Har yili jahonda 2,6 million odam bu infektsiyani yuqtirib, 1,8 million kishi uning asoratlaridan vafot etmoqda. Eng yomoni, ulardan 430 minggi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
— Ming afsuski, ayrim yigit-qizlarning G‘arb madaniyatiga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib tatuajlarga ro‘ju qo‘yishlari va uning kundan-kunga urfga aylanib borayotgani xavotirimiz yanada oshishiga sabab bo‘lyapti, — deydi Respublika OITSga qarshi kurash markazining vrach-epidemiologi Shuhrat Umarxo‘jayev. — Chunki tatuirovka OIV infektsiyasining yuqish yo‘llaridan biridir. Tan olish joiz, bu infektsiya Markaziy Osiyo hududida joylashgan davlatlar, jumladan, respublikamizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Yurtimizda birinchi marta 1987 yilda qayd etilgan bu kasallik oxirgi yillarda ko‘proq 20-25 yoshdagilar o‘rtasida kuzatilmoqda.
— Har qanday kasallikka, jumladan, OIV-OITSga chalinmaslikning birdan-bir yo‘li — uning yuqishi va tarqalishi yo‘llari haqida ma’lumotga ega bo‘lishdan iborat, shunday emasmi?
— OIV infektsiyasi faqat odamlarda uchraydigan surunkali yuqumli kasallik bo‘lib, uning qo‘zg‘atuvchisi immunitet tanqisligi virusidir. U ikkilamchi kasalliklar tufayli bemorlar o‘limiga sabab bo‘ladigan immunitet tizimining zararlanishi — orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) rivojlanishi bilan ta’riflanadi.
Virus bemor odam organizmidagi biologik suyuqliklar — qon, sperma, qin ajratmasi va ko‘krak sutida uchraydi. U so‘lak, ko‘z yoshi, ter, siydik va najasda ham aniqlangan, lekin ularda virusni kontsentratsiya (yuklamasi) juda kam miqdorda bo‘lgani sababli boshqa odamga yuqib, kasallik chaqirish qobiliyatiga ega emas. Kasallik uch xil yo‘l bilan yuqadi: Birinchi, himoyalanmagan jinsiy aloqa orqali — tibbiy yo‘l bilan. Ikkinchi, parenteral, ya’ni sun’iy yo‘l, teri va shilliq qavat butunligining buzilishi bilan kechadigan muolajalarda — nosteril tibbiy asboblardan foydalanilganda, ayniqsa, umumiy bitta igna, shprits bilan giyohvand moddalar qon tomiriga yuborilganda, soqol olish uskunalari va tish yuvish vositalari umumiy ishlatilganda, teriga rasm solinganda (tatuaj), tekshirilmagan qon va qon mahsulotlari quyilganda, a’zo va to‘qimalar ko‘chirib o‘tkazilganda. Uchinchisi esa, vertikal, tabiiy yo‘l, ya’ni OIVni yuqtirib olgan homilador ayoldan homilaga yoki chaqaloqqa yuqishi. Virus bolaga ona qornidaligida, tug‘ish jarayonida va tug‘ilgandan so‘ng (ona suti orqali) yuqishi mumkin.
Kasallikning klinik kechishi bir necha davrlarga bo‘linadi. Dastlabki yashirin davr OIV infektsiyasini yuqtirib olgandan keyin hech qanday belgilarsiz bir necha oydan 5-10 yilgacha davom etishi mumkin. Bu davr epidemiologiya jihatdan eng xavfli davr hisoblanadi. Chunki bu paytda virus qonda sezilarli darajada bo‘lmagani uchun OIV bilan zararlangan odam ma’lum vaqtgacha virusning ta’sirini sezmaydi va kasallikni o‘zi bilmagan holda boshqalarga yuqtirishi mumkin. O‘z me’yorida ishlab turgan immunitet tizimi yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi, lekin virus to‘siqsiz ko‘payib, asta-sekin mazkur himoya tizimini mutlaqo izdan chiqaradi. Oqibatda organizm turli yuqumli kasalliklarga juda moyil bo‘lib qoladi. Kamquvvatlik, ishtahaning pasayishi, kechalari terlash, tana haroratining ko‘tarilishi, limfa tugunlari (jag‘ osti, qo‘ltiq osti, chov), jigar, taloqning kattalashuvi kuzatiladi. Agar tegishli davo choralari ko‘rilmasa, OITS rivojlanadi. Avj olish davrida bemor gepatit, sil, nafas yo‘llari va oshqozon-ichak tizimi kasalliklariga beriluvchan bo‘lib qoladi.
— OITSdan butunlay xalos bo‘lish mumkinmi? Umuman, respublikamizda ushbu illat tarqalishining oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? OITSga chalingan bemorlarni himoyalash qonunlarimizda qanday o‘z aksini topgan?
— Kezi kelganda aytish joizki, OIV infektsiyasini to‘liq davolovchi dori-darmon bugungacha topilgani yo‘q. Hozir qo‘llanilayotgan virusga qarshi dorilar — antiretrovirus (ARV) preparatlari bemorning umrini uzaytiradi, qonda virus yuklamasini kamaytirib, boshqalarga kasallikni yuqtirish xavfini susaytiradi. OIVni yuqtirib olgan onadan sog‘lom farzand dunyoga kelish imkoniyatini beradi. Biroq virus genetik tizimini juda tez o‘zgartirish xususiyatiga egaligi sababli butun dunyo olimlarining tinimsiz izlanishlariga qaramay, haligacha yuqishning oldini oluvchi vaktsina ishlab chiqilmagan.
Mamlakatimizda OITS kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha barcha qonuniy asoslar yaratilgan. Jumladan, 1999 yil 19 avgustda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning oldini olish to‘g‘risida»gi Qonunda aytilganidek, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslar har oyda eng kam ish haqi miqdorida davlat nafaqasini olishi va nogiron bolalar uchun belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. OIV kasalligini yuqtirgan va OITSga duchor bo‘lgan bemorlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish, ularni ishga, o‘quv yurtlariga, tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarga qabul qilishdan bosh tortish hamda boshqa huquq va qonuniy manfaatlarini cheklash taqiqlanadi. Shuningdek, mazkur Qonunning 3-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ism-sharifini sir saqlagan holda, ixtiyoriy ravishda OIV kasalligi yuqqan-yuqmaganligini aniqlash maqsadida anonim tekshiruvdan o‘tishlari mumkin.
2008 yil 26 dekabrda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2009 yil 5 yanvarda Vazirlar Mahkamasining “OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarining qabul qilinishi mamlakatimizda OIV profilaktikasi va unga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini ko‘rsatadi. Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar hatto xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
Nurxon ELMIRZAYEVA suhbatlashdi.
|