Dunyo ko‘zimizga qorong‘i bo‘lib, fikru xayolimiz o‘shanga qaratiladi. Go‘yo vujudimizda boshqa a’zo yo‘qday. Shunday kezlarda sizni darddan forig‘ etgan kishini jon-jigaringizday ko‘rasiz, to‘g‘rimi?!
“Yoshim 38 da. Uzoq yillar bosh miya o‘simtasi xastaligi bilan turli shifoxonalarda davolandim. Ahvolim o‘nglanmadi. Og‘riq kuchaygandan kuchayib, so‘zlash qobiliyatim buzila boshladi, biror odamning yordamisiz yura olmay qoldim. Bir tanishimning maslahati bilan Hayitmurod Primovga uchrashdim. Dastlabki muolajalardanoq bosh og‘rig‘i yo‘qoldi! Ko‘rishim yaxshilandi, yurishim joyiga tushdi. Eng asosiysi, yashashga ishtiyoq kuchaydi. Qayta tahlil natijalari esa bosh miya o‘simtasi yo‘qolganini ko‘rsatdi. Bundan shifokorlar ajablanishdi, hatto ishonishmadi...”, deb yozadi toshkentlik Sherali K.
Revmatizmdan uch yil azob tortgan bemor Abdurasul A. dastlabki muolajalardan so‘ng yura boshlaganini, piyolani qo‘lida tutib, hatto o‘zi choy damlay olganini quvonch bilan darj etgan. Shuningdek, jigar tserrozi, yurak xastaliklari, tuberkuloz, oshqozon yarasi, gepatitning S turi, bepushtlik singari dardlarga chalingan va shifo istab, sog‘ayib ketgan ko‘plab kishilar o‘z minnatdorligini shu tarzda izhor etib, tabibni duo qilishgan.
Luqmoni Hakim nomidagi tabiiy tibbiyot va gerontologiya markazi tomonidan berilgan ma’lumotnomada xalq tabibi Hayitmurod Primov “amalda barcha kasalliklarni davolaydi” deb qayd etilgan.
Uning bu sohaga kirib kelishi tasodif emas. Bolaligidan momosi bilan Surxondaryo tog‘lariga foydali giyohlarni yiqqani chiqar, kampir ulardan turli damlamalar tayyorlab, ehtiyojmandlarning hojatini chiqarar edi. Shu kuzatuvlar ta’siridami, doim o‘zini odamlarning dardiga malham bo‘layotgan holatda tasavvur qilardi. Boz ustiga, yigirma yoshlarida kasallanib, surunkasiga uch yil yotib qoldi. Xastalikni yengish ishtiyoqi unga madad berdimi, o‘zini o‘zi davolashga kirishdi va bu sa’y-harakatining natijasi ijobiy bo‘ldi.
Shundan keyin o‘z qobiliyatini boshqalarda ham sinab ko‘rdi. Jigar xastaligidan azob chekayotgan, yashab ketishi gumon bo‘lgan kishiga turli giyohlardan damlama tayyorlab berdi. Bemor bir haftada oyoqqa turib ketdi. Quyonchiq (epilipsiya) kasalligiga chalingan odamni darddan xalos etgach esa unda o‘ziga ishonch yanayam orta boshladi. Xullas, taqdir taqozosi bilan Hayitmurod Primov xalq tabobati yutuqlarini, o‘ttiz yildan oshibdiki, bemorlarda qo‘llab, dardiga shifo ato etib kelayapti.
— Men qo‘llaydigan usullar bezarar, keskin ta’sir etmaydi, — deydi tabib. — Asosan damlamalardan foydalanaman. Ularning tabiiy xususiyatlarini kitoblardan o‘qib, o‘z tajribalarim davomida o‘zlashtirganman. Giyohlardan tashqari hayvonlarning zahari, qoni, juni, pati asqotadi. Buning uchun ularni o‘ldirish shart emas. Yurtimizning o‘simlik va hayvonot dunyosi mo‘‘jizalarga boy. Hali bu imkoniyatdan to‘la foydalanganimiz yo‘q.
— Kasallikni odam o‘zi “chaqiradimi” yoki u keladimi?
— Unisi ham, bunisi ham kuzatiladi. Chaqirishi — odam har doim tanasidagi o‘zgarishlarga parvo qilavermaydi. Deylik, boshi og‘risa yoki oshqozoni bezovta qilsa, buning sabablari haqida o‘ylab ko‘rish, uning asoratlarini bartaraf etish kerak. Shunda kasallik birdan “yopishmaydi”. Kelishi haqida to‘xtalsam, dard har doim o‘ziga qulay muhitni izlaydi. Zaiflashgan organizmga har balo yopishadi...
— Uzoq yillik tajribalaringizdan kelib chiqib, dardiga davo istab yurganlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
— Odam o‘z vujudidagi har qanday o‘zgarishni kuzatib borishi shart. Ikkinchidan, ovqatlanish tartibiga qat’iy rioya etish lozim. Shunday taomlar borki, ularni yotishdan oldin iste’mol qilish zararli. Yoki ketma-ket iste’mol qilib bo‘lmaydigan narsalar (masalan, baliq va qatiq singari) bor. shuningdek, ba’zi ovqatlarni faqat issiq holda yoki aksincha tanovul qilish tavsiya etiladi. Har bir kishining o‘z kundalik tartibi (rejimi) bo‘lgani, iloji boricha unga amal qilgani ma’qul. shubhasiz, kasal bo‘lmaslikning asosiy shartlaridan eng muhimi — tozalikka amal qilish.
— sharq tabobatida azaldan bemorning mijoziga ahamiyat berilgan...
— Xuddi shunday. Ajdodlarimiz, xususan, Abu Ali ibn Sino erishgan yutuqlarning eng katta siri ham, balki shundadir. Odamlarning issiq-sovuq, ho‘l-quruq mijozli bo‘lishi ularga alohida yondashuvni talab qiladi. Bir xil muolaja yoki dori har kimga har xil ta’sir qiladi. Men bunga o‘z faoliyatimda jiddiy amal qilaman.
— Bemorning mijozini qanday bilasiz?
— Tomir urishidan.
...Har kuni tabibning huzuriga uzoq-yaqindan ko‘plab kishilar shifo istab keladilar. Ular bilan jonli muloqot asnosida yana bir marta Hayitmurod akaning odamlar koriga yarayotgani, dardmandlarning kasallikdan forig‘ bo‘lishida beminnat xizmatini ayamayotganiga ishonch hosil qilasiz.
Sergey Volkov o‘n besh yildan buyon nafas organlaridagi allergiyadan azob chekkani haqida hikoya qiladi. Ikki haftalik muolajadan keyin u o‘zini sog‘lom his qilayotgan ekan. Ziyovuddin Mustafoevning bir oyog‘i bukilmay qolgan, shishib ketgan. Rentgen ko‘riklari, turli davo usullari, malhamlar kor qilmagan. Tabib birinchi ko‘rishdanoq tomirlarini uqalagan, davo qilgan. Uch oy azob chekkan odam “bir haftada futbol o‘ynaydigan bo‘ldim”, deydi. Pavel Rudenko yurak, buyrak, jigar xastaliklari bilan murojaat etgan. Qisqa davrdagi o‘zgarishlar unda dardlardan butunlay forig‘ bo‘lib ketishiga ishonch uyg‘otgan.
— Kasallikni emas, bemorni davolash kerak, — deydi Hayitmurod Primov. — Bunda uning o‘zini sog‘ayib ketishiga ishontirish juda muhim. Men buning uchun chiroyli gaplar qo‘llamayman, birinchi muolajamdan bemorda ishonch paydo qilaman. Kasal tuzalishiga ishondimi, u albatta, sog‘ayib ketadi.
Yurtimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab tabiblar qatori Hayitmurod Primov amalga oshirayotgan ishlar mutaxassislar e’tiborida. U sohaga doir anjumanlarda, tadbir va yig‘ilishlarda qatnashadi. Mutasaddilarning ham, mijozlarning ham u haqidagi fikrlari o‘ziga xos:
Maktuba Kamolova, oliy toifali vrach, Luqmoni hakim nomidagi tibbiyot va gerontologiya markazi direktori:
— Markazimiz 2001 yilda tashkil topgan. Asosan aholining tibbiy madaniyatini oshirish va uzoq umr ko‘rish sirlarini jamoatchilik asosida o‘rganamiz. Hayitmurod Primov haqida eshitganman. U kasalliklarni giyohlar bilan bir qatorda jonivorlar vositasida davolaydi. Tabibdan odamlar shifo topayotgan ekan, uning ishlarini qo‘llab-quvvatlash lozim.
Yuriy Naumov, texnika fanlari nomzodi, dotsent, urush va mehnat faxriysi:
— Men Hayitmurod bilan shu yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan I Xalq tabobati va kosmetologiyasi xalqaro ko‘rgazmasida batafsil suhbatlashdim, ish tajribasi bilan tanishdim. O‘zim dunyo xalq tabobatidan yaxshi xabardorman, bu boylikni qadrlayman. H.Primovning davolash usuli o‘ziga xos, boshqalarnikiga o‘xshamaydi. U o‘simliklarning foydali xususiyatlarini juda chuqur biladi. Tabib taklif qilgan retsept bo‘yicha onkologik kasalliklarni davolash yaxshi natija bermoqda. Buni o‘zimda sinab ko‘rdim: xavfli o‘sma jarrohligidan keyin ahvolim og‘irlashdi, chidab bo‘lmaydigan og‘riq paydo bo‘ldi. Hayitmurodning malhami esa menga samarali naf bermoqda.
Darvoqe, tabibning onasi Bibigul momo sakson yoshdan oshdi. Haliyam “kelinlariga ishonmay” ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanadi, tinim bilmaydi. Otasi to‘qson to‘qqiz yil yashadi. Hayitmurod akaga tabiblikdan ilk saboq bergan momosi Bibisora Qurbonova bir yuz bir yil tuproq bosib yurdi. Bu misollar odam charchamasa, yashashga o‘zida mador topa olsa, shu yo‘ldagi to‘siqlarni yengib o‘tsa, uzoq yashashi mumkinligini tasdiqlaydi. shu e’tiqodga sodiq tabib ham ko‘pchilikning ezgu orzusi hisoblangan uzoq va sog‘lom yashash yo‘lida odamlarga xolis xizmat qilayapti.
Hakim SATTORIY
|