Sotib olgan yangi hovlimizda ikki to‘p gilos, bir to‘p olxo‘ri, anor va qari olma daraxti bor edi. Buvam muborak bo‘lsinga kelib, bir necha kun daraxtlarni parvarishlash bilan ovora bo‘ldi. Otam esa:
— Qo‘yavering, yangi imorat soladigan bo‘lsam, baribir ularni yangilashga to‘g‘ri keladi, — deb buvamdan urinmasligini so‘radi.
— Bolam, qara, sho‘rliklar bu yaqin besh-olti yilda mehr ko‘rmaganga o‘xshaydi. Olmadan umid yo‘q. Giloslarning o‘q ildizi kasallanibdi, hademay qurib qoladi. Olxo‘ri bilan anorni saqlab qolsa bo‘ladi, — deb ularning atrofida parvona bo‘ldi buvam. |
Kuz bo‘lgani uchunmi, yo bu sohada malakasizligimiz sabablimi, biz daraxtlarning qaysi biri sog‘, qaysi biri kasallanganini farqlay olmasdik. Hammamiz o‘z ishimiz bilan band edik. Bir kuni darsdan kelsam, buvam giloslar bilan olmani qo‘parib, o‘tin uchun sarjin qilib qo‘yibdi. Anor va olxo‘rining shoxlarini butab, atrofini bo‘yi barobarida quritilgan makkajo‘xori bog‘lamlari bilan o‘rabdi. Otam ko‘rib:
— Bu nima qilganingiz, daraxtlarni bolaga o‘xshatib yo‘rgaklab qo‘yibsizmi, — deb kuldi.
— Ha, ular ham senga o‘xshab issiqda behalovat, sovuqda shamollab qoladi. Holidan xabar olib, vaqtida suv berish, oziqlantirish, sovuq tushishi bilan anorni ham tokka o‘xshatib yerga ko‘mish, yo xas-xashaklar bilan sovuq urmaydigan qilib o‘rab qo‘yish shart.
Albatta, buvamning so‘zlarini otam odatdagi pand-nasihatlari, deb o‘ylab e’tibor qilmadi. Bu voqea mening ham xotiramdan ko‘tarilib ketdi. Bahorda buvam yana biznikiga kelib, anor bilan olxo‘rining “egni”ga yopilgan xashaklarni olib tashladi. Bir-ikki kun ularning atrofida parvona bo‘lib yurdi. Otam esa buvamning o‘ziga ermak topganidan mamnun edi. Shu yili daraxtlar qiyg‘os gulladi, meva tugdi. Anor shunchalik ko‘p ediki, sanab adashib ketardim. Nihoyat, har biriga belgi qo‘yib atay sanab chiqdim — 85 dona! Ukalarimdan ularni uzmaslikni so‘radim. Har zamonda buvamga qo‘ng‘iroq qilib, maslahat so‘rab turdim. Mening daraxtlarga mehr qo‘yganimni bilib, buvam juda xursand bo‘ldi. Anorlarni sentyabr yoki oktyabrning oxirlariga borib uzib olishni va ularning dumchalariga ip bog‘lab, xonalarga osib qo‘yishni maslahat berdi. Ham bezak, ham uzoq vaqt saqlanishini aytdi. Men ham anorlarni hech kimga uzdirmay, kuzning so‘nggi kunigacha saqladim. Bir kuni darsdan qaytsam, otamning sabri chidamay ularning hammasini uzib olib, bir yashikka joylabdi. Onam esa, qo‘shnilarga bir juft-bir juft ulashib chiqibdi. Har bir anorning kattaligi naq yangi tug‘ilgan chaqaloqning boshiday kelardi. O‘sha yili terib olingan to‘rt paqir olxo‘rining ta’rifiga-ku so‘z topilmadi. Lazzati haligacha tilimning uchida.
O‘tgan yili kuzda daraxtlarga hech kim e’tibor qilmadi. Sababi buvajonim og‘ir betob edi. Qishda esa vafot etib qoldilar. Yil davomida o‘qish, ish, deb o‘zimizdan ortmadik. Bahor ham, yoz ham ortda qoldi. Anor bilan olxo‘rining hosili o‘sha yildagiday bo‘lmadi. Mana, sentyabr oyining ikkinchi yarmi ham boshlandi. Anorning yonida xayol surib o‘tiribman. Uning shoxlaridagi atigi besh-oltita anor boshini ekkanicha xomush turibdi. Ular buvamning mehribon qo‘llarini sog‘ingan ko‘rinadi. Hosilni uzib olgach, xuddi buvamga o‘xshab, parvarishlashni dilimga tugdim. Albatta, shunday qilaman. Axir, ularning mehrni his qilishini o‘zim ko‘rdim-ku!
Otabek OTAYOROV |