedi. Endi arxivdagilar To‘ychieva Madina Komiljonovnani qidirishga tushdi.
Shu yilning 21 aprel kuni kutilmaganda Gulchehraxon yuzida tabassum bilan menga: «Domla, menimcha, Komiljon akaning qizlari topilganga o‘xshaydi» deb qo‘lidagi yozuvni ko‘rsatib qoldi. «To‘ychieva Madina Komiljonovna, 1971 yilda tug‘ilgan. Yashash manzili: Mirzo Ulug‘bek tumani, Qodirova ko‘chasi...»
— Nima qilamiz, borib kelamizmi? — dedi u.
— Albatta, boramiz, — deb kafedramizning yosh iqtidorli o‘qituvchisi Umidjondan iltimos qildik.
Tushlik mahali uning mashinasida manzilni qidirib topdik. Tasodifan qarshimizdan o‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi qizaloq chiqib qoldi. Buni qarangki, u biz qidirgan manzilda yasharkan. Xursand bo‘ldik. Qizcha quyib qo‘ygandek Komiljongga o‘xshardi. Bizni uchinchi qavatga uning o‘zi boshlab chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay gapga soldik, Madinaxonning qizi ekan. Ismi Arofat. Bu yil to‘qqizinchi sinfni bitirayotganini aytdi. Eshikni Madinaxonning o‘zi ochdi. «Siz Komiljon akaning qizlari bo‘lasizmi?» Birinchi aytgan gapimiz shu bo‘ldi. U esa «Ha, nimaydi?» deya ajablandi. «Biz sizni olti oydan beri qidirayapmiz», dedik axiyri.
Ichkariga taklif qildi. Kirdik. Madinaxonning onasi Dilbarxon opa ham shu yaqinda yashar ekan. Qo‘ng‘iroq qilishdi, keldi. Gaplashdik. Gap orasida o‘tgan ishlardan afsusda ekanini aytdi. Ularning suhbatini tinglar ekanman, taqdir yo‘llarini ayro qilgan ota bilan farzandning qirq yillik ayriliq azobini unutishi oson emasligini, ularning o‘ksik qalblariga malham topish qiyinligini tushundim. Yana shuni angladimki, vaqt hammasini davolaydi. Yaratganning o‘zi yo‘qotilgan yillarning mehrini ota va farzand qalblariga jo qiladi. Biz shunga umid qilib qolamiz.
Jasur USMONOV,
Toshkent to‘qimachilik va
yengil sanoat instituti dotsenti |