Navbatdagi ish kunim poyoniga yetgach, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet akademik katta teatri yonidagi odamlar bilan gavjum maydon tomon yurdim. Shu payt yoqimli va tanish musiqa sadolari qulog‘imga chalindi. Sehrli ohang og‘ushida manzilga yaqinlashganim sayin kuy avjlanar, unga favvoraning mayin jilvasi qo‘shilib, ajib manzara hosil qilardi... |
Favvora to‘lqinlarining musiqa, turli ranglar bilan uyg‘unlashib jilolanishi kundalik yumushlardan, saraton taftidan toliqishdan so‘ng hordiq chiqarish niyatida bu yerga tashrif buyurgan hamshaharlarning qalblariga ajib huzur bag‘ishlaydi. Bunday lahzalarda barcha dilxiraliklarni unutib, bokira orzular haqida o‘ylaging keladi. Shu sabab favvora yonidan befarq o‘tib bo‘lmaydi. Tashvishlari bo‘yidan baland inson ham favvora yonidan o‘tayotib, bir zum oyoq ilishga majbur bo‘ladi.
— Favvora o‘tgan yili «Toshkent favvorasi» davlat unitar korxonasi tomonidan Italiya texnologiyasi asosida takomillashtirilgach, mustaqillik bayrami tantanalari arafasida foydalanishga topshirilgan edi, — deydi favvora hududi boshlig‘i Saidlaziz Murodov. — Kompyuterlashtirilgan, musiqa, ranglar jilosi bilan boyitilgan yangi favvora avvalgisiga qo‘shimcha joziba, shukuh baxsh etmoqda. Suv musiqa maromiga monand yetti xil rangda tovlanadi va yetti xil o‘zgarishda to‘lqinlanadi. Soat o‘n sakkizdan yarim tungacha Toshkent ahli va mehmonlarning qalbiga quvonch ulashib kelayapmiz. Musiqali va kamalak jiloli mazkur favvora hozircha yurtimizda yagona.
Darhaqiqat, poytaxtimizda sayilgohlar yana bittaga ko‘paydi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, har oqshom bu yerga o‘nlab, yuzlab odamlar hordiq chiqarish uchun kelishyapti. Ayniqsa, bolajonlarning shodon o‘ynab-kulishlari, beg‘ubor quvonchini ko‘rib, ko‘nglingiz baxtga to‘ladi. Kelin-kuyovlarning sayr qilib yurishlaridan qalbingiz beixtiyor orziqib ketadi. Hatto ajnabiy sayyohlar ham azim poytaxt bag‘ridagi bu mo‘‘jizani uzoq tomosha qilib, yurtimiz, yurtdoshlarimiz haqidagi iliq taassurotlarini boyitishmoqda...
Favvora uzra qaldirg‘ochlar bu manzaradan, musiqa ohangidan mast bo‘lgandek g‘ujg‘on o‘ynashadi. Ular ushbu go‘zallikka o‘z ulushlarini shu taxlit qo‘shmoqchidek go‘yo.
Mo‘‘jizaviy maskandan istamaygina uzoqlasharkanman, ko‘nglimdan shunday hislar o‘tdi: «Tinch va farovon dilbar diyorda umrguzaronlik qilayotgan insonlarning qalblari ham, fusunkor favvora kabi osmonga o‘rlayotgan orzulari ham ana shunday dilbar bo‘ladi!»
Fozil FARHOD o‘g‘li
|