Beshinchi ummon

01 Dekabr 2011 18:25
OLAM VOLIDALARI QO‘SHIG‘I
Alla... Necha zamonlardan buyon bu qo‘shiq onaning qaynoq ehtiroslari, mehr anvorlari, qalb nidolari hosilasi sifatida sayqal topib, go‘zallashib, avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Folklorshunos olim A.Vetuxov: “Ona o‘zining tug‘ma sezgirligi bilan bola uchun faqat qo‘shiq kerakligini... Tinchlantiruvchi yorqin qo‘shiq kerakligini angladi. Shu zaylda alla yuzaga keldi”, deb yozgan edi.
Allaning qachon va qanday paydo bo‘lgani noma’lum. Ammo onalik muhabbati, mehru tarovati mavjud bo‘lgan joyda alla ham qandaydir ko‘rinish va shaklda yashagan. Ushbu sehrli qo‘shiq o‘zbek, uyg‘ur va tojik xalqlarida bir nom bilan ataladi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, “alla” nomi “Alloh” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, Yaratgandan chaqaloqni o‘z panohida asrashni iltijo qilish bilan bog‘liq ekan.
Alla ming yillar davomida jamiyat rivojlanishi bilan o‘zgarib, takomillashib kelgan. Har bir millat uning o‘ziga xos turfa xil ko‘rinishlarini yaratgan. Natijada allalarning turli hududlarga  tegishli  noyob to‘plamlari vujudga kelgan. Xususan, Osiyo xalqlari allalarning juda ko‘p variantlarini yaratgan. Yapon ayollari Edo, Itsuki, Shimabara, Takedo va Chugoku viloyatlari allalarini o‘z jigargo‘shalariga baxshida etadilar. Hind onalari tomonidan o‘n ikki turdagi alla kuylanadi. Armanis­tonda bolalar Nana, Lo‘rik, Ro‘rik, Aer, Heyro‘r kabi, Indoneziyada Nina  bobo, Koreyada Jajang Ga allalarini tinglab orom oladi. Ozarbayjonning Lay-lay allasida quyidagi misralarni tinglash mumkin:
Sirin-sirin yat, ay bala,
Boya basa kat, ay bala.
Sende bir gun o‘z sesini,
El senise kat, ay bala,
Sene deyir, lay-lay...
Rus bolalari esa so‘z va ohang uyg‘unlashib ketgan mana bu qo‘shiqni miriqib tinglashadi:
Bayu-bayu-bayu-bayu,
Ne lojis, ditya, na krayu,
S krayu svalishsya,
Mamû sxvatishsya.
Pridet serenkiy volchok,
Sxvatit detku za bochok...
Qadimgi yahudiy xalqlarining an’anaviy ohanglarida Liliz ism­li qahramon bo‘lgan. Liliz tunda alvasti qiyofasida namoyon bo‘lib, xalq tasavvurida go‘yoki bolalar yuragini o‘g‘irlab ketarmish. Yahudiylar bolalar xonasining devorlariga Lilizdan himoyalashi uchun «Liliz-abi» nomli to‘rtta tumor osib qo‘yisharmish. Bugun olimlar inglizcha  «lulaby», ya’ni «alla» so‘zi aynan mana shu tumor nomidan kelib chiqqan, degan taxminni ilgari surmoqdalar. Darvoqe, ingliz xal­qi milliy ohanglarida bir necha yo‘nalishdagi allalar bo‘lib, ularning har biri o‘z nomiga ega. Ingliz onalari tomonidan «Brahm’s lulaby» «Brahm allasi» eng ko‘p ijro etiladigan alla hisoblanadi. Uning matnini Jons Brahm ikkinchi o‘g‘li tug‘ilganida yozgan va u keyin­chalik ommalashib ketgan. Bundan tashqari, ingliz milliy lirikasida yana besh turdagi allalar bo‘lib, ular: «By Baby Bunting», «Lavendar’s blue», «Twinkle, twinkle, little star», «Scottish lulaby», «Hush, little baby» kabilardir. Ingliz allalari frantsuz va nemis allalari lirikasiga monand. Buyuk bastakor Motsart «Twinkle, twinkle, little star» allasining frantsuzcha tarjimasini eshitib, uning o‘n ikki xil variantini yozgan.
 Alla — olam onalari qo‘shig‘i. U butun dunyo bo‘ylab kuylanadi. Shu sababdan ham u har birimiz uchun qadrdon va qalbga yaqin. Ona qalbidagi ko‘tarinkilik allada butun borlig‘icha o‘z ifodasini topib, go‘dakka uyqu chaqiradi. Allaning mayin ohangiga sing­gan umrboqiy hislarning nafis ranglari bolalarning endigina shakllanib kelayotgan dast­labki ma’naviy ehtiyojlarini qondiradi. Allada ifodalangan kayfiyatning natijasi o‘laroq, murg‘ak go‘dakning kelajakda qanday xarakter egasi bo‘lishiga asos solinadi. Ko‘tarinki kayfiyatda kuylangan alla farzandning serzavq bo‘lib o‘sishiga zamin hozirlaydi. Serzavq va xushchaqchaq insonning esa irodasi baquvvat, qalbi toza bo‘ladi. Onaning armonu iztiroblari, anduhlari o‘z ifodasini topgan hazinlikka moyil alla bolalarning ruhan ma’yus, tushkun chehrali bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ladi.
Alla — musaffo tuyg‘ular qo‘shig‘i. Undagi kuy va ohang, undagi mazmun beradigan hisni boshqa hech bir qo‘shiq yoki musiqa bera olmaydi. Alladagi vazminlik, samimiylik o‘z farzandiga onaning izhoridek yoqimli ifolanadi.
Bundan tashqari, alla bolalarning estetik didini shakllantirishdagi ilk qadamdir. Unda ona go‘yo farzandini birinchi bor hayot bilan tanishtiradi. Nuridiydasini go‘zal sifatlar bilan ta’riflab, kelajakda shu insoniy fazilatlarni unda ko‘rishni xohlaydi.
Zamonlar osha go‘zallashib, say­qallashib, mukammallashib kelayotgan alla qaysi joyda, qaysi muhitda, qaysi millat vakilasi tomonidan kuylanishidan qat’i nazar, undagi samimiy qalb ohanglari go‘dakka orom bag‘ishlaydi. Chunki ayol qalbi, ayol xohish-istaklari, ayol hissiyotlari farq qilishi mumkindiru, biroq ona muhabbati dunyoning hamma burchagida bir xil, onalar qalbi o‘zgarmas va qarimasdir. Qarimaydagan qalbdan chiqqan alla sadolari esa hech  qachon eskirmaydi.
Nargiza HUSANOVA,
O‘zMU talabasi

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM