Bebaho boylik

06 Sentabr 2011 21:05
TASVIR OLAMI JILOLARI
O’tayotgan yigirma yil oralig‘ida o‘zbek milliy tasviriy san’atida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi va bu jarayon qanday kechdi? Avvalo, shuni e’tirof etish kerakki, har bir rassom o‘zi istagan uslubda ijod qilish erkinligiga ega bo‘ldi. Tasviriy san’atga ma’no, mazmun va mavzu erkinligi kirib keldi. Vaholanki, sobiq ittifoq davrida tasvir ob’ektining o‘ziga qarab ishlashdan salgina chekingan asar hay’atning nazoratidan o‘tib, ko‘rgazma zaliga qo‘yilishi amrimahol edi.
Yoki hatto bolakayning qo‘lidagi ko‘zmunchoqni ham tasvirlash mumkin emasdi. Bunday hol tasviriy san’atning yosh avlodiga begona.
Endilikda muqaddas qadamjolarimiz, masjidlar, so‘fiylar, darveshlar, duoga qo‘l ochib turgan nuroniy otaxonu onaxonlar tasvirlangan asarlar ko‘rgazma zallarida erkin fikr, hayot in’ikosi sifatida  namoyish etilmoqda. Rassomning xayoliy dunyosi qanchalik keng, fantaziya parvozi baland bo‘lsa, shunchalik kutilmagan mazmun hamda shakldagi asarlar ko‘rgazma zallarini boyitib, o‘zligimiz namunasi bo‘lib turibdi. Bunday asarlar rangli tushlar seriyasi, koinot, uzoq o‘tmish, olis kelajak mavzusidagi erkin asarlar bo‘lib, inson — ijodkor qalbining ma’naviy teranligini aks ettiradi. Mustaqillik natijasida erishilgan mavzu va uslub erkinligi faqat fantaziyaga tayanib ijod qilishga olib keldi, desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ayniqsa, realistik uslubni o‘z asarlariga asos qilib olgan ko‘pgina rassomlarimiz buyuk ajdodlarimiz, bobokalonlarimiz hamda yurtimiz ravnaqi uchun fidokorona mehnat qilayotgan bugungi kun qahramonlari obrazlarini yaratmoqdalar.
Yurtboshimizning O‘zbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi 1997 yil 23 yanvarda e’lon qilingan farmoni milliy rassomchiligimiz tarixida misli ko‘rilmagan ijodning gullab-yashnashi va ravnaq topishi davrini boshlab berdi.
Mazkur farmon mamlakatimiz musavvirlari tomonidan katta xursand­chilik va ko‘tarinki kayfiyat bilan kutib olindi. Ijodkorlar Vatan va istiqlol yo‘lida astoydil xizmat qilishga bel bog‘lab san’at maydoniga kirdilar.
Ilgari poytaxtimizda faqat Markaziy ko‘rgazma zali faoliyat ko‘rsatar, viloyatlardagi ko‘rgazma zallarining ahvoli nochor, rassomlarning o‘z asarlarini namoyish qilishlari uchun yetarli sharoit yo‘q edi.
Bu tarixiy hujjatda esa san’at va hunar ahlini moddiy, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ular o‘z ijodiy asarlarini muxlislarga munosib taqdim etishlari uchun qulayliklar yaratish ham ko‘zda tutildi.
Qisqa muddatda poytaxt Toshkentning o‘zida zamon talablari darajasida  jihozlangan Tasviriy san’at galereyasi, Bolalar ijodiyoti markazi, Yoshlar ijod saroyi, O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi, Milliy liboslar ko‘rgazmasi kabi muhtasham san’at koshonalari qurib bitkazildiki, ular bugungi kunda go‘zal me’moriy san’at asarlari sifatida ham shahrimiz husniga husn qo‘shib turibdi.
Bunday salobatli va muhtasham san’at maskanlari respublikamizning barcha viloyat markazlarida qurildi. Ular ayni kunlarda mustaqilligimizning yigirma yilligi munosabati bilan sara asarlar ko‘rgazmalarini xalqimizga namoyish etib, aholining estetik didlarini o‘stirishga xizmat qilib kelmoqda.
Bunday imkoniyatlar, shubhasiz, rassomlarimizga mamlakatimiz san’ati obro‘sini yuksaltirib, xalqaro ko‘rgazmalarda munosib qatnashishlariga sabab bo‘lyapti. Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshband singari ulug‘ ajdodlarimizning ezgu g‘oyalar bilan sug‘orilgan ta’limotlarini targ‘ib etish yo‘lida ota-bola Fayzulla va Farruh Ahmadalievlar, Jamol Usmonov, Kushonlar davri madaniyatining bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan insonparvar g‘oyalarini rangtasvirda ifodalayotgan ota-bola Lekim va o‘ayrat Ibrohimovlar bilan bir qatorda yurtimizda yashab ijod qilgan rassom Nikolay Shinning o‘g‘il-qizlari kabi ko‘plab turli millat vakillari ham Vatanimiz tasviriy san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bir-ikki yil muqaddam Chexiyada o‘tkazilgan «Atirgul» nomli xalqaro tanlovda shahrisabzlik bir guruh o‘quvchilar ishtirok etdilar. Hay’at a’zolari yosh rassomlarimizning barchasini g‘olib deb topdi. Sakkiz nominatsiyadagi barcha sovrinlar ularga tegdi.
Jurnalistlarning nega sakkizta g‘oliblik o‘rni bir mamlakatdan kelgan bolalarga berildi, degan savollariga hay’at a’zolari bolalar olgan to‘g‘ri professional ta’lim, ya’ni mahorat hamda ulardagi bolalarcha toza samimiylik bizning talablarimizdan ustun keldi, deb javob berdilar.
Tasviriy san’atning barcha yo‘nalishlarida yuz bergan ulkan o‘zgarishlarni e’tirof etgan holda, mahobatli tasviriy san’at sohasidagi yutuqlar xususida ham ikki og‘iz so‘z aytish o‘rinlidir.
Ma’lumki, mahobatli tasviriy san’at deganda, avvalo, katta tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan mahobatli haykallar va yodgorliklar majmualarini tushunamiz. Bunday asarlar mamlakat kuch-qudratini, salobatini ifodalaydi.
Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov tasviriy san’at ijodkorlari uchun misli ko‘rilmagan shart-sharoit­lar, qulayliklar yaratilishida bosh-qosh bo‘libgina qolmay, ijodkorlarga mahobatli haykallar va majmualarning chuqur o‘ylangan, pishiq, g‘oyalari detallarigacha teran asoslangan shunday loyihalarni berdilarki, natijada 1993 yili Amir Temur xiyobonida sohibqironning yetuk obrazi aks  etgan mahobatli haykali dunyoga keldi.
Ana shunday qimmatli, mukammal kompozitsiyalar asosida  yigirma yil ichida Farg‘onada  Ahmad Farg‘oniy, Urganchda  Muhammad Muso Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi, Navoiy  shahrida Alisher Navoiy, Termiz shahrida Alpomish,  Qarshi shahrida «El-yurt tayanchi» kabi o‘nlab mahobatli haykallar o‘rnatildi.
Toshkent shahrining markazida — Mustaqillik hamda xotira  maydonlarida zamonaviy va  monumental san’atimizning  noyob namunalari sifatida e’tirof etilgan  «Mustaqillik  va ezgulik» monumenti,  «Motamsaro ona» haykallari ham  muhtaram Yurtboshimizning  g‘oyalari hamda yo‘l-yo‘riqlari  asosida qad rostladi. Shu tariqa  Samarqandda, Buxoro va  bosh­qa shaharlarda ham ko‘plab mumtoz  asarlar  bunyod etildi.
Yigirma yil davomida  rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik  sohasidagi ulkan o‘zgarishlar  haqida fikr­lashar ekanmiz, mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligi bayramiga  bag‘ishlangan ko‘rgazmaga shu kunlarda ko‘rilayotgan tadoriklar xususida ham to‘xtalib o‘tish joiz. Bu ko‘rgazmaga mamlakatimiz shahar va tumanlarida yashab ijod qilayotgan, rassomlarning ijod namunalari saralab olingani e’tiborlidir. Mazkur ko‘rgazmaga asarlar  qabul qilish tadbirining o‘zi  bayram tusini oldi.
Talabchan hay’at a’zolari har o‘nta asardan bitta  yoki ikkitasini  sinchkovlik  va ovozga qo‘yish yo‘li bilan saralab oldilar. Bu asarlarning har birida jonajon Vatanimizning go‘zal manzaralari, shaharlarimiz jamoli, zamondosh qahramonlar qiyofalari aks ettirilgan. Shuningdek,  tarixiy janr­da ijod qilayotgan  rangtasvirchi, grafik va haykaltaroshlarimizning ajdodlarimiz obrazlari aks ettirilgan asarlar ham Markaziy ko‘rgazma zalini bezaydigan bo‘ldi.
Vatanimiz mustaqilligiga bag‘ishlangan bunday ko‘rgazmalar barcha viloyatlar markazlarida bo‘lib  o‘tadi. Mamlakatimiz tasviriy olamidagi bu san’at bayrami yurtimizning  barcha badiiy kollejlarida, va oliy o‘quv yurt­­larida ustozlar va shogirdlar asarlari  ko‘rgazmalarini tashkil etish bilan davom etadi.
Gulnora RAHMON,
O‘zBA Badiiy ijodkorlar
  uyushmasi a’zosi, rassom

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM