Ayni paytda respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida bosqichma-bosqich va izchil sur’atda o‘tkazilayotgan islohotlar natijasida tibbiyot muassasalarida ulütratovush diagnostikasi usuli qo‘llanmagan biror soha qolmadi. Mamlakatimiz tibbiyotidagi bunday yutuqlar jahonning nufuzli tashkilotlari tomonidan e’tirof etilayotgani quvonarlidir.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti ulütratovush diagnostikasi kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Akrom Fozilov faoliyati ulratovush diagnostika usuli qo‘llana boshlagan davr bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, uni hamkasblari sohaning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olim sifatida qadrlashadi.
Tadqiqotchining maxsus texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha yaratgan usullari, chunonchi, exozondlar, kogerent va akustik golografiya usullari, ulütratovush diagnostikasi mutaxassisining avtomatlashgan ish joyi va boshqalar jahon tibbiyot diagnostikasi talablariga to‘la javob berish bilan bir qatorda mamlakatimizda shu sohaning rivojlanishini ta’minladi.
Olim rahbarligida o‘tkazilgan ilmiy, sosiologik tadqiqotlarga ko‘ra, ultratovush diagnostikasi usulining natijalariga o‘zbekistonlik terapevtlarning 97, pediatrlarning 94, akusher-ginekologlarning 92, xirurglarning 90 foizi to‘liq ishonadi va amaliyotda uning natijalariga tayanadi.
Izlanuvchan olim rahbarlik qilayogan kafedra jamoasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi ko‘plab tibbiyot muassasalari, shuningdek, Avstriyaning Grats shahridagi universitet, AQSH, Germaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Italiya va boshqa davlatlardagi yirik markazlar bilan ilmiy-tibbiy hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Akrom Fozilov odamning ultratovush anatomiyasi, kasalliklarning exografik belgilari, bemorlarni mufassal ravishda tekshirishda ultratovush diagnostikasining o‘rni va ahamiyati haqida vrachlar uchun o‘nlab amaliy qo‘llanmalar, darslik va yo‘riqnomalar yaratdi, ular shifokorlarning kundalik hamkoriga aylangan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar asosida ulütratovush yordamida nazorat olib borish, ya’ni doimiy ulütratovush skriningi va monitoringi kontseptsiyasi yaratildi.
Tibbiyotimizdagi bunday rivojlanishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan Akrom Fozilovning bevosita rahbarligi va maslahati bilan o‘nga yaqin doktorlik, qirqdan ziyod nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli yoqlandi, vrachlarning diplom olgandan keyingi malaka oshirish jarayonida uch ming nafarga yaqin ulütratovush diagnostikasi vrachlari tayyorlandi. Ular ayni paytda o‘z bilim va iqtidorlarini nafaqat mamlakatimiz, balki yer kurrasining turli mintaqalarida namoyon etib, O‘zbekiston ultratovush maktabida olgan saboqlarini faxr-iftixor bilan oqlamoqdalar. Bunga, albatta, olim tomonidan yozilgan 15 ta monografiya va darslik, 30 ta ilmiy-uslubiy qo‘llanma, o‘nlab ilmiy maqola va yo‘riqnomalarning aksariyati jahondagi ko‘plab ilmiy-tibbiy jurnallarda e’lon qilinishi O‘zbekistonda chuqur ildiz otib, dunyo tibbiyot muassasalarida dadil qo‘llanayotgani ultratovush diagnostikasi istiqboli porloqligidan darak beradi.
Akrom Fozilovning ixtirolari uchun 10 ta patent va mualliflik guvohnomalari, shuningdek, yaratgan noyob ulütratovush uskunasiga Yevropa sertifikati berilgan. Iqtidorli olimning mamlakatimiz tibbiyoti ravnaqiga qo‘shayotgan hissasi samarasi o‘laroq, Amerika ulütratovush tarixi instituti va Jahon akustiklari tashkiloti tomonidan “Ultratovush diagnostikasi pioneri” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. 1995 yili Rossiya Federatsiyasi tibbiy-texnik fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi. Buyuk Britaniyaning Kembridj universitetida “2000-2001 yillarning eng faol Insoni” sifatida tan olindi, katta kumush esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Mamlakatimiz mustaqilligining muborak 20 yilligi arafasida tibbiyotimizning zahmatkash vakili Akrom Fozilov tashabbusi va faol ishtirokida ultratovush diagnostikasi sohasining tashkil etilganiga yarim asr bo‘lmoqda. Uning erishgan yutuqlari zamirida tibbiyot rivojiga munosib hissa qo‘shish, pirovardida, el-yurt manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning xayrli nihoyasi yotadi.
Iskandar RAHMON,
jurnalist,
Husniddin NASRIDDINOV,
tibbiyot fanlari nomzodi |