Gollandiyalik mashhur rassom Rembrandt ijodiga mansub “Adashgan o‘g‘ilning qaytishi” asarini esa faqatgina insonga xos bo‘lgan qayg‘urish va kechirimlilik kabi tuyg‘ularning mukammal ifodasi, deyish mumkin.
Bugungi kunda nemis Uyg‘onish davri san’atining asoschisi buyuk rassom, mashhur o‘ymakor naqqosh, me’mor san’at nazariyotchisi, tilshunos qalami o‘tkir adib Albrext Dyurerni (1471-1528) bilmaganlar kam topiladi. Germaniyada birinchi bo‘lib rassomlikning portret janriga asos solgan musavvirning yuzlab durdona asarlari, yog‘och va mis yuzasiga o‘yib ishlagan noyob gravyura namunalari dunyoning eng mashhur muzeylaridan o‘rin olgan. Uning ana shunday ijod namunalaridan biri — “Qo‘llar” asari ham mana, besh asrdirki, insoniyatni lol qoldirib, san’at ixlosmandlari qalbidan chuqur joy olib kelmoqda. Balki musavvir kartinani yaratayotgan lahzalarda iltijoga cho‘zilgan bu qo‘llar tasviri asrlarga daxldor bo‘ladi, deb o‘ylamagandir. Chunki Dyurer ushbu asarida ranglar mutanosibligidan ham, tabiatning viqorli manzarasidan ham foydalanmagan. Unda na go‘zallik, na nazokat va na nafosat tasviri berilgan. Nega birgina bo‘yoq va mo‘yqalam bilan ko‘k rangli qog‘ozga ishlangan mazkur ijod mahsuli bu qadar mashhur? Buning boisi shundaki, “Qo‘llar”da musavvir qalbining eng tubidagi kechinmalar o‘zining yorqin ifodasini topgan. Bunga asarning yaratilish tarixi bilan tanishgan har bir kishi yana bir bor amin bo‘lishi shubhasiz.
XV asr o‘rtalarida Nyurnberg yaqinidagi kichkina qishloqda yashaydigan Dyurerlar oilasida o‘n sakkiz farzand bo‘lib, ularni boqish uchun kasbi zargar bo‘lgan ota kuniga o‘n sakkiz soat ishlashga majbur edi. Og‘ir sharoitda kun kechirayotgan oilada bolalarning ikkitasi rassom bo‘lishni xohlar va bu istaklari o‘laroq shaharga borib tahsil olishni orzu qilardi. Biroq ota hech bo‘lmaganda bitta o‘g‘lini shahardagi San’at akademiyasida o‘qitish uchun yetarli mablag‘ni to‘play olmasdi. Buni yaxshi tushungan aka-uka Albrext va Albert uzoq bahsdan so‘ng, nihoyat, qur’a tashlashga qaror qilishadi. Uning shartiga ko‘ra, yutqazgan qishloq yaqinidagi konda ishlab, g‘olibning akademiyada o‘qishi uchun pul topadi. Yutgan esa o‘qishni tugatgach, to‘rt yil mobaynida yo chizgan suratlarini sotib yoki konda ishlab, ikkinchisining orzusini ro‘yobga chiqarishga yordam beradi.
Shunday qilib ular yakshanba kuni ertalab cherkov marosimidan so‘ng qur’a tashladilar. Taqdirmi yoki omad sabab, bu o‘yinda akaning qo‘li baland keladi va o‘qish uchun aynan u shaharga yo‘l oladi.
Kelishuvga muvofiq Albert konda ter to‘kib mehnat qildi. Har qanday muhtojlikning yo‘lini to‘sib, akasi uchun o‘lib-tirildi. Albrext ham buni yaxshi his qilgani holda o‘z iste’dodini to‘la namoyon etdi. Qisqa vaqt ichida u San’at akademiyasida shuhrat qozondi. Rangtasvirda ishlagan asarlari orqali gravyura san’atida hatto ustozlaridan o‘zib ham ketdi. Tahsil nihoyasiga yetgach, Albrext chizgan suratlarini kattagina pulga sota boshladi.
U o‘z qishlog‘iga qaytganida Dyurerlar oilasi katta o‘g‘il sharafiga ziyofat uyushtiradi. Musiqa, o‘yin-kulgi bilan o‘tayotgan tantanali kechaning oxirida yosh musavvir o‘rnidan turib qadah so‘zi aytadi va orzusiga erishish yo‘lida yordam bergan ukasiga shunday deydi:
— Albert, ukajon, navbat senga! Nyurenbergga o‘qishga borib, o‘z orzuingni ro‘yobga chiqar. Endi sen haqingda men qayg‘uraman!
Shunda hamma Albert o‘tirgan tomonga qaraydi. Uning za’faron yuzini ko‘z yoshi yuvib tushar, boshini quyi solgancha tinimsiz bir so‘zni takrorlardi: “Yo‘q... yo‘q... yo‘q...”.
Nihoyat, Albert o‘rnidan turib, ko‘z yoshini artadi. Uzun dasturxon atrofidagi mehmonlarga bir-bir nazar solgach, qo‘lini oldinga cho‘zib, siniq ovozda so‘z boshlaydi:
— Yo‘q, akajon! Ming afsuski, endi men shaharga o‘qishga bora olmayman. To‘rt yil ichida qo‘llarimning sinmagan, barmoqlarimning majaqlanmagan joyi qolmadi. Endi qo‘limga mo‘yqalam olish u yoqda tursin, so‘zingizga javob bergani ikki daqiqa ham qadahni ushlab turolmayman. Yo‘q, aka, o‘qish... men uchun juda kech!..
Garchi Albert ayanchli taqdiri sabab Albrext kabi nafis asarlar yaratish baxtidan mosuvo qolgan bo‘lsa-da, akasi unga hatto buyuklar ham orzu qiladigan mashhurlikni taqdim etdi. Albrext ukasi keltirgan buyuk qurbonlikni sharaflab, uning osmonga ko‘tarilgan nogiron qo‘llarini rasmga soldi. Bu ajoyib asarni u oddiygina qilib “Qo‘llar” deb nomladi. 1508 yili yaratilgan ushbu mashhur asar mukammal tasvir va iltijoning avj nuqtasini o‘zida mujassamlashtirgan. Dunyo ahlini lol qoldirgan ana shu muhabbat tuhfasi keyinchalik “Iltijo” nomi bilan qayta nomlandi. Afsuski, bizgacha asarning faqatgina eskizi yetib kelgan, xolos. Yaratilganiga besh yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tsa hamki, ular surat va suvenirlarda, otkritka va tangalarda dunyo bo‘ylab sayr qilmoqda.
Sherbek YODGOROV,
Toshkent davlat Sharqshunoslik
instituti talabasi |