Bebaho boylik

27 Yanvar 2012 22:22
SPORT — KATTA MAS’ULIYAT, JASORAT HAMDIR
Oksana Chusovitina, Bahodir Qurbonov, Dilshod Oripov, Aleksandr Dokturashvili, Dilshod Mansurov, Go‘zal Xubbieva, Vadim Menkov, Vladimir To‘ychiev... To‘g‘ri angladingiz, bular – nufuzli xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan taniqli sportchilarimizdir. Yana bir e’tiborli jihati shuki, ular O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi sport maktablarida saboq olgan, kamolga yetgan. 
Darhaqiqat, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga doston etishda kasaba uyushmalariga qarashli sport maktablarining o‘rni beqiyos. Ushbu sport maktablarida iqtidorli yoshlarni topish va tarbiyalash borasida katta tajriba to‘plangan. Øu tufayli ham har yili muntazam ravishda ko‘plab terma jamoalarimizga munosib nomzodlar yetkazib berilmoqda. Masalan, birgina XVI Osiyo o‘yinlarida kasaba uyushmalarining 49 nafar sportchisi sportning o‘n uch turi bo‘yicha qatnashib, beshta oltin, o‘n bitta kumush va o‘n oltita bronza medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.
— Respublikamizda jismonan va ma’nan barkamol avlodni kamol toptirish yo‘lida katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilyapti, — deydi Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Jismoniy tarbiya va sport jamiyati bosh mutaxassisi Ra’no Qoraboeva. — Respublikamizda bolalar sportini rivojlantirishda, qolaversa, bu borada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda kasaba uyushmalari otalig‘idagi sport maktablarining ham o‘z o‘rni, hissasi borligi kishiga faxr bag‘ishlaydi.
Hozirgi kunda JTSJ Markaziy kengashi tasarrufida 22 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda 7230 nafar yosh sportchi o‘zlari tanlagan yo‘nalishlarda mashg‘ulot o‘tkazishadi. Maktablar tarbiyalanuvchilarining 1077 nafari qizlar ekani alohida e’tiborga molik. O‘quv maskanlarida 332 nafar ko‘p yillik tajriba va malakaga ega o‘qituvchi-murabbiylar sportning 35 turi bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonlarini boshqarishadi.
Ma’lumki, shu kunlarda sportchilar o‘rtasida eng nufuzli musobaqa — Londonda bo‘lib o‘tadigan XXX yozgi Olimpiada yo‘llanmalari uchun qizg‘in kurash kechmoqda. Ular safida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashining 39 nafar vakili sportning 9 turi — yengil atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish, slomamda eshkak eshish, sport gimnastikasi, yunon-rum kurashi, velosport, dzyudo, og‘ir atletika bo‘yicha musobaqa litsenziyasini qo‘lga kiritish uchun jiddiy hozirlik ko‘rishmoqda. Quvonarlisi, ular orasida Londonga borishni allaqachon naqd qilganlar ham bor. Bular yengil atletika bo‘yicha Svetlana Radzivil, Go‘zal Xubbieva, baydarka va kanoeda eshkak eshishda Vadim Menkov, Yuliya Borzova, veloshosse bo‘yicha Murodjon  Xolmurodov va Sergey Lagutinlardir.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, olis tuman va qishloqlarda bolalar hamda o‘smirlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, oilalar salomatligini mustahkamlash borasida ham talaygina ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Masalan, mamlakatimizda keng nishonlanadigan milliy bayramlar arafasida sportning mini futbol, voleybol, shaxmat, shashka, stol tennisi singari bir qator turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish an’anaga aylangan. Bundan tashqari, Jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashining hududiy bo‘limlari tomonidan turli soha xodimlari o‘rtasida turnirlar tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Bu, o‘z navbatida, ularda ishtirok etayotgan ishchi-xodimlarning salomatligini tiklash va yaxshilash, barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashining o‘z oldiga qo‘ygan galdagi muhim vazifalari sirasiga kasaba uyushma a’zolarining oilalarini sportga yanada keng jalb etish, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullantirishga yo‘naltirishni ham qo‘shishimiz mumkin. Bu maqsadga erishish uchun joriy yildan boshlab respublikamizning turli hududlarida 87 ta sport jamiyati ish boshladi.
Tarixdan ma’lumki, har bir davlatda har tomonlama sog‘­lom va yetuk kadrlarga ehtiyoj katta bo‘lib kelgan. Chunki bu o‘sha yurtning qudratini belgilagan. Bunga musharraf bo‘lish ko‘p jihatdan u yerda yaratilgan imkoniyat va sha­roit­ga bog‘liq. Mamlakatimizda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashining bu borada olib borayotgan ishlari zamirida aynan yuqorida keltirib o‘tilgan fikr mujassam, desak xato bo‘lmaydi.
Azim RO‘ZIYEV,
 “Hurriyat” muxbiri

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM