“Bolaligimda buvijonimning qo‘lidagi kichkinagina shu matohga qiziqish bilan osilganimda undan sehrli ohang yangrashini xayolimga ham keltirmagandim. Ilk bor uning navolari og‘ushida tebranganimda esa tamoman mahliyo bo‘lib qolganman. Qalbimda ildiz otgan bu qiziqish mening ham chanqovuz ushlashimga turtki bo‘lgan. Chanqovuzni tishning orasida mahkam ushlab turib, dam olmasdan navo chiqarish juda mushkul. Dastlab uzoq dam olmasdan chanqovuz chertsam, boshim aylanib, ko‘p vaqtgacha o‘zimga kela olmay yurardim... Chanqovuz qo‘limdan tushmadi. Uni “g‘iyng”illatishdan charchamadim. Axiri, niyatimga yetdim. Sozni o‘zimga bo‘ysundirdim”.
Ha, Tamara opaning gaplarida jon bor. Tabiatidagi bu qiziqish uni san’at sohasining go‘zal go‘shalari tomon yetaklab bordi. Mehribon ota-onasidan, qadrdon do‘stlaridan, bolalik onlari o‘tgan qishlog‘idan yiroqda — shaharga o‘qishga kelganida uning qalbiga yupanch bo‘lgan birdan-bir taskin buvijoni cho‘ntagiga solib qo‘ygan chanqovuz edi.
Bundan o‘ttiz yillar muqaddam Nukus madaniyat o‘quv yurtining xalq sozlari bo‘limida saboq ola boshlagan Tamara Pirlepesova o‘sha damlarda o‘zini san’at sohasining qaynoq hayotiga tushib qolgandek his qildi. Ustozi Tajetdin Allayasov undagi iqtidorni sezib, astoydil saboq bera boshladi. U endi har kuni ertayu kech mashq qilar, ustozining qattiqqo‘lligi va talabchanligiga dosh berardi. Bu qiyinchiliklar, tinimsiz harakatlar besamar ketmadi. Chanqovuz shaydosi bo‘lgan Tamaraga muvaffaqiyatlar o‘z eshiklarini birin-ketin ochib bera boshladi. U “Yetim qiz”, “Atsho‘k chaqirganda”, “Singsuv”, “Quvuljug‘i” kabi navolarni zo‘r berib chaladigan bo‘ldi. Eshitganlar uning mahoratiga tahsinlar aytdi.
Chanqovuzni ayrim joylarda erkaklar ham chaladi. Qahramonimizga o‘xshagan xotin-qizlar esa uni sayratib yuboradi. Sababi, avvallari qizlar ko‘nglidagi sirlarini chanqovuz chalish orqali ma’lum qilishgan. Odatda, uni soy bo‘yiga suv olishga borganlarida yoki qiz-yigitlar davrasida chalishgan. Shuning uchun ham “Qizlarning darddoshi, hamroh — chanqovuz” degan quyidagi she’r yaratilgan.
Onam chanqovuzin qo‘liga olib,
Yetim qiz nolasin chaldi to‘lg‘onib.
Men qolarman, tilsiz, o‘ylarga tolib,
Qizlarning darddoshi, hamroh — chanqovuz.
Qizlar suvga borib keladi ekan,
Suvga borib sirin ochadi ekan.
Dardli qizning qayg‘usini bo‘lishgan,
Qizlarning darddoshi, hamroh — chanqovuz...
Tamara opa she’rni ta’sirlanib, xayol dengiziga cho‘kkancha aytar ekan, ko‘ziga yosh oldi. “Bu she’rni menga bir paytlar buvim aytib bergan edilar. Buvimni eslatib yubordi” deya she’rning qolgan qismini keyinroq aytib berishga va’da qildi.
Sochiga oq oralagan Tamara opa chanqovuzida navo chertganida uni o‘n sakkiz yashar qizdan kam ko‘rmadim. Uning ohang og‘ushida sollanib ko‘rib, “Yashang, opa!” deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim.
“G‘iyng, g‘iyng...” Chanqovuz yana o‘zidan ohang tarata boshladi. Bu ohang qanot olib, tashqaridagi shamol bilan uzoq-uzoqlarga taraldi. Xuddi shu vaqt, nazarimda, butun borliqdagi harakat bu ajib navoga quloq tutgandek to‘xtab qoldi. Go‘yo tabiat bu soz ohanglaridan sarxush, mast edi...
Qumar BEGNIYAZOVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika
fakulteti talabasi |